Emotsional-ekspressiv bo‘yoqdorlik, uslubiy ma’no. O‘zbek tili leksikasida so‘zlar emotsional-ekspressiv jihatdan ikki qatlamga ajratiladi:
Emotsional-ekspressiv jihatdan betaraf so‘zlar. Bunday so‘zlarning semantik tarkibida faqat denotativ ma’no (atash, nomlash semalari) mavjud bo‘ladi: yuz, oriq, ozg‘in, jilmaymoq kabi.
Emotsional-ekspressiv jihatdan bo‘yoqdor so‘zlar. Bunday so‘zlarning semantik tarkibida denotativ ma’no (atash, nomlash semalari) bilan birga uslubiy bo‘yoqlar (ifoda semalari, konnotativ semalar) ham mavjud bo‘ladi: turq (denotativ ma’no + uslubiy bo‘yoq), dirdov (denotativ ma’no+uslubiy bo‘yoq), qiltiriq, ipiltiriq (denotativ ma’no + uslubiy bo‘yoq), irshaymoq (denotativ ma’no + uslubiy bo‘yoq) kabi.
I z o h : yaxshi va yomon, g‘azab va nafrat kabi so‘zlarda uslubiy bo‘yoq bordek tuyuladi, aslida esa ularda uslubiy bo‘yoq yo‘q, bu so‘zlar belgi yoki voqelikni atash (nomlash) bilan cheklanadi, shunga ko‘ra emotsional- ekspressiv jihatdan bo‘yoqdor so‘zlar sanalmaydi.
Uslubiy bo‘yog‘i bor bo‘lgan so‘zlardan nutqda his-tuyg‘ularni, so‘zlovchining voqelikka nisbatan salbiy yoki ijobiy munosabatini ifodalash maqsadida foydalaniladi. Masalan: Mamlakat bizlarga ishonsin! Biz shalvirab ishni xurjun qilaylikl... (Uyg‘.). Tursang-chi, muncha shalpayasanl (H.SH.). Bu misollarda bo‘shashmoq leksemasi o‘rnida shalviramoq va shalpaymoq so‘zlari qo‘llangan va shu so‘zlarning mazmun planidagi uslubiy bo‘yoqlar («kinoya», «mazax», «kesatiq» semalari) hisobiga nutqda ekspressivlik ta’minlangan.
Nutqda ekspressivlikning ifodalanishi quyidagi usullarga tayanadi:
Leksik usul.Bunda uslubiy bo‘yog‘i bor bo‘lgan so‘z nutqqa kiritiladi (yuqoridagi misollar).
Kontekstual usul. Bunda uslubiy bo‘yog‘i yo‘q bo‘lgan so‘z ma’lum kontekst yoki nutqiy muhit ta’sirida uslubiy bo‘yoqdor so‘zga aylantiriladi. (bu haqda «Ifoda semalari» bahsiga qarang).