Milliy va baynalmilal manfaatlar. Millat asrlar osha ko’pqirrali ijtimoiy aloqalar tufayli vujudga kelgan tarixiy voqea bo’lib, u o’rta asr an’anaviy jamiyatlaridan yangi industrial jamiyatga o’tish davrida vujudga kelgan. Jamiyat rivojiga xos ijtimoiy belgilar, tabiiyki, millat mazmunida aks etgan bo’ladi. Mulkchilikni zulm va zo’ravonlik vositasiga aylantirib, odamni odam tomonidan, bir sinfni ikkinchi sinf tomonidan ezilishini keng joriy qilgan ijtimoiy-iqtisodiy tuzum xalqlar o’rtasidagi tengsizlikni ham vujudga keltirdi. Bu milliy adovat, millatlar orasidagi qarama-qarshilik va milliy zulm kabi ijtimoiy holatlarda o’z aksini topdi.
Milliy masala tarixning har bir muayyan bosqichida muhim iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-siyosiy mundarijaga ega bo’ladi. Bu mundarija mazmunini tarixiy taraqqiyot taqozosi bilan milliy zulmga qarshi kurash, milliy mustaqillikni qo’lga kiritish harakati tobora aniq egallab borgan. Bu kurashdan ko’zlangan bosh maqsad millatlar ozodligi va millatlar baynalminalligi masalasi edi. SHu tariqa ijtimoiy amaliyotda milliy manfaat tushunchasi vujudga kelgan.
Tarixni taxlil etish shuni ko’rsatadiki, milliy masala mazmunida sinfiylik mohiyati mavjudtsir. Milliy munosabatlar bag’rida ma’lum manfaatlar atrofida birlashgan sinflarning xatti-harakati yotadi. Sinfiy manfaatlar bilan milliy manfaatlar mushtarakligi ijtimoiy rivojlanishining mazmuniga monand o’zgarib boradi. Burjua ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlari rivojlanmagan bosqichida proletariatning sinfiy manfaatlari jamiyat umummilliy manfaatlaridan aniq ajralmagan edi. Bu bosqichdagi umummilliy manfaat burjuaziya sinfi manfaatiga mazmuni va mohiyati bilan mos kelardi. Feodal tuzumini ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan barbod qilishda yetakchilik vazifasini o’tagan burjuaziya sinfi yangi jamiyat ijtimoiy guruhlari bo’lmish dehqonlar va proletariat sinflari manfaatlarini ham ifodachisi bo’lib maydonga chiqdi. Shahar hunarmandlari guruhlari, dehqonlar va proletariat sinfi bu davrda hali burjua sinfi manfaatidan keskin farqlanuvchi o’z manfaatlariga ega emas edilar. Chunki dehqonlarning tabiatiga xos tarqoqlik, hunarmandlarning va, asosan, proletariat sinfining endi shakllanayotganligi sinfiy manfaatlar o’rtasidagi ijtimoiy-siyosiy tasnif uchun yetarli sharoit yaratib bermagan edi.
Burjuaziya sinfi bilan proletariat sinfi bir millatga taalluqli sotsial struktura elementlari bo’lsa-da, o’z sinfiy xususiyati va mohiyati bilan bir-birlariga qarama-qarshi manfaatlarnish ifodachisidirlar. Buning boisi, burjua jamiyat ichidagi millat bag’rida bu sinflarning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy maqomi va mavqeidagi tafovuti hamda ziddiyatlari yotadi. Bu jamiyatning rivojlanishi tarixiy tajribasi ko’rsatishicha, burjuaziyaning tarixiy turmush tarzi va madaniyati proletariatnikidan tubdanfarq qiladi.
Burjuaziya sinfining milliy manfaatlari uning milliy mavjudligidagi maxsus shakllardaifodalanib, jamiyat ijtimoiy amaliyotidagi milliy-sinfiy holatni ham belgilaydi. Proletariat milliy manfaatlari ham uning ijtimoiy hayotda yashash holati muayyan shakli sifatida o’z maqomini mustahkamlashi, o’zligini namoyon qilishi ifodasidir. Bu sinflar milliy manfaatlari ularning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy manfaatlari bilan uzviy bog’liq. Har bir sinf milliy manfaati - uning muayyan millati sinfi sifatidagi manfaatidir. Buni anglamaslik yoki pisand qilmaslik ob’ektivlik va sub’ektivlikdan mavhumlikka o’tish bo’lib hisoblanadi.
Milliy manfaatlar muammosidagi mazkur me’yorni, asosan, burjuaziyaning butun tarixiy taraqqiyoti davomida milliy tengsizlik va milliy zulmni davlat siyosati darajasiga ko’targanligida yaqqol ko’ramiz. Zo’ravonlik munosabatlarini xalqaro hayotga ko’chirib, mustamlakachilik siyosati va mafkurasini vujudga keltirishda burjuaziya milliy mahalliychilik, milliy biqiklik, milliy xudbinlik kabi ijtimoiy holatni millat ongiga singdirish usulidan foydalandi. Maqsad - kishilar ongidan ilg’or intilishlarni, erksevarlikni, adolatparvarlikni surib chiqarib, ularning o’rniga zo’ravonlik qudratiga sajda qilishlik, tengsizlik va kamsitishlik siyosatini qabul qiladigan ruhiyatni tarbiyalash edi. O’z maqsadi yo’lida burjuaziya qator mamlakatlarda ibtidoiy tuzumlar tizimini saqlab qolishdan, xalqlar o’rtasidagi etnik qarama-qarshiliklarni saqlab turishdan, kezi kelganda bularning rivojiga ko’maklashishdan manfaatdor edi. Ko’rinib turibdiki, burjuaziya sinfi o’z manfaati doirasida xalqlar taraqqiyotiga sharoit yaratib, millat va milliy davlatni vujudga keltirgan bo’lishi bilan bir qatorda, milliy masalada iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy, siyosiy zulmni ham shakllanishga olib keldi.
Milliy munosabatlar mazmunida muayyan ijtimoiy tizimga ega bo’lgan bir butunlik mavjud bo’lib, bu yaxlitlik millatni taraqqiyotga undaydi. SHu ijtimoiy harakat asosida umummilliy manfaatlar namoyon bo’ladi. Bir millatga mansub turli sinf va sotsial guruhlarning ilg’or qatlamlari manfaatlarida mushtaraklik bo’lishligi mazkur holatga bog’liqdir. Burjuaziya milliy manfaati shakllanayotgan dastlabki davrda burjuaziya o’zining sinfiy manfaatini umumijtimoiy manfaat sifatida namoyon qilishga siyosiy jihatdan ma’lum ma’noda haqqi bor edi. Sanoati rivojlangan jamiyatning ijtimoiy-siyosiy rivojlanishi ta’sirida milliy munosabatlarning ichki tabiati tub o’zgarishlarga duchor bo’ldi. Umummilliy manfaatlarni ifodalovchisi bo’lgan sub’ektlar tizimida tarixiy o’zgarishlar amalga osha borib, bir maqsad atrofiga birlashgan sotsial-sinfiy kuchlar tizimida tarkibiy bo’linishlar amalga oshdi. Burjua tuzumining monopol rivojlanish bosqichiga o’tishi bilan sotsial tizimdagi sinfiy tasnif tarkiban keskin qarama-qarshi tomonga ajrala bordi. Shu tariqa burjua jamiyati sinfiy-milliy manfaatlar masalasida murakkab ziddiyatlarni vujudga keltirish bilan bir qatorda, bu muammoni hal qilishga qodir kuchni ham shakllantirdi. Bu kuch ishchilar sinfi bo’lib,
taraqqiyotning shu bosqichidagi ilg’or guruhlarni birlashtirgan holda millatning ko’pchilik qatlamlari manfaatini ifodalab, siyosiy maydonga chiqadi. Ishchilar sinfining xalqaro maydondagi milliy otryadlari manfaatlari burjuaziyaning mustamlakachilik manfaatini keng avj olishi bilan bog’liq holda ayni paytda unga qarama-qarshi mohiyatda rivojlana bordi. Buning ijtimoiy-siyosiy oqibati tariqasida baynalmilal manfaatlar vujudga keladi. Bu manfaatlar milliy totuvlik va baynalmilalchilik g’oyasining asosi bo’lgan edi.
Burjua jamiyati o’z ijtimoiy-siyosiy taraqqiyoti bilan jamiyatni ma’lum ma’noda baynalmilallashuviga olib keladiki, buning oqibatida millatlararo manfaatlar shakllanib boradi. Bu manfaatlar ishchilar sinfining xalqaro miqyosda burjuaziya sinfi tomonidan ekspluatatsiya qilinishi hamda sinfiy va milliy ozod bo’lish uchun olib borayotgan kurashida ob’ektiv manfaatlar mushtarakligi mavjudligida ko’rinadi.
Millatlararo baynalminal manfaatlar ishchilar sinfining umumiy raqibi jahon burjuaziyasiga qarshi kurashida siyosiy ma’no kasb etib bordi. Bu manfaatlar xalkaro ishchilar harakatining ijtimoiy-siyosiy maqomini mustahkamlashga olib keladi. Ko’p millatli burjua davlatlarida ishchilar sinfining baynalmilal manfaatlari umuminsoniy yo’nalishga ega bo’lib, buyuk ijtimoiy kuch vazifasini o’taydi. Bu o’rinda asrimiz boshida ko’p millatli davlat sifatida shakllangan Rossiyaning tarixi o’ziga xos xususiyat kasb etadi. Rossiya samoderjaviyasi davlatining ko’p-millatlilik ijtimoiy-siyosiy xususiyatidan kelib chiquvchi mohiyati tahlil qilinganda, samoderjavie o’z tarixi bilan millatlarga taalluqli bo’lgan ishchilar sinfi hayotida buyuk begonalashuvini tug’dirganini ko’rish mumkin. Ishchilar sinfining baynalmilal manfaatlari Rossiya xalqlari inqilobiy tarixida mazlum millatlarni rus proletariati atrofiga birlashtirib, ijtimoiy-siyosiy erkinlikka erishish kafolati vazifasini o’tadi. Bu holat o’sha davr ijtimoiy amaliyoti uchun tabiiy edi. Rus burjuaziyasi zulmiga, uning mustamlakachilik istibdodiga qarshi kurash umumbashariy maqsad bilan yo’g’rilgan baynalmilal manfaatlar uyg’unligini namoyon qildi. Sinfiy kurashlarda tobora toblanib borayotgan bu baynalmilal manfaatlar o’z bayrog’i ostiga ezilgan sinflarni yig’di va jamiyatni o’zgartirish uchun kurashga undadi.
Sotsializm deb atalmish jamiyatni kurishda yuz bergan og’ishlar, xatoliklar ta’sirida proletar internatsionalizmiga xos baynalmilal manfaatlar o’ziga xos tarzda buzildiki, oqibatda ular ma’muriy-buyruqbozlik tizimlari maqsadiga moslashtirilib borildi, yakka mafkura hukmronligi mazmuni asosida qayta bichildi. Ko’pmillatlilik tahlilsiz o’z-o’zidan baynalminallik deb tushuntirildi. Ijtimoiy amaliyotga baynalminallik shaxsiylikni unitish bilan birga milliylikdan qochishlik mezoni va me’yorida singdirildi. Shaxsiy g’ururni xudbinlik, milliy iftixorni millatchilik sifatida qabul qilish xususiyati tarbiyalandi. O’z shaxsiy qadr-qimmati haqida gapirmaslik axloq-odob mezoni darajasiga olib chiqilgani singari, milliyligini unutishlik yo’nalishi ham fuqorolar ongiga singdirildi. Baynalminallik milliylikdan kelib chiqishini seza olmaslik yoki ataylab sezmaslik mafkura va siyosatning mazmuniga aylanib bordi.
Dunyo xalqlari tarixida baynalmilallikni milliy masala va millatlararo munosabat muammosiga qiyoslab tahlil qilishda va tushunishda, bizning nazarimizda, quyidagi ikki holatni hisobga olish kerak: