4-ma’ruza: Qo’qon xonligining tashkil topishi va siyosiy tarixi


Qo`qon va Toshkent munosabatlari



Yüklə 0,5 Mb.
səhifə2/6
tarix03.03.2023
ölçüsü0,5 Mb.
#86500
1   2   3   4   5   6
5- maruza

Qo`qon va Toshkent munosabatlari.Toshkent Qo`qon xonligi tarkibida bo`lgan. XVIII asrning uchinchi choragida Toshkentda mustaqil davlat yuzaga kelib, u bilan Qo`qon o`rtasida to`qnashuvlar yuz beradi. Shu munosabat bilan Toshkentning ahvoliga to`htalish zaruriyati tug`iladi. XVIII asrning 80-yillarida bu shaharda hokimiyat uchun kurashlarning fojeali oqibatlari yaqqol ko`zga tashlanadi. Qonli urushlardan va notinchlikdan nihoyatda toliqqan xalq kuchli hokimiyatga juda muhtoj bo`lib qolgan edi.
XVIII asrning ikkinchi yarmida Toshkent to`rt dahaga: Shayxontohur, Beshyog`och, Ko`kcha va Sebzorga bo`lingan bo`lib, har bir daha o`zicha mustaqil davlat edi. 1784 yilda shahar aholisining yordamiga tayanib Yunusxo`ja hokimiyatni qo`lga oladi va Toshkentni mustaqil davlat deb e`lon qiladi. Yunusxo`ja hokimiyatni qo`lga olgach Shahar mudofaa istehkomlarini mustahkamlash masalasigaasosiy diqqat-e`tiborni qaratadi. 1800 yilgi ma`lumotlarga qaraganda Toshkent yirik shahar bo`lgan, devor quyi qismining qalinligi 1,8 metr, ustki qismi 0,9 metr atrofida bo`lib, aylanma uzunligi 18 chaqirimdan ortiq, shahar devorining balandligi esa, 7,9 metrga teng bo`lgan. Shaharning 12 ta darvozasi bo`lgan. Ularning 12 ta oltin kaliti bo`lib, hozir milliy bankda saqlanmoqda. Shaharda o`sha paytda 10 mingta xonadon, 80 ming aholi yashagan.
Yunusxo`ja tarixiy yozma manbalarga qaraganda 6 ming kishilik qo`shin tuzgan. Uning askarlari asosan pilta miltiq, qilich, nayza, qalqon va to`plar bilan qurollangan edilar. Qo`shin tarkibi asosan turli shaharlardan kelgan musofirlar vaasirlardan iborat bo`lib, «qoraqazon» deb atalgan.
Yunusxo`ja davlatni boshqarishni ham tartibga soldi. U yakkahokim tarzida ish yuritdi. Rus tog` muhandislari (aslida Rossiyaning O’rta Osiyodagi ayg`oqchilari) A.S.Beznosikov va T.S.Burnashevlarning qaydnomalarida quyidagilarni o`qiymiz: «Toshkent hukmdori (Yunusxo`ja) o`z fuqarolari ustidan cheksiz hokimiyatga ega. Ammo u o`z atrofidagi eng yaxshi amaldorlar bilan maslahatlashgan holda hokimiyatni boshqaradi. Bu kengashda Yunusxo`jaga eng sodiq va ishonchli xo`jalar qatnashadi. Shaharni Bosh xo`ja mansabidagi amaldorlar boshqarib, u tartib-intizom va obodonchilikka doir masalalar bilan shug`ullanadi. Bosh xo`jaaybdorlarni jazolash xuquqiga ega. Ammo kimki uning hukmidan norozi bo`lsa, bevosita Yunusxo`jaga murojaat qila oladi. Bosh xo`jaaholiga Yunusxo`janing ko`rsatmasi asosida soliqlar soladi. U hukmdor yo`qligida viloyatni boshqarish xuquqiga egadir». Hukumat amaldorlariga maosh berilmagan. Bosh xo`ja Yunusxo`jadan keyingi ikkinchi shahs hisoblangan. Ular faoliyati Yunusxo`ja nazorati ostida bo`lgan. Toshkent davlatining tartibiga ko`ra har bir jondan bir oyda daromadiga qarab 5 tangadan 10 tangagacha, yerdan olinadigan hosilning 40 dan bir qismi undirib olingan. Qoraqazonlar harqanday soliqlardan ozod qilinganlar.
