Kimyoviy element bir xil xossalar bilan xarakterlanadigan atomlar turidir. Dalton ta’limotida kamchiliklar borligi o’sha vaqtdayoq ma’lum bo’ldi. Birinchidan, oddiy moddalarning molekulalari real mavjud bo’lishini inkor etdi. Ikkinchidan, murakkab moddalarning tuzilishini talqin qilishda bir elementning bir atomi ikkinchi elementning faqat bir atomi bilan birikadi, deb faraz qildi. U holda suv NO, ammiak NH, etilen SN kabi formulalar bilan ifodalangan bo’lar edi. Shuning uchun ba’zi elementlarning atom massalari ikki xil qiymatli bo’lib chiqdi. Demak, atom bo’linishi mumkin deb faraz qilishga to’g’ri keladi, bu esa atom bo’linmaydi degan fikrga ziddir.
Ko’rinib turibdiki, atom-molekulyar ta’limotning mohiyati chuqur ilmiy asoslanganligi sababli atomistik ta’limotda yechilmagan masalalarni ham yoritib berilganligini ko’rsatadi.
Stexiometrik qonunlar. Stexiometriya kimyoning reaksiyaga kirishayotgan moddalar orasidagi massa va hajmiy nisbatlar ko’rib chiqiladigan bo’limidir. «Stexiometriya» so’zi grekchadan tarjima qilinganda «tarkibiy qism» va «o’lchayman» degan ma’nolarni anglatadi.
Stexiometriyaning asosini stexiometrik qonunlar: moddalar massasining saqlanish qonuni, ekvivalentlar qonuni, karrali nisbatlar qonuni, hajmiy nisbatlar qonuni va Avagadro qonuni tashkil etadi. Moddalar massasining saqlanish qonuni. M.V.Lomonosov reaksiya uchun olingan modda va reaksiya natijasida hosil bo’lgan mahsulotlarning og’irligini o’lchash yo’li bilan kimyoviy reaksiyalarning borishini o’rgandi. Natijada u birinchi marta 1748 yilda moddalar massasining saqlanish qonunini ta’rifladi, 1756 yilda metallarni og’zi kavsharlab berkitilgan idish (retotta)da qizdirish yo’li bilan bu qonunni to’g’riligini tajribada isbotladi:
Reaksiyaga kirishayotgan moddalarning massasi, reaksiya natijasida hosil bo’ladigan moddalarning massasiga teng bo’ladi. 1789 yilda Lomonosov ishidan bexabar holatda, fransuz kimyogari A.L.Lavuaze ham moddalar massalari saqlanish qonunini e’lon qildi: