Dargumon qarzlar bo‘yicha rezervni hisobga oluvchi schotlarning (4900) bog‘lanishi
4910 "Dargumon qarzlar bo‘yicha rezerv" schoti dargumon qarzlar bo‘yicha rezervning holati va harakati to‘g‘risidagi axborotni umumlashtirish uchun mo‘ljallangan.
Belgilangan muddatda qoplanmagan va tegishli kafolatlar bilan ta’minlanmagan korxonaning debitorlik qarzi dargumon qarz sifatida tan olinadi. Dargumon qarzlar bo‘yicha rezerv hisobot yili oxirida korxona debitorlik qarzlarining inventarlash natijalari asosida tashkil etiladi. Rezerv hajmi har bir dargumon qarz bo‘yicha alohida, qarzdorning moliyaviy ahvoli (to‘lov qobiliyati) va qarz summasini to‘liq yoki qisman to‘lash ehtimolini baholash asosida aniqlanadi.
Tashkil etilgan rezerv summasiga 9430 "Boshqa operatsion xarajatlar" schotining debeti va 4910 "Dargumon qarzlar bo‘yicha rezerv" schotining kreditida yozuvlar beriladi.
Agar shubhali qarz bo‘yicha rezerv tashkil etilgan yildan keyingi yilning oxirigacha ushbu rezervning ma’lum bir qismi ishlatilmasa, u holda ishlatilmagan summa tegishli yilning foydasiga qo‘shiladi va foyda solig‘ini hisoblashda soliq solinadigan bazaga qo‘shilmaydi.
Ilgari korxona tomonidan dargumon qarz sifatida tan olingan qarzlarni balansdan chiqarish 4910 "Dargumon qarzlar bo‘yicha rezerv" schotining debetida tegishli debitorlar bilan hisob-kitoblar (olinadigan schotlar)ni hisobga oluvchi schotlar bilan bog‘langan holda aks ettiriladi. Ishlatilmagan dargumon qarzlar bo‘yicha rezerv summasining u tashkil etilgan yildan keyingi yil foydasiga qo‘shilishi 4910 "Dargumon qarzlar bo‘yicha rezerv" schotining debetida va 9390 "Boshqa operatsion daromadlar" schotining kreditida aks ettiriladi.
Qayd etish zarurki, qonunchilik bilan dargumon debitorlik qarzini hisobdan chiqarishning ikki usuliga ruxsat berilgan: bevosita (to‘g‘ri), ya’ni dargumon qarzlar bo‘yicha rezerv tashkil etilmasdan hisobdan chiqarish usuli hamda rezerv tashkil etish orqali hisobdan chiqarish usuli. Korxona mazkur usullardan birini tanlashi va uni hisob siyosatida aks ettirishi mumkin.