5-savol bayoni: Borliqning mavjudligi undagi o‘zgarishlar bilan belgilanadi. Agar o‘zgarish bo‘lmasa, borliqning bor yoki yo‘qligi noma'lumligicha qolardi. Har qanday o‘zgarish - harakatdir. O‘zgarishlar na faqat moddiy ob'ektlarga, balki ma'naviy, g‘oyaviy ob'ektlarga ham xosdir. Har qanday (moddiy yoki g‘oyaviy) ob'ektning mavjudligi undagi harakat va o‘zgarishlar tufayli namoyon bo‘ladi. SHu sababli harakat borliqning asosiy mavjudlik usulidir. Materiyaning mavjudligi qanday namoyon bo‘ladi? Bu masalada materiyaning ajralmas xususiyatlari falsafada atribut tushunchasi bilan ifodalanadi. Atribut (lot.atributhum –ato etmoq) har qanday narsaning aynan o‘sha narsa ekanligini ifodalovchi xususiyatlarini aks ettiradi. Materiyaning atributlari, ya'ni uning asosiy xususiyatlari, mavjudlik shakllari – harakat, fazo va vaqtdir.
Barcha moddiy narsalar doimo harakatda, bir holatdan boshqa holatga o‘tish jarayonida mavjuddir. Zero, materiyasiz harakat yo‘q, harakat bor joyda materiya mavjuddir. Mutloq osoyishtalik (tinch holat) yo‘q, osoyishtalik harakatning muayyan bir holatidir. Falsafiy ma'noda harakat dunyoda sodir bo‘layotgan barcha o‘zgarishlarni umumiy tarzda ifodalaydi. Biz atrofimizdagi narsalarni harakat tufayli, ya'ni ularga yorug‘lik nurlari urilib, bizning ko‘zimizga tushganligi uchun ko‘ramiz. Harakat tufayli havo tebranishlari quloqlarimizga tovush to‘lqinlarini tashib keladi va biz eshitamiz. Harakat tufayli atomlar va molekulalarda o‘zgarishlar sodir bo‘ladi, o‘simliklarda moddalar almashinadi, energiya va axborot uzatiladi, harakat tufayli hayvonot olami va inson muhit bilan aloqada bo‘ladi, jamiyat rivojlanadi. Harakat tufayli Quyosh nurlari Erga etib keladi, daryolar oqadi, o‘simliklar o‘sadi, fasllar almashinadi, Quyosh sistemasi, galaktikamiz va butun Koinotdagi hayotiy jarayonlar davom etadi.
Harakat, bir tomondan, moddiy jismlarni tashkil etuvchi elementlar va turli jismlar o‘rtasidagi aloqadorliklarning natijasi sifatida, boshqa tomondan esa, ularda ro‘y beruvchi o‘zgarishlar sifatida sodir bo‘ladi. Harakat manbai har bir narsaning o‘z ichida, uning qarama-qarshi tomonlarining bir-biriga ta'siridadir. Albatta moddiy jismlar harakatida tashqi ta'sirlarning ham roli bo‘ladi.
Harakatning bir-biridan farq qiluvchi bir qancha shakllari mavjuddir. Harakat shakllarini turkumlash falsafada muhimdir. Faylasuflar harakat shakllarini turkumlashda quyidagi qoidalarga tayanadilar: a) harakat shakllari bir-biridan sifat jihatdan farq qilib, ularning har biri materiyaning tashkiliy tuzilish darajalarining muayyan bosqichida namoyon bo‘ladi; b) harakat shakllari bir-biri bilan kelib chiqish jihatidan (genetik jihatdan) ketma-ket bog‘langandir, ya'ni harakatning murakkabroq shakllari uning nisbatan soddaroq shakllaridan kelib chiqqandir; v) harakatning yuqori shakllari tarkibida quyi darajadagi harakat shakllari qatnashadi, ya'ni harakatning quyi shakllari uning yuqori shakllariga ham mansubdir, ammo harakatning yuqori shakli o‘zidan quyi shakldagi harakatga mansub emasdir. Shu qoidalarga tayangan holda harakatning bir necha shakllarini ajratib ko‘rsatish mumkin.
Falsafiy adabiyotlarda moddiy borliqning quyidagi harakat shakllarini ajratib ko‘rsatishadi: 1) moddiy harakatning eng sodda shakli - mexanik harakat (uni moddiy nuqtalarning fazodagi siljishi deb ta'riflashadi); 2) fizik harakat (elementar zarachalar, atom yadrosi va atomning harakatidan tortib, olamning fundamental kuchlari, issiqlik, elektr va maydon harakatigacha, yorug‘likdan tortib koinotning gravitatsiya kuchigacha barchasi shu harakat shakliga mansubdir); 3) ximiyaviy harakat (bunga molekulalarning assotsiatsiyasi va dissotsiatsiyasi, ionlar harakati, moddaning muzlashi va kristallanish jarayonlari, ximiyaviy reaksiyalar, ximiyaviy sintez va parchalanish, yonish va oksidlanish va boshqa ximiyaviy jarayonlar kiradi); 4) biologik harakat (hayotiy jarayonlar); 5) sotsial (yoki ijtimoiy) harakat (jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlarning namoyon bo‘lishi). Bulardan tashqari, inson aql-zakovati hamda axborot jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lgan ideal, g‘oyaviy, ma'naviy ko‘rinishdagi harakat shakllari ham mavjuddir. Harakatning har bir shakli o‘ziga xos xususiyatlarga ega va ular maxsus fanlar tomonidan o‘rganiladi. Harakatning eng sodda shakli mexanik harakat bo‘lib, uning manbai tashqi ta'sirda, harakatning murakkab shakllarining manbai esa ichki aloqadorliklarda. Faylasuflar qadimdan harakat va uning manbalari haqida xilma-xil konsepsiyalarni ilgari surib kelishadi. Ayrim faylasuflar hatto harakatning mavjudligini ham inkor etgan. Ioniya maktabiga mansub faylasuflardan Eleylik Zenon harakatning yo‘qligini o‘zining «Axill va toshbaqa», «Dixatomiya», «Uchayotgan kamon o‘qi» kabi mashhur aporiya (yunon. aporia - ilojsiz vaziyat)larida harakatning yo‘qligini isbotlashga uringan. Buni dastlab, Arastu yaxshi tushunib etdi. Sharq falsafasida esa Forobiyning falsafiy risolalarida bu muammo yaxshi asoslab berilgan. YAngi davr falsafasida G.Gegel harakatning mohiyatini formal mantiq vositasida ifodalash mumkin emasligi, uni faqatgina dialektik mantiq doirasidagina asoslash mumkinligini ta'kidlagan.
Materiya harakatining uch shakli: asosiy, xususiy va kompleks shakllari mavjud degan boshqacha yondoshuv ham bo‘lib, u dunyoni butun rang –barangligini ifodalaydi.
Asosiy shakllarga fizik, kimyoviy, biologik va ijtimoiy shakllar kiradi. Ular materiya harakatining eng keng shakllaridir. Ayrim mualliflar materiya harakatining yagona fizik shakli mavjudligiga shubha bildiradilar. Ammo bu fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi. Barcha fizik ob'ektlar ikki eng umumiy fizik xossa – massa va energiyaga ega. Fizik narsalar dunyosiga keng qamrovli umumiy energiyaning saqlanish qonuni xosdir.
Materiya harakatining xususiy shakllari asosiy shakllar tarkibiga kiradi. Masalan, fizik materiya bo‘shliq, maydonlar, elementar zarralar, yadrolar, atomlar, molekulalar, makrojismlar, yulduzlar, galaktikalar, metagalaktikani o‘z ichiga oladi.
Materiya harakatining kompleks shakllariga (astronomik metagalaktika – galaktika – yulduzlar – sayyoralar), geologik (planetar jism sharoitidagi materiya harakatining fizik va kimyoviy shakllaridan iborat), geografik (litosfera, gidrosfera va atmosfera doirasidagi materiya harakatining fizik, kimyoviy, biologik va ijtimoiy shakllarini o‘z ichiga oladi) shakllar kiradi. Materiya harakati kompleks shakllarining muhim xususiyatlaridan biri shundan iboratki, ularda pirovard natijada materiyaning quyi shakli – fizik materiya etakchilik qiladi; geologik jarayonlar fizik kuchlar, chunonchi, gravitatsiya, bosim, issiqlik bilan tavsiflanadi, geografik qonunlar fizik va kimyoviy shartlar hamda er yuqori qatlamlarining o‘zaro nisbatlari bilan belgilanadi.
Materiya harakatining geologik shakli mavjudligi haqidagi taxminni qabul qilsak, materiyaning mazkur shakli mexanik, fizik va kimyoviy o‘zaro ta'sirlarni o‘z ichiga olgan dastlabki sintez sifatida amal qiladi. Bu qadimgi “xaos” kategoriyasida o‘z aksini topadi. Mazkur kategoriya nafaqat tartibga solinmaganlik va tartibsizlik dalili sifatida, balki stixiyali shakllanish tamoyili sifatida ham talqin qilinadi. Bu holda organik dunyo vujudga kelishidan oldingi tabiat mexanik, fizik va kimyoviy jarayonlarning olg‘a qarab rivojlanishidan emas, balki ularning umumiy, differensialanmagan o‘zaro ta'siridan tashkil topadi. Ayni paytda bunda geologik va geografik omillar erda hayot vujudga kelishi uchun tarixiy shart-sharoit yaratgan, deb ta'kidlash lozim bo‘ladi. Zilzilalar erning qattiq qobig‘ida katta siljish, sinish yoki o‘pirilishlar yuzaga kelishi va ta'sir energiyasining tez tarqalishi natijasida ro‘y berishi haqidagi tadqiqotlar materiya harakatining geologik shakli mavjudligining dalili hisoblanadi. Shved olimlarining fikricha, er qobig‘i muttasil harakatdagi plitalar bloklaridan tashkil topadi. Ular bir-birining ustiga chiqib, sunami va zilzilaga o‘xshash tabiiy anomaliyalarni vujudga keltiradi. Masalan, SHveytsariya ikki plita – Afrika va evropa plitalari tutashgan erda joylashgan. Afrika plitasi yiliga 6-11 mm/tezlikda siljib, Shveytsariyaning hududiy yo‘qotishlari «sababchisi» bo‘lmoqda. Qadimgi Ural ham har yili 3-5 sm tezlikda G‘arbiy evropaga yaqinlashmoqda.
Qadimgi olimlar er qobig‘ining harakatini ustki suvlar va er ostidagi issiqlik faoliyati bilan tushuntirganlar. Dunyoviy moddaning harakati kosmik sabablar ta'sirida ham yuz bergan, jumladan, olis o‘tmishda er vujudga kelganidan keyin uning yuzasi ulkan asteroidlar urilishidan larzaga kelgan, suvning 1,5 kmgacha balandlikka ko‘tarilishi esa relefni buzgan, degan fikrlar ham bor.
Ba'zan «materiya harakatining geologik shakli» tushunchasi boshqa sayyoralarga nisbatan tatbiq etilgan. Bunday taxmin harakatning universalligini namoyish etgan, ammo bu aynan er sayyorasini ko‘rsatuvchi va unda zarur komponentlar: suv, kislorod, mo‘tadil harorat rejimi mavjudligini nazarda tutuvchi «geo» atamasiga zid bo‘lgan. Ushbu komponentlar majmui boshqa sayyoralarda uchramasligi mazkur fikrning isboti sifatida talqin qilish imkonini beradi.