3-mavzu: moliya tizimi va uning bo‘G‘inlari



Yüklə 94,5 Kb.
səhifə1/2
tarix05.12.2023
ölçüsü94,5 Kb.
#173441
  1   2
3-mavzu moliya tizimi va uning bo‘G‘inlari


3-MAVZU: MOLIYA TIZIMI VA UNING BO‘G‘INLARI


1. Moliya tizimining sohalari va bo‘g‘inlari
2. Etakchi xorijiy mamlakatlarning davlat moliya tizimi



  1. Moliya tizimining sohalari va bo‘g‘inlari.

Jarayonida turli pul fondlari(dan) shakllanadigan va foydalaniladigan moliyaviy munosabatlar turli sohalarining majmuiga moliya tizimi deyiladi. Unga boshqacha ham ta’rif berish mumkin: davlat va korxonalarning pul fondlarini shakllantirish, taqsimlash va foydalanish borasidagi shakl va metodlar tizimiga moliya tizimi deyiladi. “Moliya tizimi” tushunchasi keng ma’nodagi “moliya” tushunchasining taraqqiyoti natijasidir. Mamlakatda bozor islohotlarining amalga oshirilishi va prinsipial jihatdan butunlay yangi bo‘lgan iqtisodiy va moliyaviy siyosatning hayotga tatbiq etilishi moliya tizimining sohalari va bo‘g‘inlariga nisbatan ob’ektiv ravishda yangicha yondoshuvni taqazo etdi. Unga muvofiq ravishda, dastlab, moliya tizimi quyidagi ikki sohaga bo‘linadi:
• davlat moliyasi va mahalliy moliya;
• xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar moliyasi.
O‘z navbatida, moliya tizimining har bir sohasi pul fondlari va daromadlarni shakllantirishning konkret shakllari va metodlariga bog‘liq ravishda bir necha bo‘g‘inlardan tashkil topadi. Masalan, davlat moliyasi va mahalliy moliya quyidagi bo‘g‘inlardan tashkil topishi mumkin:
• Davlat byudjeti;
• maqsadli nobyudjet fondlari;
• davlat krediti.
SHuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar moliyasi quyidagi bo‘g‘inlardan iborat:
• tijorat korxonalari va tashkilotlari moliyasi;
• moliyaviy vositachilar moliyasi;
• notijorat tashkilotlari moliyasi.
Moliya tizimining alohida sohalar va bo‘g‘inlarga bo‘linishi YAIMni shakllantirish, taqsimlash va qayta taqsimlashda, daromadlarni shakllantirish va ulardan foydalanishda iqtisodiy munosabatlar sub’ektlarining bir-birlaridan farqli ravishda ishtirok etishi bilan belgilanadi. Moliya tizimining har bir sohasi va bo‘g‘iniga pul fondlari va daromadlarini shakllantirish va ulardan foydalanishning o‘ziga xos bo‘lgan shakllari va metodlari tegishlidir. Masalan, korxonalar moliyasi moddiy ishlab chiqarishga, YAIMni yaratishga, uni korxonalar o‘rtasida taqsimlashga va YAIM bir qismining byudjet va nobyudjet fondlariga qayta taqsimlashga xizmat qiladi. Davlat byudjeti orqali resurslar davlatning markazlashtirilgan fondiga jalb qilinadi va ular iqtisodiy mintaqalar, tarmoqlar va aholining sotsial guruhlari o‘rtasida qayta taqsimlanadi.
Moliya tizimi “Davlat moliyasi va mahalliy moliya” sohasining alohida bo‘g‘ini sifatida Davlat byudjeti o‘z ichiga quyidagilarni oladi:
• respublika byudjeti;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti va mahalliy byudjetlar.
O‘z navbatida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjetini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga bo‘ysunuvchi tumanlar va shaharlar byudjetlaridan tarkib topadi. Viloyatning byudjeti esa viloyat byudjetini va viloyatga bo‘ysunuvchi tumanlar va shaharlar byudjetlarini o‘z ichiga oladi. SHuningdek, tumanlarga bo‘linadigan shaharning byudjeti shahar byudjeti va shahar tarkibiga kiruvchi tumanlar byudjetlaridan iborat. Va nihoyat, tumanga bo‘ysunadigan shaharlari bo‘lgan tumanning byudjeti tuman byudjetidan va tuman bo‘ysunuvidagi shaharlar byudjetidan tashkil topadi.
Hozirgi sharoitda Davlat byudjeti o‘z oldida turgan quyidagi muammolarni hal etishi kerak:
• daromadlar bazasini (asosini) mustahkamlash asosida byudjet defitining darajasini kamaytirish;
• mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha byudjet xarajatlarini restrukturizatsiya qilish;
• byudjet yordamida tartibga solish mexanizmini takomillashtirish;
• byudjet assignovaniyalaridan samarali foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish.
Davlat maqsadli fondlari (nobyudjet fondlar yoki byudjetdan tashqari fondlar) oldindan belgilangan ma’lum muddatlarda tuzilishi yoki doimiy ravishda mavjud bo‘lishi mumkin. Bu fondlarning vujudga kelishi Davlat byudjetining qabul qilinishi yoki qabul qilinmasligidan qat’iy nazar mablag‘lar maqsadli manbaining zarurligi bilan belgilanadi. Birinchi navbatda, bu sotsial ta’minot, tekin sog‘liqni saqlash, ishsizlikni kamaytirish va boshqa xuddi shunday bir qancha muhim ijtimoiy ehtiyojlarni qondirishga tegishlidir. Bu fondlar mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish davlat tomonidan o‘ziga xos bo‘lgan shakllar va metodlar yordamida amalga oshiriladi. SHuning uchun ham ularni moliya tizimining “Davlat moliyasi va mahalliy moliya” sohasining alohida bo‘g‘ini sifatida ajratilishi maqsadga muvofiqdir.
Mablag‘lardan foydalanishning maqsadli yo‘naltirilganligi belgisi bo‘yicha davlat maqsadli fondlarini quyidagi ikki guruhga birlashtirish mumkin:
• sotsial mo‘ljallangan (yo‘nalishga ega bo‘lgan) davlat maqsadli fondlari (nobyudjet fondlar yoki byudjetdan tashqari fondlar);
• tarmoqlararo va tarmoq xarakteriga ega bo‘lgan davlat maqsadli fondlari (nobyudjet fondlar yoki byudjetdan tashqari fondlar).
Ayrim holatlarda (hollarda) hududiy yo‘naltirilgan (mo‘ljallangan) davlat maqsadli fondlari (nobyudjet fondlar yoki byudjetdan tashqari fondlar) tashkil qilinishi (shakllantirilishi) mumkin.
Davlat maqsadli fondlari moliya tizimi “Davlat moliyasi va mahalliy moliya” sohasining alohida bo‘g‘ini sifatida quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin:
• Respublika yo‘l fondi;
• O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasining maxsus hisob varag‘i;
• Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi davlat fondi;
• O‘zbekiston Respublikasi byudjetdan tashqari Pensiya fondi.
Davlat maqsadli fondlarida katta miqdordagi mablag‘larning to‘planganligi sharoitida davlat moliyaviy nazoratining susayishi bu mablag‘lardan samarasiz foydalanishga va turli-tuman su’istemol qilish holatlarining sodir etilishiga olib kelishi mumkin. SHuning uchun ham davlat moliyaviy resurslaridan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida ularni Davlat byudjetiga jamlash (konsolidatsiya qilish) maqsadga muvofiqdir. Bunda jamlangan (konsolidatsiya qilingan) fondlarning maqsadli yo‘nalishi o‘zgartirilmasdan saqlanib qolishi ta’minlanishi lozim.
Davlat krediti moliya tizimi “Davlat moliyasi va mahalliy moliya” sohasining o‘ziga xos bo‘g‘ini hisoblanadi. Uning o‘ziga xosligi davlatning markazlashtirilgan fondlariga mablag‘larni jalb qilish bo‘yicha moliya-kredit munosabatlarining alohida shakllari bilan belgilanadi. Davlat krediti davlat, yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul munosabatlarining o‘ziga xos alohida shaklidan iboratdir. Bunda davlat , asosan, mablag‘larni qarzga oluvchi va shuningdek, kreditor va garant (kafil) sifatida ham maydonga chiqadi.
Davlat kreditida miqdoriy jihatdan mablag‘larni qarz oluvchi sifatida davlatning faoliyati ustunlik qiladi. Davlatning kreditor sifatidagi operatsiyalari, ya’ni davlat yuridik va jismoniy shaxslarga ssudalar taqdim qilganda yoki garant (kafil) bo‘lganda, ancha torroqdir (tor doiradadir). SHunday bo‘lishiga qaramasdan, bozor iqtisodiyoti sharoitida byudjetdan moliyalashtirish ham qaytariluvchanlik va to‘lovlilik (haq asosida) sharti bilan amalga oshirilsa, keng rivoj topishi mumkin.
Hozirgi sharoitda davlat kreditining zarurligi davlat xarajatlarining davlat o‘z daromadlari bazasini kengaytirish imkoniyatlariga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu narsa byudjet defitsiti sharoitida rejalashtirilgan byudjet xarajatlarining qoplanishini ta’minlaydi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida pul-kredit va moliyaviy siyosatlarning bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq holda amalga oshirilishi moliya tizimining “Davlat moliyasi va mahalliy moliya” bo‘g‘ini to‘g‘risidagi an’anaviy tasavvurlar kengayishi va keng mo’noda hamda uni zamonaviy tushunishga muvofiq ravishda Markaziy bank tizimini ham o‘z tarkibiga qo‘shmog‘i lozim.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar moliyasi moliya tizimining mustaqil sohasidir. Uni boshqacha nomda mulkchilikning turli shaklidagi korxona va tashkilotlar moliyasi deb ham atash mumkin. Moliya tizimining ana shu sohasida daromadlarning asosiy qismi shakllanadi va ular, oxir oqibatda davlat tomonidan o‘rnatilgan qoidalarga muvofiq ravishda qayta taqsimlanib, barcha darajadagi byudjetlar va nobyudjet fondlarining daromadlarini shakllantiradi. Bir vaqtning o‘zida byudjet (moliyaviy) mablag‘lar(i)ning katta qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri byudjetdan moliyalashtirish, byudjet ssudalari va davlat kafolatlari shaklida korxonalarning joriy va investitsion faoliyatlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilishi mumkin.
Yuqorida qayd etilganidek, moliya tizimining bu sohasi tijorat korxonalari va tashkilotlari moliyasi, moliyaviy vositachilar moliyasi va notijorat tashkilotlar moliyasi kabi bo‘g‘inlardan tashkil topadi. Bu guruhga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyaviy munosabatlari tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish, daromadlar va xarajatlarni shaklantirish, mulkka egalik qilish, o‘z zimmalariga olgan majburiyatlarini bajarish shakllariga bog‘liq ravishda o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlarga egadir. Bir vaqtning o‘zida, tijorat korxonalari va tashkilotlari moliyasi muhim ahamiyat kasb etib, aynan shu erda moliyaviy resurslarning asosiy qismi shakllantiriladi. Mamlakatning umumiy moliyaviy ahvoli ana shu korxonalar moliyasining ahvoli bilan belgilanadi.
Bozor munosabatlari sharoitida korxonalar o‘zlarining faoliyatlarini tijoriy hisob asosida amalga oshiradilar. Unga muvofiq ravishda ularning xarajatlari o‘z daromadlari hisobidan qoplanishi kerak. Mehnat jamoalari ishlab chiqarish va sotsial rivojlanishining asosiy manbai foyda hisoblanadi.
Bu soha korxonalari real ravishda moliyaviy mustaqillikka ega, mahsulotni sotishdan olingan tushumni ularning o‘zi mustaqil ravishda taqsimlaydi, o‘zlarining ixtiyoriga ko‘ra foydadan foydalanadilar, ishlab chiqarish va sotsial fondlarni shakllantiradilar, moliyaviy bozorning resurslaridan – bank kreditlari, obligatsiyalar emissiyasi, depozit sertifikatlari va moliyaviy bozorning boshqa instrumentlari – foydalangan holda investitsiyalashtirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni qidirib topadilar.
Korxonalar davlatning mayda-chuyda aralashuvidan ozod bo‘lib, shu bilan birgalikda, ishning iqtisodiy va moliyaviy natijalari uchun ularning mas’uliyati ham keskin oshirilgan.
Bir vaqtning o‘zida mamlakatning xo‘jalik tizimi murakkab tuzilmadan iborat bo‘lib, aralash iqtisodiyot sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Uning tarkibida foyda olishga qaratilgan biznes-sohasi bilan bir qatorda iqtisodiyotning boshqa sektorlari ham mavjudki, ularning faoliyati ijtimoiy farovonlikka erishishga yo‘naltirilgan. Bularning tarkibiga davlat sektoridan tashqari ba’zi mamlakatlarda katta masshtablarga ega bo‘lgan va nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sib borayotgan notijorat sektori ham kiradi. Hozirgi sharoitda notijorat sektori tashkilotlarining yuqori sur’atlarda tez o‘sib borayotganligi, bir tomondan, jamiyatni demokratlashtirish siyosiy jarayonlarining rivojlanishi va ikkinchi tomondan, bozor iqtisodiyotining sotsial yo‘naltirilganligi (bu narsa bizning mamlakatimiz uchun xarakterlidir) bilan bog‘liq.
Notijorat tashkilotlari yuridik shaxs bo‘lib, foyda olish ularning asosiy maqsadi emas va ularda olingan foyda ishtirokchilar o‘rtasida taqsimlanmaydi. Ularning qatoriga sotsial, xayr-ehson, madaniy, ma’rifiy, ilmiy, boshqaruv, sog‘liqni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, fuqarolar va tashkilotlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qarama-qarshiliklar va ziddiyatlarni echish, yuridik xizmatlar ko‘rsatish va shunga o‘xshash boshqa maqsadlarga erishish uchun tashkil etilgan tashkilotlar kiradi. Notijorat tashkilotlarining oldiga qo‘yilgan maqsadlar xilma-xil bo‘lganligi uchun bu sektor o‘zining ham juda keng va rang-barang bo‘lishi, tabiiydir. Notijorat sektorning bir guruh korxonalari, asosan, o‘z a’zolarining iqtisodiy manfaatlariga, ma’lum toifadagi shaxslarning rivojlanishiga xizmat qiladi.
Turli mamlakatlar iqtisodiyotida tarixiy an’analar va iqtisodiy taraqqiyot bosqichlariga muvofiq ravishda notijorat sektor faoliyatining masshtablari bir-biridan farq qiladi. Biroq, bir necha miqdoriy tavsifnomalarning (ko‘rsatkichlarning) tahlili, yaxlit olinganda, bu sektorning taraqqiy topayotganligidan dalolat beradi. Ana shunga o‘xshash tavsifnomalarga (ko‘rsatkichlarga) quyidagilarni kiritish mumkin:
• notijorat tashkilotlarining soni. Evropa mamlakat-larida har 1000 kishiga 4ta notijorat tashkiloti to‘g‘ri keladi. Finlyandiya shu ma’noda rekordchi hisoblanib, bu erda har 1000 kishiga 21tadan to‘g‘ri keluvchi notijorat tashkilotlari mavjud. Bu ko‘rsatkichning darajasi Rossiyada 3,3ga tengdir;
• notijorat tashkilotlari ta’minlaydigan aholining bandlilik darajasi. Bu tashkilotlar, ma’lum ma’noda, muhim ish beruvchilar bo‘lib hisoblanadi. Hozirgi paytda bu sektorda ishchi kuchining o‘rtacha 3,4% ishlaydi (Vengriyada – 1%dan boshlab, AQSHda – 7%gacha). Notijorat tashkilotlarning faoliyat ko‘rsatishi iqtisodiyotning boshqa sektorlarida faol ravishda qo‘shimcha ish o‘rinlarining yaratilishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bu tashkilotlar tovarlar va xizmatlarni sotib oluvchilar bo‘lganligi uchun, oxir oqibatda, bu narsa tadbirkorlik faoliyatining faollashuviga olib keladi;
• notijorat tashkilotlarining operativ xarajatlari. Bu ko‘rsatkich yalpi milliy mahsulotning o‘rtacha 3,5%ini tashkil etadi (Vengriyada – 1,2%, AQSHda – 6,3%). Rossiyada bu raqam 2%ga tengdir.
Hozirgi sharoitda notijorat sektor katta iqtisodiy salohiyatga ega bo‘la borib, bu erda moliyaviy va inson resurslarining sezilarli qismi to‘planmoqda va u zamonaviy bozor munosabatlari tizimida muhim ish beruvchiga aylanib bormoqda.
Notijorat asosda xo‘jalik yuritishning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:
• faoliyatning foyda olishga emas, balki ma’lum bir missiyaga erishishga yo‘naltirilganligi;
• e’lon qilingan maqsadlarga erishish uchun olingan foydadan vosita sifatida foydalanish;
• bozor xo‘jaligining iqtisodiy samaradorligi va faoliyatning sotsial samaradorligini birgalikda qo‘shib olib borish.
Turli mamlakatlarda notijorat tashkilotlarini moliyalashtirish manbalarining tarkibiy tuzilmasi turlichadir. Masalan, ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda xususiy qurbonliklarning miqdori 1%dan (YAponiyada) 20%gacha (AQSHda) tebranadi va o‘rtacha 11%ni tashkil etadi. Hukumat ajratmalarining salmog‘i esa 26%dan (Germaniya) 71%gacha bo‘lib, uning o‘rtacha darajasi 48%ga tengdir. Notijorat tashkilotlarining o‘zlari tomonidan ishlab topilgan mablag‘larning salmog‘i 23%dan (Vengriya) 71%gacha tebranib, uning o‘rtacha darajasi 41%dan iboratdir.
Notijorat faoliyatni moliyaviy jihatdan tartibga solishning shakllari, ularning davlat va mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorligi har bir mamlakatning tegishli qonunlari yordamida amalga oshiriladi. Ularni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita) va egri (bilvosita) xarakterga ega bo‘lishi mumkin.
Notijorat sektorni davlat tomonidan to‘g‘ri (bevosita) qo‘llab-quvvatlashning uch asosiy shakli mavjud:
• to‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita) byudjet investitsiyalari;
• hamkorlikda moliyalashtirish;
• davlat sotsial buyurtmasi.
Notijorat sektorni egri (bilvosita) moliyalashtirish shaklidan ham, ya’ni notijorat tashkilotlarini davlat va mahalliy hokimiyat organlari oldidagi to‘lovlari va boshqa shunga o‘xshash majburiyatlaridan ozod qilish shaklidan ham amaliyotda tez-tez foydalaniladi. Egri (bilvosita) moliyalashtirishning asosiy ko‘rinishlari quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin:
• nosoliqli imtiyozlarni taqdim etish;
• soliqli imtiyozlashtirish.
Bu erda, o‘z navbatida, nosoliqli imtiyozlar quyidagi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi:
• notijorat tashkilotlarining faoliyati uchun binolarni ijaraga olish, er maydonlarini ajratish;
• litsenziyalashtirishning soddalashtirilgan tizimini o‘rnatish (belgilash);
• aloqa xizmatlari va kommunal xizmatlarni to‘lashda imtiyozli tariflardan foydalanish;
• va boshqalar.
SHuningdek, soliqli imtiyozlashtirish quyidagi ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin:
• hadya etuvchilar uchun imtiyozlar;
• qurbonlik (homiylik) qiluvchi yuridik shaxslar uchun imtiyozlar.
Davlat organlari notijorat tashkilotlarining faoliyatiga aralashish, agar ularning sarflanishi tashkilotning maqsadlariga mos kelayotgan bo‘lsa, xarajatlarning yo‘nalishiga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega emas.



Yüklə 94,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin