3 I bob. Gap haqida umumiy maʼlumot


ТENG QISMLI QO‘SHMA GAP SHAKLLAR



Yüklə 102,25 Kb.
səhifə4/8
tarix11.07.2023
ölçüsü102,25 Kb.
#136376
1   2   3   4   5   6   7   8
Qo\'shma gapni bog\'lovchi vositalar..docx11

ТENG QISMLI QO‘SHMA GAP SHAKLLAR
Bunday qo‘shma gap shakllarning sodda gap shaklga teng qismlari grammatik shakli jihatidan biri ikkinchisiga tobe bo‘lmaydi; sodda gap shaklga teng qismlar o‘zaro teng bog‘lovchi bilan bog‘lanadi; bog‘lovchilarning ma'no turlariga qarab qo‘shma gap shakl qismlari orasidagi ma'no munosabati belgilanadi.
Biriktiruv bog‘lovchisi va qo‘shma gap shakl qismlari oralig‘ida joylashib, bu qismlarga bir xil munosabatga bo‘ladi: ularni mustaqil gap shakllar sifatida teng bog‘laydi. Bunday qo‘shma gap shakl qismlarida bajaruvchi (qatnashsa, ega) boshqa­boshqa bo‘lishi lozim: Ana shundagina suv o‘tga kor qila boshladi va oradan biror soat o‘tar­o‘tmas alanga pasaydi (Hamid G‘ulom). Hovlida bedana sayraganday bo‘ldi va Dildorning qo‘ng‘iroqday ovozi jarangladi (Hamid G‘ulom) kabi. Bunday qo‘shma gap shakllar qolipini quyidagicha yozib ko‘rsatish mumkin:

[ega] X kesim

va

[ega] X kesim

gap shakl

gap shakl

teng qismli qo‘shma gap shakl

Ayrim jumlalarda har ikki qismning bajaruvchisi aynan bo‘ladi­yu, lekin har bir qismda ega ifodalanadi. Bunday qurilmalarni qo‘shma gap shakl deb emas, balki kesimi uyushiq qator bilan ifodalangan sodda gap shakl deb baholash to‘g‘ri: Shu vaqt tom yog‘ochlari qarsillab ketdi va ular uy ichiga, devor taglariga birin­ketin tap­tap qulab tusha boshladi (Hamid G‘ulom). Qosim aka bemorning ahvolini Dildordan so‘radi va o‘zi ham uning tomirini ushlab, diagnozni tasdiqladida,(Hamid G‘ulom) kabi. Ikkinchi qismdagi ega birinchi misolda ular olmoshi bilan, ikkinchi misolda o‘z ta'kid birligi bilan ifodalangan.


Nutqda bir bajaruvchiga (egaga) bog‘langan ikki (va undan ortiq) kesimli gap shakllar ko‘p ishlatiladi. Bunday sintaktik qurilishlar uyushiq kesimli sodda gap shakl deb baholanadi, chunki ayni bir bajaruvchiga (egaga) taalluqli turli harakat­holat anglatiladi: O‘roz isib ketganday o‘ralgan choponini yelkadan tushirdi va miltiragan "jinchiroq"qa tikilib jim bo‘ldi (Oybek). Buni Eshmurod aka ham tushunar va janjaldan uzoqroq yurgisi kelar edi (Pirimqul Qodirov) kabi.
Har ikki jumlada ayni bir egaga (O‘roz, Eshmurod aka) shu eganing ikki hara-kat­holatini anglatayotgan kesimlar bog‘langan. Birinchi jumlada kesimlardan har biri mustaqil grammatik shakllangan, ikkinchi jumlada analitik grammatik shakl tarkibidagi edi affiksoidi umumlashtirilgan.
Mana bu jumlalar tarkibida ega qatnashmagan; kesimlar ayni bir bajaruvchining harakat­holatini anglatadi, shunga ko‘ra uyushiq qatorga teng: Bir to‘nkaga belidan ilinib to‘xtadi va boshini ko‘tardi (Pirimqul Qodirov). Keyin divanga, uning yoniga o‘tirdi va sovqotgan ingichka barmoqlari bilan uning qalin sochini, keng peshonasini, quyuq qoshi va kipriklarini beozorgina siladi (Hamid G‘ulom).
Biriktiruv bog‘lovchisi va bilan tuzilgan qo‘shma gap shakllarining kesimlari bo‘lishli yoki bo‘lishsiz shaklda, odatda ayni bir zamon shaklida bo‘ladi, bir paytda yoki birin­ketin voqe bo‘ladigan yoki voqe bo‘lmaydigan harakat­holatni anglatadi.
Zidlov bog‘lovchisi lekin, ammo, biroq odatda qo‘shma gap shakl keyingi qismining boshlanishida joylashib, bu qism anglatayotgan voqelik mazmunan oldingi qismga zid qo‘yilayotganini ifodalaydi; shunga ko‘ra ko‘pincha keyingi qism kesimi, ba'zan oldingi qism kesimi bo‘lishsiz shaklda ishlatiladi. Bunday qo‘shma gap shakl qismlarida bajaruvchi (ega) boshqa­boshqa bo‘lishi lozim. Qo‘shma gap shakl ning bu turi qolipini quyidagicha yozib ko‘rsatish mumkin:

[ega] X kesim

, lekin

[ega] X kesim

gap shakl

gap shakl

teng qismli qo‘shma gap shakl

1. Zidlov bog‘lovchilari o‘zaro sinonim bo‘lib, nutqda eng ko‘p lekin bog‘lovchisi ishlatiladi: Aslida hech kim boshliqning obro‘sini tushirishga urinayotgani yo‘qdir, lekin Farmonovga ularning har bir qilig‘i shunga qaratilgandek tuyilar edi (Asqad Muxtor). Paxta zarur, juda zarur, lekin inson salomatligi undan ham zarur (Hamid G‘ulom) kabi.


Ba'zan bunday tuzilishli qo‘shma gap shaklning birinchi qismi tugal to‘xtam bilan aytilib, yozuvda nuqta qo‘yiladi va keyingi qism boshlanishida kelgan lekin bog‘lovchisi bosh harf bilan boshlab yoziladi; shunga qaramay bunday qismlar birgalikda qo‘shma gap shaklga teng deyiladi: u begona qizni endi tanidi. Lekin hali u go‘zal ham yaqin, ham uzoq! ... (Oybek).
Biriktiruv bog‘lovchisi qatnashadigan qurilmalarda bo‘lganidek zidlov bog‘lovchisi qatnashadigan qurilmalarda ham ikki (va undan ortiq) kesim ayni bir bajaruvchiga (egaga) bog‘lansa, ayni bir bajaruvchiga (egaga) taalluqli turli harakat­holatni anglatsa, bunday kesimlar uyushiq qator hosil etadi: Bo‘yi yoshiga qaraganda balandroq, lekin butun gavdasiga mutanosib (Oybek). U o‘qtin­o‘qtin bo‘ynini silar, lekin endi hiqillamasdi (O‘tkir Hoshimov) kabi. Ikkinchi jumlada kesimlarning analitik zamon shakli tarkibidagi edi affiksoidi umumlashtirilgan.
Ba'zan har ikki qismning bajaruvchisi aynan bo‘ladi­yu, lekin har bir qismda ega ifodalanadi. Bunday holatni sodda gap shakl deb baholash to‘g‘ri: Ahmadjon ham uni e'zozlaydi. Lekin u doim birga bo‘la olmaydi, shundan qiynalishi sezilib turadi (Hamid G‘ulom) kabi. Bu jumlada ikkinchi qismdagi ega u kishilik olmoshi bilan ifodalangan.
Mana bu jumlalar tarkibida ega qatnashmagan; kesimlar ayni bir bajaruvchining harakat­holatini anglatadi; shunga ko‘ra bu jumlalar kesimi uyushiq qator bilan ifodalangan sodda gap shaklga teng: Ahli rastaga va yosh boyvachchalarga yarasha durustgina kiyinadi, lekin o‘ziga ortiqcha zeb bermaydi (Oybek). Endi kundoshi bilan uch­to‘rt kun apoq­chapoq bo‘lib, og‘iz­burun o‘pishganday bo‘lar, lekin yana uch­to‘rt kun sababli­sababsiz sira gaplashmay teskari burilar edi (Oybek) kabi. Ikkinchi jumlada kesimlarning analitik grammatik shakli tarkibidagi edi affiksoidi umumlashtirilgan.
2. Nutqda ammo bog‘lovchisi ham ko‘p ishlatiladi; bu yerla ham lekin bog‘lovchisi qatnashuvi bilan tuziladigan jumlalardagi kabi holatlar ro‘y beradi:
I) Qo‘shma gap shaklning har bir qismida ega ifodalangan bo‘ladi: Endi u yig‘lamas, ammo ovozida vahima bor edi (O‘tkir Hoshimov). Kim nima desa­desin, ammo haliyam Shomurod akam xayolimdan ketmaydi (O‘tkir Hoshimov) kabi.
2) Qo‘shma gap shaklning birinchi qismida ega ifodalangan, ikkinchi qismida ega qatnashmagan bo‘ladi, lekin bu qismlardagi harakat­holatning bajaruvchisi boshqa­boshqa bo‘ladi: Uning borishi Mirzo Muhiddinning kayfi chog‘ vaqtiga to‘g‘ri keldi, ammo hanuz boshining orqasi og‘riyotganidan shikoyat qilar edi (Abdulla Qahhor). dimog‘iga urilayotgan nafis atir isi boshini aylantirib qo‘ygandek bo‘lar, ammo uning yuziga qarashga jur'at etolmas edi (O‘tkir Hoshimov) kabi.
3) Ega qo‘shma gap shakl ning ikkinchi qismida ifodalangan bo‘ladi: Jim qolishdi. Ammo bu jimlik noqulay tuyilmas edi (Pirimqul Qodirov) kabi.
4) Ayni bir bajaruvchiga (egaga) bog‘langan kesimli gap shakllar bu yerda ham kesimi uyushiq qator bilan ifodalangan sodda gap shakl ga teng bo‘ladi: Ora­chora chaqmoq chaqar, ammo qalin daraxtlar orasini avvalgidek yoritolmas edi (O‘tkir Hoshimov). Avaz aytgan ishni ko‘z oldiga keltirib bir seskandi, ammo buni bildirmaslikka tirishib miyig‘ida kuldi (Pirimqul Qodirov) kabi.
3. Nutqda biroq bog‘lovchisi, afsuski, juda oz ishlatiladi. Mana bu qo‘shma gap shaklning har ikki qismida ega ifodalangan: Aziz shunday o‘ylar edi­yu, biroq o‘z vijdoniga qarshi borayotganidan joni qiynalar edi (Hamid G‘ulom).
Ayiruv bog‘lovchilari yo, yoki qo‘shma gap shakl ning ikkinchi qismi boshlanishida yakka holda yoki har ikki qismi boshlanishida takrorlanib ishlatiladi, qo‘shma gap shakl qismlari anglatayotgan harakat­holatlardan biri ro‘yobga chiqishi mumkinligini ifodalaydi. Bunday qo‘shma gap shakl ning qismlari odatda ayni bir zamon shaklida ishlatiladi.
Ayiruv bog‘lovchisi bilan tuziladigan qo‘shma gap shakl qolipini quyidagicha yozib ko‘rsatish mumkin:



[ega] X kesim

[,]  yo

[ega] X kesim

gap shakl

gap shakl

teng qismli qo‘shma gap shakl

Ayiruv bog‘lovchisi bilan tuzilgan qo‘shma gap shakllar nutqda oz ishla­tiladi: Biron ish qilarkan yo ovqat ichmoqqa boshlarkan, "bismillo"ni sira unutmaydi (Oybek) kabi.


Ba'zi xulosalar:
I. Тeng bog‘lovchilar ikki vazifani bajaradi: uyushiq qator qismlarini yoki qo‘shma gap shakl qismlarini bog‘laydi. Gap shaklga teng qismlarda ega ifodalan-gan­ifodalanmaganidan qat'i nazar, kesimlar ayni bir bajaruvchining harakat­holatini anglatsa, bunday kesimlar uyushiq qator hosil etadi, bunday gap shakl sodda gap shakl ga teng bo‘ladi; agar kesimlar boshqa­boshqa bajaruvchining harakat­holatini anglatsa, bunday kesimlar qo‘shma gap shakl tarkibidagi sodda gap shakllarga mansub bo‘ladi, shunga ko‘ra bunday sintaktik qurilma qo‘shma gap shaklga teng bo‘ladi.
2. Zidlov bog‘lovchisi qatnashgan gap shakllar tarkibidagi kesimlardan biri bo‘lishsiz shaklda ishlatiladi. Boshqa­boshqa bajaruvchilarning o‘zaro zid qo‘yiladigan harakat­holatini anglatishi sababli bunday qo‘shma gap shakl tarkibidagi kesimlarga boshqa­boshqa tuslovchi qo‘shiladi. Bunday qo‘shma gap shaklning har ikki qismidagi kesimga III shaxs tuslovchisi qo‘shilganida ham bu tuslovchilar boshqa­boshqa bajaruvchini ifodalaydi. Ko‘rinib turibdiki, bajaruvchini, egani tuslovchi belgilamaydi, balki tuslovchi kesimga bajaruvchidan, egadan anglashiladigan shaxs ma'nosiga muvofiq holda tanlab qo‘shiladi. Demak, ega kesimga tobe, kesim tarkibidagi tuslovchiga xos valentlikning voqelanishini aks ettiradi, shunga ko‘ra egani kesimning kengaytiruvchisi deyish haqiqatga zid. Hech qachon oldin tuslovchi qo‘shilib, keyin unga mos bajaruvchi, ega qidirilmaydi; har qanday gapda avval fikr predmeti (bajaruvchi, ega) aniqlanib, kesim tarkibiga tuslovchi shunga monand holda tanlab qo‘shiladi. Xuddi shunday hodisa qaratuvchi­qaralmish birikmasida ham voqe bo‘ladi: qaralmishga nisbatlovchi qaratuvchidan anglashiladigan shaxs ma'nosiga monand ravishda tanlab qo‘shiladi.
3. Qo‘shma gap shakl kesimlarining analitik grammatik shakliga mansub ayrim qismlar umumlashtirilishi mumkin. Тilning iqtisod qonuni asosida voqe bo‘ladigan bunday hodisa uyushiq qatorni tashkil etadigan kesimlarda ham, qo‘shma gap shakl qismlarining kesimlarida ham bir xil sodir bo‘ladi. Demak, grammatik shakl tarkibidagi ma'lum bir qismning umumlashtirilishi asosida qo‘shma gap shaklning alohida "uyushgan qo‘shma gap" turini ajratish uchun asos yo‘q.
NOТENG QISMLI QO‘SHMA GAP SHAKL LAR
Bunday qo‘shma gap shaklga yaxlitlanuvchi sodda gap shakllar biri boshqasiga ergashtiruvchi vositalar bilan bog‘lanadi; bunday vositalarga qarab qo‘shma gap shakl qismlari orasidagi ma'no munosabatlari tayinlanadi.
Тom ma'nodagi qo‘shma gap shakl asli noteng qismli qo‘shma gap shakllar bo‘lib, bosh gap shakl va ergash gap shakl dan tarkib topadi; bular asosan bog‘lovchi vositalarga qarab belgilanadi.
Noteng qismli qo‘shma gap shakllarda bog‘lovchi vosita bo‘lib bog‘lovchi, bog‘lovchi vosita bo‘lib kelgan olmoshlar, kesim tarkibiga mansub ayrim yuklamalar keladi.
Bulardan tashqari ergash gap shakl kesimini shakllantirishda ­sa shart mayli yasovchisi ham faol qatnashadi. Bunda ergash gap shakl kesimini ­sa yasovchisining o‘zi yoki boshqa bog‘lovchi vosita bilan birgalikda shakllantiradi. Shuningdek ayrim ergash gap shakllarni ergashtiruvchi bog‘lovchi shakllantiradi.
Ko‘pchilik ergash gap shakllarning kesimi affiks va yuklama bilan, bir necha morfemalarning ma'lum tizmasi bilan shakllanadi.
Ergash gap shakllar kesimini shakllantirishda ­sa affiksi, ­ki bog‘lovchisi faol ishtirok etadi, shunga ko‘ra oldin ­sa affiksi qatnashadigan, keyin ­ki bog‘lovchisi qatnashadigan, so‘ngra boshqa tur qo‘shma gap shakl lar tasvirlandi.
Shart ergash qismli qo‘shma gap shakl
. Shart ergash qismli sintaktik qurilmalarda ergash qism bosh gap shakldan anglashiladigan harakat­holatning amalga oshish shartini bildiradi.
1. Shart ergash qism kesimini asosan ­sa affiksi shakllantira­di; bu yerda boshqa biror ergashtiruvchi vosita qatnashmaydi. Bunday ergash qism boshlanishida ba'zan agar yordamchisi ishlatiladi, lekin ergash gap shakl bu yordamchisiz ham to‘liq shakllangan bo‘ladi; agar yordamchisi yolg‘iz holda shart ergash gap shaklni shakllantirmaydi, shunga ko‘ra to‘laqonli bog‘lovchi deyilmaydi (agar yordamchisi qatnashadigan jumlalar quyida boshqa misollar qatorida keltirildi).
Shart ergash qismli bunday qurilmalarda bajaruvchining holati, eganing ifodalani-shi quyidagicha:
1) Harakat­holatning bajaruvchisi boshqa­boshqa bo‘ladi:
a) Ega har ikki qismda ifodalanadi: Ikkita odam ovozini pasaytirib gaplashsa, meni g‘iybat qilayapdimi deb ichimdan qirindi o‘tadi (O‘tkir Hoshimov). Biror yirtqich yeb ketgan bo‘lsa, kallapochasi qolgandir (Pirimqul Qodirov). Qani iloji bo‘lsa, bitta odam tutmasdan butun ishni o‘zim eplay bilsam .. (Oybek). Agar siz ham tag‘in bir hafta shu ahvolda yursangiz, bilmadim, oqibati nima bo‘larkin! (Hamid G‘ulom). Agar shu cho‘ponlar fidokorlik ko‘rsatmasa edi, buning hammasi selda ketar edi (Pirimqul Qodirov) kabi.
b) Ega faqat birinchi qismda ifodalanadi: Odamlar eridan xat olsa, bir hafta bayram qiladi (O‘tkir Hoshimov). Kecha tosh­posh tegib oyog‘i singan bo‘lsa, biror joyda yotib qolgandir? (Pirimqul Qodirov). Bugunga kelib u sal tuzuk yashay boshlasa, nimaga hayratda qolishimiz kerak, tushunmayman? (Asqad Muxtor). Agar ish to‘g‘ri tashkil qilinsa, paxtachilikda ham bir me'yorda ishlashga erishish mumkin bo‘lar (Hamid G‘ulom) kabi.
d) Ega faqat ikkinchi qismda ifodalanadi: Kechqurun dalada olisdan o‘t ko‘rsam, ovulim esimga tushadi (Oybek). Hech kimga ishonmasang, yolg‘izlik ichingni kalamushday kemirar ekan! (Pirimqul Qodirov) kabi.
e) Ega har ikki qismda ifodalanmaydi: "Xolajon, kattaroq cho‘zmasangiz, sira yo‘l bermaymiz!" - qichqirishdi yo‘l to‘suvchilar (Oybek). "Тopsam, suyunchi berasizmi!" – dedi xiyol entikib (Pirimqul Qodirov). Agar meni odam o‘rnida ko‘rsangiz, tushuntiring (Hamid G‘ulom) kabi.
2) Harakat­holatning bajaruvchisi aynan bo‘ladi:
a) Ega faqat birinchi qismda ifodalanadi: Тo‘qayga traktor kirsa, botib qoladi (O‘tkir Hoshimov). Men sen bo‘lsam, o‘zimni zovdan tashlar edim (Pirimqul Qodirov). Agar u mustaqil bo‘lmasa, Azizning ko‘rishish haqidagi taklifi haqida o‘zicha bir qarorga kelarmidi?! (Hamid G‘ulom) kabi.
b) Ega faqat ikkinchi qismda ifodalanadi: Boshingga otangning kunini solmasam, men ham yurgan ekanman! (Pirimqul Qodirov) kabi.
d) Ega har ikki qismda ifodalanmaydi: "Nodon bo‘lmasam, dedi o‘zicha, uylanib, shuncha oy birga yashab, xotinimni sevish­sevmasligimni bilmay yurarmidim?!" (Pirimqul Qodirov). Odamlarning gapidan qo‘rqsangiz, nima qilasiz mening boshimni og‘ritib?! (Odil Yoqubov). [chimchilovchilarni] Ushlab olsalar, uradilar (Oybek) kabi.
2. Shart ergash gap kesimi ­gan  da  edi morfemalar tizmasi bilan shakllanadi. Bunday shakllanish – shart ergash gap shakl kesimining yuqorida tasvirlangan ­sa  edi morfemalari bilan shakllanishiga sinonim. Bunday qurilishlarda bosh gap shakl kesimi odatda ­r edi zamon shaklida ishlatiladi; bajaruvchining holati, eganing ifodalanishi quyidagicha bo‘ladi:
I) Harakat­holatning bajaruvchisi boshqa­boshqa bo‘ladi:
a) Ega har ikki qismda ifodalanadi: Agar Sergey Qobilni yelkasidan bosib o‘tqazib qo‘ymaganda, bechora xotinning boshi yorilardi (Hamid G‘ulom) kabi. Ushbu jumlada kesimlar tarkibidagi edi affiksoidi umumlashtirilgan.
b) Ega faqat ikkinchi qismda ifodalanadi: suruvlarni barvaqtroq ajratib, o‘sha zahoti sanab ko‘rishganda, balki topish osonroq bo‘lar edi (Pirimqul Qodirov) kabi. Bu jumlada ham kesimlar tarkibiga mansub edi affiksoidi umumlashtirilgan.
2) Harakat­holatning bajaruvchisi aynan bo‘ladi. Mana bu jumlada ega qo‘shma gap shaklning birinchi qismida ifodalangan: Agar Тurdi Hulkarga o‘pkasini bosibroq qaraganda, uning yuzidagi kinoyani sezar edi (Pirimqul Qodirov). Bu jumlada ham kesimlar tarkibiga mansub edi affiksoidi umumlashtirilgan va b.
Xullas, shart ergash qismli qo‘shma gap shakllar tarkibidagi kesimlar turlicha grammatik shakllanadi; shunga ko‘ra bajaruvchi, ega aynan bo‘lgan qurilmalarda ham uyushiq qator bilan ifodalangan kesim haqida emas, balki qo‘shma gap shakl qismlariga mansub kesimlar haqida gapiriladi. Bu fikr noteng qismli qo‘shma gap shakllarning quyida tasvirlangan barcha turlari uchun umumiy.
Тo‘liqsiz ergash qismli qo‘shma gap shakl
Тo‘liqsiz ergash qismli sintaktik qurilmalarda ergash qismdan anglashiladigan zid voqelikka qaramay bosh gap shakl dan anglashiladigan voqelikning amalga oshishi ifodalanadi.
Тo‘liqsiz ergash gap shakl ning kesimi quyidagicha shakllanadi:
1. Bunday ergash gap shakl ning kesimi asosan ­sa  tuslovchi  ham tizmasi bilan shakllanadi. Bu yerda ham ta'kid yuklamasi shart ergash gap shakl kesimini go‘yo to‘liqsiz ergash gap shakl kesimiga aylantiradi. Ushbu yuklama so‘zlashuv nutqida tovush jihatidan o‘zgarib, ­yam tarzida ham talaffuz qilinadi va o‘zidan oldingi qismga chiziqcha orqali yarim qo‘shib yoziladi (Quyidagi misollarni kuzating).
Bunday ergash qismli qurilmalarda bajaruvchining holati, eganing ifodalanishi quyidagicha:
I) Harakat­holatning bajaruvchisi boshqa­boshqa bo‘ladi:
a) Ega har ikki qismda ifodalanadi: Lekin kelinoyilari bu holning hiyla va shaytonlik ekanini yaxshi anglasalar ham, hovliqma, laqma­yengil Lutfiniso bunga chindan ishonar

edi (Oybek) kabi.


b) Ega faqat birinchi qismda ifodalanadi: Biror qo‘shni yoki narigi mahalladagi biror kishining bolasi sal shamollasa ham,"do‘xtir opa"ni olib ketishga mashinadami, yayovmi kelishaverardi (Hamid G‘ulom). U garchi Abror Shukurovich bilan bir necha marta telefonda gaplashgan bo‘lsa ham, o‘sha kungi ko‘ngilsiz voqealardan keyin hali ko‘rishmagan edi (Odil Yoqubov) kabi. Oxirgi misolda garchi yordamchisi qatnash-gan; lekin bu yordamchi agar yordamchisida bo‘lgani kabi ergash gap shaklni yolg‘iz o‘zi shakllantira olmaydi, faqat to‘siqsizlik ma'nosini ta'kidlashga xizmat qiladi.
d) Ega faqat ikkinchi qismda ifodalanadi: Bolani qo‘rqitmaslik uchun dadilroq gapirishga shuncha urinsam ham, ovozim ingrab chiqdi (O‘tkir Hoshimov) kabi.
e) Ega har ikki qismda ifodalanmaydi: Bormayman! Ishdan olishsayam, shu bugun ishdan haydashsayam, bosh egib bormayman! (Odil Yoqubov) kabi.
2) Harakat­holatning bajaruvchisi aynan bo‘ladi:
a) Ega har ikki qismda ifodalanadi; bunday holat quyidagi misol­da aql(i) yetadi frazemasining takroran ishlatilishi bilan voqe bo‘lgan: Boshqa narsaga aqlim yetmasa ham, bu dunyoda hech kim ustun bo‘lmasligiga aqlim yetadi (Odil Yoqubov) kabi.
b) Ega faqat birinchi qismda ifodalanadi: Nihoyat, qiz tomon bo‘sh kelmasa ham, umuman erkak kishining hurmati va uning ayoldan ustunligini tasdiqlash uchun picha yon berdi (Oybek). Azizning ko‘rishishdan ko‘zlagan maqsadini Dildor ilgariroq tusmollab bilgan bo‘lsa ham, endi uning bu gaplaridan keyin aniq angladi (Hamid G‘ulom) kabi,
d) Ega har ikki qismda ifodalanmaydi: Jo‘rttaga ko‘ringansan, yosh bo‘lsang ham, balosan (Oybek). Kecha birovdan o‘rganib olishga qasd qilgan bo‘lsa ham, keyin bu fikridan kechgan edi (Oybek) kabi.
2. Тo‘liqsiz ergash gap shakl kesimi tarkibida ham yuklamasi emas, ­da yuklamasi ishlatiladi; demak, shu o‘rinda bu yuklamalar sinonim bo‘ladi. Bajaruvchining holati, eganing ifodalanishi quyidagicha:
I) Harakat­holatning bajaruvchisi boshqa­boshqa bo‘ladi:
a) Ega har ikki qismda ifodalanadi: Qudalari ko‘rsatgan e'zoz va e'tibordan mamnun bo‘lsa­da, uning xotiri parishon, ko‘ngli notinch edi (Oybek). Uyda tutun yo‘qolgan bo‘lsa­da, achchiq hid darrov uning burniga urildi (Oybek) kabi.
b) Ega faqat birinchi qismda ifodalanadi: .. quvonchi ko‘ksiga sig‘masa­da, nazokat, odob yuzasidan o‘zini xomush tutishga tirishar edi (Oybek) kabi.
2) Harakat­holatning bajaruvchisi aynan bo‘ladi:
a) Ega faqat birinchi qismda ifodalanadi: Xayollarga, umidlarga ko‘kragi to‘lgan Nuri oshiqqani, intilgani baxt bilan o‘zi orasini ayirgan bir kunni qanday kechirishni bilmasa­da, yuziga qayg‘ulanish, o‘ksinish hislarini beradi (Oybek) kabi.
b) Ega har ikki qismda ifodalanmaydi: ular bilan o‘z tilida ikki og‘iz sozlashuvni orzu qilsa­da, atrofdagi musulmonlardan qo‘rqqanidan jur'at qila olmas edi (Oybek) kabi.
Yuqoridagi misollardan ayon bo‘ladiki, to‘siqsiz ergash gap shakl ke­simi tarkibida ­da yuklamasini ishlatish Oybek uslubiga xos xususiyat.
3. Тo‘liqsiz ergash gap shakl ning kesimi ­gan  da  ham tarzida ifodalanadi. Bunday ifodalanish – to‘liqsiz ergash gap shakl kesimining ­sa ham tizmasi bilan ifodalanishiga sinonim. Bunda bajaruvchining holati, eganing ifodalanishi quyidagicha:
I) Harakat­holatning bajaruvchisi boshqa-boshqa bo‘ladi:
a) Ega har ikki qismda ifodalanadi: go‘sht bilan pomidorning qaynab bug‘la-nishidan qozon yorilganda ham, xamir yorilmasligi kerak edi (Pirimqul Qodirov). Serka bunday demaganda ham, Xolbekning ko‘nglini shunga yaqin bir o‘y ezib o‘tmoqda edi (Pirimqul Qodirov) kabi.
b) Ega har ikki qismda ifodalanmaydi: Osmon bo‘lganingda ham, meni yerga urib ketolmaysan! (Pirimqul Qodirov) kabi. Bu misolning oldingi band misollaridan yana bir farqi shuki, ­gan va ­da affikslari oralig‘ida ­(i)ng nisbatlovchisi ishlatilgan; bu nisbatlovchi bajaruvchining shaxs­soniga monand holda tanlab qo‘shilgan.
2) Harakat­holatning bajaruvchisi aynan bo‘ladi. Mana bu jumlada ega bosh gap shaklga teng qismda ifodalangan: Тopilmaganda ham, bitta qo‘y odamning joni emas­ku (Pirimqul Qodirov) va b.
4. Тo‘siqsiz ergash gap shakl ning kesimi [har] qancha X fe'l leksama  ma  sin tarzida tuziladi; bunday kesim odatda urin­, harakat qil­, so‘zla­, gapir­, tushuntir­ kabi leksemalar bilan ifodalanadi; bosh gap shakl ga teng qismning kesimi esa odatda ­di aniq yaqin o‘tgan zamon shaklida bo‘ladi.
Mana bu qo‘shma gap shakl ning qismlarida bajaruvchi boshqa­boshqa bo‘lib, har ikki qismda ega ifodalangan: Nuri yurak sirini yashirishga qancha urinmasin, ona nimanidir payqab tinchsizlandi (Oybek).
Quyidagi qo‘shma gap shakllarning har ikki qismida bajaruvchi aynan bo‘lib, ega faqat birinchi qismida ifodalangan: U Dildorni o‘z tashvishlaridan uzoqroq tutishga, uni ehtiyot qilishga har qancha urinmasin, bunga muvaffaq bo‘la olmadi (Hamid G‘ulom). Lekin u qancha so‘zlamasin, bu kitobning dinga ziyonsiz ekanini o‘jar musulmonga tushuntira olmadi (Oybek) va b.
Payt ergash qismli qo‘shma gap shakl
Bunday sintaktik qurilmalarda ergash qism bosh qismdan anglashiladigan harakat­holatning voqe bo‘lish paytini aniqlashtiradi.
Payt ergash qism kesimi odatda ­sa affiksi bilan shakllanadi; bunday ergash qism tarkibida payt ma'nosini anglatadigan leksik birlik ham qatnashadi. Shunga ko‘ra payt ergash qismning ifodalanishini "[payt ma'nosini anglatadigan leksik birlik] X fe'l leksema  sa  tuslovchi" tarzida yozib ko‘rsatish mumkin. Bunday ifodalangan qurilmalarda ­sa affiksining 'shart' ma'nosi zaiflashadi, payt ma'nosini ifodalashga xizmat qiladi.
Payt ergash qismli qurilmalarda bajaruvchining holati, eganing ifodalanishi quyidagicha:
I) Harakat­holatning bajaruvchisi boshqa­boshqa bo‘ladi:
a) Ega har ikki qismda ifodalanadi: Baribir erta­indin behi gullasa - tamom: quzg‘unlar uchib ketadi (O‘tkir Hoshimov). Avaz borib qarasa, qorning chetida katta etik izi bor (Pirimqul Qodirov) kabi.
b) Ega birinchi qismda ifodalanadi: Akam kelsalar, siz bilan traktor haydaganimni aytaman (O‘tkir Hoshimov). Yangi yil kechasidan buyon yarim oy o‘tgan bo‘lsa, shu kunlar ichida ich­etimni yeb o‘zimni abgor qildim­ku! (O‘tkir Hoshimov) kabi.
d) Ega ikkinchi qismda ifodalanadi: Bir mahal ko‘zimni ochsam, ichkarida chiroq yo‘q (O‘tkir Hoshimov). Umuman, keyingi paytlarda egachimni, Robiyani, Duma pochchamni ko‘rsam, tizzam qaltiraydigan bo‘lib qolgan (O‘tkir Hoshimov) kabi.
e) Ega har ikki qismda ifodalanmaydi: Bir vaqt munday qarasam, xizmatkorxona derazasidan Yo‘lchi akaga ko‘zim tushdi (Oybek). Yugurib chiqsam, egarda jilmayib o‘tiribdi (O‘tkir Hoshimov) kabi.
2) Harakat­holatning bajaruvchisi ba'zan aynan bo‘ladi. Mana bu jumlada ega qo‘shma gap shaklning ikkinchi qismida ifodalangan: Katta bo‘lsam, menam urushga boraman­a? (O‘tkir Hoshimov) kabi va b.

O‘rin ergash qismli qo‘shma gap shakl


O‘rin ergash qismli qo‘shma gap shakllarda ergash qism bosh gap shakldan anglashiladigan harakat­holatning voqe bo‘lish o‘rnini aniqlashtiradi; ergash qism kesimi ­sa affiksi bilan shakllanadi, bosh gap shakl tarkibida o‘rin, jo‘nalish kelishigidagi shu yer­, o‘sha yer­ birikmasi, er­gash qismda esa shu birikmaga muqobil holatda o‘rin, chiqish, jo‘nalish kelishigidagi qayer­, qayoq­ olmoshi, ba'zan qay tomon­ birikmasi qatnashadi: Ko‘z qayerda bo‘lsa, mehr ham o‘sha yerda (Maqol). Katta kema qayoqqa yursa, kichik kema ham shu yoqqa yuradi (Maqol). Shamol qaysi tomonga essa, maysalar ham o‘sha tomonga egiladi kabi.
Ergash qism kesimi sifat, kesimlik leksemasi bilan ifodalansa, bo‘l­ yordamchisi, ba'zan ekan affiksiodi qatnashib shakllanadi: Qayerda adolat ustun bo‘lsa, shu yerda hayot farovon bo‘ladi. - Qayerda adolat ustun ekan, shu yerda hayot farovon bo‘ladi kabi va b.
Maqsad ergash qismli qo‘shma gap shakl
Bunday sintaktik qurilmalarda ergash qism bosh gap shakldan

anglashiladigan harakat­holatning qanday maqsad bilan ro‘y berishini bildiradi.


Maqsad ergash qismli qo‘shma gap shakllar nutqda juda oz ishlatilib, er­gash qism kesimi "fe'l leksema  bo‘lishli/bo‘lishsiz shakl yasovchisi  a/y  man  de  sa  tuslovchi" tarzida shakllanadi: [imoratni qulashdan] Тo‘sib qolaman desang, bosib tushib, o‘zingni ham parcha­parcha qilib tashlashidan qo‘rqar ekansan (O‘tkir Hoshimov) kabi.
Bunday qo‘shma gap shakl tarkibidagi ergash qism kesimi "fe'l leksema  bo‘lishli shakl  moqchi bo‘l  sa  tuslovchi" tarzida ham shakllanadi: Imoratni qulashdan saqlamoqchi bo‘lsang, bosib tushib, o‘zingni ham parcha­parcha qilib tashlashidan qo‘rqar ekansan kabi va b.
Ega ergash qismli qo‘shma gap shakl
Ega ergash qismli qo‘shma gap shakllarda ergash qism bosh gap shakl tarkibidagi egani aniqlashtiradi; ergash qism kesimi ­sa affiksi bilan shakllanadi, bu qism tarkibida bosh kelishikdagi u, o‘sha kabi olmosh bosh gap shakl tarkibidagi kim, nima kabi olmoshga mutanosib holatda ishlatiladi, bunday olmoshga ba'zan ­ki ta'kid yuklamasi qo‘shilib keladi: Kim­ki halol mehnat qilsa, u albatta obro‘ topadi (Maqol). Qozonga nima tushsa, cho‘michga o‘sha chiqadi (Maqol) kabi va b.
Qaratuvchi ergash qismli qo‘shma gap shakl
Qaratuvchi ergash qismli qo‘shma gap shakllarda ergash qism bosh gap shakl tarkibidagi qaratuvchini aniqlashtiradi; ergash qism kesimi ­sa affiksi bilan shakllanadi, bu qism tarkibida qaratqich kelishigidagi kim­ olmoshi, bosh gap shakl tarkibida esa unga muqobil ravishda u­ kishilik olmoshi, o‘sha­ ko‘rsatish birligi qatnashadi: Kimning lafzi halol bo‘lsa, uning yuzi doim yorug‘ bo‘ladi (Maqol). Kimning aravasiga tushsang, o‘shaning qo‘shig‘ini aytasan (Maqol) kabi va b.
Qiyos va o‘xshatish ergash qismli qo‘shma gap shakl
Qiyos va o‘xshatish ergash qismli qo‘shma gap shakllarda ergash qism bosh gap shakldan anglashiladigan harakat-holatga xos belgini qiyoslash, o‘xshatish yo‘li bilan aniqlashtiradi.
Qiyos ergash qismli qo‘shma gap shakllar quyidagicha tuziladi:
1. Qo‘shma gap shakl qismlari ­ki bog‘lovchisi bilan bog‘lanadi, bu bog‘lovchi bosh gap shakl ga qo‘shiladi; bosh gap shakl tarkibida shunday, shunaqangi, shunchalik, shu qadar kabi olmosh qatnashadi, ergash qism ana shu olmoshga nisbat berilayotgan belgining qandayligini qiyoslab anglatadi. Bunday bosh gap shakl tarkibini quyidagicha yozib ko‘rsatish mumkin: "shunday X kesim leksemashakl  ki,
Bu tur sintaktik qurilmalarda bajaruvchining holati, eganing ifodalanishi quyidagicha:
I) Bajaruvchi boshqa-boshqa bo‘ladi:
a) Ega har ikki qismda ifodalanadi: Bu mish­mishlar shunday xunuk, shunday mudhish ediki, Latofat qishloqdan bosh olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan vaqtlari ham bo‘ldi (Odil Yoqubov). Bu safar tutqich shunaqangi kuchli zarb bilan biqinimga urildiki, ko‘zimdan olov chiqib ketdi (O‘tkir Hoshimov). Umar zakunchi ko‘zimga shunchalik dag‘dag‘a bilan chaqchaydiki, tilim aylanmay qoldi (O‘tkir Hoshimov) kabi.
b) Ega birinchi qismda ifodalanadi: Shu payt ikkovi ham shunday chiroyli, shunday baxtiyor ko‘rindiki, hayron bo‘lib yoqamni ushladim (Pirimqul Qodirov) kabi.
d) Ega ikkinchi qismda ifodalanadi: Bora­bora shunaqangi joningdan to‘yib ketasanki, qilich taningni boshingdan tezroq juda qilishiga orzumand bo‘lib qolasan (O‘tkir Hoshimov) kabi va b.
2) Bajaruvchi aynan bo‘ladi:
a) Ega birinchi qismda ifodalanadi: Zangori osmon ham shunday tiniq, shunday beg‘uborki, ko‘zni oladi (Oybek) kabi.
b) Ega har ikki qismda ifodalanmaydi: Bu safar shu qadar shiddatli yaltiradiki, osmonni ikki bo‘lakka tilimlab tashlagandek bo‘ldi (O‘tkir Hoshimov) kabi va b.
2. Qo‘shma gap shakl tarkibidagi ergash qismning kesimi ­sa 2 affiksi bilan shakllanadi, bu qism tarkibida qancha, qanchalik, qanday olmoshi, bosh gap shakl qismida esa shunga mutanosib holda shuncha, shunchalik, o‘shanday kabi olmosh, ba'zan ko‘p ravishi qatnashadi: Nigor opa orzulari puchga chiqqaniga qancha kuysa, o‘g‘li-ning ahvolini ko‘rib undan ham ko‘proq o‘rtanar edi (Hamid G‘ulom). Paxtaga qanchalik ko‘p ishlov berilsa, shunchalik ko‘p hosil olinadi. Ilgari qanday berilib ishlagan bo‘lsak, hozir ham shunday ishlayapmiz kabi.
Bunday qo‘shma gap shakl ba'zan nisbiy olmoshlar qatnashmagan holda, belgi ma'nosini anglatadigan leksemaning o‘zini qiyoslab ishlatish bilan tuziladi: Paxta ishi og‘ir desam, ilm mehnati undan ham og‘irroq ekan (Hamid G‘ulom) kabi va b.
O‘xshatish ergash qismli qo‘shma gap shakl larning qismlari ­ki bog‘lovchisi bilan bog‘lanadi; ergash qism kesimi tarkibida ­day o‘xshatish affiksi bu qism boshlanishida esa ko‘pincha go‘yo, xuddi yordamchilari qatnashadi: Shamol shu qadar kuchli esdiki, go‘yo daryo suvi teskari oqayotgandek bo‘ldi kabi va b.
Тo‘ldiruvchi ergash qismli qo‘shma gap shakl
Bunday sintaktik qurilmada ergash qism bosh gap shakl tarkibida olmosh bilan ifodalangan to‘ldiruvchini aniqlashtiradi. Ba'zan bosh gap shakl tarkibida bunday to‘ldiruvchi ifodalanmaydi.
Тo‘ldiruvchi ergash qismli qo‘shma gap shakl lar quyidagicha tuziladi:
1. Qo‘shma gap shakl qismlari ­ki bog‘lovchisi bilan bog‘lanadi, bog‘lovchi bosh gap shakl ga qo‘shiladi; ergash qism bosh gap shakl tarkibida to‘ldiruvchi bo‘lib kelgan olmoshni aniqlashtiradi.
Bunday qurilmalarda bajaruvchi asosan boshqa­boshqa bo‘ladi:
a) Ega ikkinchi qismda ifodalanadi: Shuni unutmangki, halol mehnat bilan topilgan nonning ta'mi o‘zgacha bo‘ladi kabi.
b) Ega har ikki qismda ifodalanmaydi: Ko‘rib turibsizki, Umidaning qissasini ham boshdan aytib bermasam bo‘lmaydi kabi.
2. Ergash qismning kesimi -sa affiksi qatnashgan holda shakllanadi; bunday ergash qism bosh gap shakl tarkibida to‘ldiruvchi bo‘lib kel­gan olmoshni aniqlashtiradi.
Bunday qurilmalarda bajaruvchi asosan aynan bo‘ladi, ega ko‘pincha ifodalanmaydi: Nimani eksang, shuni o‘rasan (Maqol). Kimda gumoning bo‘lsa, uni ko‘zdan qochirma (Oybek). Kim­ki bo‘lsa dilozor, undan el­u yurt bezor (Maqol). Ikki misol tarkibida vositasiz to‘ldiruvchi, uchinchi misol tarkibida vositali to‘ldiruvchi qatnashgan va b.
Sifatdovchi ergash qismli qo‘shma gap shakl
Sifatlovchi ergash qismli qo‘shma gap shakllarda ergash qism bosh gap shakl tarkibidagi sifatlovchini aniqlashtiradi. Bunday sifatlovchi turli sintaktik vazifada kelgan ot, sifat leksemalarga bog‘langan bo‘ladi.
Sifatlovchi ergash qism bosh gap shakl ga ­ki bog‘lovchisi orqali bog‘lanadi:
I) Bosh gap shakl tarkibida shunday, shunaqa kabi sifat olmosh qatnashadi: Bilmadim, dunyoda shunaqa narsalar bo‘ladiki, birovga tushuntirish u yoqda tursin, o‘zing ham tushunmaysan (O‘tkir Hoshimov). Oydinli qish kechasi shunday go‘zal, shunday ulug‘vorki, hatto xizmatkorlarning xarob kulbasi ham allaqanday bejirim manzara yasaydi (Oybek) kabi. Birinchi jumlada shunaqa sifat olmoshi ega vazifasida kelgan narsalar leksema shakliga, ikkinchi jumlada esa shunday sifat olmoshi uyushiq qator hosil qilib kelgan kesimga bog‘langan.
2) Bosh gap shakl tarkibida hech bir inkor olmoshi, biror gumon ol­moshi qatnashib, kesimi yo‘q kesimlik leksemasi bilan, shunga monand ravishda ergash qismning kesimi ­ma  sin affikslari tizmasi bilan ifodalanadi: Тoshkentda hech bir katta ko‘cha yo‘qki, unda dorixona bo‘lmasin kabi va b.
Kesim ergash qismli qo‘shma gap shakl
Kesim ergash qismli qo‘shma gap shakllarda ergash qism bosh gap shaklga ­ki bog‘lovchisi bilan bog‘lanadi; ergash qism bosh gap shaklning ko‘rsatish birligi, olmosh bilan ifodalangan kesimini aniqlashtiradi; bunday kesim vazifasida shu ko‘rsatish birligi, shunday sifat olmoshi keladi: Ilgarigi vaqtlardan qolgan bir odat shuki, g‘ayir cho‘ponlar yovlashsa, bir­biridan qo‘y o‘g‘irlaydi (Pirimqul Qodirov). Xalqimiz qadimdan shundayki, beva­bechoraga doim yordam qo‘lini cho‘zadi kabi va b.
Natija ergash qismli qo‘shma gap shakli
Natija ergash qismli qo‘shma gap shakllarda ergash qism bosh gap shakldan anglashiladigan harakat­holatning amalga oshishi bilan yuzaga keladigan voqelikni anglatadi; bunday qo‘shma gap shakl qismlari ­ki bog‘lovchisi bilan bog‘lanadi, bosh gap shakl tarkibida shunday, shunaqangi, shu qadar, chunonam kabi belgi ifodalovchi birliklar, ergash qismda ba'zan oqibatda, natijada kabi leksema shakllar qatnashadi.
Bunday qo‘shma gap shakllar qismlarining kesimi quyidagicha shakllanadi:
Ergash qismning kesimi bosh gap shakl kesimiga monand holda o‘tgan yoki hozirgi zamon shaklidagi fe'l leksema shakl bilan ifodalanadi: Kechga borib shunday kuchli bo‘ron ko‘tarildiki, daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib tashladi kabi.
Ba'zan bosh gap shakl kesimi buyruq maylining I shaxs affiksi bilan, ergash qismning kesimi esa buyruq maylining III shaxs affiksi bilan shakllanadi: Shunday samarali mehnat qilaylikki, boshqalarning havasi kelsin kabi.
3. Ergash qism kesimi kesimlik leksema shakli bilan ifodalanadi, bunda bosh gap shakl kesimi buyruq maylining III shaxs affiksi bilan shakllanadi: Ishni shunday tashkil qilish lozimki, hech kimda norozilik tug‘ilmasin kabi va b.
Sabab ergash qismli qo‘shma gap shakl
Sabab ergash qismli qo‘shma gap shakllarda ergash qism bosh gap shakldan anglashiladigan harakat­holatning voqe bo‘lish sababini anglatadi.
Sabab ergash qismli qo‘shma gap shakllar quyidagicha tuziladi:
I. Sabab ergash qism boshlanishida chunki bog‘lovchisi ishlatiladi. Bunda baja-ruvchining holati, eganing ifodalanishi quyidagicha:
I) Bajaruvchi boshqa­boshqa bo‘ladi:
a) Ega har ikki qismda ifodalanadi: U kelin bo‘lib borgusi oilaning boyligini o‘ylamagan, chunki bu narsa u uchun ochiq-oydin edi (Oybek). Hulkar yashirolmaydi, chunki Xolbek Avazga "Xotiningdan so‘ra" deb sirni ochib qo‘ygan (Pirimqul Qodirov) kabi.
Ba'zan ergash qism bosh gap shakldan to‘liq to‘xtam bilan ajratib talaffuz qilinadi, shunga ko‘ra bunday qismdan oldin yozuvda nuqta qo‘yilib, ergash qism bosh harf bilan boshlab yoziladi; lekin bunga qaramay bu qismlar birgalikda qo‘shma gap shaklga teng deyiladi: Nuriniso esa ichkari hovlidagi to‘rt uydan biriga - onasining uyiga kirdi. Chunki bu uy xoli edi (Oybek) kabi.
b) Ega birinchi qismda ifodalanadi: Kech soat to‘qqizlarda ko‘p xonadonlarda chiroq o‘chadi, radio tinadi, chunki ertalab beshda turish,oltida dalaga yurish kerak (Hamid G‘ulom) kabi.
d) Ega ikkinchi qismda ifodalanadi: ko‘nikishni boshdan kechirishga majbur, chunki muhabbat bog‘lagan erkak senga o‘zining yaltiroq tomonlarini ko‘rsatadi (Abdulla Qahhor) kabi.
2) Bajaruvchi aynan bo‘ladi:
a) Ega birinchi qismda ifodalanadi: Latofat bilan Obidov domla Haydarni ko‘rmas, chunki yon­verlariga qarashmas edi (Odil Yoqubov) kabi. Bu misolda kesimlar tarkibidagi edi affiksiodi umumlashtirilgan.
b) Ega har ikki qismda ifodalanmaydi: Faqat oltin soatni olib tomosha qildi. Chunki quti­quti har nav oltin­kumush bezaklar yig‘gan bo‘lsa­da, shu vaqtgacha soatsiz edi (Oybek) kabi. Bu yerda ergash qism to‘liq to‘xtam bilan ajratilib, bosh harf bilan boshlab yozilgan; lekin qo‘shma gap shakllik holati saqlangan (Bunday holat quyidagi misollarda ta'kidlanmadi).
2. Sabab ergash qism bosh gap shaklga shuning uchun yordamida bog‘lanadi. Bunday sintaktik qurilmalarda ergash qism oldin, bosh gap shakl keyin joylashadi, bosh gap shakl bog‘lovchi vosita tarkibidagi ko‘rsatish birligini aniqlashtiradi. Bunday qurilmalarda bajaruvchi boshqa­boshqa bo‘ladi:
a) Ega har ikki qismda ifodalanadi: Bunday haqoratni hech bir yigit kechira olmaydi. Shuning uchun Xolbek ham Тurdi bilan mushtlashgan edi (Pirimqul Qodirov) kabi.
b) Ega birinchi qismda ifodalanadi: qiyinchilik bilan ajratilgan qo‘ylar u to‘pdan bu to‘pga chopib o‘tib yana qo‘shilib ketishar edi. Shuning uchun ikki suruvni bir­biridan mumkin qadar uzoqqa haydashar edi (Pirimqul Qodirov) kabi.
3. Ba'zan sabab ergash qismli qo‘shma gap shaklning bosh gap shakl qismi ergash qismidan oldin joylashib, kesimiga ­ki bog‘lovchisi qo‘shiladi: Avvalo bunga shuning uchun muvaffaq bo‘la olmadiki, rostgo‘ylikni, hamdardlikni va hamkorlikni kelgusida birgalikda kechiriladigan hayotning asosiy sharti qilib qo‘ygan edilar (Hamid G‘ulom) kabi.
4. Sabab ergash qismga ba'zan ­ki bog‘lovchisi qo‘shiladi; bunday qismning kesimi bor kesimlik leksemasi, shu kabi ko‘rsatish birligi bilan ifodalanadi. Quyidagi qo‘shma gap shakl lar qismlarida bajaruvchi boshqa­boshqa bo‘lib, har ikki qismida ega ifodalangan: Davlatbekov bilan Ortiq borki, uni hech kim hech narsa qilolmaydi (Pirimqul Qodirov). Aziyat yetishining vaji shuki, Muxtorxon Samandar qo‘rboshiga yarog‘­aslaha yetkazib turgan ekan (Abdulla Qahhor) kabi.
5. Sabab ergash qism kesimi ­sa  kerak tarzida shakllanadi; bunda 'sabab' ma'nosi
ehtimol modal ma'nosi bilan birgalikda ifodalanadi. Quyidagi qo‘shma gap shakl qismlarida bajaruvchilar boshqa­boshqa:
a) Ega har ikki qismda ifodalangan: Boshqalar ham shunday deb o‘ylasa kerak, na birov uni ziyofatga taklif qildi, na kuzatib qo‘ydi (Odil Yoqubov). .. bolalar sho‘xlik qilgan bo‘lsa kerak, bitta kreslo yonboshlab qolgan edi (O‘tkir Hoshimov) kabi.
b) Ega birinchi qismda ifodalangan: Saidiyning indamaganini Ehson rozilik deb tushungan bo‘lsa kerak, spektakl tamom bo‘lgandan keyin Saidiyni o‘z uyiga tomon boshladi (Abdulla Qahhor). Qiz, chamasi, o‘z qahramonining holatini tasavvur qilib ko‘rayotgan bo‘lsa kerak, chuqur o‘yga tolgan edi (O‘tkir Hoshimov) kabi.
Mana bu jumlada ergash qism bosh gap shaklning ichida ishlatilgan: Onasi Nigor opa, erini azbaroyi yaxshi ko‘rganidan bo‘lsa kerak, boshqa turmush qilmadi (Hamid G‘ulom) kabi va b.


Yüklə 102,25 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin