3-mavzu. Abu Nasr Forobiy, Abu Mansur al-Moturidiy va Qaffol ash-Shoshiylarning hayoti, faoliyati va ilmiy merosi


Abu Mansur al-Moturidiy – buyuk kalom imomi va fiqh allomasi



Yüklə 34,71 Kb.
səhifə2/3
tarix20.06.2023
ölçüsü34,71 Kb.
#133213
1   2   3
3-mavzu. Abu Nasr Forobiy, Abu Mansur al-Moturidiy va Qaffol ash-Shoshiylarning hayoti, faoliyati va ilmiy merosi

2. Abu Mansur al-Moturidiy – buyuk kalom imomi va fiqh allomasi.
Ma’lumki, yurtimizdan azal-azaldan ko‘plab buyuk allomalar yetishib chiqqanlar. Ayniqsa, o‘rta asrlarda (IX—XII) o‘z kashfiyotlari va ta’limotlari bilan jumlai jahonni lol qoldirgan yuzlab ulug‘ allomalar samarali faoliyat ko‘rsatganlar. Mana shunday mashhur siymolar silsilasida kalom ilmining asoschilaridan biri imom Abu Mansur al-Moturidiy hazratlari alohida o‘rin egallaydi. Allomaning to‘liq ismi Muhammad ibn Mahmud Abu Mansur al-Moturidiy as-Samarqandiy bo‘lib, Samarqandning Moturid (ba’zi manbalarda Moturit) deb ataladigan mahallasida tug‘ilgan. Uning tug‘ilgan yili haqida ham manbalarda juda kam ma’lumotlar keltirilgan bo‘lib, aksar hollarda 236/870 yil qayd qilingan. Alloma 333/944 yilda vafot etib, Samarqandning mashhur Chokardiza qabristonida dafn etilgani aniq ko‘rsatilgan. U dastlabki ma’lumotni otasi Muhammad ibn Mahmuddan, so‘ngra o‘sha davrda boshlang‘ich maktab hajmida bilim beruvchi Kuttobda oladi. Undan keyin Samarqanddagi Raboti g‘oziyon masjidi qoshidagi madrasada ta’lim olganligi haqida ma’lumotlar bor.
Imom al-Moturidiyning ilohiyot ilmlarida o‘z davrining yetuk allomasi bo‘lib yetishishida ustozlarining hissasi katta bo‘lgan. Uning ustozlari jumlasidan o‘z davrining taniqli olimlaridan Abu Nasr Amad ibn al-Abbos ibn al Husayn al-Iyodiy, Abu Bakr Ahmad al-Juzjoniy, Nusayr ibn Yahya al-Balxiy, Muhammad ibn Muqotil ar-Roziylarni (u Ray shahrining qozisi bo‘lgan) ko‘rsatish mumkin.
Abu Mansur al-Moturidiyning kalom va fiqh ilmlari sohasidagi qarashlari uning ikki - «Kitob at-Tavhiyd» va «Kitob ta’vilot ahl as-sunna» nomli asarlarida bayon etilgan. Bu boradagi muhim ma’lumotlar allomaning vafotidan keyin moturidiya ta’limotiga bag‘ishlanib yaratilgan qator asarlarda ham o‘z aksini topgan.
Imom al-Moturidiyning qalamiga mansub asarlarning soni o‘n beshtaga yetib qoladi. Ulardan fiqh ilmi va uning usuliga bag‘ishlanganlari quyidagilardir: «Kitob al-jadal» («Dialektika haqida kitob»), «Kitob moaxaz ash-shari’a» («Shariat asoslari manbai»). Shu bilan birgalikda, kalom ilmining turli masalalari va to‘g‘ri yo‘ldan adashgan har xil oqimlarga raddiyalar bildirishga bag‘ishlangan asarlar imom al-Moturidiy ijodining asosini tashkil qiladi. Ulardan «Kitob at-tavhiyd», «Kitob al-maqolot», «Kitob radd a’lo-l-karomita», «Kitob bayon vahm al-mu’tazila», «Kitob radd usul al-xamsa li-Abi Muhammad al-Bohiliy», «Kitob radd avoil al-adillat li-l-Ka’biy», «Kitob va’id al-fussoq li-l-Ka’biy», «Kitob radd tahziyb al-jadal li-l-Ka’biy», «Kitob radd al-imomat li-ba’z ra-vofiz» kabilarni ko‘rsatish mumkin. Ushbu asarlardan «Kitob at-tavhiyd» kalom ilmiga oid eng dastlabki asar hisoblanib, unda mu’tazila va boshqa oqimlarning noto‘g‘ri nuqtai nazarlari tanqid ostiga olingan.
Imom al-Moturidiyning boshqa bir yirik asari «Ta’vilot ahli as-sunna» yoki «Ta’vilot al-Qur’on» deb ataladi. Mazkur asarning ilmiy va amaliy ahamiyati juda katta bo‘lib, u ahli sunna ulamolari tomonidan Qur’oni karimni sharhlash (ta’vil) bo‘yicha qilingan dastlabki jiddiy urinish bo‘lib, bu sharh aql va naql nuqtai nazaridan amalga oshirilganligi bilan ajralib turadi. Boshqacha aytganda, Qur’oni karim imom al-Moturidiyning kalom ilmiga oid ta’limotlari nuqtai nazaridan turib tafsir qilingan.
Yuqorida bayon etilganlardan xulosa qilib aytish mumkinki, imom al-Moturidiyning bizgacha etib kelgan ikki yirik asari — «Kitob at-tavhid» va «Ta’vilot ahli as-sunna» buyuk alloma merosida alohida ahamiyatga egadir. Mazkur asarlarda islom dinining falsafasini tashkil etuvchi kalom ilmining turli masalalarida ibratli fikrlar ilgari surilgan, haqiqatdan adashgan firqalar ilmiy nuqtai nazardan tanqid qilingan.
VIII asrdan e’tiboran islom dinida paydo bo‘la boshlagan turli toifa va guruhlarning soni imom al-Moturidiy yashagan IX asrning oxiri va X asrniig birinchi yarmiga kelib yanada ko‘paydi, bu hol iymon-e’tiqod masalalarida katta ixtiloflar va parokandalikning g‘oyatda kuchayishiga olib keldi. Mana shunday guruhlardan biri mu’taziliylar bo‘lib, ular aqidaviy masalalarni sharhlashda ham, o‘z g‘oyaviy raqiblariga qarshi kurashda ham tor, bir tomonlama fikrlarga, faqat aqlga tayanib ish tutdilar. Mu’taziliylar o‘zlarining bu maslaklariga haddan ortiq yopishib olib, hatto jamiyatda yuzaga kelgan masalalar bo‘yicha muqaddas manbalarda ochiq-oydin keltirilgan ko‘rsatmalarni ham o‘z fikr-mulohazalariga moslashtirib talqin qila boshladilar. Mu’taziliylarning namoyandalaridan ba’zilari shu darajaga borib yetdiki, ayrim sahobalar va tobi’iylar tomonidan aytilgan hadislar, bordi-yu ularning usullariga to‘g‘ri kelmasa, bunday hadislarni noto‘g‘ri, deyishdan ham tap tortmadilar. Ayrim olimlarning qayd qilishlaricha, mu’taziliylarning fikriga ko‘ra, haq va botilni ajratadigan yakkayu yagona mezon aqlga tayanish bo‘lib qolgan. Iymon-z’tiqodning ayrim masalalarida ham mu’taziliylar noto‘g‘ri yo‘l tutdilar. Bu fikrimizniig isboti uchun atigi bir masalani, aytaylik, gunohi azimni sodir qilgan musulmonga munosabat masalasini olib ko‘raylik. Ma’lumki, islomiy bir toifa vakillari bo‘lmish xavorijlar, gunohi kabirani sodir qilgan musulmon kishini musulmonchilikdan chiqib, kofir bo‘ladi, degan bo‘lsalar, boshqa bir toifa — murji’alar esa bunday kishi, agar qalbida Alloh bo‘lsa, musulmon bo‘lib qolaveradi-yu ammo qilgan qilmishiga yarasha jazosini oladi, degan g‘oyani ilgari surganlar. Ayni shu masalada mu’taziliylar xavorijlar va murji’alar qarashlaridan farqli o‘laroq, o‘rtaliq (tavassut) nuqtai nazarini qo‘llab-quvvatladilar. Buning ma’nosi shuki, gunohi azimni sodir qilgan kishi musulmon ham emas, kofir ham bo‘lmay, balki ikkovining o‘rtasi — arosatda (arabcha manzila bayna-l-manzilatayn) qolib, garchand gunohkor qalbida iymonni tasdiq qilib, tilida iqror bo‘lsa va solih ishlarni ko‘p qilgan bo‘lsa-da, jahannam olovida azob chekishi hukmini chiqarganlar.
