3-MASALA. Moddiy obyekt tizim sifatida. Geosentrik va nogeosentrik moddiy tizimlar. Geosentrik dunyo haqidagi tasavvur yer miqyosidagi obyektlarga daxldor nazariyalarning umumlashtirilishi natijasida yuzaga kelgan. Unda, aynan Yer dunyosi andoza va negiz sifatida qabul qilinadi. Geosentrizm ta’limotiga ko’ra, moddiy tizimlarning atributlari barcha darajalarda biz Yer sharoitida duch keluvchi atributlar bilan bir xil bo’ladi. Geosentrizm makon, zamon, sifat, sababiyat va boshqa atributlar ontologik ma’noda yagonadir, degan tasavvur tug’diradi.
Lekin materiyaning cheksizligi g’oyasidan kelib chiqib, atributlarning amaliyot bizni hozirgacha tanishtirgan turidan tashqari, «geosentrik obraz»dan farq qiluvchi ko’plab boshqa turlari ham mavjudligini faraz qilish o’rinli bo’ladi. Bu atributlarning boshqa turlari, o’zga makon, zamon, harakat bilan tavsiflanuvchi obyektiv borliqning alohida turi sifatidagi nogeosentrik tizimlar, ya’ni geosentrik dunyoga uncha o’xshamaydigan dunyolar to’g’risida so’z yuritish imkonini beradi.
Atributlari universal mazmunining, inson tanasi mavjudlik shart-sharoitlarida namoyon bo’luvchi atributlarning universal mazmuniga mos kelishi geosentrik dunyodir. Bu Nyuton vaqti (zamoni), Evklid makoni dunyosidir.
Atributlarning universal mazmuni inson tanasining mavjudlik shart-sharoitlarida namoyon bo’luvchi atributlarning universal mazmunidan farq qiluvchi moddiy obyekt nogeosentrik dunyo deb ataladi. «Nogeosentrik dunyo» tushunchasi nonyuton vaqti (zamoni), noevklid makoni, umuman, borliqning nogeosentrik turini nazarda tutadi. Mikrodunyo va megadunyoni nogeosentrik dunyolar tomon mavjud bo’lgan «darcha»lar deb faraz qilish uchun asoslar mavjud. Ularning qonuniyatlari bizga o’zaro ta’sirlarning o’zga turini uzoq darajada bo’lsa ham tasavvur qilish imkonini beradi. Ayni vaqtda, makrodunyo bog’lanishlari va o’zaro ta’sirlari borliqning geosentrik turini aks ettiradi. Shunga qaramay, universal mazmunning «geosentrik andoza»dan og’ish xususiyati to’g’risidagi masalani faqat amaliyotda yechish mumkin. Bu yerda falsafadan ko’ra aniq fanlarga asoslanish lozim.
Hozirgi zamon metodologlari pirovard maqsadga asoslanadigan va azaldan maqsadga muvofiq xususiyatga ega bo’lgan tizimlar bilan stixiyali xususiyatlarni namoyish etuvchi mutlaqo ochiq tizimlarni farqlashni taklif qiladi. Mazkur tasnif yangi narsa paydo bo’lishi mumkin bo’lgan maqsadni belgilash mexanizmiga yangicha nazar bilan qarash imkonini beradi.
Noorganik, organik va ijtimoiy tizimlar moddiy tizimlarning eng ko’p uchraydigan turlari hisoblanadi. Moddiy tizimning noorganik turini tasniflashda uning elementar zarralar va maydonlar, atom yadrolari, atomlar, molekulalar, makroskopik jismlar, geologik tuzilmalar kabi elementlari qayd etiladi. Moddiy tizim organik turining tuzilishi bir necha darajadan iborat: hujayrasiz daraja - DNK, RNK, nuklein kislotalar, oqsillarni; hujayrali daraja – mustaqil mavjud bo’lgan bir hujayrali organizmlarni; ko’p hujayrali daraja – to’qimalar, organlar, funksional sistemalar (asab sistemasi, qon eltuvchi sistema), ya’ni organizmlar (o’simliklar va hayvonlar)ni o’z ichiga oladi. Organizmlardan yuqori tuzilmalar ham farqlanadi: bu umumiy genofond bilan bog’langan bir turga mansub jonzotlarning populyasiyalari – biologik birliklar (o’rmondagi bo’rilar to’dasi, ko’ldagi baliqlar galasi, chumoli uyasi yoki butazor va boshqalar)dir. Populyasiyaning yaxlitlik darajasi uning tarkibiga kiruvchi ayrim organizmlarning xususiyatlari va ko’payishini tartibga soladi. Masalan, chigirtkalar biomassasi muayyan chegaradan oshib ketsa, ularning ko’payishini sekinlashtiruvchi mexanizmlar ishga tushadi. Jonli materiya tuzilishining organizmlardan yuqori darajasiga populyasiyalardan tashqari biosenozlar kiradi.Biosenozlarning yaxlit tizimida populyasiyalar shunday bog’langanki, ulardan birining hayot faoliyati mahsulotlari boshqasining yashash shart-sharoitlariga aylanadi. Masalan, o’rmon muayyan biosenoz hisoblanadi: unda yashovchi o’simliklar, shuningdek hayvonlar, zamburug’lar, lishayniklar va mikroorganizmlarning populyasiyalari o’zaro ta’sirga kirishib, yaxlit tizimni vujudga keltiradi.
Biosfera doirasida moddiy tizimning alohida turi - kishilik jamiyati rivojlangan. Bu ijtimoiy tizim ham alohida kichik tizimlar individ, oila, guruh, jamoa, davlat, millat va boshqalarni o’z ichiga oladi. Materiya tuzilishining alohida turi sifatidagi jamiyat odamlar faoliyati tufayligina mavjud bo’la oladi. Shu sababli jamiyatga o’z ehtiyojlarini qondirish va rivojlanish imkonini beruvchi ijtimoiy ishlab chiqarish bilan bog’liq inson faoliyati substansional negiz hisoblanadi.
Moddiy tizimlar turlarining tasnifini davom ettirib, rus olimi L.Gumilevning «Etnogenez va Yer biosferasi» asaridagi fikr-mulohazalarini esga olish mumkin. Muallif taklif qilgan tasnifning mantiqi quyidagicha: siz Yer sayyorasida yashaysiz. Bir qobiq ostida harakat qilasiz – bu litosfera.Moddiy tizimlarning boshqa bir turi organizmingizning barcha hujayralariga kirib boradi – bu gidrosfera.Uchinchi turi bilan siz nafas olasiz – bu atmosfera.To’rtinchisi – biosfera.Bu yerda siz barcha tirik o’simliklar, mikroorganizmlar bilan yashaysiz.3 Bu tasnifni geo-, bio- va noosferalarni ajratishni taklif qilgan V.I.Vernadskiy tasnifiga yaqinlashishni sezish mumkin.
Asosiy muammo shundan iboratki, ilgari surilgan nazariyalar va ularni amalda sinash, ya’ni ularning ishonchliligini tasdiqlashi yoki pirovard natijada ularni rad etishi mumkin bo’lgan tegishli eksperimentlar o’tkazish yo’li bilan tekshirish imkoniyatlari o’rtasida ulkan tafovut mavjud.