Ota-onalarga pedagogik bilim berish tizimi Oila jamiyat hayotini olg’a suruvchi, uning yanada yuksak bosqichlarga ko’tarib, ravnaq toptiruvchi, kelajak avlodlarni tarbiyalab yetishtiruvchi, kamol toptirish uchun mas`ul bo`lgan g’oyat muhim boshlang’ich guruhdir. Oila erkaklar va ayollarning to’la teng huquqligi, oila uchun bab-baravar javobgarligi asosida ko’riladi.
Yuqorida ta`kidlanganidek oiladagi daromadlarning oshishi, bir tomondan ota-onalarning bilim saviyalari va madaniy hayotlarining yaxshilanishiga sabab bo`lsa, ikkinchi tomondan, oila a`zolarining yuqori ma`naviy ehtiyojlarining ijobiy shakillanishiga, oilaviy munosabatlarning takomillashuviga, boyishiga kattalar va kichiklar orasidagi muloqot mazmuniga ijobiy ta`sir ko`rsatmiqda. Shu sababli yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash davr talabiga aylanib bormoqda.
Oila va oilaviy tarbiya muammolari ichida ota-onalarning tarbiyachilik madaniyatini oshirish va ularga umumiy tarbiyaga oid bilim berish davrimizning dolzarb masalalaridan biridir. Oilalarni pedagogik yutuqlari bilan tanishtirish, ularning mustahkamligini ta`minlash vositalaridan biridir. Ikkinchi tomondan esa, bu o`z navbatida, bolalarning tarbiyasida tegishli shakl va metodlarni takomillashtirish yo`llaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham ota-onalarni, oilalarni tarbiyaga oid bilimlar, tarbiya metodlari bilan qurollantirish nixoyatda zarur. Gap shundaki, jamiyatimizdagi har bir to`laqonli shaxs bolalarning tarbiyachisi bo`lishi, yangi insonni har tomonlama kamol toptiruvchi barcha holatlarda, shart-sharoitlarda ishtirok etish lozim.
Atoqli pedagoglar tarbiyani maqsadga muvofiq tashkil etish shart-sharoitlaridan biri ota-onalarning savodxonligida, deb hisoblagan edilar. Masalan, Abdulla Avloniy o`zining "Turkiy yohud Guliston axloq" nomli asarida shunday deydi: "Tarbiyani kimlar qilur? qaerda qilur? " degan savol keladur. Bu savolga birinchi uy tarbiyasi, bu ona vazifasidir. Ikkinchidan maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, muddaris va xukumat vazifasidur deb javob bersak, bu kishi deyurki "qaysi oilalarni aytursiz bilimsiz, boshi paxmoq, qo’li to’qmoq onalarmi? O`zlarida yo`q tarbiyani qanday olib berurlar", der. Otasiga nima dersiz, desak "qaysi ota? –To’ychi, uloqchi, bazmchi, dumbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni ko`zlari qiymagan, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval o`zlarini o`qitmak, tarbiya qilmoq lozimdir"
1899 yildayoq oilalar va ayollarni tarbiyachilik ishiga tayyorlash, ularni tarbiyaning mezoni va metodlari yuzasidan o`qitish zarurati ko`tarilgan edi. Hayotimizning ko`rsatishicha, tarbiyaga oid bilimlarni targ’ib qilish orqaligina oilaviy tarbiya bilan ijtimoiy tarbiya uyg’unligini ta`minlash mumkin. Bu ishlarni amalga oshirishda mahalliy shart-sharoit, o`lka materiallari va nixoyat, tarbiyaga oid oynoma, jaridalar va ularda bosilgan tarbiyaga oid mavzulardagi maqolalardan unumli foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Demak, oila hayotini tarbiyaviy jihatdan to`g’ri tashkil qilish uchun o`qituvchilar, keng jamoatchilik pedagogika fani orqali aholiga yordam berish, ota-onalarga tarbiyaviy bilim berish tizimini ishlab chiqishlari lozim.
Pedagogik-olimlar tadqiqotlarida isbotlanganidek, oilaviy tarbiyaga doir ishlar quyidagi sharoitlarda bajarilsa, uning samaradorligi yanada oshadi.
1. Maktab o`zining barcha ta`sirlari majmuini oilaviy tarbiya jarayoniga izchil yo`naltira olsa.
2. O`quvchilar jamoasi oila bilan o`zaro hamkorligi davrida o`zlarining etik-pedagogik tarbiyaviy talablarini to`g’ri tashkil eta olsalar.
3.Xalq ta`limi bo`limi va muassasalar tashkilotchi ota-onalarni tarbiyaviy jarayoniga olsalar.
4.O`quvchilar tomonidan oilaviy tarbiyaga rahbarlik bolalar maktabga kelmasdan oldin boshlansa va bu ish ularning barcha o`quv yillarida davom ettirilsa.
Hozirgi kunda Respublikamizning shahar va qishloqlarida tarbiyaga oid bilimlarni targ’ib qilishda quyidagi shakllardan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Aholi uchun ochilgan tarbiya madaniyatini targib qiluvchi xalq universitetlaridan; xalq ta`limi tomonidan yasli, bog’cha va maktablarda bo`lgan ota-onalar universitetlaridan;
Jamoatchilik asosida ishlovchi oliy o`quv yurtlari qoshida ochilgan ota-onalar lektoriysi; seminarlar; kurslardan; tarbiyaviy huquqiy bilimlar maktablaridan; maktab yoshidagi bolalarni ota-onalari uchun tarbiyaviy va jiddiy maslahatnomalaridan; pedagogika va bolalar taraqiyotiga doir masalalarni o`rganuvchi to`garaklar va boshqalardan.
Bu va shunga o`xshash ilmiy-ta`limiy ishlarni jamiyatlar, ruhshunoslar, pedagoglar jamiyatlari, maktab ota-onalar kumitasi, oilaga yordam beruvchi kengashlar, taxririyatlari va ko`rsatuvlari olib boradi.
Agar ota-onalarga umumiy ta`lim-tarbiya berishda olimlarning tavsiyalari, oilaviy tarbiyaga doir xalq pedagogikasi tajribalari, shahar, tuman, qishloq mehnat jamoalari, shuningdek, mehnat va urush faxriylarining maslahatlari, uchrashuvlaridagi tavsiyalariga tayanilsa, so`zsiz shu ishning samaradorligi oshadi.
Tarbiyaviy madaniyatning samaradorligini oshirishda maktablarda o`tkaziladigan ota-onalar majlisi muhim ahamiyat kasb etadi. Maktab va muning o`qituvchilari ota-onalar majlisiga puxta tayyorgarlik qilishlari lozim. Majlisdan oldin maktabni, sinflarni tartibga solish kerak. O`quvchilarning chorak, yarim yillik va hokazo ish natijalariga bag’ishlab ko’rgazma osilsa yaxshi bo`ladi. Agar o`qituvchilar ota-onalar majlisiga bag’ishlab bolalarning bir nechta nomerlik badiiy o`yin va tomoshalarini tayyorlasalar yomon bo`lmaydi. Maqsadga muvofiq, mazmunli tashkil etilgan sinf majlislarida tarbiyaga oid munozaralar bo`ladi, o`zaro yoki jamoa ta`sir ko`rsatishning yo`l va uslublari mehnatsevarlik, vijdonli bo`lish, mustaqillik, yaxshilikka mehr-muhabbat, do`stlik va hokazolar haqida fikr yuritiladi. Ota-onalar majlisiga ma`lum davrdagi ishlarni yakunlovchi va o`quv-tarbiya ishlariga doir umumiy masalalar kiritilishi lozim.
Ota-onalarning majlisda to`la ravishda hozir bo`lishlarini ta`minlovchi eng asosiy shart-bu majlislarning qiziqarli, mazmunli qilib ustalik bilan o`tkazilishidir.
Ota-onalar majlisida ota-onalarni va o`qituvchilarni qiziqtira oladigan aniq va ravshan masalalar qo`yilishi g’oyat darajada muhimdir. Masalan, maktabga yuborishda bolani qanday kiyintirish, qanday narsalar bilan ta`minlash kerak?
- O`quvchining kundalik ish tartibini qanday tashkil etish kerak?
- Uyda bolaning sog’ligini qanday saqlash kerak?
-O`quvchining kundalik daftarini qanday nazorat qilish lozim?
- Bolani qanday yo`l bilan gapga kiradigan qilish mumkin?
- Bolani bo`sh vaqtini nima bilan va qanday band eta bilsa bo`ladi?
- Mehnat qahramonlari haqida bolalarga qanday hikoya qilish mumkin? eng muhimi ota-onalar va o`qituvchi, tarbiyalarining olib boradigan tarbiyaviy ishlari umumiy bir maqsadga yo`naltirilishi lozim.
Ayniqsa, o`sib kelayotgan yosh avlodni axloqan pok, ma`naviy yetuk, mehnatsevar bo`lishi uchun barcha tadbirlardan unumli foydalanish lozim.