Yunusxo`ja hukmronligi davrida Toshkentda hayot ilgarigiga qaraganda nisbatan yaxshilangan, dehqonchilik hunarmandchilik, chorvachilik va sadvo-sotiq izga tushgan. Bu davrga kelib Toshkent Qo`qon, Buxoro, Xo`jand, Chimkent, Turkiston, Samarqand, Andijon va boshqa Turonzamin shaharlari, Hindiston, Xitoy, Qashqar, Tibet, Rossiya va boshqa bir qator horijiy mamlakatlar bilan tijorat-savdo aloqalari o`rnatgan.
Yunusxo`ja Toshkent davlati hududlarini ancha kengaytiradi. U 1794 yilda Chimkent va Sayramni 1799 yilda esa Turkistonni bosib oladi. 1800 yilda Yunusxo`ja Chirchiq daryosining chap qirg`og`ini va Qurama mavzeini egallaydi. Ayni paytda Parkent, Namdanog`, Adanaq To`ytepa, Qoraucha, Oxangaron daryosi qirg`og`idagi Matin va Qaxronqal`a, Chordara, Niyozbek Durmancha va Turbat kabi hududlar ham Toshkent davlati tarkibida bo`lgan.
90-yillarning o`rtalariga kelib Toshkentliklarning savdo-hunarmandchilik faoliyati yuksalib, ular Pyetropavlovsk Ust-Kamenogorsk va Sibirning boshqa yerlarida yetakchilik mavqega erishadilar. Ish shu darajaga borib yetdiki, Sibir va Rossiyaning boshqa chekka o`lkalarida rus savdogarlarining o`rni bilinmay qoladi. Ular savdo karvonlarining qaroqchilar tomonidan yo`llarda talanishini hisobga olib, Turkiston va Qashqarga juda kamdan-kam kelganlar. Shu boisdan Rus hukumati bu yurtlarda savdoni olib borishda, asosan toshkentlik tijoratchilardan vositachi sifatida foydalanganlar, ularga imtiyozlar berib Sibirda doimiy yashashlari uchun sharoitlar yaratib berganlar. Natijada Sibirda toshkentliklarning qator mahallalari vujudga kelgan.
Yunusxo`ja Rossiyada tog` sanoati yaxshi rivojlanganligini yaxshi bilardi. Shu bois u Rossiya yordamida Toshkentda tabiiy boyliklardan foydalanishga qattiq kirishdi. Yunusxo`janing bundan ko`zlagan bosh maqsadi qo`shinni zamonaviy qurol bilan qurollantirish va davlat hazinasini mustahkamlashdan iborat edi.Buni biz Toshkent hokimining 1794 yilda savdo karvoni orqali Sibir yo`nalishi mahalliy hokimiyatiga maxsus xat bilan murojaat qilib, o`zaro savdo aloqalarini rivojlantirish va tog` konlari bo`yicha mutahassislarini Toshkentga yuborishni so`ragan.
Omskka yetib kelgan toshkentlik vakillar rus ma`muriyatiga Yunucxo`janing og`zaki so`rovini ham yetkazadilar. Unda Toshkent atrofida oltin koni topilgani va tog` koni bo`yicha yaxshi mutahassis yuborish bayon etilgandi. Rus hukumati Yunucxo`janing xatiga javob yozishni Sibir yo`nalishi boshlig`i general-mayor Shtardmandga topshiradi. U esa o`z navbatida ToshkentgaA.S.Beznosikov va tog` koni bo`yicha muhandis T.S.Burnashev boshchiligida elchilarni yuborishga qaror qiladi. Elchilar Omskdan Troitsk qal`asiga keladilar. Bu yerda ularga 80 tuyadan iborat tatar savdogarlarining karvoni qo`shiladi. Karvon 1795 yilning 25 yanvarida Buxoroga yetib keladi. Chunki karvonga Toshkentga Buxoro orqali borish buyurilgan edi. Rus elchilari bilan dastlabki suhbatni Buxoro amirining ko`rsatmasigaasosan to`pchiboshi va yasovullar olib boradilar. Rus elchilari general-gubernator Shtardmand tomonidan Buxoro amiri Shohmurodxonga, Toshkent hokimi Yunucxo`jaga, Xo`jand begi Xudoyorbekka va Turkiston shahri atrofidagi qozoq sultoni Bo`kayga xat bilan murojaat qilinganini aytadilar. Bu xabardan so`ng rus elchilariga nisbatan amir saroyida munosabat og`ir kechdi. Chunki amirlikning hukmron doiralari Sibir yo`nalishi boshlig`i Shtardmand nomidan Buxoro amirligiga yuborilgan xatni mensimaslik ma`nosida qabul qilinadi. Odatda rus elchilari rus imperatori nomidan maxsus yorliq bilan kelar edilar. Rus elchilarini Buxoro amiri qabul qilmaydi, ularni qushbegi qabul qiladi. Rus elchilariga Toshkentga borishga ruhsat etilmaydi, sabab tariqasida olis yo`lda rus elchilarining hayoti havf ostida qolishi mumkinligi qayd etiladi. Rus elchilarining kelganligi haqidagi qabarni savdogarlar orqali eshitgan Yunusxo`ja maxsus odamdan xat jo`natib rus savdo karvonini o`tkazib yuborishni so`raydi. Ammo elchilarga ruhsat berilmaydi, ular Oryenburg orqali qaytib ketadilar.
