Doimiy schyotlar deganda hisobot davrining oxirida qoldiqqa ega bo‘ladigan va
buxgalteriya balansida aks ettiriladigan aktivlar, xususiy kapital va majburiyatlarni
hisobga olishga mo‘ljallangan schyotlar tushuniladi.
Tranzit schyotlar deganda hisobot davrida korxonaning daromad va harajatlarini
hisobga olish uchun qo‘llanilib, hisobot davrining oxirida yopilib ketadigan va qoldiqqa
ega bo‘lmaydigan schyotlar tushuniladi.
Balans tomonlarida joylashishiga ko‘ra buxgalteriya hisobi schyotlari aktiv,
kontraktiv, passiv, kontrpassiv schyotlarga bo‘linadi.
Aktiv schyotlar – korxona aktivlarini aks ettirishga muljallangan schyotlar.
Passiv schyotlar – korxona aktivlarini tashkil topish manbalarini ko‘rsatuvchi
xususiy kapital va majburiyatlarni aks ettirishga muljallangan schyotlar.
Kontraktiv schyotlar – korxona aktivlarining sof qiymatini topishda chegirib
tashlanadigan summalarni aks ettirishga mo‘ljallangan schyotlar.
Kontrpassiv schyotlar – korxonaning xususiy kapitali va majburiyatlarining sof
qiymatini topishda chegirib tashlanadigan summalarni aks ettirishga mo‘ljallangan
schyotlar.
Balansga summasi kiritilishiga ko‘ra buxgalteriya hisobi schyotlari balans va
balansdan tashqari schyotlarga bo‘linadi.
Balans schyotlari –bu qoldiqlari balansga kiritiladigan schyotlar. Aktivlar,
majburiyatlar va xususiy kapitalni aks ettirishga mo‘ljallangan barcha schyotlar balans
schyotlari hisoblanadi.
Balansdan tashqari schyotlar – korxonada vaqtinchalik saqlanayotgan,
foydalanilayotgan, lekinda unga tegishli bo‘lmaganligi uchun balansga kiritib
bo‘lmaydigan aktivlarni, shartli huquq va majburiyatlarni aks ettirishga mo‘ljallangan
schyotlar.
Ma’lumotlarni jamlash darajasiga ko‘ra buxgalteriya hisobi schyotlari sintetik va
analitik schyotlarga bo‘linadi.