Logistik xarajatlar – bu logistik tizimda vujudga keladigan barcha xarajatlardir. Xalqaro logistikada logistik xarajatlarni tahlil qilish mahsulot va xizmatlarning tannarxining milliy chegaralarni kesib o‘tishda hosil bo‘ladigan tarkibini aniqlashdan iborat bo‘ladi.
Xalqaro logistik xarajatlar quyidagilarga bo‘linishi mumkin:
– tovarlarning davlatlarning chegaralari orqali ko‘chishi bilan bog‘lanadigan xarajatlar (transport xarajatlari, bojxona rasmiylashtirishi xarajatlari);
– tovarlarni xalqaro tashishda zahiralarni saqlash xarajatlari (mahsulotni oraliq omborlarda saqlash xarajatlari, ularni qayta o‘rash, yuklarni birlashtirish xarajatlari va boshqalar);
– sotishdan keyingi xizmat ko‘rsatishning tovarlarning chegara orqali ko‘chishi bilan bog‘lanadigan xarajatlari va hokazolar.
Tovarning tarkibiga kiritilgan logistik tarkib toptiruvchi bilan logistik xarajatlar – tovarlarni yetkazib berishga ketadigan umumiy logistik xarajatlarni aniq ajratish lozim bo‘ladi.
Logistik tarkib toptiruvchi– bu xarajatlarning oldi-sotdi shartnomasini tuzishda sotuvchi yoki xaridor tomonidan belgilanadigan va tovarning narxiga kiritiladigan shartnomaviy solishtirma kattaligidir. U shartnomaning bazis shartlariga muvofiq yukni xaridorga yetkazib berishni tashkil qilishdagi xarajatlarni qoplash uchun mo‘ljallanadi.
Logistik xarajatlar– bu berilgan mahsulotni yetkazib berish bilan bog‘lanadigan barcha xarajatlarning yig‘indisidir. Bu xarajatlarni kelishuvga ko‘ra yoki sotuvchi, yoki xaridor, ko‘pincha esa – shartnomaning bazis shartlariga ko‘ra har ikkalasi ko‘taradi.
Xalqaro biznesda ishtirok etadigan korxonalarda xarajatlarni optimallashtirish maqsadida logistik tizimlarning faoliyat ko‘rsatishining konseptual asoslariga keladigan bo‘lsak, bugungi kunda butun dunyoda “aniq muddatiga” logistik konsepsiyasi(just-in-time – JIT) – ishlab chiqarish, ta’minot va taqsimlashda logistik tizimni zahiralarni saqlash bilan bog‘lanadigan xarajatlarni minimallashtirish maqsadida mahsulotni kerakli paytda zaruriy miqdorlarda yetkazib berishni tashkil qilishga asoslangan qurish konsepsiyasi keng tarqalgan va unga talab juda katta.
“Aniq muddatiga” konsepsiyasining tamoyillaridan foydalanadigan logistik tizimlar “tortuvchi” tizimlar bo‘lib hisoblanadi, ularda zahiralarni to‘ldirishga buyurtma berish faqatgina logistik tizimning ma’lum bir zvenolarida ularning miqdori kritik darajaga etganda sodir bo‘ladi, bunda zahiralar taqsimlash kanallari bo‘yicha yetkazib beruvchilardan “so‘rib olinadi”. Tortuvchi logistik tizimga misol qilib KANBAN yapon tizimini ko‘rsatish mumkin, u Toyota Motor kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Uni firmaga joriy qilishga qariyb 10 yil vaqt ketgan. Ushbu tizimning mohiyati shundan iboratki, zavodning barcha ishlab chiqarish bo‘linmalarini ta’minlash faqatgina buyurtmani bajarish uchun zarur bo‘ladigan miqdorda va ishlab chiqarish jadvalida belgilangan vaqtda amalga oshiriladi.
Shuningdek dunyoda resurslarga bo‘lgan ehtiyojlarni rejalashtirish (requirements/resource planning – RP) logistik konsepsiyasi ham keng tarqalishga ega bo‘lgan, uning asosida materiallarga bo‘lgan ehtiyojni rejalashtirish/materiallarga bo‘lgan ehtiyojni ishlab chiqarish rejalashtirishi (materials requirements planning – MRP I, manufacturing resource planning – MRP II) itaruvchi logistik tizimlar, distribyusiyada (taqsimlashda) esa – mahsulotni/resurslarni taqsimlashni rejalashtirish (distribu-tion requirements/resource planning – DRP) tizimlari yaratilgan.
MRP I tizimi XX asrning 50-yillarining o‘rtalarida AQSH da ishlab chiqilgan, biroq XX asrning 70-yillariga kelibgina keng qo‘llanilishga ega bo‘lgan, bu hisoblash texnikasining rivojlanishi bilan bog‘lanadi. MRP I itaruvchi tipdagi tipik tizim bo‘lib hisoblanadi, uning uchun ishlab chiqarishni qat’iy belgilangan ishlab chiqarish jadvaliga muvofiq tashkil qilish xarakterli bo‘ladi. Evropada XX asrning 80-yillarining boshlarida bu tizimlarning ikkinchi avlodi – MRP II yaratilgan, ular o‘zlarida moliyaviy rejalashtirish va logistik operatsiyalar birlashtirilgan integratsiyalangan logistik tizimlarni taqdim qilgan.
Yana bir logistik konsepsiya tejamkor ishlab chiqarish (lean production – LP) nomini olgan. U KANBAN va resurslarga bo‘lgan ehtiyojlarni rejalashtirish tizimining elementlarini o‘z ichiga oladi, u mahsulotning yuqori sifatini, ishlab chiqarish partiyalarining unchalik katta bo‘lmagan o‘lchamini, zahiralarning past darajasini ta’minlaydi, uni amalga oshirish uchun esa yuqori malakali xodimlarni bo‘lishi va qayishqoq ishlab chiqarish texnologiyalarini qo‘llash zarur bo‘ladi.
LP konsepsiyasining mohiyati quyidagi beshta tamoyil bilan ifodalanadi:
mahsulotning yuqori sifatiga erishish;
mahsulot partiyasining o‘lchamini kichraytirish va ishlab chiqarish vaqtini qisqartirish;
zahiralarning past darajasini ta’minlash;
yuqori malakali xodimlarni tayyorlash;
qayishqoq asbob-uskunalar va ularni yo‘lga qo‘yishning qisqa muddatlaridan foydalanish [3, 62-bet].
Konsepsiyada ommaviy ishlab chiqarishning katta hajmlari va mahsulotning turli-tumanligida past tannarxga erishish bilan kichik seriyali ishlab chiqarishning qayishqoqligini birlashtirish g‘oyasi amalga oshiriladi. Xuddi “aniq muddatiga” konsepsiyasidagi kabi LP tizimida ham asosiy rollardan birini ishonchli yetkazib beruvchilar bilan o‘zaro munosabatlar o‘ynaydi. Logistik tizimning LP konsepsiyasining tamoyillari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatishi natijasida mahsulot sifatining yuqori standartlari, past ishlab chiqarish xarajatlari, asbob-uskunalarni tezda qayta shaylash va bozor talabiga tezkor reaksiya ko‘rsatishga erishiladi, bu - kompaniyalar xalqaro bozorda ishlaganda ayniqsa muhim bo‘ladi.
Korxonalarning xalqaro bozorda logistik tizimlar sifatida faoliyat ko‘rsatishining muhim aspekti xalqaro logistik zanjirlarda qarorlar qabul qilish zarurligi bo‘lib hisoblanadi. Bundan oldin spetsifik uslublar yordamida biznes-jarayonlarni ob’ektiv tahlil qilish zarur bo‘ladi [5, 41-bet]:
– benchmarking – bu o‘zining faoliyat ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilab olishga ko‘maklashuvchi ma’lumotlarni olish maqsadida tashkilotning biznes-jarayonlarini uzluksiz o‘lchash va dunyodagi etakchi firmalarning ko‘rsatkichlari bilan taqqoslash jarayonidir;
– biznes-jarayonlarni reinjiniringlash (business process reengineer-ing – BPR) – yanada sifatliroq natijani olish uchun (iloji boricha pastroq xarajatlar bilan) uni dekompozitsiyalash va tizimni qayta konstruksiyalashni amalga oshirish maqsadida kompaniya uchun asosiy bo‘lgan jarayonni aniqlashga yo‘naltiriladi;
– qiymat yaratish zanjirini tahlil qilish – Maykl Porter konsepsiyasiga asoslangan uslub: «raqobat ustunligining borligini aniqlash uchun firmaning firmaga konkret tarmoqda raqobat qilish imkoniyatini ta’minlaydigan qiymat yaratish zanjirini aniqlash zarur bo‘ladi»; bunda, Porterning fikriga ko‘ra, tashkilotning faoliyati beshta soha sifatida ko‘rib chiqiladi: moddiy-texnik ta’minot, ishlab chiqarish jarayonlari, sotishni moddiy-texnik ta’minlash, marketing va sotishlar, xizmat ko‘rsatish (servis faoliyati);
– muvozanatlangan ko‘rsatkichlar tizimi uslubi (balanced scorecard – BSC) – R.S. Kaplan va D.P. Norton uslubi, kompaniyaning butun faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha maqsadlari o‘zaro bog‘lanishi, ularning logistik boshqarishning moliya, marketing va operatsion maqsadlari bilan mos kelishiga asoslanadi. Bunda tahlil qilish quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladi: moliyaviy natijalar; mijozlar bilan munosabatlar; ichki biznes-jarayonlar; xodimlarni o‘qitish va rivojlantirish. Uslub global va mahalliy logistik qarorlarni bog‘lash, xalqaro yetkazib berishlar zanjirining strategik maqsadlarini uning zvenolari – korxonalarning strategik maqsadlariga transformatsiyalash imkonini beradi.