4.2. Mehnat resurslarining taklifi: oddiy va kengaytirilgan modellar Mehnat resurslarining taklifi - bu mehnatga layoqatli aholining ish beruvchiga o‘zining mehnat faoliyatiga qobiliyatini hayotiy ne’matlarga almashtirish maqsadidagi taklifidir.
Mehnat bozoridagi taklif yollanma xodimlar mehnat bozorida muayyan davr va muayyan ish haqiga taqdim etishi mumkin bo’lgan mehnat xizmatidir. Amalda mehnat xizmatini shu vaqtda ish qidirayotgan iqtisodiy faol fuqarolar taklif etadilar, taklifga xuddi talabga bo’lgani kabi turli tashqi: demografik, psixologik omillar, xodimlar mehnatiga haq to‘lash, aholi daromadlari darajasi, aholining mehnatga layoqatliligi va iqtisodiy faolligi, ishsizlik darajasi, o‘z ishidan norozilar soni kabi omillar ta’sir ko‘rsatadi. Quyida mehnat xizmati taklifining tarkibi keltirilgan (4.1-jadval).
Umuman, mehnat resurslarining jamlanma taklifiga tor va keng ma’noda yondashiladi. Tor ma’noda mehnat resurslarining taklifi - ish bilan band bo’lmagan va mehnat qilishni xohlayotgan mehnatga layoqatli yoshdagilarning sonidan iborat. Keng ma’noda esa mehnatga layoqatli yoshdagi hamma aholini, ya’ni jamiyatning mehnat resurslarini qamrab oladi.
Mehnat bozorida mehnat resurslarining taklifiga quyidagilar ta’sir ko‘rsatadi:
- demografik vaziyat;
- mehnatning xususiyati va mazmuni;
- mehnat resurslari bo‘shatilishining intensivligi;
- kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimining samarali amal etishi;
- mehnatga haq to‘lash tizimi;
- kapital, tovarlar va xizmatlar bozorining konyunkturasi va boshqalar.
Mehnat bozorida mehnat resurslarining taklifi va unga talab o‘rtasidagi nisbat mehnat bozorining konyunkturasi hisoblanadi. Mehnat bozoridagi konyunkturaning uch turi farqlanadi:
1) muvozanatli konyunktura - mehnat resurslariga talab va taklifning mutanosibligi;
2) mehnat taqchilligi konyunkturasi - mehnat resurslariga talabning ulaming taklifidan ortiqligi;
3) mehnatning ortiqchaligi konyunkturasi - mehnat resurslariga taklifning ularga talabidan ortiqligidir.
Har bir xodim mehnat bozorida uch narsani: ish vaqti, ish sifati va uning intensivligini taklif etadi. Ularning jamlanmasi mehnat bozorida mehnat resurslarining shaxsiy taklifini tashkil etadi.
Xodimlarning ish vaqti taklifi foydalilik nazariyasiga asoslanadi. Ushbu nazariya Avstriya maktabining eng mashhur vakillaridan biri Byom Baverk Oygen tomonidan ishlab chiqilgan.