3. O‘zbekistonda Respublikasida aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimining o‘ziga xos xususiyatlari



Yüklə 93,5 Kb.
səhifə1/3
tarix27.01.2023
ölçüsü93,5 Kb.
#81281
  1   2   3
O’zbekistonda ijtimoiy ximoya xizmatlar tizimining xolati va rivojlanish istiqbollari


O’zbekistonda ijtimoiy ximoya xizmatlar tizimining xolati va rivojlanish istiqbollari
Reja:
1. Ijtimoiy institutlar va xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilish mexanizmi
2.Ijtimoiy muhofaza shakllari va mehanizmlarini amalga oshirishda davlatning roli
3.O‘zbekistonda Respublikasida aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimining o‘ziga xos xususiyatlari
Aholini ijtimoiy himoyalash deganda biz aholiga davlat tomonidan yashash uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga maqsadli yunaltirilgan kafolatlar tizimini tushunishimiz lozim.
Ijtimoiy himoya qilish bir tomondan, funktsional tizim, ya’ni yo‘nalishlar tizimi bo‘lib, u ana shu yo‘nalishlar asosida amalga oshiriladi, ikkinchi tomondan, u ijtimoiy himoya qilishni ta’minlaydigan institutlar tizimidan iborat bo‘lib, unga davlat, sud, kasaba uyushmalari va boshqa ijtimoiy tashkilotlar kiradi.
Bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida davlatning ijtimoiy siyosati ijtimoiy himoyalash mexanizmlarini, davlatning, korxonalar va ijtimoiy siyosatning boshqa sub’ektlarining roli va vazifalarini o‘zgartiradi. Amalda bu ijtimoiy himoyalashga ajratiladigan byudjet mablag‘lari salmog‘ining qisqarishi, davlat tomonidan beriladigan bepul kafolatlarning kamayishini bildiradi. Ko‘proq og‘irlik nodavlat moliya manbalariga, shu jumladan, korxonalar zimmasiga yuklatiladi. Bu ayrim korxonalar uchun jiddiy muammolar tug‘dirib, ularning ijtimoiy himoya bo‘yicha tadbirlari hajmi va darajasini mehnat sharoitlari va uni muhofazalashga bog‘lab qo‘yadi.
Amalga oshirilish usuliga qarab ijtimoiy siyosatni aktiv va passiv turlarga ajratish mumkin. Passiv ijtimoiy siyosat narxlarni sun’iy ravishda tutib turish, shu hisobiga turmush darajasini oshirish yoki barqarorlashtirish, ijtimoiy himoyalashning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha dotatsiyalarni oshirishni ko‘zda tutadi. Aktiv siyosat maqsadga muvofiqroqdir. Unda tashabbus ko‘rsatish va tadbirkorlik uchun sharoit yaratib berish, pensionerlar, veteranlar, bolalar, byudjet sohasida xizmat qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlashda davlatning rolini oshirish ustivor maqsadlar hisoblanadi.
Ijtimoiy siyosatda ikki asosiy yo‘nalishni ajratib ko‘rsatish mumkin: aholini ijtimoiy ta’minlash va davlat ijtimoiy kafolatlari. Ijtimoiy ta’minot pensiya ta’minoti, nafaqalar bilan ta’minlash, aholining ayrim tabaqalari uchun belgilangan imtiyozlar va kompensatsiyalar tizimi va ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi. Ikkinchi yo‘nalish esa jamiyatning bir me’yorda rivojlanishini, ya’ni sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat va sog‘lomlashtirish, shuningdek, turar joyga ega bo‘lish huquqini ta’minlash bilan bog‘liq.
Davlat ijtimoiy ta’minoti – bu, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini keksayganda, kasallik ro‘y berganda, mehnatga layoqatini qisman yoki butunlay yo‘qotganda, boquvchisini yo‘qotganda, shuningdek, bolali oilalarni moddiy ta’minlash va ularga xizmat ko‘rsatish davlat tizimidir.
Ijtimoiy ta’minot quyidagi tashkiliy-huquqiy shakllarda amalga oshiriladi: davlat ijtimoiy sug‘urtasi, respublika byudjeti mablag‘lari, mahalliy byudjetlar mablag‘lari. Iqtisodiyotni isloh qilish davrida ijtimoiy ta’minotning jamoat tashkilotlari va xususiy shaxslar faoliyati bilan bog‘liq shakllari rivoj topadi.
Aholini ijtimoiy himoyalashni bir vaqtning o‘zida amal qiladigan va bir-birini to‘ldiruvchi quyidagi to‘rtta tizimga ajratish mumkin: davlat ijtimoiy ta’minoti, davlat ijtimoiy sug‘urtasi, jamoa ijtimoiy sug‘urtasi va shaxsiy sug‘urta.
Davlat ijtimoiy ta’minoti aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga pulli nafaqalar vositasida ko‘rsatiladigan yordamdir. Soliqlar va boshqa byudjet tushumlari hisobiga moliyalanadigan bu yordam ularga belgilangan minimal turmush darajasini kafolatlaydi.
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi zarur turmush darajasini kafolatlaydi. U majburiy bo‘lib, ish beruvchilar va mehnatkashlarning sug‘urta badallari, davlat tomonidan ajratiladigan dotatsiyalar hisobiga moliyalanadi.
Jamoa sug‘urtasi etarli turmush darajasini kafolatlaydi. U majburiy yoki ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi mumkin. Bunda ish beruvchilar va yollanganning sug‘urta badallari to‘lov manbalari bo‘lib xizmat qiladi.
Shaxsiy sug‘urta farovonlikning yuqori darajasini kafolatlaydi, u ixtiyoriy ravishda, fuqarolarning sug‘urta badallari hisobiga amalga oshiriladi.
Birinchi ikki quyi tizimning asosiy tamoyili - birdamlik, uchinchisiniki subsidiyalash, turtinchi, ya’ni shaxsiy sug‘urtaniki esa mutanosiblik tamoyilidir. Birdamlik tamoyili yordamni muhtojlik darajasiga qarab, fuqaro to‘lagan soliqlar va sug‘urta badallari miqdorini hisobga olmasdan taqsimlanishini ko‘zda tutadi. Subsidiyalash tamoyilida esa muhtojlik darajasiga qarab, ammo badallar miqdori va mos ravishda to‘lovlar miqdorini hisobga olgan holda yordam ko‘rsatiladi. Mutanosiblik tamoyili to‘langan sug‘urta badallariga proportsional miqdorda yordam ko‘rsatishni ko‘zda tutadi.
Yuqorida qayd etilganlardan tashqari ijtimoiy himoyaning yana bir necha tamoyillari qo‘llanadi:
· umumiylik;
· ochiqlik;
· ko‘ptomonlamalik;
· ta’minot turlarining turfa xilligi;
· muvofiqlik (ya’ni ijtimoiy yordam miqdorini iqtisodiy taraqqiyot darajasiga mosligi).
Birinchi ikki tizim o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiradi. Davlat ijtimoiy ta’minoti va sug‘urtasining quyidagi turlari mavjud:
· davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar va boshqa ijtimoiy nafaqalar;
· davlat pensiya ta’minoti;
· uy-internatlarda keksa va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga qarash va xizmat ko‘rsatish;
· nogironlarni protez-ortopedik buyumlar va harakatlanish vositalari bilan ta’minlash;
· bolalar uylari, internatlar va boshqa muassasalarda bolalarga qarash va tarbiyalash;
· nogironlarni ishlab chiqarish va kasbiy reabilitatsiya qilish;
· aholini sanatoriya-kurortlar va dori-darmonlar bilan ta’minlash;
· uylarda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish va boshqalar.
To‘la ma’noda olganda, ijtimoiy himoya qilish quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
· jamiyat a’zolariga kun kechirish uchun zarur narsalarning eng kam miqdorini ta’minlash va muhtojlarga moddiy yordam ko‘rsatish, turmush darajasini pasaytirish omillardan himoya qilish;
· fuqarolarning o‘zlari uchun qonunga zid kelmaydigan har qanday yo‘llar bilan tirikchilik vositalarini hech bir to‘siqsiz ishlab topishlari uchun imkon beradigan shart-sharoitlar yaratish;
· fuqarolarning ta’lim, tibbiy yordam va shu kabilarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishni ta’minlaydigan shart-sharoitlar yaratish, bunda jamiyat imkoniyatlari va o‘ziga xos milliy-tarixiy xususiyatlarni hisobga olish;
· yollanib ishlayotganlarga qulay sharoitlarni ta’minlash, ularni sanoat ishlab chiqarishining salbiy ta’sir ko‘rsatishidan himoya qilish;
· jamiyat a’zolarining ekologik xavsizligini ta’minlash;
· fuqarolarni jinoiy hamlalardan himoya qilish;
· huquqiy, demokratik davlat tamoyillariga mos keluvchi fuqarolik va siyosiy huquqlar hamda erkinliklarni himoya qilish;
· qurolli ijtimoiy va millatlararo nizolarga barham beruvchi shart-sharoitlar yaratish;
· siyosiy ta’qib va ma’muriy zo‘ravonlikdan himoya qilish;
· ma’naviy hayot erkinligini ta’minlash, mafkuraviy taziyqlardan himoya qilish;
· umuman jamiyatda, ayrim yacheykalar va tarkibiy bo‘linmalarda qulay psihologik iqlim yaratish, psihologik tazyiq o‘tkazishdan himoya qilish.
XX asrda an’anaviy kapitalistik jamiyat haqiqatda o‘zgarib, yangi ijtimoiy-iqtisodiy tizimga - ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor xo‘jaligiga aylandi, ham umuman jamiyatni, ham xo‘jalik organizmining tarkibiy tuzilmalarini qamrab oladigan qudratli ijtimoiy himoya tizimlari qaror topmoqda, ular korxonalar va fikrlar, aktsionerlar jamiyatlari, kooperativlar, mehnat tashkilotlari va hokazolardir. Hozirgi vaqtda /arbda fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishning amerikacha, evropacha, yaponcha va hokazo andozalari mavjud bo‘lib, ular doirasida yana o‘ziga xos ko‘rinishlari ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu andozalarning umumiy xususiyatlari bilan bir qatorda o‘ziga xos umumiy belgilari va milliy jihatlari ham mavjuddir.
O‘zbekistonda mustaqillikni dastlabki yilaridan boshlab iqtisodiy islohotlarning o‘ziga mos yo‘li tanlandi. O‘tish davri jarayonlari Prezident I.A. Karimov olg‘a surgan beshta asosiy tamoyillaridaan biri: «halq turmush darajasining izchil va barqaror o‘sishi, aholini yanada kuchli ijtimoiy himoya qilishni ifoda etadi".
Ijtimoiy himoyaning ijtimoiy-iqtisodiy munosabat sifatidagi mohiyati jamiyat va aholi o‘rtasidagi muxtojlik hollarida yordam, qariyalarga ko‘maklashish, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ahvol, hayotiy zaruriy vositalar bilan ta’minlash bilan bog‘liq munosabatlardan iborat.
Ijtimoiy himoyaning iqtisodiy negizini moddiy ishlab chiqarish tashkil etadi. Taqsimotchilik munosabatlari natijasida jamiyatning oldiga qo‘yilgan bosh maqsadga muvofiq yalpi milliy mahsulotning muayyan qismi aholi ijtimoiy himoyasiga sarflanadi. Ijtimoiy himoya fondining aksariyat qismi taqsimotchilik jarayonida davlat byudjetida shakllanadi. Uning to‘planish mexanizmi soliqlar va maqsadli jamg‘armalardir.
Mamlakatimizda davom etayotgan va bozor iqtisodiyotini qaror toptirishga qaratilgan chuqur ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar umuman fuqarolarni samarali ijtimoiy himoyalashni, xususan, korxonalar xodimlarini himoya qilishni nihoyatda muhim vazifalardan biriga aylantirdi. Bir tomondan, bu o‘zgarishlar fuqarolarning ijtimoiy himoyalanishini kuchaytiradi, ikkinchi tomondan esa, inson faoliyatining ayrim muhim tomonlarida ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha ko‘proq kuch-g‘ayrat sarflanishini: ishsizlikdan, pulning qadrsizlanishidan, fuqarolarning birmuncha qismi moddiy tomondan ta’min etilmaganidan va shu kabilardan himoya qilishni talab etadi.
Ijtimoiy institutlar va xodimlarni ijtimoiy himoya qilish mexanizmi
Har qanday davlatda fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishni amalga oshirish bilan shug‘ullanadigan ijtimoiy institutlarning butun bir tizimi mavjuddir. Ijtimoiy institut - odamlarning birgalikdagi faoliyatini tashkiliy tuzilma tarzida tashkil etishning barqaror shakli yoki normativ jihatdan tartibga solinadigan qoidalar tizimidan iboratdir. Mazkur tartib doirasida tegishli institutlarning faoliyati bilan qamrab olingan odamlarning ijtimoiy vazifalari va maqomlarini taqsimlash ro‘y beradi. Bu sanab o‘tilgan institutlardan ayrim turlarini (toifalarini) ayrim sotsiologlar ijtimoiy-tashkiliy institutlar deb, qolganlarini ijtimoiy-normativ institutlar deb ataydilar.
Eng muhim va eng qudratli ijtimoiy-tashkiliy institut - bu davlatdir. U murakkab institutsional tizimdan iborat bo‘lib, turli institutlardan tashkil topgan. Ijtimoiy himoya qilish vazifalarini bajarishda sug‘urta kompaniyalari, turli ixtisoslashtirilgan jamg‘armalar, hayriya tashkilotlari, shuningdek, ijtimoiy va siyosiy tashkilotlar singari institutlar muhim rol o‘ynaydilar. Ular o‘zlari vakil qilingan sohada ijtimoiy guruhlar va qatlamlarni ijtimoiy himoya qilishni amalga oshiradilar.
Yollanib ishlaydigan xodimlarni himoya qilishi lozim bo‘lgan institutlar kasaba uyushmalaridir. Hozirgi vaqtda jiddiy ravishda yangilanish uchragan an’anaviy kasaba uyushmalari bilan bir qatorda ishchilarning yangi-yangi tashkilotlari, “mustaqil” kasaba uyushmalari ham paydo bo‘lgan. Biroq faqat ularni yollanma mehnat xodimlarining himoyachilari deb atab, an’anaviy kasaba uyushmalarini “rasmiy uyushmalar” deb hisoblash, ularni himoyachi sifatida chiqish huquqidan mahrum etish adolatsizlikdir. O‘zgargan kasaba uyushmalari haqli ravishda mustaqil kasaba uyushmalari bo‘lib qoldilar, chunki ular yollanma mehnat xodimlarining vakillari sifatida maydonga chiqadilar va davlat tuzilmalariga bog‘liq bo‘lmaydilar. Ham “mustaqil”, ham mustaqil bo‘lmagan kasaba uyushmalarining ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazkur darajasidagi asosiy faoliyati mehnatkashlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun o‘z faoliyatlarida ijtimoiy sheriklik shakllari hamda mexanizmlaridan foydalanish sohasiga o‘tdilar. Mazkur mexanizm demokratiya rivojlangan mamlakatlarda yaxshi ishlab chiqilgan bo‘lib, o‘zini ijobiy tomondan namoyish etdi. Bu mexanizmning mohiyati qarama-qarshilik emas, balki ish beruvchilar vakillari bilan davlat o‘rtasida muzokaralar o‘tkazishdan, shu asosda murosa-madoraga kelish hamda ma’lum darajada maqbul qarorlar ishlab chiqishdan iborat.
Jamiyatdagi ijtimoiy-tashkiliy institutlar bilan bir qatorda ko‘pgina ijtimoiy-normativ institutlar ham borki, ular biron-bir tashkilotda namoyon bo‘lmasdan, balki o‘zlaricha mavjud bo‘lib, faoliyat ko‘rsatadilar hamda ijtimoiy himoya qilishda muayyan rol o‘ynaydilar. Huquqning har bir sohasi ana shunday ijtimoiy-normativ institutlar tizimidan iborat (mehnat huquqi, mehnat qonunlari). Yollanma xodimlarni ijtimoiy himoya qilish tizimidagi muhim ijtimoiy-normativ institut hozirgi vaqtdagi ta’rif bitimlari, kontraktlar, jamoa shartnomalari va hokazolardir.
O‘zining faoliyati bilan butun korxona jamoasini qamrab oladigan va buning uchun zarur huquqlari va imkoniyatlarga ega bo‘lgan asosiy ijtimoiy himoya qilish instituti – bu, kasaba uyushmasi tashkilotidir. Bozor sharoitida bu tashkilotning himoya qilish rolini oshirish ayniqsa zarur. Korxona bankrot yoki yopilgan taqdirda yohud o‘z ixtisosini o‘zgartirgan sharoitda xodimlarni ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash ayniqsa muhimdir. Bozor sharoitida korxona normal ishlab turganda ham kasaba uyushmalari tashkilotlarining ijtimoiy himoya qilish vazifasini keskin oshirish talab qilinadi.
Korxonada xodimlarni ijtimoiy himoya qilishning aniq omili va vositasi jamoa shartnomasidir. Bu shartnomaning mohiyati hozirgi vaqtda keskin ravishda o‘zgarib ketdi, chunki yollanma xodimlarga ijtimoiy himoyalanishning pishiq-puxta huquqiy bazasi zarur bo‘ladi.
Korxonalarimiz va turli-tuman tashkilotlarimiz hayotiga tobora kengroq kirib borayotgan va muayyan sharoitda ijtimoiy himoya vositasi sifatida maydonga chiqishi mumkin bo‘lgan boshqa muhim ijtimoiy-normativ institut mehnat kontraktidir. Uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va shak-shubhasiz ijtimoiy himoya qilish instituti deb qabul qilib bo‘lmaydi, lekin korxonadagi (mehnat tashkilotidagi) kontrakt tizimi xodimlar huquqini ta’minlaydigan maxsus tizim sifatida qaraladigan, agar kontraktda ijtimoiy-iqtisodiy kafolatlar berilishi qayd etib o‘tilgan bo‘lsa, u aynan ijtimoiy himoya qilish instituti sifatida namoyon bo‘lishi mumkin.
Yuqorida sanab o‘tilgan ijtimoiy institutlar ma’lum darajada ijtimoiy himoya qilish mexanizmiga kiritilgan. Mamlakatimizda ijtimoiy himoya qilish mexanizmini shakllantirish jarayoni uzluksiz davom etmoqda.
Ijtimoiy muhofaza shakllari va mehanizmlarini amalga oshirishda davlatning roli
Pensiya - ijtimoiy ta’minotning, keksalar va mehnatga qobiliyatsiz kishilarga moddiy yordam ko‘rsatishning eng asosiy va eng ommaviy turidir. Pensiya ta’minoti barcha mamlakatlarda ijtimoiy dasturlarning muhim tarkibiy qismi sanaladi. Bugungi kunda er yuzida yordamga muhtoj millionlab kishilarning eng zarur ehtiyojlari pensiya to‘lovlari orqali qondiriladi.
Hozirda O‘zbekiston Respublikasida 2,5 milliondan ortiq kishi pensiya oladi.
O‘zbekistonning ma’naviy-axloqiy an’analari - mustahkam oila, ijtimoiy o‘zaro yordam an’analariga muvofiq keksalar va bolalarning ehtiyojlariga nisbatan sezgirlik, diqqat-e’tibor bilan qaraladi, himoyasiz qolganlarga muruvvat ko‘rsatiladi. Respublika ijtimoiy siyosati ham ma’naviy mezonlarni hisobga olishga asoslanadi. Mustaqil O‘zbekistonga meros bo‘lib qolgan ijtimoiy ta’minot, jumladan, pensiya ta’minoti tizimini puxta o‘ylab, asta-sekin o‘zgartirish yo‘li eng maqbul yo‘l, deb topilgan. Mazkur yo‘l, bir tomondan, bozor iqtisodiyoti sharoitida qo‘llasa bo‘ladigan, aholi o‘rgangan va adolat haqidagi ijtimoiy tasavvurga mos keladigan unsurlarni tanlab olish va saqlab qolishi, ikkinchi to­mondan, xo‘jalik rivojlanishiga to‘sqinlik qiladigan yoki bozor iqtisodiyoti sharoitiga mos kelmaydigan ilgarigi ijtimoiy tizim nuqsonlarini asta-sekin tuzatishni ko‘zda tutadi. Bu esa mehnatga rag‘batni so‘ndiradigan tengchilik tamoyillaridan voz kechish, tadbirkorlikka, oila jamg‘armalarini oqilona joylashtirish orqali daromad olishga havas uyg‘otish kabilardir.
Samarali amal qiluvchi pensiya tizimini yaratish davlat ijtimoiy siyosatining eng muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Jamiyat mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shgan kishilar to‘g‘risida g‘amho‘rlik qilishi darkor.
Fuqarolarning keksayganda, mehnat qobiliyatini to‘la yoki qisman yo‘qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganda ijtimoiy ta’minlanish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida (39-modda) mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilinib, unda davlat pensiyalarining yagona tizimi, ularni tayinlash, hisoblab chiqish, qayta hisoblash va to‘lash tartibi belgilandi.
Qonunga muvofiq pensiyalar 3 turga bo‘linadi:
1) qarilik pensiyasi;
2) nogironlik pensiyasi;
3) boquvchisini yo‘qotganlik pepsiyasi.
Qonun pensiya ta’minoti uchun ikkita asosiy talabni belgilaydi: 1) pensiya ta’­minoti uchun huquq beruvchi shartlarning mavjudligi (pensiya yoshiga etish, nogiron bo‘lib qolish, boquvchisini yo‘qotish); 2) keltirilgan shartlarga muvofiq talab etiladigan ish stajining mavjudligi. Ushbu talablardan birortasi bo‘lmagan taqdirda pensiya ta’minoti huquqi yo‘qotiladi.
Respublikaning pensiyaga oid qonun hujjatlaridagi eng muhim asosiy qoidalardan biri shuki, pensiya olish huquqiga faqat ishlagan fuqarolar ega. Shu asosiy qoidaga binoan vafot etgan ishchi, xizmatchi, kolxozchi uchun ham pensiya tayinlanadi. Ish staji bo‘lmagan fuqarolar va ularning oila a’zolari davlat pensiyalari olish huquqidan mahrumdir. Ularning ijtimoiy ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda amalga oshiriladi.
Respublika pensiyaga oid qonun hujjatlarida bajariladigan ishlarning xususiyati va og‘irligi bilan bog‘liq holda imtiyozlar berishga muayyan yondashuv ishlab chiqilgan. Ana shu asoslarda imtiyozli shartlari bo‘lgan pensiyalar, odatda, yoshidan qat’i nazar shunday ishlarda muay­yan staj bo‘lganda yoki umum uchun belgilangan pensiya yoshi 10 yilga yoki 5 yilga kamaytirilib tayinlanadi. Mazkur imtiyozlarni olish huquqi, masalan, konchilik sanoati etakchi kasblarida ishlovchi xodimlarga, aviatsiyaning uchish yoki uchish-sinov tarkibidagi ana shunday xodimlar­ga, er osti ishlarida, ayniqsa zararli va ayniqsa og‘ir mehnat sharoitidagi ishlarda (kimyo, metallurgiya sanoati, metall qayta ishlanadigan qaynoq uchastkalarda), shuningdek, zararli va og‘ir mehnat sharoitidagi ishlarda to‘la ish kuni band bo‘lgan xodimlarga - 1-sonli, 2-sonli va 3-sonli ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar, ko‘rsatkichlar ro‘yxatlari bo‘yicha imtiyozli shartlar bilan pensiya olish huquqiga ega bo‘lib, ularning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori bilan tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida pe­dagog va tibbiy xodimlar uchun, ekologik falokat mintaqasida ishlagan shaxslar uchun, bevosita qariyalar, nogironlar va mehnatga qobiliyatsiz yolg‘iz fuqarolarga xizmat qiluvchi ijtimoiy ta’minot tizimi xodimlari uchun imtiyozli pensiya ta’minoti shartlari birinchi bor belgilab qo‘yildi. Masalan, o‘qituvchilar va boshqa maorif xodimlari uchun pensiya yoshga qarab - erkaklar - 55, ayollar - 50 yoshga ettanda va kamida 25 yillik maxsus ish stajiga ega bo‘lganda; vrachlar va boshqa tibbiy xodimlarga xuddi shunday yoshga etganda va qishloq joylarda - kamida 25 yillik va shaharlarda kamida 30 yillik maxsus ish sta­jiga ega bo‘lganda yoshga doir pensiya - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan ishlar va kasblar ro‘yxati bo‘yicha tayinlanadi.
Qonun hujjatlarida besh nafar va undan ortiq bolani tug‘ib, sakkiz yoshgacha tarbiyalagan ayollar uchun, bolalikdan nogiron bo‘lganlarni xuddi shu yoshgacha tarbiyala­gan onalar uchun imtiyozli pensiya ta’minoti huquqi saqlab qolingan.
Respublika qonun hujjatlarida mehnat miqdori va sifatiga qarab pensiya ta’minotining tabaqalashgan qoidasi yanada kengaytirildi. Talab qilinadigan ish staji mavjud bo‘lganda yoshga doir pensiya va I hamda II guruh nogironlik pensiyasining asosiy miqdori ish haqining 55 foizini, boquvchisini yo‘qotganda oilaning mehnatga qobiliyatsiz har bir a’zosi uchun esa ish haqining 30 fo­izini tashkil etadi. Pensiya tayinlash uchun talab qilinganidan tashqari har bir to‘liq ish yili uchun yoshga doir pensiya hamda I va II guruh nogironlik pensiyasi miqdori ish haqining 1 foizi miqdorida; III guruh nogironlik pensiyasi va boquvchisini yo‘qotganda oilaning mehnatga qobiliyatsiz har bir a’zosi uchun to‘lanadigan pensiya miqdori ish haqining 0,5 foizi miqdorida oshiriladi. Yoshga doir pensiya hamda I va II guruh nogironlik pensiyasi­ning eng ko‘p miqdori ish haqining 75 foizini, III guruh nogironlik hamda boquvchisini yo‘qotganda oilaning mehnatga qobiliyatsiz har bir a’zosi uchun pensiyaning eng ko‘p miqdori ish haqining 40 foizini tashkil etadi.
Undan tashqari, qonun I guruh II guruh yolg‘iz nogironlarga, urush qatnashchilari va nogironlari hamda front orti mehnatkashlariga, o‘limi harbiy majburiyatlarni bajarish bilan bog‘liq harbiy xizmatchilarning ota-onalari hamda xotiniga pensiyalarga ustama qo‘shib hisoblashni ko‘zda tutadi. Ustama respublikada belgilangan eng kam ish haqiga qonun bilan belgilangan foiz nisbatida hisoblanadi.
Amalda bo‘lgan pensiya qonun hujjatlariga binoan pensiya hisoblash uchun butun mehnat faoliyati ketma-ket istalgan besh yilidagi ish haqi asos qilib olinadi. Ish haqiga amaldagi qoidalarga bi­noan sug‘urta badallari hisoblanadigan hamma mehnat haqi turlari kiritiladi. Pensiya hisoblash uchun asos bo‘ladigan ish haqi eng kam ish haqi miqdoridan etti baravar ko‘p qilib belgilangan.
Pensiya ta’minoti tizimida mehnat stajining roli ancha oshganligi sababli, staj pensiya huquqining asosi etib olingan, pensiya miqdori ham stajga qarab belgilanadi, qator hollarda esa mehnat stajiga boshqa ba’zi bir faoliyat turlarini ham qo‘shish ko‘zda tutiladi. Masalan, bolali ayollarga bolalarni uch yoshgacha parvarish qilish davri, umumiy hisobda 6 yilgacha, ish stajiga qo‘shiladi. Mollar haydab boqiladigan yaylovlarda cho‘pon xotini (uni ishga joylash imkoni bo‘lmagan joylarda) eri bilan birgalikda alohida sharoitda yashashi ham hisobga olingan. Mana shu vaqt, umumiy ish staji kamida 5 yil bo‘lsa, uning mehnat sta­jiga ko‘pi bilan 10 yil qo‘shiladi.
Qonunda bozor iqtisodiyotiga o‘tilayotgan, xo‘jalik sub’ektlari mustaqilligi o‘sib borayotgan sharoitda tabaqalangan pensiya ta’minoti tizimi rivojlantirilib, korxona va tashkilotlarga mehnat haqi to‘lash uchun mo‘ljallangan mablag‘lar hisobidan o‘z xodimlariga ular mehnat ulushi, moddiy jihatdan ta’minlangani va salomatligi hisobga olingan holda pensiyalarga qo‘shimcha oylik to‘lovlar joriy etish va to‘lash, mana shu mehnat jamoasida xizmat ko‘rsatgan xodimlar pensiyaga chiqayotgan vaqtda bir karra nafaqa to‘lash, noqulay mehnat sharoitida band bo‘lgan xodimlarga (agar ular pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi qonunga binoan mehnat sharoitiga doir imtiyozli pensiya olish huquqidan foydalanmayotgan bo‘lsa) muddatidan ilgari pensiya tayinlash va to‘lash huquqi berilgan.
Nafaqalar. Mehnat ulushiga qarab tabaqalanadigan nensiyalardan farqli o‘laroq, nafaqalar mohiyati boshqacha. Ular o‘ta muhtoj kishilarga aynan ko‘maklashishi kerak. Bolalikdan nogironlarga, qariyalar va mehnatga qobiliyatsiz kishilarga, pensiya tayinlash uchun zarur ish sta­jiga ega bo‘lmagan fuqarolarga nafaqalar xuddi pensiyalar singari oyma-oy to‘lab boriladi.
Oylik nafaqa nogiron bolalarga 16 yoshga etguniga qadar, uni olish huquqini beradigan tibbiy dalillari bor bo‘lsa; shuningdek, ish stajiga ega bo‘lmagan 16 yoshdan oshgan, tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan bolalikdan I va II guruh nogironi deb tan olingan shaxslarga to‘lanadi. Nafaqalar tuman (shahar) ijtimoiy ta’minot bo‘limlari tomonidan tayinlanadi va bolalikdan I va II guruh nogironi yoki nogiron bolalarga nafaqa tayin qilingan ota-onalari yashaydigan joy bo‘yicha to‘lanadi.
Tayinlangan nafaqa bolalikdan I yoki II guruh nogironiga u oladigan ish haqi, stipendiya, aliment yoki boshqa daromadlardan qat’i nazar, nogiron bolaga tayinlangan nafaqa u oladigan (unga beriladigan) boshqa nafaqalardan qat’i nazar to‘lanadi. Nafaqalarni bolalikdan nogironlarga to‘lash, etkazib berish va jo‘natish ishlari Ijtimoiy sug‘urta fondi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
Pensiya tayinlash uchun zarur ish staji bo‘lmagan kek­sa va mehnatga qobiliyatsiz fuqarolarga beriladigan na­faqa - davlat ijtimoiy ta’minoti bo‘yicha nafaqaning boshqa bir turi hisoblanadi.
Yoshga doir nafaqa ish staji hamda ta’minlab turishi lozim bo‘lgan qarindoshlari bo‘lmagan shaxslarga: erkaklarga - 65 yoshdan, ayollarga - 60 yoshdan boshlab tayinlanadi. Nafaqa olish yuzasidan murojaat qilgan shaxs qarindoshlarining moddiy ahvoli nochor ekanligi aniqlangan taqdirda, moddiy yordam ko‘rsatishga qurbi etmaydigan qarindoshlari bor bo‘lsa ham, unga nafaqa tayinlanishi mumkin.
Nogironlik nafaqasi nogironlik boshlangan holda, ya’ni doimiy yoki uzoq vaqt mehnat qobiliyati yo‘qotilgan holda, faqat I va II guruh yolg‘iz nogironlarga tayinlanadi hamda to‘lanadi.
Pensiya tayinlash uchun zarur ish staji bo‘lmagan shaxs vafot etgan taqdirda, uning qaramog‘ida bo‘lgan oila a’zolari yuqorida ko‘rsatilgan Nizomga binoan nafaqa olish huquqiga ega.
Yoshiga doir nafaqa, nogironlik nafaqasi va boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi ijtimoiy ta’minot organlari tomonidan tayinlanadi. Nafaqa oluvchi O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketgan holda nafaqa to‘lovi to‘xtatiladi.
Ijtimoiy ta’minot turi bo‘lgan nafaqalar sirasiga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik bo‘yicha, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha to‘lovlar ham kiradiki, ular uzoq davom etmaydigan vaqt ichida uzrli sabab yuzasidan xodim yo‘qotgan ish haqi o‘rniga yordam ko‘rsatish maqsadida beriladi. Bunday yordam nisbatan qisqa muddatli, ammo yo‘qotilgan ish haqi miqdorlariga teng yoki yaqin summalarda nafaqa to‘lashni taqozo etadi.
Qonun hujjatlarida bolalarni ta’minlashda va tarbiyalashda adresli moddiy yordam ko‘rsatish, ayrim qo‘shimcha harajatlarni qoplash maqsadida kater nafaqalar berish ham ko‘zda tutilganki, buning uchun qonun chiqaruvchi asosiy turmush vositalari - mehnat haqi, pensiya va hokazolarni etarli deb hisoblamagan. Mazkur nafaqalar asosiy turmush vositalariga qo‘shimcha to‘lanadi, ularga tenglashtirilmaydi, balki qo‘shimcha xarajatlar zarurligi hisobga olinib belgilanadi. Bunday to‘lovlar sirasiga bolali oilalarga oylik va bir gallik nafaqalar, bola tug‘ilganligi munosabati bilan, dafn marosimi uchun beriladigan nafaqalar va boshqalar kiradi.

Yüklə 93,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin