1.1. Landshaft haqidagi ta’limot va uning ahamiyati Landshaft so‘zi aslida nemischa bo‘lib, (Land - yer va schaft - o‘zaro aloqadorlik va bog‘liqlikni aks ettiruvchi suffiks), umumadabiy tilda manzara, joyning ko‘rinishi degan ma'noni anglatadi.
Landshaft atamasi geografiyaga dastavval deyarli bir vaqtda A.A.Borzov, L. S. Berg, I. M. Krasheninnikov, L. F.Morozovlarning ilmiy ishlari orqali tabiiy geografik kompleks so‘zining sinonimi sifatida kirib keldi. Keyinchalik landshaft tushunchasini chuqurlashtirish va uning ta'rifini mukammallashtirish jarayonida tabiiy geograflar uch guruhga bo‘linib ketishdi.
Birinchi guruh tabiiy geograflarning fikricha, landshaft ham xuddi relyef, iqlim, tuproq, o‘simlik tushunchalari kabi umumiy tushunchadir. Bu holda landshaft atamasi xohlagan ko‘lamdagi tabiiy geografik komplekslarga nisbatan, ularning katta kichikligidan qat’iy nazar ishlatilishi mumkin. Bu tushuncha tarafdorlari (F. N. Milkov, D. L. Armand, Y. K. Yefremov, V. I. Prokayev kabilar) fikricha, landshaft bizning ko‘z o‘ngimizda tarixiy shakllangan va uzluksiz rivojlanishda bo‘lgan u yoki bu geografik kompleks qiyofasida namoyon bo‘lgan o‘zaro bog‘liq va aloqador bo‘lgan narsa, hodisalarning yig‘indisidir.
Landshaftga berilgan ushbu ta'rifdan ko‘rinib turibdiki, landshaft ham, tabiiy geografik kompleks ham ikkalasi bir narsadir. Mualliflarning fikriga ko‘ra, tabiiy geografik kompleks so‘zi aniq ifodaga egaligiga qaramay, atama sifatida noqulay. Shuning uchun tabiiy geografiya kompleks so‘zining ma'nosini anglatadigan, ammo qisqagina va ishlatishda qulay bo‘lgan landshaft atamasidan foydalangan ma'quldir. Bu holda "landshaft qobig‘i" atamasi "geografik qobiq" atamasining sinonimi sifatida ishlatilmoqda.
Ikkinchi guruh geograflar ta'kidlashicha, landshaft ma'lum bir hududni egallagan, o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan regional birlikdir. Masalan, N. A. Solnsev landshaftni asosiy geografik birlik deb qaraydi va geologik tuzilishi, relyef shakllari, yer osti va usti suvlari, mikroiqlim, tuproq xillari, fito va zoosenozalari o‘zaro bog‘liq bo‘lgan birikmalari qonuniy va tipik qaytalanib turadigan genetik jihatdan bir butun hududni landshaft deb ataydi.
Landshaftning ta'rifini boshqacharoq va qisqaroq qilib, A. G. Isachenko (1991) quyidagicha ta'riflaydi: “Landshaft – mahalliy ko‘lamda geotizimlarning o‘ziga xos yig‘indisidan iborat bo‘lib, o‘zining zonal va azonal belgilari bo‘yicha bir butun hamda genetik jihatdan yaxlit geotizimdir”. Uning fikricha, landshaft o‘zidan kichik geotizimlar yig‘indisidan iborat bo‘lishi bilan bir vaqtda o‘zidan katta va murakkabroq tuzilgan geotizimning bir qismi bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun landshaftlarning hosil bo‘lishini geografik qobiqning rivojlanishi va tabaqalanishining natijasi deb qarash kerak. Undan tashqari landshaft tabiiy geografik komplekslarning taksonomik tizimida shunday bir pog‘onani egallaydiki, u o‘zining azonal va zonal xususiyatlari bo‘yicha bir butundir. Demak, tabiiy geografik rayon rayonlashtirishning eng kichik va asosiy birligidir. A. G. Isachenko fikricha, landshaft va tabiiy geografik rayon ikkalasi bir narsadir. Bu holda landshaft bir konturlidir. Yer yuzasida bir landshaft bir marta uchraydi.
Uchinchi guruh geograflar landshaft - tipologik birlikdir degan tushuncha tarafdorlaridir. Ular landshaftlarning nisbatan bir xilligi tushunchasiga asoslanadilar. Bunda landshaft ma'lum xarakterdagi hudud yoki joy deb qaraladi. Bundan tashqari, landshaft tabiiy komponentlar (geologik tuzilishi, relyef, tuproq, o‘simlik va h.k.) ning dialektik birligi, majmuasi deb, hamda nisbatan bir xil bo‘lgan tabiiy geografik kompleks deb qaraladi. Landshaftlar ularning hududiy tarqalishidan qat’iy nazar, xususiyatlariga qarab aniqlanadi.
Landshaftga nisbatan bunday qarashning faol targ‘ibotchisi bo‘lgan N. A. Gvozdetskiyning (1973) aytishicha, landshaft - tabiiy geografik kompleksning turi, kichik turi, xilidir. Masalan, geomorfologiyada relyef turi, tuproqshunoslikda tuproq turi, xili tushunchalari qaysi ma'noda ishlatilsa, tabiiy geografiyada ham shunday ma'noda ishlatilishi kerak. Masalan, dasht tuproqlari deyilgandek, dasht landshaftlari deb aytish mumkin. Landshaft tipologik birlik sifatida katta-katta maydonlarni ham yoki kichik joyni ham egallashi mumkin. Bir xildagi yoki bir turdagi landshaft ma'lum hududda qayta-qayta uchrashi, ya'ni ko‘p konturli bo‘lishi mumkin. U yoki bu landshaftning tarqalish areali xuddi u yoki bu tuproq yoki relyef turining tarqalish areali kabi uzuq-yuluq bo‘lishi mumkin. Ana shunday landshaftlarning ma'lum bir yig‘indisi tabiiy geografik rayonlarni tashkil qiladi. N. A. Gvozdetskiy fikricha, tabiiy geografik regional birliklar va landshaft tipologik birliklari ikki xil tizimdagi birliklardir. Ular geografik qobiqning tabiiy geografik tabaqalanishini o‘rganishdagi ikki xil yondashishning natijasidir.
Landshaftlar regional birlik deb qaralganda, ular orasidagi har xillikka ko‘proq e'tibor berilsa, tipologik birlik deb qaralganda, ularning nisbatan bir xilligiga e'tibor beriladi.
Landshaft tushunchasiga nisbatan yuzaga kelgan bu uch xil ko‘z qarashni landshaftshunoslikda hosil bo‘lgan uch yo‘nalish desa ham bo‘ladi.
Landshaftshunoslikka bag‘ishlangan ko‘pgina ilmiy asarlar, darslik va qo‘llanmalarda asosan yuqorida bayon etilgan uch xil tushuncha haqida so‘z yuritiladi. Ammo ularning qaysi biri haqiqatga yaqin, qaysi biri to‘g‘ri degan savolga javob berishda mualliflar u yoki bu guruhga qo‘shilib ketadilar. Biz ham ana shu savolga javob izlash jarayonida yirik landshaftshunos olim, Moskva davlat universitetining professori V. A. Nikolayev ilmiy izlanishlarining natijalariga ko‘proq e'tibor berishga harakat qildik. Bu olimning 1979 - yili bosilib chiqqan “Regional landshaftshunoslik muammolari” degan kitobi uning qariyb 20 yildan ortiqroq vaqtni o‘z ichiga olgan ilmiy izlanishlarining samarasidir. Bu izlanishlar asosida V. A. Nikolayevning Qozog‘iston dashtlarida olib borgan landshaftlarni aniqlash, xaritaga tushirish, ta'riflab berish, landshaftlarning tuzilishi, dinamikasi, rivojlanishi, yoshi kabilarni aniqlash hamda landshaftlarni xo‘jalik nuqtai nazaridan baholash, ularning rivojlanishini oldindan aytib berish kabi masalalarni hal qilish maqsadida to‘plangan juda katta hajmdagi ilmiy ma'lumotlar yotadi.
V. A. Nikolayevning fikricha, landshaftni faqat o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan regional birlik deb qarash ham, yoki uni faqat tipologik birlik deb qarash ham baravariga bir yoqlamalikka olib keladi. Vaholanki, N. A. Gvozdetskiyga o‘xshab, landshaftni tipologik birlik deb tushunish har bir konkret landshaftni tahlil qilishdan kelib chiqishi kerak. Har bir landshaft - tabiiy geografik jihatdan o‘ziga xos, ammo bir vaqtning o‘zida u qandaydir bir tipologik umumiylikning bir qismidir. Xuddi shunga o‘xshash fikrni biz N. A. Solnsevning shogirdlari G. N. Annenskaya va boshqalar (1962) ishida ham uchratamiz. Ularning yozishicha, landshaft ham, uning morfologik qismlari ham boshqa har qanday ko‘lamdagi tabiiy geografik komplekslar kabi ham regional, ham tipologik yo‘nalishda o‘rganilishi mumkin. Bu borada A. G. Isachenko (1991) o‘z fikrini quyidagicha bildiradi. Hodisalarni turlarga ajratish, ularni o‘rganishdagi tipologik yondashish har qanday ilmiy izlanishning, jumladan landshaft izlanishlarining ham zaruriy shartlaridan biridir. Ammo tur tushunchasiga o‘tgunga qadar ma'lum miqdorda muayyan obyektlarni o‘rganish kerak. Chunki landshaft turi tabiatda obyektiv mavjud bo‘lgan ko‘plab muayyan mavjud landshaftlarni ilmiy umumlashtirish orqaligina aniqlanadi.
Landshaftshunoslik izlanishlarida alohida bilan umumiylikning birligi va qarama-qarshiligini e'tirof etishimiz kerak. Alohida muayyan landshaft haqidagi ma'lumotlarsiz umumlashtirish mumkin emas. Shunday qilib, yer yuzasida obyektiv mavjud bo‘lgan landshaftlarni ma'lum belgilariga qarab umumlashtirish, ya'ni xil, tur, sinf kabilarga birlashtirish mumkin ekan.
Yuqorida keltirilgan fikrlarga xulosa qilib aytganda landshaft genetik jihatdan bir butun bo‘lgan geotizimdir. U bir xil geologik tuzilishi, bitta relyef turi, bir xil iqlimi hamda faqat shu landshaftga xos bo‘lgan, dinamik jihatdan bog‘liq bo‘lgan urochishelar yig‘indisidan iboratdir. Landshaft bir jihatdan qaraganda zona, provinsiya, okrug, rayon kabi regional geotizimlarni tashkil qiluvchi eng oddiy geotizimdir. U geografik qobiqning eng oddiy va eng kichik to‘qimasi (birligi) bo‘lsa, ikkinchi jihatdan o‘zidan kichik bo‘lgan urochishe, fatsiya kabi qismlar va oddiy geotizimlar bog‘lamidan hosil bo‘lgan murakkab ko‘p yarusli va dinamik geotizimdir. Landshaft qo‘shni landshaftlar bilan modda va energiya almashinishi orqali doimo o‘zaro ta'sirda bo‘lib turadigan ochiq geotizimdir.
Landshaftlar ham barcha katta-kichik geotizimlar kabi agregat holati nisbatan bir xil bo‘lgan moddiy qismlar - komponentlardan tashkil topgandir. Komponent atamasi lotincha “componens” so‘zidan olingan bo‘lib, “tarkibiy qism”, - degan ma'noni anglatadi.
Umuman olganda, geografik adabiyotda komponent tushunchasi anchagina erkin talqin qilingan. Ba'zan tabiiy komponentlarga qum, tuproq, muz, yashil barglar, suv yuzasi kabilar kiritilsa, ba'zan esa inson tomonidan bunyod etilgan texnik inshootlar, shaharlar, ekin maydonlari ham komponent hisoblanadi. Masalan, D. L. Armand (1975) agregat tarkibi bir xil bo‘lgan qismlarni, hayot bor-yo‘qligini hisobga olgan holda tabiat komponentlari deb hisoblaydi. U tabiat komponentlariga turli gazlar, suyuqliklar, tog‘ jinslari, o‘simlik, qor va muz, hatto texnik inshootlarni ham kiritadi. F. N. Milkov (1990) landshaftning komponentlariga tog‘ jinslari, yer osti va usti suvlari, havo, tuproq, o‘simlik va hayvonot dunyosini kiritadi. I. M. Zabelin fikricha esa (1978) tog‘ jinslari, suv, havo, tuproq, o‘simlik va hayvonotdan tashqari bakteriyalar, zamburug‘lar va hatto quyosh radiatsiyasi ham landshaftning komponenti sanalishi kerak. A. A. Grigorev (1966), S. V. Kalesnik (1970), A. A. Krauklis (1979) kabilar komponent deganda, Yerning moddiy tarkibi nisbatan bir xil bo‘lgan alohida sferalarini tushunadilar. K. I. Grenchuk va boshqalar (1984) asosiy komponentlar (tog‘ jinslari, havo, suv, o‘simlik, hayvonlarni) va ikkilamchi yoki hosila komponentlar (tuproq, muz, muzloq tog‘ jinslari)ni ajratadilar.
V. I. Prokayev (1967) tabiiy komponent deganda, alohida moddiy tizimlar va ularga xos bo‘lgan shakllar va holatlarni tushunadi. Bu shakl va holatlar ushbu moddiy tizimlarning boshqa moddiy tizimlar bilan Quyosh radiatsiyasi orqali yoki Yerning ichki energiyasi, yoki ularning ikkovi ta'siri sharoitida hosil bo‘ladi. Muallif komponentlarga tog‘ jinslari (ularning moddiy tarkibi va yotqizilish sharoitlari) relyef (yoki geologik tog‘ jinslari va relyef), hududning ob-havo va iqlimini belgilab beruvchi havo massalari va ularga xos bo‘lgan gidrotermik holatlar (boshqacha qilib aytganda, iqlim), suvlar, tuproqlar, o‘simlik va hayvonot dunyosi kabilarni kiritadi. Uningcha, har bir komponent moddiy tarkibi bilan uning turlicha namoyon bo‘lishining bir butunligi, ya'ni mazmun bilan shaklning bir butunligidir.
A. V. Pavlov (1984) va E. Neef (1974) larning fikriga ko‘ra litosfera, gidrosfera, atmosfera, biosferalar geografik qobiqning komponentlaridir. Tog‘ jinslari, tuproq, suv, havo, o‘simlik va hayvonot dunyosi esa landshaftning komponentlaridir.
Shunga o‘xshash ta'rifni biz “Охрана ландшафтов” (1982) nomli izohli lug‘atda ham ko‘ramiz. Unda landshaftning komponentiga geografik qobiqning litosfera, gidrosfera, atmosfera va biosferalarning (landshaft chegarasidagi) qismlari kiradi, deb ko‘rsatilgan. Landshaftning komponentlari bir-biri bilan o‘zaro aloqada bo‘lib, birining o‘zgarishi qolganlarining ham o‘zgarishiga olib keladi. Lug‘at mualliflari komponentlarni ikkiga: tabiiy va antropogen komponentlarga bo‘lishgan. Birinchisiga tog‘ jinslari, havo, yer osti va usti suvlari, tuproq, o‘simlik, hayvonot dunyosini kiritsalar, ikkinchisiga turli inshootlar, qishloq xo‘jaligi maydonlari kabilarni kiritadilar.
Yuqorida keltirilgan fikrlardan ko‘rinib turibdiki, landshaftning komponentlari deganda asosan uning tarkibiy qismlari, ya'ni tog‘ jinslari, havo, suvlar, o‘simlik va hayvonoti tushuniladi. Ularning komponent ekanligini deyarli barcha mualliflar e'tirof etadilar. Ammo ba'zi ilmiy asarlarda iqlim, relyef, tuproq kabilarni ham komponentlar qatoriga qo‘shib yuborish hollari uchraydi. Bular landshaftlarning hosil bo‘lishi va mavjudligida qanchalik muhim bo‘lmasin, baribir komponent hisoblanmasligi kerak. Chunki relyef tog‘ jinslarining xususiyati bo‘lsa, iqlim havoning xususiyatidir. Ular landshaft hosil qiluvchi omillardandir, aniqroqi ularning har biri ma'lum omillar majmuidan iboratdir.
Landshaftlarning tuproqlari esa iqlim va relyefga bog‘liq holda tog‘ jinslarining havo, suv va organik hayot ta'sirida o‘zgarishidan yuzaga kelgan hamda moddiy tarkibi tog‘ jinslari tarkibidan farqli bo‘lgan murakkab tabiiy hosiladir. Tuproq qatlami landshaft hosil bo‘lishi nuqtai nazaridan komponent yoki omil sifatida emas, balki landshaftlarning markaziy, muhim bir strukturaviy qismi sifatida qaralmog‘i ahamiyatlidir. Landshaftning tuprog‘i tuproq osti geologik qatlamlaridan o‘zining tarkibi, tuzilishi va boshqa bir qator xususiyatlari bo‘yicha keskin farq qiladi. U turli xil kristal va kolloidlar shaklidagi minerallardan, tog‘ jinslari bo‘laklaridan, suvli eritmalar, gazlar va organik moddalardan tarkib topgan o‘ziga xos bir tizimdir. Aynan ana shu tuproq qatlamida komponentlarni bir-biri bilan bog‘lab turuvchi modda va energiya oqimlari to‘qnashadi va o‘zaro faol ta'sirda bo‘ladi.
Landshaftning havo komponenti atmosferaning yer yuzasiga yaqin bo‘lgan eng quyi qatlamlarini o‘z ichiga oladi va zichlik, bosim, harorat bo‘yicha yuqori qatlamlardan farq qiladi. Atmosfera massasining 85 foizdan ortig‘i ana shu landshaftlar havosiga to‘g‘ri keladi.
Havo landshaftning eng harakatchan va tez aralashuvchan komponentlaridan biridir. Unda landshaftning iqlimi shakllanadi. Harorat va namlik o‘zgarishlari, yog‘in-sochin hosil bo‘lishi, shamollar va ayrim sinoptik jarayonlar ana shu havo qatlamida ro‘y beradi. Bundan tashqari, landshaftda va uning turli komponentlarida ro‘y beradigan barcha fizikaviy, kimyoviy va biologik jarayonlarda havoning ishtiroki bor. Havo landshaftdagi va landshaftlararo modda, energiya harakatlari va o‘zgarishlarida ishtirok etib, faol vosita hisoblanadi.
Landshaftning suv komponenti ham havo komponenti kabi harakatchan va aralashuvchandir. Suv ham havo kabi boshqa komponentlar (tog‘ jinslari, havo, o‘simlik va hayvonot) tarkibiga kirib borgan. Shu bilan birga, u, nafaqat komponentlararo balki landshaftlararo ham modda va energiya almashinish jarayonida faol tashuvchi vosita hamdir. Shuning uchun suvning komponent sifatidagi yoki o‘ziga xos modda sifatidagi tavsifidan ko‘ra uning omil sifatidagi, ya'ni oqim hosil qilib ish bajaruvchi sifatidagi tavsifi ahamiyatliroqdir. Suvning oqim hosil qilishi tabiiy geografik tizimlarga, shu jumladan landshaftlarga xos bo‘lgan uchta yirik jarayon: nurash jarayoni, organik dunyoning rivojlanish jarayoni hamda tuproq hosil bo‘lish jarayoniga bevosita ta'sir ko‘rsatadi.
Landshaftning havosi ham, suvlari ham undagi jonli komponentlarning mavjudligi va o‘z maxsus faoliyatini bajarishi uchun zaruriy shart-sharoitlardandir. Bu komponentlardan ayniqsa, o‘simlik qoplami tizim tashkil qiluvchi muhim komponent hisoblanadi. U landshaftning tashqi qiyofasini aks ettirishi bilan bir vaqtda landshaftning relyefi, iqlimi va tuproq xususiyatlarini shakllanishida, hayvonot turlari va ularning geografik tarqalishida hal qiluvchi ahamiyatga egadir.
Landshaftning o‘simliklari landshaftda ro‘y beradigan ko‘plab kimyoviy, fizikaviy va biologik jarayonlarning asosi hisoblangan birlamchi organik moddaning shakllantiruvchisidir. O`simliklarning o‘sishi, modda va energiyani qabul qilishi, o‘zida jamlashi va ajratib chiqarishi jarayonida landshaftning boshqa komponentlariga ta'sir qilib, ularning tarkibi va xususiyatlarini o‘zgartiradi. Havoning harakati, namligi, harorati, gaz tarkibi va boshqa xususiyatlariga tegishli bo‘lgan miqdor ko‘rsatkichlari ko‘pincha o‘simlik qoplamining tavsiflariga bog‘liq bo‘ladi.
O‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishidagi fiziologik jarayonlar va ularning landshaft hosil bo‘lishi, mavjudligidagi ishtiroki ham ahamiyatlidir. Masalan, faqat birgina fotosintez jarayonining o‘zida o‘simliklar havodagi karbonat angidriddan nafas oladi, havoga kislorod chiqaradi, quyosh nurlari energiyasi yordamida tuproqdan suv va turli mineral moddalar oladi. Ulardan esa organik birikmalar hosil qiladi. Havo-o‘simlik-tuproq orasida ro‘y beradigan o‘ziga xos modda va energiya almashinish jarayoni landshaftning qaysi tabiat zonasida va qanday relyef sharoitida joylashganligiga bog‘liq holda turli jadallikka ega bo‘ladi.
U yoki bu hududning landshaftlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy ishlarning aksariyatida landshaftning hayvonot komponentiga nihoyatda kam e'tibor berilganligini guvohi bo‘lamiz. Odatda, bunday ishlarda landshaftda uchraydigan hayvonlarning nomlari sanab o‘tiladi xolos. Landshaftlar hayvonotini tabiiy geografik tahlil qilish masalalari mutlaqo ishlanmagan desa bo‘ladi. Ayniqsa landshaftning ichki va tashqi o‘zaro ta'sir va aloqadorliklarini o‘rganishda hayvonotning rolini aniqlash qanchalik muhim bo‘lmasin, tadqiqotchilarning e'tiboridan chetda qolavergan. Bu borada, balki ekologiya, biogeosenologiya fanlari ishlab chiqqan metodlardan unumliroq foydalanish ko‘zlagan natijalarni berar. Chunki landshaftlarda bo‘ladigan modda va energiya almashinish jarayonida (ya'ni landshaft metabolizmida) tirik organizmlarning roli o‘simliklarning rolidan kam bo‘lmasa kerak.
Landshaftning hayvonot komponenti undagi o‘simlik hosil qilgan birlamchi organik moddani o‘zgartiruvchi hamda landshaftning morfologik qismlariaro va landshaftlararo modda va energiya tashuvchidir. Uning tuproq hosil bo‘lishi, tuproq unumdorligini shakllanishi, o‘simliklarning urug‘ va mevalarini tarqalishi kabi bir qator jarayonlarda ishtiroki va ahamiyati kattadir. Bu jarayonlarda qaysi hayvon turi qanday ishtirok etishini bilishda ularning tabatdagi hayotiy faoliyatiga qarab guruhlarga ajratib olish yaxshi natija berishi mumkin. Sababi bunday guruhlardagi organizmlarning soni, oziqlanish usullari, o‘sishi va ko‘payish tezligi, hayot tarzi va h.k. turlichadir. Masalan, o‘simlik bilan oziqlanadigan hayvonlar va fitofaglar jonsiz organik modda bilan oziqlanadigan saprofaglarga qaraganda boshqacharoq xarakterga ega bo‘lgan ishlarni bajaradi. Shuningdek, tuproq tarkibida yashaydigan organizmlar bilan yer yuzasida yashaydigan organizmlar ham landshaftda turli xil va turli miqyosdagi faoliyatga egadir.
Binobarin, landshaftdagi har bir organizm shu landshaft muhitiga aynan moslashgan bo‘ladi. Agar organizmning yashash sharoitida biron bir o‘zgarish ro‘y bersa, bu shu organizmning o‘zgargan sharoitga moslashishga yo‘naltirilgan o‘zgarishlariga olib keladi va o‘z navbatida o‘simlik va hayvonot komponenti o‘zini o‘zi ravojlantirish holatiga ega bo‘lganligi uchun ma'lum miqdorda atrof-muhitga ham ta'sir etib turadi. Shuning uchun ham landshaftlardagi tog‘ jinslari va relyef, iqlim va suvlarning xususiyatlariga qarab tuproq, o‘simlik va hayvonot haqida umumiy tasavvur hosil qilish mumkin bo‘ladi.
Landshaftlarning tashkil topishi va rivojlanishida sanab o‘tilgan komponentlarning qaysi biri yetakchi, qaysi biri ikkinchi darajali ahamiyatga ega degan savolning javobi ham munozaralidir. Tabiiy geograflar o‘rtasida birlamchi va ikkilamchi, yetakchi va yetakchi bo‘lmagan, kuchli yoki kuchsiz komponentlarni aniqlashga urinish bor. Masalan, N. A. Solnsev (1960) tuzgan komponentlar tizimida geomatik komponentlar (geologik tog‘ jinslari va relyef) kuchli yoki yetakchi, gidroiqlimiy komponentlar (suv, havo) esa ikkilamchi darajali, biotik komponentlar (o‘simlik va hayvonot) uchlamchi darajali yoki kuchsiz hisoblanadi.
Bu borada, shunga o‘xshash fikrlarni biz P. N. G‘ulomovning (1985) o‘quv qo‘llanmasida ham uchratamiz. Muallifning yozishicha, inson tomonidan o‘zgartirilgan landshaftlarda odatda ikkilamchi komponentlar ko‘proq o‘zgarib, birlamchi komponentlar deyarli o‘zgarmaydi, ularni ayrim elementlarigina o‘zgaradi. P.N.G‘ulomov landshaftlarning komponentlarini tashqi ta'sirlarga beriluvchanligi yoki barqarorligiga qarab, shartli ravishda birlamchi va ikkilamchi komponentlarga ajratish mumkinligini yozadi. Uningcha birlamchi komponentlarga landshaftning geologik negizi, makrorelyefi va iqlimi kiradi. Landshaftning o‘simligi, hayvonot dunyosi, suvlari va ma'lum darajada tuproq qoplami esa lanshaftlarning ikkilamchi komponentlari hisoblanadi.
Tabiiy geografik komplekslarning shakllanishi va rivojlanishida ishtirok etadigan omillarning o‘zaro teng emasligi haqidagi fikrni biz dastlab A. A. Grigoryevning (1946) ishida uchratamiz. U tabiiy geografik omillarning eng kuchlisini "harakatlantiruvchi kuchlar" deb ataydi. Uning fikricha, harakatlantiruvchi kuchlar tabiiy geografik kompleksning ko‘lamiga bog‘liq holda o‘zgarib turadi. Masalan, geografik mintaqalarda iqlim hodisalari harakatlantiruvchi, materiklarda - geomorfologik, sektorlarda - yana iqlim, zona va kichik zonalarda - yana geomorfologik va nihoyat landshaftlarda - gidrologik, aerogeomorfologik va fitogeografik hodisalar harakatlantiruvchi kuchlar hisoblanadi. Bunga qo‘shimcha qilib A. A. Grigoryev aytadiki, har bir alohida holatda qaysi bir komponent eng kuchli o‘zgarishni boshidan kechirayotgan bo‘lsa, o‘sha komponent harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi. D. L. Armand (1975) komponentlarning yetakchi va yetakchi emasligi haqida so‘z yuritar ekan, har qanday komponent va uning xususiyati boshqa komponentlarga ta'sir ko‘rsata olsa, u landshaft tashkil qiluvchi omil hisoblanadi. Qaysi bir omil boshqa komponentlarga kuchli ta'sir ko‘rsata olsa - yu va ularning ta'sirida o‘zi kamroq o‘zgarsa uni yetakchi omil deb atash mumkin, deb yozadi.
V. B. Sochava (1974) ham geotizimlarning energetika va dinamikasini belgilab beruvchi eng harakatchan va tez o‘zgaruvchan komponentlari issiqlik, namlik va biota kabilarni "kritik komponentlar" deb ataydi. Tabiiy geografik sharoitga bog‘liq holda turli xil komponentlar kritik komponentlarga aylanishi mumkin.
Geotizimlarning tashkil topishi va rivojlanishidagi u yoki bu komponentning tutgan o‘rni va bunda qaysi komponent yetakchi va qaysinisi ikkinchi darajaliligi munozarali masala ekanligi yuqorida keltirilgan fikrlardan ko‘rinib turibdi. Bu borada N. I. Mixaylov (1985) bioiqlimiy omillar ham, geologik-geomorfologik omillar ham tabiiy geografik komplekslarning tabaqalanishida doimiy va zarur hisoblanadi, hamda tabiiy geografik komplekslar juda ko‘p omillarning o‘zaro aloqadorligi va o‘zaro ta'sirining natijasidir, deb yozadi. Uning fikricha, geologik-geomorfologik omillarni yetakchi deb hisoblash ham, yoki bioiqlimiy omillarni yetakchi deb hisoblash ham bir yoqlamalikka olib keladi.
Inson tomonidan o‘zgartirilgan landshaftlarga bag‘ishlangan adabiyotda ham landshaftlarning o‘zgarishida u yoki bu komponentning ahamiyati haqida turli xil fikrlar bildirilgan. Masalan, V. I. Prokayev (1983) hududlarning tabiiy geografik bo‘linishidagi antropogen omilning ahamiyatini hisobga olish haqida so‘z yuritar ekan faqat geologo-geomorfologik asosi inson tomonidan o‘zgartirilgan geokomplekslarnigina antropogen geokomleks deb atash mumkin. Landshaftning ayrim komponentlari inson tomonidan o‘zgartirilgan bo‘lsa-yu, ammo geologo-geomorfologik zamini o‘zgarmay qolgan bo‘lsa, bunday landshaft inson ta'siri to‘xtatilgan taqdirda o‘zining avvalgi tabiiy holatiga qaytadi, deb yozadi.
F. N. Milkov (1978) esa tabiiy landshaftni antropogen landshaftga aylantirish uchun uning xohlagan bir komponentini o‘zgartirish kifoyadir deb hisoblaydi. Keyinchalik bu muallif (1990) landshaftlarning turli genetik qatorlari va guruhlarini (masalan, tektogen, litogen, gidrogen kabi) ajratishni maqsadga muvofiq bo‘ladi deb hisoblagan. Ya'ni, landshaftlarning tabiiy sharoitidagi o‘ziga xoslikka bog‘liq holda, ularning hosil bo‘lishi va rivojlanishida goh u, goh bu omil yetakchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Bu fikrlarning asosida komponentlarning landshaft tashkil qiluvchi omil sifatidagi ahamiyati tengdir, degan taassurot yotadi. Bir vaqtlar V. V. Dokuchayev (1948), L. S. Berg (1947) lar ham komponentlarni teng ahamiyatli deb hisoblaganlar.
A. M. Ryabchikov (1972), Y. V. Milanova (1973), L. I. Kurakova (1976), N. A. Gvozdetskiy (1978) kabilar ham landshaftlarni tubdan o‘zgartirish uchun ularning barcha komponentlarini o‘zgartirib o‘tirish shart emas, ulardan faqat birinigina o‘zgartirish kifoyaki, tizimdagi o‘zaro ta'sirlar muvozanati buzilib, yangi landshaft hosil bo‘ladi, degan xulosaga keladilar.
Ushbu masalada A. A. Krauklis (1979) bildirgan fikrlar ham e'tiborga loyiqdir. Uning yozishicha, geotizimlarning mavjudligida va rivojlanishida uning tarkibiy qismlarining barchasini ahamiyati kattadir. Qaysi komponent yetakchi va qaysi komponent yetakchi emasligini aniqlashdan ko‘ra geotizimlarning o‘z holatini saqlashda qaysi komponent qay tarzda ishtirok etishini aniqlash ahamiyatliroqdir. A. A. Krauklisning o‘zi esa komponentlarni geotizimda bajaradigan o‘ziga xos vazifasiga qarab uch guruhga bo‘ladi:
1) sust komponentlar (tog‘ jinslari va relyef). Ular geotizimlarning o‘zagi hisoblanadi;
2) harakatchan komponentlar (asosan havo va suvlar) geotizimlarining ichki qismlarini bir-biri bilan va tashqi muhit, jumladan qo‘shni geotizimlar bilan bog‘lovchi komponentlar hisoblanadi;
3) faol komponentlar (asosan biota) geotizimlarning o‘zini o‘zi boshqarib turishi, tiklanib, maromlanib turishida eng muhim omil hisoblanadigan komponentlardir.
Landshaftning tashkil topishi va rivojlanishida u yoki bu komponent yetakchi o‘rinni egallaydi, degan fikrga A. G. Isachenko (1991) ham tanqidiy ko‘z bilan qaraydi. Ayniqsa, faol bo‘lmagan yoki konservativ hisoblangan litogen komponentni yetakchi deb hisoblashni mantiqan noto‘g‘ri, deb hisoblaydi. Uning fikricha, landshaftning komponentlari hammasi teng qiymatli va bir-biriga nisbatan baravar belgilovchi ahamiyatga egadir. Komponentlar orasida shunchalik yaqin va o‘zaro aloqadorlik mavjudki, ularning har biri ichki o‘zaro aloqadorliklar hamda landshaftga bo‘lgan tashqi omillar ta'sirining hosilasidir. Shuning uchun A. G. Isachenko na iqlim, na landshaftning zamini yetakchi omil bo‘la oladi, ular tashqi omillar bilan geotizim komponentlarining murakkab o‘zaro ta'sirining hosilasidir, deb yozadi. Shu bilan birga A. G. Isachenko landshaftshunoslikda “omil” tushunchasi keng va ko‘pincha noto‘g‘ri ishlatilayotganligini aytadi. Uning fikricha, komponent va omil ikkalasi ikki xil narsadir. Lekin geografik adabiyotda komponentlarning o‘zini omil deb qarash, yoki komponentning ayrim xususiyatlarini omil deb qarash hollari ko‘p uchraydi. Masalan, N. A. Solnsev komponentlarning ayrim xususiyatlari yoki xususiyatlarining yig‘indisini omil deb aytadi. G. T. Miller va V. Petlin (1985) tabiiy-hududiy komplekslarning komponentlari deb faqat moddiy tizimlarni tushunadilar. Ularning funksional ishi esa omil sanaladi. Ya'ni, suv komponent bo‘lsa, suv tartibi - omildir.
Omil so‘zi lotincha faktor - yaratuvchi, ishlab chiqaruvchi ma'nosini anglatadi. Omil deb, qandaydir bir jarayonning uning xususiyatini belgilab beruvchi harakatlantiruvchi kuchiga, sababiga aytiladi.
V. S. Preobrajenskiy va boshqalar (1982) omillarning uch xilini: 1) ularning jadalligiga qarab yetakchi va yetakchi bo‘lmagan, 2) yo‘nalishiga qarab tashqi va ichki, 3) kelib chiqishiga qarab tabiiy va antropogen kabi xillarini ajratadilar. Bu holda biz landshaftda ro‘y beradigan barcha o‘zaro ta'sirlarni ham omil deb hisoblashimizga to‘g‘ri keladi.
Landshaftlarning hosil bo‘lishi, mavjudligi va rivojlanishi, eng avvalo uning komponentlari (tog‘ jinslari, havosi, suvlari, o‘simligi va hayvonotlari)ning o‘zaro ta'siri va aloqadorligining natijasidir. Landshaftlarning turli komponentlari turlicha xarakterga egadir. Ularning har biri o‘ziga xos qonuniyatlar asosida rivojlanadi, ularning har biri o‘ziga xos o‘zgarish kuchi va jadalligiga ega. Landshaftlarning hududiy tabaqalanishi xususiyatlari esa turli xil omillar bilan belgilangan. Hududiy tabaqalanishga sabab bo‘ladigan geografik jarayonlar uchta asosiy omil ta'sirida ro‘y beradi. Bular: Quyosh energiyasi, Yerning qa'ridan ta'sir etadigan kuchlar va gravitatsiya energiyasidir. Bu omillarning har birining o‘z vazifasi bor va har biri har xil ahamiyatga egadir. Ularning ichida ko‘p tomonlama va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan omil-quyosh energiyasidir. Bu omil Yerning shakliga bog‘liq holda landshaftlarning zonal xususiyatlarini belgilaydi. Quyosh energiyasi landshaftda ro‘y beradigan barcha aylanma harakatlarda va oqimlarda ishtirok etadi. Unsurlarning radioaktiv parchalanishi oqibatida hosil bo‘ladigan Yerning ichki energiyasi asosan tektonik jarayonlarda aks etadi. Tektonik jarayonlar o‘z navbatida gravitatsiya energiyasini o‘zgartirib, landshaftlarning o‘z vazifasini bajarishiga ham ta'sir etadi. Gravitatsiya energiyasi esa deyarli doimo moddaning bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish jarayoniga ta'sir etib turadi. Xullas, har bir energetik omil o‘ziga yarasha vazifani bajaradi.
Landshaftlarning tashkil topishida suv ham katta ahamiyatga egadir. Namlikning almashinish jarayoni - atmosferaga namlikni kirib kelishi, uning havo massalari bilan ko‘chib yurishi, yog‘in-sochin, oqim hosil bo‘lishi, bug‘lanish va suvning turli fasllarda turlicha agregat holatda bo‘lishi landshaftlarning yashashida ko‘p turli vazifalarni bajaradi.
Landshaftlarning hosil bo‘lishi va turli morfologik qismlarga bo‘linishida geologik-geomorfologik omillarning ham ahamiyati kattadir. Bular tog‘ jinslarining tarkibi, ularning yotish tartibi, yangi tektonik harakatlarning jadalligi, relyef kabilardir.
Landshaftning organik dunyosini asosan o‘simlik, hayvonot va mikroorganizmlar tashkil qiladi. Ularning yig‘indisi, ya'ni tirik modda landshaft tashkil qiluvchi eng faol omil hisoblanadi. Landshaftdagi moddaning biologik aylanishi jarayonida organik modda o‘zidan energiya ajratib, organik birikmalarning minerallanishi ro‘y beradi. Hozirgi hayot asosan moddaning biologik aylanishi shaklida bo‘lib, kimyoviy unsurlarning ko‘chib yurishining eng asosiy xususiyatlarini belgilaydi.
Landshaftlarning barcha komponentlari va ularning xususiyatlari uzluksiz rivojlanib, o‘zgarib turadi. Agar ulardan biri, masalan, iqlim o‘zgarib, yangi sifat hosil qiladigan bo‘lsa, qolgan komponentlar ham (o‘simlik, hayvonot, suvlar va h.k.) shunga moslashib olishi kerak bo‘ladi. Bularning hammasi, albatta turli jadallik bilan va ko‘pincha uzoq muddat davomida ro‘y berishi mumkin. Shu bilan birga eng avval o‘zgarishni boshidan kechirgan komponent qotib qolmasdan, rivojlanishda davom etaveradi. Ma'lum davr o‘tgandan keyin komponentlar orasida yana qarama-qarshiliklar yuzaga chiqib, birinchi o‘zgargan komponentga nisbatan qolganlari moslashishga harakat qiladi.