XYI –bob. KORXONALAR MOLIYAVIY –XO‘JALIK FAOLIYATI AUDITINI O‘TQAZISHNING METODOLOGIK ASOSLARI 16.1. Auditni o‘tqazishning umumiy metodologik tartibi Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini kompleks yoki tematik audit
tekshiruvidan o‘tqazish auditni tashkil etishning 2-bosqichini tashkil etadi. Ushbu
bosqichni auditorlar 1-bosqichda tuzilgan dasturga muvofiq olib boradilar. Dasturga
kirgan har bir mavzu yoki ob’ektni tekshirishda auditorlar ma’lum ketma-ketlikga amal
qilishlari, tekshirishni yuqoridan pastga qarab yoki pastdan yuqoriga qarab tekshirish
usullaridan birida amalga oshirishlari lozim. Bizningcha, pastdan yuqoriga qarab
tekshirish eng qo‘lay usuldir.
Ushbu usulga muvofiq auditor har bir ob’ekt bo‘yicha ma’lumotlarni boshlang‘ich
hujjatlardan tortib, to hisobotda aks ettirilgan ko‘rsatkichgacha tizimlab chiqadi. Auditor
barcha tekshirish ob’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni boshlang‘ich hujjatlar asosida
o‘zining kompyuteriga kiritib boradi, oraliq ma’lumotlarni oylik, choraklik, yarim yillik,
to‘qqiz oylik va yillik davrlar bo‘yicha jamlaydi. Boshlang‘ich hujjatlar bo‘yicha
isbotlarni to‘plash chog‘ida birdaniga ularni to‘g‘ri tuzilganligini tekshiradi, ulardagi
baholarni va soniy –summaviy miqdorlarni shartnomalar bilan taqqoslaydi. Har oylik
ma’lumotlarni Bosh kitobdagi mos schyotlarning ma’lumotlari bilan uyg‘unligini
tekshiradi. To‘plangan ma’lumotlarni «Buxgalteriya balansi», «Moliyaviy natijalar
to‘g‘risida hisobot» va hisobotning boshqa shakllarida aks ettirilgan ma’lumotlar bilan
taqqoslab ko‘radi. To‘plangan isbotlarni hisob va hisobot ma’lumotlari bilan mos kelishi
tekshirilayotgan ob’ekt hisobini to‘g‘ri olib borilganligidan, mos kelmasligi esa xato va
kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligidan darak beradi. Mos kelmaslik auditordan
chetlanishlar bo‘yicha keyingi isbotu- dalillarni yig‘ishni talab etadi. Xuddi shunday
ketma-ketlik, ma’lumotlarni yig‘ish tartibi auditning barcha ob’ektlari bo‘yicha amalga
oshiriladi.
Shunday qilib, auditorlik tekshiruvini barcha ob’ektlar bo‘yicha quyidagi umumiy
metodologik tartibga amal qilingan holda o‘tqazilishi lozim (17-chizma).