2. Markaziy Osiyoga islomning kirib kelishi va ijtimoiy-ma’naviy tarbiyadagi o‘zgarishlar. Islom dini Movaraunnaxrga VII asrning ikkinchi yarmida, aniqroq qilib aytganda, arab istilochilarining birinchi yurishi 651 yilda Ubaydulloh Ibn Ziyod boshchiligida amalga oshiriladi. 676 yilda esa Said Ibn Usmon rahbarligida Buxoro, Sug`diyona, Kesh, Nasaf shaharlariga hujum qilinadi. Ikkinchi yurish 705 yilda Qutayba Ibn Muslim tomonidan boshlandi va arablar istilolari natijasida kirib keladi. Islom lashkarlariga asosan sahobalar va tobe`inlar sarkardalik qilar edilar. Ular qaysi shaharni zabt etsalar, o`sha joyda darhol masjidlar qurar, aholisiga diniy ta`lim berish uchun sahobalardan maxsus vakillar qoldirib ketardilar. Shu tariqa Buxoro, Samarqand, Shosh, Termiz kabi ko`plab shaharlarda Qur`oni Karim va Payg`ambar Hadisi Shariflari o`qitilib, targ`ib qilinadi. Markaziy Osiyo aholisini islomga kiritish 715 yillargacha davom etadi. Islomlashtirish jarayoni juda qiyin va murakkab davr hisoblanadi. Mintaqada yangi siyosiy kuchning paydo bo‘lishi oqibatida O‘rta Osiyo ikki qismga bo‘lindi: 1) Movarounnahr («Ikki daryo oralig‘i») va 2) Arodi at-turk («Turklar yerlari», ya’ni arablarga bo‘ysunmagan hukmdorlar yerlari). Mazkur ikki hududda islomlashuv jarayonlari turli xilda kecha boshladi.
Movarounnahrning islomlashuviga quyidagi ikki omil bevosita o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Abu Muslim (747-755) qo‘zg‘oloni davrigacha O‘rta Osiyoda islomdan oldingi davr hukmdorlari (ixshid, buxorxudot va boshqalar) o‘z mavqelarini saqlab turdilar. Jumladan, ular mahalliy aholini boshqarish va ulardan arablar uchun soliq yig‘ish vazifalarini bajardilar. Ummaviy hukmdorlari mamlakat ichki ishlariga bevosita aralashmasdan, mahalliy sulolalardan o‘lpon olish bilan cheklanardilar. Ba’zida bu o‘lpon mahalliy aholidan yig‘ilgan jiz’ya (boshqa din vakillaridan yig‘iladigan soliq) sifatida qabul qilinar edi. Bu esa keyinchalik islom dinini qabul qilgan aholidan oddiy soliq yoki jiz’ya yig‘ish masalasida chigallikning kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Ikkinchi omil Umaviylar davrida (661-750) arablarning mahalliy aholi tarafidan islom dinining qabul qilinishiga monelik qilishlari bilan bog‘liqdir. Chunki arablar ilk davrda talay imtiyozlarga ega edilar. Bu davr qoidalariga ko‘ra, islom dinini qabul qilgan kishi «arab»ga aylanar, ya’ni jamiyatda arablar kabi imtiyozlarga ega bo‘lardilar.
Bu holda mahalliy musulmonlardan jiz’ya olmaslik, arab va arab bo‘lmagan musulmonlarning teng huquqliligi uchun kurash olib borgan islom dini ichidagi murji’iylar diniy-siyosiy harakati g‘oyalari Movarounnahrda keng tarqalish imkoniga ega bo‘ldi. Chunki o‘lkada arab bo‘lmagan musulmonlarning haq-huquqlari arablar tomonidan poymol etilardi. Murji’iylarning faol harakatlari VIII asrning 20-40 yillariga to‘g‘ri keladi. Murji’iy al-Horis ibn Surayj qo‘zg‘oloni (734-746) Movarounnahr aholisi tarafidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. VII asrda shakllana boshlagan murji’iylarning aynan imon va amalning ayri-ayri ekanligi haqidagi qarashlari bu hududda yerli aholining hech bir qiyinchiliksiz islomni qabul qilishlariga, shuning barobarida, yangi shakllanayotgan islom jamiyatida teng huquqlilikka erishishlariga qulay sharoit yaratib berdi; keyinchalik esa – ular garchi arab tilini, qiyin diniy amallarni, o‘zlariga butkul yot muhitni to‘la anglab yetmasalar-da, ijtimoiy mavqelari va milliy-madaniy qadriyatlarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldilar. Abu Muslim (749 yil) harakati g‘alabasi oqibatida arab bo‘lmagan musulmonlarning arablar bilan teng huquqlilikka erishishi natijasida murji’iylik g‘oyalari siyosiy-ijtimoiy sohadan ilohiyot fani jabhasiga ko‘cha boshladi.