U foydalilik xaridor tovarni iste’mol qilishdan oladigan qoniqish ekanligini va umumiy, o‘rtacha va eng ko‘p foydalilikni farqlash kerakligini ko‘rsatgan. Bunda umumiy foydalilik - xarid qilingan qandaydir tovar yoki xizmatdan foydalanishdan olingan qoniqish, o‘rtacha foydalilik - umumiy qoniqishning iste’mol qilingan tovarlar birligiga nisbati, eng ko‘p foydalilik esa qo‘shimcha olingan tovardan olingan qoniqishning umumiy foydalilik bilan jamlanmasidir.
Avstraliyalik iqtisodchi olim Byom Baverk amalga oshirgan tadqiqotlari natijasida qaysidir bir ne’matning biror bo’lagini izchil ravishda iste’mol qilish jarayonida uning foydaliligi iste’molchi uchun kamayib borishini aniqlagan. 4.4-rasmda aks ettirilganidek, Q ne’matining uzluksiz ko‘paytirilishiga umumiy foydalilik - TU mos tushadi. Holbuki, ne’matlar soni ko'paygani sari umumiy foydalilik ortib boradi, lekin eng ko‘p foydalilik - MU va har bir qo‘shimcha ne’mat birligi bu foydalilikni kamaytiradi.
Mehnat resurslari sifatining taklifi - insonning ta’lim va malaka darajasi, fiziologik, jismoniy, ijtimoiy-psixologik xususiyatlari, ishlab chiqarish sharoitlariga moslasha olishi, kasbga yo‘naltirilganligi va mobilligi kabi shaxsiy xislatlarining jamlanmasidir. Mehnat resurslari sifatining barcha ko‘rsatkichlari yaxshilanishi ularning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytiradi, mehnat unumdorligini oshirish va sifatini yaxshilashga xizmat qiladi, milliy mehnat bozorida mehnat resurslarininng taklifi ularga talabdan yuqori bo’lganda tashqi mobillikka rag‘batlantiradi.
Mehnat intensivligining taklifi. Mehnat intensivligini oshirish mehnat unumdorligini oshirish, demakdir. Mehnat intensivligi bilan turli boshqa omillar o‘rtasidagi aloqadorlik juda murakkab bo’lib, u ish vaqti va mehnat sifati takliflariga nisbatan chuqur va batafsil tahlil qilinmagan. Mehnat bozorida taklif etiladigan mehnat intensivligi, bir tomondan, xodimning ichki motivatsiyasi va jismoniy holatiga bog‘liq, ikkinchi tomondan, qonunchilik milliy an’analar orqali tartibga solinadi.
Ma’lumki, xodim katta daromad hisobiga ko‘p tovar va xizmatlarni xarid qilishi mumkin. Daromadlarning ortishi ish haqining ham ortishini nazarda tutadi. Yuqorida bayon qilinganidek, ish haqining ortishi mehnat taklifining kamayishiga olib keladi.
Mehnat resurslari taklifining iqtisodiy mazmuni - yollanma xodim tomonidan o‘ziga tegishli va ajralmas mehnat qobiliyatini mehnat bozorida ish beruvchiga taklif qilishidir. Mehnat resurslariga taklif aniq bir shaxslar tomonidan shakllantiriladi va shuning uchun shaxsiy xususiyatga ega bo’ladi. Shu boisdan mehnat resurslarining mehnat bozoridagi oddiy taklifi alohida shaxslar mehnat qobiliyatining taklifidir (4.5 - rasm).
Mehnat resurslarining mehnat bozoridagi oddiy taklifi quyidagi xususiyatlarga ega:
- xodimlarning vaqti ikki qismga: daromad olish uchun ish vaqtiga va qolgan bo‘sh vaqtga bo’linadi;
- xodim mehnat faoliyatini amalga oshirish natijasida ish haqi stavkasi va ishlagan vaqtiga muvofiq ish haqi oladi;
- xodimning daromadi ish haqidan va boshqa mehnat faoliyati bilan bog‘liq bo’lmaganlar (ijtimoiy to‘lovlar, nafaqalar va boshqalar)dan olinadigan daromadlardan iborat;
- xodimlar daromadiga olishi mumkin ne’matlami iste’mol qiladi;
- bo‘sh ish vaqti ham ne’mat hisoblanadi, xodim bo‘sh vaqtini o‘z ehtiyojlari, qiziqishlari va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda sarflaydi;
- xodim iste’mol qiladigan ne’matlarning o‘ziga imkon qadar ko‘p foyda keltirishiga intiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, mehnat resurslarining oddiy taklifi modelini foydalilikning shaxsiy funksiyalarini imkon qadar ko‘paytirishga yo‘naltirilgan, deb aytish mumkin.
X odimlar tomonidan tashkillashtirilgan mehnat faoliyatida ishtirok etish to‘g‘risida ijobiy qaror qilishi mumkin bo’lgan eng kam ish haqi zaxira ish haqi (wr) hisoblanadi. Agar ish haqi zaxira ish haqidan kam bo’lsa, xodim uchun eng ko‘p foydalilik keltiradigan eng maqbul ish vaqti (H*) nolga teng bo’ladi, ya’ni: w < wr bo’lganida, H*=0.
Zaxira ish haqi mehnat bozorida mehnat resurslarini taklif qilishda ishtirok etmayotgan xodimlarga mehnat faoliyatiga kirishish uchun qancha pul taklif etilishi lozimligini ko‘rsatadi (4.6-rasm).
Rasmda aks ettirilgan mehnat faoliyatidan olinmagan daromadning (V) o‘zgarishi zaxira ish haqini o‘zgartiradiva xodimlarning mehnat faoliyatiga kirishish to‘g‘risida qaror qabul qilishiga ta’sir ko‘rsatadi. Mehnat faoliyatidan olinmagan daromadning ko‘payishi zaxira ish haqini oshiradi. Bo‘sh vaqt ne’mat sifatida ko‘rilishi uchun xodim umumiy daromadining ortishi dam olish qimmatini ko‘paytiradi va unga ishlamaslikka rag‘bat beradi. Rasmdagi A nuqta xodimning bo‘sh vaqtdan voz kechib, daromad topish uchun mehnat faoliyatiga kirishishga undaydigan holatni ifodalaydi.
Zaxira ish haqi ikki xil xususiyati bilan ajralib turadi. Agar uning miqdori kam bo’lsa, xodimning mehnat bozoridan ish topishi yengil bo’ladi, buning uchun kamroq vaqt talab qilinadi, chunki u kamroq ish haqiga ham ishlashga tayyor bo’ladi. Aksincha, zaxira ish haqi yuqori bo’lsa, xodim bo‘sh vaqtdan voz kechib, mehnat faoliyatiga kirishishi uchun yuqoriroq ish haqi to’lanadigan ish joyini mo’ljallaydi. Tabiiyki, bunday ish joyini topish oson emas, shu bilan birga bu ko‘p vaqt ham talab qiladi.