Jonli narsalarning o’ziga xos xususiyatlari. Hozirgi ilmiy tasavvurlar har qanday jonli organizmni ochiq tipdagi o’z-o’zini tashkil etuvchi, ya’ni atrof muhit bilan moddalar, energiya va axborot almashinuvini amalga oshiruvchi sistema sifatida tavsiflash imkonini beradi. Jonli narsalarning yana bir o’ziga xos belgisi shundaki, ular ko’payish qobiliyatiga egadir. Barcha jonsiz narsalardan farqli o’laroq, faqat jonli organizmlargina o’ziga o’xshash organizmlarni yaratishi, sirtdan o’sish va hayotni quvvatlash uchun zarur moddalarni olib, o’z faoliyati chiqindilarini atrof muhitga chiqarib, o’sishi, rivojlanishi mumkin. Boshqacha aytganda, jonli organizmlar borlig’i funksionaldir, u jarayon sifatida yuz beradi, ya’ni muayyan jonli narsa mavjud bo’ladi yoki, ta’bir joiz bo’lsa, u faoliyat ko’rsatayotgani uchun ham unda hayot mavjud bo’ladi. Bundan tashqari, jonli organizmlar mavjudligi uchun tegishli va mutlaqo muayyan fizik va kimyoviy muhit talab etiladi, zero ularning hayot faoliyati faqat muayyan sharoitda: joiz temperatura, havo, namlik, oziq va shu kabilar mavjud bo’lgan holda yuz berishi mumkin.
Qayd etilgan omillar aniq va ularni tekshirish mumkin bo’lsa-da, jonli va jonsiz narsalar o’rtasida uzil-kesil chegara o’tkazish oson ish emas. Masalan, virusli zarralar jonli organizm hujayralaridan tashqarida moddalar almashinuvini amalga oshirmaydi, ko’paymaydi va h.k. Bu ayrim olimlar ularni jonli narsalar qatoriga, ayrimlarning esa – jonsiz narsalar dunyosiga kiritishiga asos bo’ladi. Chuqurlikda muzlatilgan taqdirda quritilgan urug’lar yoki o’ta sodda organizmlarda ham yashash jarayonlari nomuayyan vaqtga to’xtaydi, ammo ular avvalgi (normal) sharoitga qaytarilgach, mazkur jarayonlar tiklanadi.
FALSAFADA SUBSTANSIYA VA SUBSTRAT TUSHUNCHALARI. Substansiya tushunchasining mohiyati. Falsafa tarixida o’zining mavjudligi uchun o’zidan boshqa hyech narsaga muhtoj bo’lmagan shunday birinchi asosni ifodalash uchun «substansiya» (lot. substantia – mohiyat, asos) kategoriyasi qo’llaniladi.Ilk falsafiy yo’nalishlarning vakillari barcha narsalar asosini tashkil etuvchi moddani birinchi asos sifatida tushunganlar. Odatda, bunday asos sifatida o’sha davrda umumiy e’tirof etilgan birinchi stixiyalar: yer, suv, havo, olov yoki fikriy konstruksiyalar, «birinchi g’ishtlar» - apeyron, atomlar qaralgan. “Avesto”da birlamchi substansiya olov deb atalgan. Keyinchalik substansiya kategoriyasi o’zgarmas, nisbatan barqaror va hyech narsa bilan bog’liq bo’lmagan holda mavjud o’ta keng asosga aylandi. Inson idrok etadigan dunyoning butun rang-barangligi va o’zgaruvchanligi substansiya bilan bog’lana boshladi. Bunday asoslar sifatida falsafada asosan materiya, Xudo, ong, g’oya, flogiston, efir va shu kabilar amal qilgan.
«Substansiya» tushunchasi o’z-o’zini to’liq belgilovchi borliqni ifodalashga xizmat qiladi. Substansiya kategoriyasida o’zini asoslash uchun boshqa hyech narsani talab qilmaydigan negiz, birinchi asos g’oyasi mujassamlashgan. Niderland faylasufi Benedikt Spinoza (1632-1677) buni «causa sui» – «o’z-o’zining sababchisi» iborasida juda to’g’ri ifodalagan. Substansiya deganda u o’z holicha mavjud bo’lgan va o’zi orqali zohir bo’lgan, ya’ni o’zining mavjudligi uchun boshqa narsaga muhtoj bo’lmagan narsani tushungan. Bunda bir tomondan, substansiya materiya sifatida tushuniladi, boshqa tomondan – u o’zining barcha shakllari sababi va «subyekti» sifatida amal qiladi. Bu B.Spinozani substansiyani bir vaqtning o’zida ham tabiat, ham Xudo sifatida ta’riflagani va bu ikki tushunchani tenglashtirishganidan dalolatdir. B.Spinoza Xudoni tabiatga butunlay singdirib yuborgan, uni tabiiylashtirishga va ilohiy mazmundan ajratishga harakat qilgan. Uning panteizmi shundan iborat bo’lgan.
B.Spinoza ilgari surgan substansiyani tabiiylashtirish g’oyasini Golbax izchil rivojlantirdi. U barcha substansiyali narsalarni tabiatga va faqat tabiatga bog’ladi. «Tabiat hamma narsaning sababchisidir; u abadiy mavjuddir; tabiat o’z-o’zining sababchisidir...». «Tabiat qandaydir buyum emas; u doim o’z holicha mavjud bo’lgan; hamma narsa uning bag’rida vujudga keladi; u barcha narsalar bilan ta’minlangan ulkan ustaxonadir...»1. Shu ma’noda tabiat ham, substansiya ham sirtdan hyech qanday turtkiga muhtoj emas. Leybnis esa: «Har qanday haqiqiy substansiya faqat va faqat ta’sir ko’rsatadi2», deganida haq bo’lgan.
Modomiki, substansiya hamma narsani o’z ichiga oluvchi va o’zi uchun boshqa hyech qanday asos yoki shartni nazarda tutmaydigan birinchi sabab ekan, u o’ziga bog’liq bo’lmagan holda mavjud har qanday narsaning mavjud bo’lish imkoniyatini istisno etadi. U xoh Xudo, xoh g’oya, o’zlik, ruh yoki ekzistensiya bo’lsin – substansiya yagonadir! «Substansiya» tushunchasi ko’plikda qo’llanilishi mumkin emas.Uning ko’pligi g’oyasi mazkur tushunchaning ta’rifiga ziddir, chunki mazkur maqomga da’vogar ikki yoki bir necha narsa mavjud bo’lgan taqdirda, ularning birontasi ham substansiya hisoblanmaydi.Substansiyalilik paradoksi ana shundan iborat.
Alximiklar mazkur atamani ko’plikda qo’llab, «substansiyali shakllar», «substansiyaga xos sifatlar» to’g’risida so’z yuritganda, unga qo’pol fizik ma’no yuklaganlar.Ayni holda substansiya moddaga tenglashtirilgan. Ular substansiyaning xossa va shakllari o’zgarmas, lekin tegishli ta’sirlar natijasida bir-biriga aylanishi mumkin, degan noto’g’ri xulosaga kelganlar.
Substansiyaning o’z-o’zidan amalga oshishi hodisalarning umumiy, uzviy xossalari – atributlarda va narsalarning muayyan, alohida xossalari – moduslarda sodir bo’ladi.
Substansiya g’oyasidan turli falsafiy ta’limotlar dunyoning birligi va uning kelib chiqishi haqidagi masalaga o’zlari qanday javob berishiga qarab har xil foydalanadilar.
Dualizm. Birinchi asos sifatida ikkita substansiya olingan falsafiy yondashuv dualizm (lot. dualis – ikki yoqlama) deb ataladi. Nemis faylasufi X.Volf XVIII asr boshida «dualizm» atamasini falsafiy muomalaga kiritgan. X.Volf dunyoda barqaror tartibning shakllanishida tafakkur, g’oyalar va aql-idrokning alohida o’rnini aniqlash hamda ta’kidlashga harakat qilgan. Uning zamondoshlari – ma’rifatli absolyutizm g’oyalarining tarafdorlariga ta’siri juda katta bo’lgan. X.Volfning falsafaga oid qo’llanmalari barcha o’quv yurtlarida o’qitilgan va eskirgan (sxolastik) jihatlarni siqib chiqargan. Ular universitet ta’limining asosiy manbalari sifatida amal qila boshlagan.
Fransuz materialist faylasufi J.Lametri (1709-1751) o’zining «Ruhning tabiiy tarixi» deb nomlangan asarida dualizmni inkor qiladi. U o’zida tajriba o’tkazgan – bezgak kasalligiga chalingach, uning kechishini kuzatgan, pirovardida, insonning ruhiy holati uning jismoniy vujudiga bog’liq, degan xulosaga kelgan. J.Lametri monistik-materializmni himoya qilib, cheksiz takomillashuvchi yagona moddiy substansiya mavjud, degan g’oyani ilgari surgan. Substansiyaga xos sezish va fikrlash qobiliyati vujudli jismlarda mavjud bo’ladi. Sezish va fikrlash qobiliyatining o’zi tashqi jismlarning miyaga ta’siri bilan bog’liq. Shu sababli aynan tashqi dunyo insonning «miya ekrani»da aks etadi, tana ehtiyojlari esa, J.Lametrining fikriga ko’ra, «aql mezoni» sifatida amal qiladi.
Ikki asos, aytaylik, muhabbat va nafrat, yaxshilik va yomonlik, erkinlik va zaruriyatning teng huquqliligi g’oyasi ilgari surilgan har qanday falsafiy nazariya dualistik nazariya sifatida amal qilgan.
Rene Dekart falsafa tarixidan dualizmning yorqin vakili sifatida o’rin oldi. R.Dekartning radikal mexanisizmi uni materiyaning butunlay ruhsizligi haqidagi yondashuvga olib keldi. R.Dekart nazarida, moddiy jismoniy substansiya o’z atributi sifatida uzunlik, kenglik va chuqurlik ko’lamigagina ega. U mutlaq bo’shliqni istisno etadi, harakatlanish, ya’ni jismoniy zarralarni bo’lish, joydan-joyga ko’chirish va o’zgartirish qobiliyatiga ega.
Ma’naviy hayot faylasuf nazarida moddiy hayotdan alohida, o’zining bilish va fikrlash faoliyati, intellektual intuisiya va deduksiya kabi o’ziga xos ko’rinishlarida namoyon bo’ldi. U ruhiy substansiyaning butunlay jismsizligini e’tirof etdi. Garchi R.Dekart yangi falsafa va fan asoschilaridan biri bo’lsa-da, uning g’oyalarida o’rta asr falsafasidan meros qolgan «substansiya» atamasining alohida narsani tushunish uchun qo’llanilishiga, shuningdek, u ikki muhim - universal va cheksiz substansiya – fikrlash va ko’lamni alohida erkin maqomga ega, deb e’lon qilganiga duch kelish mumkin. R.Dekartning «cogio ergo sum» – «men fikrlayapman, demak, mavjudman», degan iborasi falsafiy tafakkurni barcha narsalarning negizi sifatida tan olganligidan dalolat beradi. R.Dekart fikrlovchi substansiyaning uzviyligini va har bir «Men», ya’ni aqlli jonzotga bevosita, ko’lamli substansiya esa – bilvosita ochiqligini isbotladi. Ajralmas substansiya (aql) metafizikaning o’rganish predmetini, ajraluvchi substansiya (ko’lam) esa fizika predmetini tashkil etadi.
Ikki substansiya – ma’naviy va moddiy substansiyalarni farqlash, bu mantiqiy nuqtai nazardan noto’g’ri va rasional ma’noda juda ko’p qiyinchiliklarga sabab bo’lishi mumkin. Fikrlash va ko’lamga ikki substansiya tarzida, ya’ni bir-biriga bog’liq bo’lmagan mustaqil asoslar sifatida yondashilganida, «ruh» va «tana» o’z harakatlarida qanday uyg’unlashishi, umuman, «tana» qanday qilib fikrlash qobiliyatini kasb etishi mumkinligini tushunish qiyin. Mohiyat-e’tiboriga ko’ra, substansiya butun mavjudot asosi, hamma narsani o’z ichiga oluvchi va o’zini namoyon qilish uchun hyech narsaga muhtoj bo’lmagan yagona birinchi asos sifatida namoyon bo’lgan