Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida matematika fanini o‘qitishning asosiy vazifalari: O‘quvchilar tomonidan matematik tushunchalar, xossalar, shakllar, usullar va algoritmlar haqidagi bilim, ko‘nikmalar egallanishini ta’minlash;
inson kamoloti va jamiyat taraqqiyotida matematikaning ahamiyatini anglash, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, kundalik hayotda matematik bilim va ko‘nikmalarni muvaffaqiyatli qo‘llashga o‘rgatish;
o‘quvchilarning individual xususiyatlarini rivojlantirgan holda, mustaqil ta’lim olish ko‘nikmalarini shakllantirish;
fanlar integratsiyasini inobatga olgan holda o‘quvchilarda, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni, kreativlikni shakllantirish hamda ongli ravishda kasb tanlashga yo‘naltirishdan iborat.
Matematika o‘quv fani bo‘yicha umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilariga qo‘yiladigan malaka talablari 1. Matematika mazmuniga oid umumiy kompetensiya A1 berilgan sonlarni va eng sodda kasrlarni o‘qiydi, yozadi, taqqoslay oladi, tartibga solib, turli ko‘rinishlarda tasvirlay oladi;
sodda sonli ifodaning qiymatini og‘zaki va yozma hisoblay oladi;
sodda amaliy, matnli va mantiqiy masalalarni yecha oladi;
tekislik va fazodagi sodda geometrik figuralarni tasavvur qiladi, taniydi va tasvirlay oladi;
ob’ektlarni xossalari bo‘yicha tartiblaydi va sodda kombinatsiyalar tuza oladi;
sodda amaliy holatlarda tayyor jadvallarga ma’lumotlar kirita oladi, eng sodda diagrammalar shaklida tasvirlay oladi.
A1+ arifmetik hisob-kitob texnikasiga va juft-toqlikka oid qiziqarli, nostandart va matnli masalalarni yecha oladi;
bo‘yashlar, qoplashlar, qirqishlar, simmetriyaga oid sodda geometrik masalalarni yecha oladi;
sodda amaliy vaziyatlarda kombinatorik va mantiqiy masalalarni yecha oladi;
elektron axborot manbalaridan turli ko‘rinishdagi sodda matematik ma’lumotlarni izlab topadi, foydalana oladi.
2. Kognitiv kompetensiya (shaxsning mustaqil ijodiy fikrlashi)
A1 ma’lum matematik faktlar va sodda mantiqiy qonunlar asosida xulosa keltirib chiqara oladi, rost va yolg‘on tasdiqlarni farqlay oladi;
zarur hollarda sodda hisoblash vositalarini qo‘llay oladi;
o‘qituvchi bilan hamkorlikda masalaning yechimini topish rejasini tuza oladi, tuzilgan reja asosida ishlay oladi va o‘z faoliyatini to‘g‘rilay oladi;
matematikani o‘rganish jarayonida o‘zida ijobiy hissiyotlarni shakllantira oladi;
mustaqil ravishda o‘z bilimlarini mustahkamlay oladi.
A1+ o‘qituvchi bilan hamkorlikda o‘quv va amaliy holatlarda maqsadni ifodalay oladi;
o‘qituvchi bilan hamkorlikda nostandart va qiziqarli masalaning yechimini topish rejasini tuza oladi, tuzilgan reja asosida ishlay oladi va o‘z faoliyatini to‘g‘rilab oladi.