BOB. IJTIMOIY SOHADAGI IQTISODIY XAVFSIZLIKNI TA’MINLASH YO‘NALISHLARI Ijtimoiy xavfsizlik va tahdid tushunchalarining mohiyati
Ijtimoiy soha inson hayotini tashkillashtirish, ijtimoiy iste’molga bo‘lgan talablarni, jumladan, turar-joy, bilim olish, kasb-korlikka va malakaga ega bo‘lish, sog‘liqni saqlash va musthkamlash, dam olish, madaniy va ma’naviy yetuk bo‘lishga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirishga bevosita xizmat ko‘rsatuvchi iqtisodiyot tarmoqlari majmuidir. Ijtimoiy soha (sektor) - davlat va jamoat tashkilotlari (shu jumladan, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari) ihtiyorida bo‘lgan iqtisodiyot resurslari majmuasi bo‘lib, iqtisodiy muhim maydonning shunday qismiki, unda quyidagi xususiyatlar mujassam bo‘ladi:
Iqtisodiy faoliyatni ayirboshlanishini tashkil etishning nobozor turi ustuvor bo‘ladi, bozor amal qilmaydi yoki qisman amal qiladi;
Ijtimoiy (jamoat) ne’matlar ishlab chiqariladi, taqsimlanadi va iste’mol qilinadi;
Jamoat (ijtimoiy) ne’matga talab va taklif o‘rtasidagi iqtisodiy muvozanat davlat, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ko‘ngillijamoat tashkilotlari tomonidan tegishli ijtimoiy dastaklar, birinchi navbatda budjet-moliya siyosati yordamida ta’minlanadi.
Ijtimoiy soha ijtimoiy yordam, ijtimoiy sug‘urta va ijtimoiy xizmatlarni o‘z ichiga oladi (15.1.1-rasm).
15.1.1-rasm. Ijtimoiy sohaning tarkibi.1
Ijtimoiy yordam mehnatga layoqatsiz yoki qaramog‘ida bolalar bo‘lganligi uchun ishlay olmaydiganlarga yordam ko‘rsatishni ifodalaydi. Ijtimoiy yordam asosan davlat budjetidan moliyalashtiriladi va xayriya, ya’ni sotsial transfertlar hisoblanadi. Ijtimoiy yordamning namoyon bo‘lish shakllari quyidagilardan iborat:
kam ta’minlangan oilalarga nafaqalar;
bolali oilalarga nafaqalar;
nogironlarga nafaqalar;
oziq-ovqat talonlari;
uy-joy xo‘jaligiga dotatsiyalar.
Ijtimoiy sug‘urta pensiyaga chiqish, vaqtinchalik mehnat layoqatini yo‘qotish va ishsizlik bilan bog‘liq bo‘lgan ish haqini yo‘qotishlarni qoplashni ifodalaydi. Ijtimoiy sug‘urta ish haqidan ijtimoiy ajratmalar hisobidan moliyalashtiriladi va topilgan huquq hisoblanadi. Uning namoyon bo‘lish shakllari quyidagilardan iborat:
pensiya;
ishsizlik bo‘yicha nafaqa;
tibbiy sug‘urta.
Ijtimoiy xizmatlar sohasi inson kapitalini shakllantirish va investitsiyalashda muhim ahamiyatga egadir. Ijtimoiy xizmatlar o‘z ichiga quyidagi sohalarni oladi:
ta’lim;
sog‘liqni saqlash;
madaniyat, sport;
uy-joy kommunal xizmatlar;
mehnat birjasi xizmatlari.
Ijtimoiy soha amal qilishining maqsadi taqsimlash funksiyalarini amalga oshirish mexnanizmlari yordamida ma’lum bir mintaqa (hudud) da insonning ijtimoiy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishning yagona ijtimoiy-iqtisodiy maydonni shakllashtirishdan iboratdir. Ijtimoiy sohada iqtisodiy faoliyat tarkibi davlat, ijtimoiy, aralash, xususiy sektorlardan iborat.
Ijtimoiy xavfsizlikning mumtoz mazmunimamlakat va aholining ijtimoiy sohadagi manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda ijtimoiy tuzilmalar va munosabatlarni, hayot ta’minoti tizimlari va kishilarni ijtimoiylashtirishni, hozirgi va kelajak avlodlar ehtiyojlari taraqqiyotiga muvofiq turmush tarzini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar yig‘indisi deb ta’riflanadi.
Ijtimoiy xavfsizlik milliy xavfsizlikning bir qismi sifatida shaxs, aholi ijtimoiy guruhlari va jamoalarining hayotiy muhim manfaatlari, huquqlari va erkinliklarining buzilishi tahdidlaridan himoyalanganlik holatidir. Demak, ijtimoiy xavfsizlik - bu pirovard natijada davlatning o‘zining bosh boyligi bo‘lgan insonga g‘amxo‘rlik munosabatidir.
Mazkur atama xalqaro va milliy ilmiy muomalaga yaqinda kirib keldi. 1995 yilda bo‘lib o‘tgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha Umumjahon konferensiyasida qabul qilingan Umumjahon ijtimoiy deklaratsiyasida ijtimoiy xavfsizlik atamasi qo‘llanilgan. Unda xususan “Biz shunday jamiyat qurishni taklif etamizki, unda ovqatga bo‘lgan huquq ovoz huquqi kabi muqaddasdir, unda boshlang‘ich ta’lim olish huquqi nashr erkinligi huquqi kabi hurmatga loyiqdir, unda rivojlanish huquqi insonning asosiy fundamental huquqlaridan biri sifatida qaraladi”2,-deyilgan.
Deklaratsiyada ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlashning quyidagi minimal vazifalari belgilangan:
= o‘g‘il bolalar va qizlar uchun umumiy boshlang‘ich ta’lim;
= katta yoshdagi aholi o‘rtasida savodsizlikni ikki barobarga qisqartirish, shuningdek, ayollar savodsizligi erkaklar savodsizligi darajasidan oshmasligi kerak;
= barcha uchun elementar tibbiy yordam, bolalarni vaksinatsiyalash ustuvorligini ta’minlash;
= o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslik (yarim ochlik) holatlarini bartaraf etish;
= barcha hohlovchilar uchun oilani rejalashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish;
= barcha uchun xavfsiz ichimlik suvi va sanitariya;
= barcha uchun o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini ta’minlash uchun kredit3.
Davlatning bosh vazifasi aholining kam ta’minlangan qatlamlarini aniq maqsadga yo‘naltirilgan kompleks iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlar ko‘rish orqali ijtimoiy himoyalash, har bir fuqaroning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash, uning huquq va erkinliklarini, sog‘lig‘ini va mulkini himoya qilishdan iborat.
Ijtimoiy himoya - jamiyatning har bir a’zosining eng muhim ijtimoiy huquqlarini amalga oshirishni ta’minlovchi qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan iqtisodiy, huquqiy va ijtimoiy kafolatlar bo‘yicha davlatning ijtimoiy siyosatining ustuvor vazifasini hayotga tadbiq etish.
Ijtimoiy xavfsizlik tarkibi quyidagilardan iborat:
kambag‘allik va qashshoqlikning oldini olish, ular ko‘lamini qisqartirish;
ishsizlikdan himoyalash;
aholi daromadlari va turmush darajasini ko‘tarish;
aholining daromadlar va mulk bo‘yicha tabaqalari o‘rtasidagi farqlarning kattalashib ketishining oldini olish;
har bir ish o‘rnida ishlab chiqarish va mehnat xavfsizligi;
xizmat ko‘rsatish va iste’mol xavfsizligi;
ekologik xavfsizlik;
jamoat tartibini o‘rnatish va jinoyatchilikning oldini olish;
xotin-qizlar xavfsizligini ta’minlash.
Ijtimoiy soha rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi
omillar xilma-xil bo‘lib, ularning asosiylari quyidagilardan iborat:
iqtisodiy, mamlakat, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi darajasi, ijtimoiy infratuzilma rivojlanishi xususiyatlari, korxonalardagi mulk turi va tavsifi, taqsimot munosabatlari bilan bog‘liq omillar;
siyosiy, ijtimoiy soha salohiyatini oshirishga davlat ijtimoiy siyosatining ta’sirini, aholini ijtimoiy takror ishlab chiqarish sohasidagi huquqiy kafolatlarni amalga oshirish, kam ta’minlangan aholi guruhlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga yordam berish, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy vaziyat bilan bog‘liq omillar;
huquqiy, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish sohasidagi qonunchilik normalari va huquqiy munosabatlar, aholining huquqiy ongi darajasi bilan bog‘liq omillar;
madaniy, jamiyatda hukmron bo‘lgan ahloqiy, madaniy-ma’naviy qadriyatlar, normalar va an’analar, ularning hududlardagi xususiyatlarining ijtimoiy munosabatlarga ta’sir qilishi bilan bog‘liq omillar;
tabiiy-iqlimiy, aholining hayot tarzi va standartlariga ta’sir etuvchi tabiiy muhit, ekologik vaziyat bilan bog‘liq omillar;
ijtimoiy-demografik, aholi ijtimoiy guruhlari va jinsi soni va tarkibi, tug‘ilish, o‘lim, migratsiya, bandlik, kasb-malaka tarkibi bilan bog‘liq omillar;
milliy-etnik, milliy mentalitet, manfaatlar, an’analar va odatlarning ijtimoiy jarayonlarga ta’sirini belgilab beruvchi omillar;
ijtimoiypsixologik, ijtimoiy munosabatlarda namoyon bo‘luvchi aholining kayfiyati, kutishi, ularning intilishi, shaxs va guruhlarning qarashlari4.
Ushbu ko‘rsatkichlardagi o‘zgarishlar nafaqat ijtimoiy sohaga, shu bilan birga ishchi kuchini takror ishlab chiqarishga ham ta’sir qiladi. Bu omillarning yomonlashuvi yoki ularning ijtimoiy soha rivojlanishiga salbiy ta’siri ijtimoiy xavfsizlikka tahdidlar hisoblanadi.
Ijtimoiy xavfsizlikka tahdid deganda, kimningdir manfaatlariga zarar yetkazuvchi yuz berayotgan yoki yuz berishi mumkin bo‘lgan potensial voqeliklar, harakat, jarayon yoki hodisa tushuniladi. Tahdid deganda xavfsizlikni buzuvchi sabab tushuniladi.
Milliy ijtimoiy xavfsizlikning (sotsiyetal xavfsizlik) quyidagi asosiy turlari mavjud:
tashqi (bir mamlakatning boshqasining raqobatdoshligini kuchsizlantirish, o‘ziga bo‘ysundirishga, vayron qilishga intilishi tufayli vujudga keladi) va ichki (jamiyat va davlatning o‘zining holatiga bog‘liq);
real va potensial;
global, milliy, regional va lokal.
Ijtimoiy xavfsizlikka tahdidlar asosan quyidagilardan iborat:
jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlikni, aholi guruhlari o‘rtasidagi ijtimoiy totuvlik va kelishuvni buzadigan darajada kambag‘al va qashshoq kishilarning aholi umumiy sonidagi ulushining o‘sishi;
aholining daromadlar va mulk bo‘yicha tabaqalanishining kuchayishi;
ishsizlikning o‘sishi;
uy-joy bilan ta’minlashning past darajadaligi;
ijtimoiy xizmatlarga erishish darajasi bo‘yicha jamiyatning tabaqalanishi;
noqonuniy migratsiyaning kengayishi.
Bu tahdidlar quyidagi ko‘rinishdagi negativ oqibatlarga olib kelishi mumkin:
yirik ijtimoiy nizolarning vujudga kelishi;
aholining depopulyatsiyaga uchrashi;
jamiyatning kriminallashuvi;
narkomaniya;
fohishabozlikning kuchayishi va h.k.
Mazkur tahdidlarni jamiyatda ichkilikboz, narkoman, fohisha va fohishaboz, mayib-majruh, turli kasallikka chalingan, jinoyatchi kishilar guruhining vujudga kelishi hamda ular sonining ko‘payib borishida ko‘rishimiz mumkin. Masalan, Rossiya Federatsiyasida rasman jamiyatda ijtimoiy xavfni keltirib chiqaruvchi kishilarning quyidagi guruhlari qayd qilingan:
invalidlar - 12 milliondan ortiq kishi;
alkogoliklar - 4,6 mln. kishi;
narkomanlar - 2,4 mln. kishi;
psixik kasallar - 978 ming kishi;
sil kasali bilan og‘riganlar - 570 ming kishi;
gipertoniklar - 22,5 mln. kishi;
VIChkasaliga duchor bo‘lganlar - 960 ming kishi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra har yili 250 ming kishi
tashqi sabablar tufayli o‘lmoqda. Bu sovet davriga nisbatan 3 martaga ko‘p. Ulardan 25 ming kishi qotillik tufaylik halok bo‘lgan, 41mingtasi o‘zini o‘zi o‘ldirgan, 25 mingtasi alkogol tufayli, 40 mingtadan ortig‘i transport baxtsiz hodisalari tufayli vafot etmoqdalar5.
Davlatning ijtimoiy siyosati va ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlashning maqsadi va vazifalari
Ijtimoiy sohada iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashda davlatning ijtimoiy siyosati muhim ahamiyatga ega. Davlatning ijtimoiy siyosati deganda davlatning jamiyatdagi ijtimoiy muammolarning hal qilinishiga bo‘lgan munosabati, ijtimoiy infratuzilmalar samarali va bir maromda amal qilishini ta’minlashga qaratilgan kundalik davlat faoliyati, ijtimoiy ahamiyatga molik vazifalarning bajarilishini ta’minlashdagi strategiya va taktik yondashuv nazarda tutiladi. Davlatning ijtimoiy siyosati bozor iqtisodiyoti sharoitida ijtimoiy sohani davlat tomonidan tartibga solishga va uning xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltiriladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida ijtimoiy sohani davlat tomonidan tartibga solishning zarurati shu sohadagi bozor va bozor mexanizmi qondira olmaydigan muhim ijtimoiy ehtiyojlar mavjudligi bilan bog‘liqdir. Bundan tashqari, bozor pensiya yoshidagi kishilarning ijtimoiy himoyasiga, ishsizlarga, mehnat nogironlariga, tug‘ilgandan nogironlarga, ko‘p bolali oilalarga yordam berish kabi jamiyat xarajatlariga befarqdir. Bozor hattoki, aholi daromadlari darajasini keskin tabaqalashuvining o‘sishiga sabab bo‘ladi va mavjud tarixiy madaniy qadriyatlarga bozor befarqlik bilan qaraydi. Aholi tabaqalanishining kuchayishi esa turli ijtimoiy beqarorliklarni, larzalarni keltirib chiqarishi mumkin.
Davlat ijtimoiy siyosati vositasida ijtimoiy sohani tartibga solish orqali ijtimoiy tahdidlar va xavf-hatar, larzalarning kelib chiqishining oldini oladi. Bu siyosatda asosiy qonunchilik aktlari, budjet-kredit va soliq vositalari, ijtimoiy sohaning bir qismini, ya’ni davlatga tegishli bo‘lgan korxona va tashkilotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarish kabi usullardan foydalaniladi. MDH mamlakatlarida va shu qatori O‘zbekistonda ham ijtimoiy sohani tartibga solishning quyidagi shakllari qo‘llaniladi:
mulkchilik shaklidan qat’iy nazar ishchilar uchun eng kam ish haqi va pensiya darajasini, ish kunining va mehnat ta’tilining davomiyligini qonunda belgilash yo‘li bilan tartibga solish;
budjet xodimlari uchun va davlat tashkilotlaridagi ishchilar uchun mehnatga haq to‘lash tizimi tariflarini o‘rnatish;
pensiya, nafaqalar, stipendiyalar darajasini o‘rnatish, urush va mehnat fronti qatnashchilari uchun imtiyozlar tizimini o‘rnatish;
ishchilar uchun oqilona soliq stavkalarini o‘rnatish;
ijtimoiy soha tarmoqlari o‘rtasida davlat budjeti xarajatlarining eng optimal proporsiyasini o‘rnatish;
ko‘proq ijtimoiy-zaruriy maxsulot va xizmatlarning yuqori narxlarini o‘rnatish orqali aholi daromadlarini tartibga solish, inflyatsiya jarayonida esa pensionerlar, davlat ijtimoiy soha ishtirokchilari, ishchilarining daromadlarini indeksatsiyalash.
O‘zbekistonda mustaqillik e’lon qilingandan so‘ng aholining yuqori turmush darajasini ta’minlash, inson manfaatlarini ro‘yobga chiqarish va uni har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida ijtimoiy yo‘naltirilgan barqaror bozor iqtisodiyoti, ochiq tashqi siyosatga ega kuchli demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish maqsadida keng qamrovli islohotlar amalga oshirila boshlandi. Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki davridayoq davlat ijtimoiy siyosatining asoslari yaratilib, amalga oshirila boshlandi. O‘zbekistonda ijtimoiy siyosat ustuvor yo‘nalish hisoblanadi va u bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. O‘zbekistonda ijtimoiy siyosatning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘lib, ular quyidagilardan iboratdir:
ijtimoiy siyosatni o‘tkazishda davlatning boshqarish funksiyasiga egaligi;
ijtimoiy islohotlarning bosqichma-bosqichligi;
aholining yashash darajasini keskin tushib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik;
mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish idoralari mahallalar orqali aholiga aniq manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish;
ijtimoiy islohotlarning iqtisodiy va huquqiy asoslarini yaratish.