Mu’taziliylarning garchand niyatlari pok, maqsadlari xolis bo‘lgani bilan ular aql bilan naql o‘rtasida yoki boshqacha aytganda, din bilan falsafa o‘rtasidagi mo’tadil uyg‘unlikka erisha olmaganlar. Aksincha, ular aksar masalalarda faqat aqlga tayanib ish tutib, yunon falsafasiga yopishib oldilar. Hatto Qur’oni Karim oyatlarini idrok etishda boshqalarning (g‘ayridinlarning) qarashlariga ergashib, ayrim hollarda nafaqat Qur’on oyatlariga va payg‘ambar (s.a.v.) hadislariga, balki oddiy sog‘lom fikrga xilof bo‘lgan g‘oyalarni ilgari surdilar, muqaddas manbalardan falsafaga oid asarlarni afzal ko‘rib, oxir-oqibatda, bu asarlarni o‘z aqidalarining ishonchli manbai sifatida qabul qildilar. Kalom ilmiga oid boshqa qator masalalarda ham mu’taziliylar shu tarzda bir tomonlama yo‘l tutdilar.
Mu’taziliylardan avval o‘tgan (salaf) ulamolar — faqihlar va muhaddislarga kelsak, ular ham aqidaviy masalalarning nozik jihatlari xususida chuqur bahsu munozaralar yuritishni rad qilgandilar. Ularning fikricha, go‘yo iymon-e’tiqod masalalarida bahslashib, munozara yuritish dinni tafriqa va ajratishga olib kelarmish.
Islom dini sunniy yo‘nalishidagi uchta mazhabning asoschilari bo‘lmish imom Molik ibn Anas, imom ash-Shofi’iy va imom Ahmad ibn Hanballar, manbalarda yozilishicha, kalom ilmini umuman tan olmay, bu ilm bilan shug‘ullangan olimlar-mutakallimlarni, imkon qadricha badnom qilgan ekanlar. Hatto imom Molik: «Bizning yurtimizdagi musulmonlar dinda kalom ilmini rad qilganlar», «ahl al-kalom ahl al-bid’at», deya gapning po‘stkallasini aytib qo‘ya qolgan. Imom ash-Shofi’iy esa: «Odamlar agar kalom ilmida qanchalik ko‘p havoyi gaplar borligini bilganlarida edi, undan go‘yo dahshatli sherdan qo‘rqib qochgandek tiraqaylab qochardilar», deb bu ilmga o‘z munosabatini bildirgan. Bizning diyorimizda keng tarqalgan xanafiy mazhabining asoschisi imom A’zam Abu Hanifa hazratlarining kalom ilmiga munosabati haqida gap ketganda, manbalarda bir-biriga zid ikki xil fikr keltiriladi. Ulardan biriga ko‘ra, imom Abu Hanifa kalom ilmi bilan bir qadar shug‘ullangan va bu sohaga oid masalalarni sharhlab, ba’zi risolalar ham tasnif etgan. Shuningdek, yozma manbalarda keltirilishicha, u Basraga kelgan paytida bu shaharda kurtak otgan e’tiqodda hidoyat yo‘lidan adashgan turli firqa va guruhlarga qarshi keskin kurash ham olib borgan. Mana shu dalillar Abu Hanifa hazratlarini sunniy kalom ilmining dastlabki namoyandalaridan biri, deyishimizga yetarli asos bo‘ladi. Ammo ikkinchi fikrga ko‘ra, imom Abu Hanifa janoblari kalom ilmidan batamom uzoq bir olim sifatida gavdalanadi. Aslini olganda ham, Abu Hanifa hazratlari fiqh (islom qonunshunosligi) ilmining benazir allomasi sifatida jumlai jahonga dong‘i ketgan. Balki shuning ta’siridanmi, u kalom ilmi bilan astoydil shug‘ullanmagan. Bu haqda u: «Qancha bilimga va salohiyatga ega bo‘lganlariga qaramay, sahobayu kiromlar va tobi’iylar kalom ilmi bilan jiddiy ravishda shug‘ullanmaganlar va boshqalarni ham bu yo‘ldan qaytarganlar. Ular bu ilmdan faqat shariat ahkomlari va fiqhiy masalalarni bilishda va odamlarga ta’lim berishdagina foydalanganlar, xolos», degan.
Taniqli tarixchi Toshko‘prizoda o‘zining «Miftof as-saodat» («Saodat kaliti») nomli asarida yozishicha, Abu Hanifa hazratlari hatto o‘g‘li Hammodga ilm al-kalom bilan shug‘ullanishni man qilgan ekanlar. Mana shunday murakkab sharoitda kalom ilmining yirik namoyandasi sifatida imom al-Moturidiy yetishib chiqib, vujudga kelgan qaltis vaziyatni tuzatish masalalari bilan shug‘ullandi. Musulmonlar o‘rtasida turli-tuman nifoqu ixtiloflar sodir bo‘lib, ular o‘zaro kelishmagan har xil guruhlarga bo‘linib, birliklariga putur etgan, tang bir diniy-ma’naviy vaziyat vujudga kelgan edi. Ana shunday og‘ir paytda imom al-Moturidiy hazratlari e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan aqliy va naqliy dalillarga tayanib, islom ahli aqidasini sog‘lom fikrga, rushdi hidoyatga va dini islomning asl mazmun-mohiyatiga mos keladigan musaqil yo‘lga boshladi. O‘zining ulug‘vor, hayotbaxsh ta’limotlari bilan millionlab musulmon ahli aqidasini bir-biriga zid bo‘lgan buzg‘unchi, fosiq g‘oyalardan saqlab qoldi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, buyuk vatandoshimiz aqidaviy masalalardagi benazir xizmatlari uchun, ehtimol, jahonning bironta ham allomasiga nasib etmagan «Musulmonlar aqidasining tuzatuvchisi» («Musahhih aqoid al-muslimiyn»), «Xurofot va bid’atga asoslangan uydirmalarni ildizi bilan qo‘poruvchi» («Qoli’ azoliyn al-fitna va-l-bid’at») degan o‘ta sharafli laqablarga sazovor bo‘lgan allomadir. Aslida, imom al-Moturidiy tayangan asosiy manba bu Qur’oni karimning chuqur ma’noli yorqin oyatlaridir.
Avval qayd etganimizdek, Imom Abu Mansur al-Moturidiy yashagan davrda islomiy ilmlar va g‘oyalar gurkirab taraqqiy qilgan bo‘lib, bu ilm tarkibiy qismlaridan birini tashkil qiladigan kalom ilmi ham o‘z taraqqiyot bosqichining ayni gullagan davriga kirgan edi. Ayni vaqtda barcha ilmlar qatori islomiy ilmlarda ham hurfikrlilik keng yoyilib, o‘z nuqtai nazari va qarashlarini dalil va isbotlarga tayanib emin-erkin ifoda qilish tendensiyasi kuchayadi. Bu hol, o‘z navbatida, jahmiylar, qaromitlar, rofiziylar, murjiiylar, karromiylar va boshqa hidoyat yo‘lidan adashgan oqim va guruhlarning paydo bo‘lishiga ham olib kelgandi. Ayniqsa, bundan ancha oldin paydo bo‘lib, ko‘pchilik o‘lkalar kabi Movarounnahrni ham qamrab olgan mu’tazila oqimining xato qarashlari jamiyat a’zolari o‘rtasida xilma-xil ziddiyatlar va ixtiloflarga sabab bo‘lardi.

Yüklə 34,71 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin