3--mavzu borliq- falsafaning fundamental kategoriyasi reja
Hozirgi zamon falsafasida «harakat» tushunchasi. «Keng» ma’noda umuman har qanday o’zgarish haqidagi tasavvur sifatida talqin qilinadi. Harakatni umuman o’zgarish sifatida tushunish harakat turlarining butun rang-barangligini uning muayyan bir turiga bog’lash to’g’ri emasligi haqida ogohlantiradi va harakat shakllarining umumiy xususiyati va bir-biriga aylanish qobiliyatiga ishora qiladi. «Umuman o’zgarish» deganda, bizning ular haqidagi fikr-mulohazalarimizdan qat’iy nazar, obyektiv mavjud bo’lgan barcha o’zgarishlar, turli jarayonlar nazarda tutiladi.
O’z-o’zidan harakat yo butun tabiatga, yo uning yuksak darajada uyushgan tarkibiy qismi – tirik organizm va jamiyatga xos xususiyatdir. Qotib qolgan materiyaga mansub ayrim narsa yoki obyektga nisbatan o’z-o’zidan harakat, o’z-o’zidan rivojlanish holati xos deb aytish o’rinli emas.Chunki, ushbu obyektni muayyan element sifatida o’z ichiga olgan tabiat o’z-o’zidan rivojlanuvchi yaxlit tizim hisoblanadi.
O’z-o’zidan harakat biron-bir narsaning unga ichdan (immanent tarzda) xos bo’lgan omillar ta’sirida o’zgarish va rivojlanish jarayonlarini ifodalovchi kategoriya sifatida amal qiladi. «O’z-o’zidan harakat» tushunchasi butun borliqning substansional negizi sifatidagi materiya harakat va o’zgarish jarayoni yuz berayotganida o’z faolligining pirovard sababi sifatida amal qiladi. O’z-o’zidan harakat shakli sifatidagi faollik sirtdan olib kirilgan tashqi kuch sifatida tushunilmasligi kerak. Shu munosabat bilan: «Bu qanday yuz berishi mumkin?», degan savol yaxshi rivojlanmagan, nodialektik tafakkur uchun ancha mushkul masala hisoblanadi. Shakllanish jarayonini qadimgi mashhur «panta rei» – «hamma narsa oqadi» ta’rifida ifodalagan Geraklit an’anasiga, shuningdek, nemis faylasufi F.Gegelga xos yetuk metodologiyaga ko’ra, o’z-o’zidan harakatning manbai ziddiyat hisoblanadi. Bunda ziddiyat narsalar, hodisalar va jarayonlarning qarama-qarshi tendensiyalari hamda tomonlarini taqozo etuvchi, nazarda tutuvchi, ayni vaqtda, inkor etuvchi o’zaro ta’sir sifatida tushuniladi.
O’z-o’zidan harakat tabiatshunoslik va falsafaning eng qadimgi g’oyasi hisoblanadi. Uning yuzaga kelishi borliq harakatining sababini tushuntirish, o’z-o’zidan yuz berayotgan doimiy umumiy o’zgarishni tan olish asosida butun olamdagi o’zgarish jarayonlarining manbaini aniqlashga urinishlar bilan bog’liq.Antik falsafada barcha jismlarga xos bo’lgan, chetdan aralashuvsiz yuz beradigan tabiiy harakatni belgilovchi intilish to’g’risida atroflicha so’z yuritilgan. Dunyo zamirida materiya bilan uzviy bog’liq bo’lgan qandaydir intilish, qandaydir haqiqiy, lekin g’ayritabiiy kuch yotadi va uning o’z-o’zidan harakatiga turtki beradi, deb qaralgan. Ayni vaqtda, o’z-o’zidan harakat g’oyasi barcha faylasuflar tomonidan yakdillik bilan qabul qilinmaganini ham qayd etib o’tish lozim. Parmenidning: «Borliq mavjud, yo’qlik mavjud emas», degan mashhur tezisi barqarorlik, o’zgarmaslik, muayyanlikning mutlaqligini tan olishni anglatgan. Boshqacha aytganda, bunda o’zining boshqa holatiga aylanish sifatidagi o’z-o’zidan harakat g’oyasiga o’rin yo’q bo’lgan dunyo tan olingan.Keyinroq ta’riflangan neoplatonik Proklning tezisi uning muqobili sifatida amal qilgan. Prokl harakat, o’z-o’zidan harakat va harakatsizlikni farqlashni taklif qildi. U «Mavjud hamma narsalar yo harakatsiz, yo harakatdadir, – degan. – Agar narsa harakatda bo’lsa, u o’zi bilan o’zi yoki boshqa narsa bilan harakatdadir. Agar u o’zi bilan o’zi harakatda bo’lsa, o’z-o’zidan harakatda, boshqa narsa bilan harakatda bo’lsa – boshqacha harakatdadir.Binobarin, hamma narsalar yo harakatsiz, yo o’z-o’zidan harakatda, yo boshqacha harakatda bo’ladi»8.
Harakatsizlik va harakatning qarama-qarshiligi ilgari «narsalar» va «jarayonlar»ni keskin qarama-qarshi qo’yishda ifodalangan. Mikrodunyo sohasidagi bilimlar rivojlanishi bilan bu metafizik qarama-qarshi qo’yish o’z ma’nosini yo’qotdi. Narsa sifatida mikroobyekt olingan bo’lsa, bunda shu narsa va jarayonning birligi, yaqqol ko’rinadi. Mikroobyektning korpulskulyar va to’lqin xossalari bir vaqtning o’zida ham narsa, ham jarayon sifatida amal qilishini tasdiqlaydi. Shu sababli «voqyea» tushunchasi nisbiylik nazariyasida fundamental tushunchaga aylangan.
Vaqtinchalik barqarorlik va muvozanat holati sifatida tushuniluvchi nisbiy harakatsizlik materiyaning har qanday muayyan holatiga xos. U materiyaning sifatini namoyon etadi. Nisbiy tinchlik tufayli narsalarning chegaralari mavjud bo’ladi, dunyo sifat va miqdor o’zgarishlarining rang-barangligi sifatida namoyon bo’ladi. Materiya harakati shuning uchun ham mutlaqki, u sirtdan hyech narsaga bog’liq emas. Shu ma’noda «Dunyoda abadiy harakatdagi materiyadan boshqa hyech narsa yo’q» tarzidagi fikrlar o’rinli va asoslidir.