Yer yuzida organizmlarning notekis tarqalganligi. Organizmlar quruqlik yuzasida va uning ustida 150 m balandlikkacha bo‘lgan havoda, tuproqda, okean va dengizlar suvining yuzasi hamda 150 m chuqurlikkacha bo‘lgan qismlarida eng ko‘p tarqalgan. Quruqlikda organizmlarning tarqalishi yorug‘lik, namlik va issiqlikning taqsimlanishiga, ya’ni iqlimga bog‘liq. Sernam ekvatorial o‘rmonlar o‘simlik va hayvonot dunyosiga juda boy. Daraxtlar doimo ko‘m-ko‘k, biri gullayotgan bo‘lsa, boshqasida mevasi pishadi. Negaki, u yerlarda iqlim yil bo‘yi issiq, yog‘in ko‘p yog‘adi. Iqlim issiq bo‘lsayu nam yetishmasa, bunday hududlar o‘simliklar va hayvonot olamiga boy bo‘lmaydi. Bunga cho‘llar misol bo‘ladi. U yerlarda namni kam bug‘latadigan mayda bargli yoki tukli, tikanakli, ildizlari uzun o‘simliklar o‘sadi. Cho‘llarning ko‘p hayvonlari uzoq vaqt suvsiz yashay oladi. Cho‘llar faqat issiq joylarda emas, sovuq joylarda ham bor. Antarktidada o‘simlik o‘smaydigan, hayvonlar yashamaydigan joylar anchagina. Bunday joylar qor va muzlik cho‘llari deyiladi. Inson va biosfera. Hozirgi odamlarning ajdodlari taxminan 2,5 – 3 mln yil ilgari paydo bo‘lgan. Ibtidoiy odamlar dastlabki davrlarda tabiatga moslashishga harakat qilishgan. G‘orlarda yashashgan. Ovchilik, shuningdek, meva va ildizlarni yig‘ish bilan shug‘ullanishgan. U vaqtda kishilar biosferaga ta’sir ko‘rsata olmaganlar. Lekin odamlar olovdan foydalanishni o‘rganib, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullana boshlagach, keyinchalik zavod-fabrikalar qurganlaridan so‘ng biosferaga juda katta ta’sir ko‘rsata boshladi. Odam tabiiy sharoit noqulay yerlarda tabiatni o‘zgartirib, o‘ziga qulay sharoitni ham yaratadi. Mamlakatimizning ko‘p joylari cho‘llardan iborat. Ota-bobolarimiz qadim zamonlardanoq ariqlar qazib, to‘g‘on qurib, daryolardan suv chiqarishni o‘rganishgan. Ajoyib bog‘lar, ekinzorlar bunyod etishgan. Inson tomonidan o‘zgartirilgan, obod qilingan bunday joylar vohalar deb ataladi. O‘simlik va hayvonlar, mikroorganizmlar atmosferaga, ayniqsa, uning gaz tarkibiga katta ta’sir ko‘rsatadi. O‘simliklar havodan karbonat angidrid(tutun)ni olib, o‘rniga kislorod chiqaradi. Havodagi hamma kislorodni o‘simliklar hosil qilgan va uni doimo yangilab turadi. Shuning uchun o‘simliklarni “kislorod fabrikasi”deyishadi. Agar bu “fabrika” to‘xtab qolsa, havo tarkibidagi kislorod tez kamayib ketadi. Hozirgi vaqtda dunyodagi o‘rmonlarning uchdan ikki qismi qirqib yuborilgan. O‘simliklarning bundan ham kamayishi juda xavfli. Ularni asrash va ko‘paytirish zarur. O‘simliklar karbonat angidridni olib, kislorod chiqarsa, hayvonlar aksincha, havodan kislorod olib, karbonat angidrid chiqaradi. Shunday qilib, tabiatda o‘simliklar bilan hayvonlar havodagi kislorod bilan karbonat angidrid miqdorini boshqarib turadi. Organizmlarning Yerning suv qobig‘i – gidrosferaga ta’siri bormi? Albatta bor, ular okeanlar suvining tuz tarkibiga juda katta ta’sir ko‘rsatgan. Ma’lumki, okean va dengizlar suvining tuz tarkibi butun dunyoda bir xil. Ammo daryolar suvining tuz tarkibi boshqacharoq. Daryolar suvida kalsiy tuzlari eng ko‘p. Okean suvida esa bunday tuzlar eng kam. Nega shunday? Bunga okean va dengizlarda yashaydigan organizmlar sababchi ekan. Okeandagi organizmlar suvdan o‘zlariga kerakli moddalarni, ayniqsa, kalsiy tuzlarini oladi. Ularga kalsiy tuzlari suyaklarini, chig‘anoqlar va zirhlarini hosil qilish uchun kerak bo‘ladi. Hayvonlar o‘lganda esa ularning qoldiqlari suv tagiga cho‘kib to‘planadi. Ular uzoq vaqt davomida zichlashib qalinlashib, ohaktosh va bo‘r qatlamlarini hosil qiladi. Okean suvlarida shuning uchun kalsiy tuzlari juda kam bo‘ladi. Organizmlarning litosferaga, ayniqsa, uning ustki qismiga ta’siri juda katta. Chunki, eng ko‘p o‘simlik va hayvonlar uning ustida hayot kechiradi. Demak, hayvon va o‘simliklar qoldig‘i shu qatlamda to‘planadi. Ular zichlashib, qalin organik qatlamlar va tog‘ jinslariga aylanadi. Masalan, ohaktosh qatlamlari qalinligi bir necha yuz va hatto minglab metrga yetadi. Toshko‘mir, qo‘ng‘ir ko‘mir, slanets, torflar ham o‘simlik qoldig‘idir.