Sibir genyeral-gubernatori Shtardmand 1796 yilda ikkinchi marta Toshkentga rus elchilari D.Telyatnikov vaA.S.Beznosikovni jo`natadi. Ular O`rta juz qozoq yerlari bo`ylab 27 avgustda Toshkentga yetib keladilar. Elchilar Toshkentda yaxshi kutib olinadilar. Biroq ular 1797 yilning 1 iyunida Yunusxo`janing Mullajon Oxun va mingboshi Ashirmat Botir singari elchilari bilan birga o`z vatanlariga qaytadilar. Rus elchilari Toshkent atrofidagi tog`larda oltin topa olmaganlari, lekin temir jinslari borligini, tyehnikaning yo`qligi tufayli ularni ishga solinmaganligini qayd etadilar.
Toshkentlik elchilar Omskka kekgach, Shtarmandga Pyetrogradga borish, shaxsan rus impyeratori bilan uchrashajaklarini ma`lum qiladilar. Shtarmand rus hukumatidan bunga ruhsat olgach Yunusxo`ja elchilari Omsk Yekatyerinburg` Perm, Qozon, Moskva orqali Peterburgga borishadi va Toshkent hokimining nomasini imperatorga taqdim etadilar. Maktubda Yunusxo`ja rus elchilari Toshkentda o`z vazifalarini bajargani va o`zining javob elchilarini yuborganligini ma`lum qiladi. Yunusxo`ja rus imperatoridan tog` konlari bo`yisha bilimdon mutahassislar yuborishni iltimos qiladi. Toshkentlik elchilar Yunusxo`ja topshirig`iga binoan rus hukumati vakillari bilan savdo-sotiq masalalari va siyosiy sohaga oid ba`zi bir muammolar to`g`risida ham muzokaralar olib borganlar.
Tarixiy yozma manba`larning xabar berishicha Yunusxo`janinig iltimosiga muvofiq Rossiya hukumati M.Pospyelov va T.BurnaShyev singari tog` konlari injyenyerlarini Toshkentga yuborgan va ular bu yerda bir qator qidiruv ishlarini olib borganlar, ammo oltin yoki boshqa qimmatbaho jinslar topa olmaganlar.
Toshkent hokimi Yunusxo`ja nima sababdan ushbu masalada Rossiya hukumatiga yordam so`rab murojaat qiladi?, degan qonuniy savol tug`iladi. Tog` konlarini ishga solish harakati Yunusxo`ja boshliq mustaqil Toshkent davlatining Qo`qon xonligi bilan Buxoro amirligining` ya`ni ikki o`t orasiga tushib qolganligi bilan izohlanadi. Toshkent masalasida Qo`qon va Buxoro o`zaro raqobatlashayotgan edi. Buni yaxshi tushungan Yunusxo`ja o`z qo`shinini qurol-yarog` bilan ta`minlash va mustahkamlashni asosiy vazifa deb biladi. Buning uchun metallga bo`lgan ehtiyojni sezgan Toshkent hokimi o`z tog`-kon sanoatini yo`lga qo`yishni rejalagan edi. Ammo bu reja amalga oshmadi. Masalaning salbiy tomoni shundaki, Toshkent hokimi Janubdagi o`ziga yon qo`shni va qardosh davlatlar Qo`qon xonligi va Buxoro amirligi havfidan shubhalandiyu, shimoldagi yanada daxshatliroq ajdar komiga yem bo`lish havfiga yetarli darajada baho beraolmadi. Natijada elchi-muhandis qiyofasida Toshkentga tashrif buyurgan ayg`oqchilar Toshkent va uning atrof-joylari to`g`risida g`oyatda zarur ma`lumotlarni qo`lga kiritdilar. Bu ma`lumotlar o`lkamiz taqdiri uchun g`oyatdaachinarli oqibatlar keltirgani ma`lum.
Yunusxo`janing tashqi siyosatida Qo’qo`n xonligi alohida o`rin egallaydi. XVIII asrning 80 yillarida Qo`qon xoni Norbo`tabiy o`z davlati hududlarini kengaytira borib, Xo`jand, O`ratepa va Jizzaxni o`ziga qaratish uchun urush harakatlarini olib bordi. Albatta Toshkent Qo`qonga qarshi kuchlar tomonida bo`ladi. Natijada 1794 yilda Qo`qon xoni Norbo`tabiy Toshkentni bosib olish niyatida urush harakatlarini boshlab yubordi. Biroq Chirchiq daryosi bo`yidagi jangda Yunusxo`ja qo`shinlari unga qaqshatg`ich zarba beradilar. Sirdaryoning o`ng qirg`og`idagi yerlar Toshkentga qo`shib olinadi. 1799 yilda Qo`qon qo`shinlari Toshkentga yana hujum uyushtiradi va Chirchiq daryosidan o`tadi. Qorasuv arig`i bo`yida har ikkala tomon o`rtasida qattiq jang bo`ladi. Bu jangda Yunusxo`ja yana o`z raqibini mag`lubiyatga uchratadi va Qo`qon lashkarboshisi Xonxojani, 70 nafar nufuzli harbiylar vaaskarlarni asir qilib oladi.
Yunusxo'ja Qo`qon xonligi ustidan ikki marta g`alaba qozonganligiga mahliyo bo`lib, endi uning o`zi harbiy tashabbus ko`rsatib Qo`qonga qarshi yurish qilishga zo`r tayyorgarlikni boshlab yuboradi.
Bu paytda Qo`qon taxtiga Norbo`tabiyning o`g`li Olimxon kelgan edi. U O`ratepa, Jizzax va Xo`jandni Buxoro amirligidan tortib olib xonlikning hududlarini ancha kengaytirgan edi. Shu boisdan mahalliy ulamolar Yunusxo`jaga Qo`qonga qarshi harakat qilmaslikni maslahat berdilar. Ammo Yunusxo`jaga bu maslahat kor qilmaydi. U 1800 yilda 7-8 ming kishilik qo`shin bilan yo`lga chiqadi va Qo`qonga yaqin bo`lgan «Pungon» degan joyga keladi. Bundan xabar topgan Qo`qon xoni Olimxon Yunusxo`jaga nopisandlik bildirib «o`zidan past kishi bilan teng kelish»ni or bilib unga qarshi («G’urum») «Haramsaroy» mavzyeining hokimi So`fi Alixo`ja Mirasad boshchiligida qo`shin jo`natadi. Bu jangda Yunusxo`jaaskarlari talofotga uchrab yengiladi. Qo`qonliklar Yunusxo`ja kuchlarini quvlab Toshkent davlat hududiga qarashli «Kryauchi» qal`asini egallaydilar. Shundan so’ng Qurama mavzei Qo’qon xonligi qo’li ostiga o’tadi.
Yunusxo`ja biroz vaqt o`tgach dardga chalinib vafot etadi. Uning o`rniga Sultonxo`ja taxtga o`tiradi. Yunusxo`ja vafotidan xabar topgan Olimxon ukasi Umarxon boshchiligida Toshkentga qo`shin jo`natadi. Toshkent va uning atrofidagi yerlar 1805 yilda Qo`qon xonligi tomonidan bosib olinadi. 1809 yilga qadar Chimkent, Sayram, Turkiston hududlari ham harbiy kuch vositasi bilan Qo`qon xonligiga qo`shib olindi. Olimxonning markazlashgan davlatni barpo etish yo`lidagi qattiq qo`l siyosati ba`zi bir bek va biylarning noroziliklariga sabab bo`ladi. Ular xonga qarshi fitna uyushtirdilar. Olimxon o`ldi deb mish-mish tarqatishdi va ukasi Umarxonni Qo`qon xoni deb e`lon qilishdi. Olimxon bundan xabar topib Qo`qonga shoshiladi. Ammo yo`lda otib o`ldiriladi.
Toshkentning qo`lga kiritilishi Qo`qon xonligining kuch-qudratini va saloxiyatini oshirish uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Chunki u mintaqaning eng yirik shahari edi. Undan boshlab taxt egalariga odatdagidek «biy» emas, balki «xon» unvoni beriladigan bo`ladi. Ayrim mahalliy manbalarga ko`ra, Olimxon nihoyatda qattiqqo`l va shafqatsiz kishi hisoblangan. «Bu Olimxonning laqabi,-deyiladi manbada,-Zolimxon edi. U o`z amakisi Xojibekni qatl qilib ko`p zulmlar chiqargan ediki, buni g`azabindan va zulmindan zolimxon ismi mashhur edi..».1

Yüklə 0,5 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin