Olmani saqlashdan oldin ular maxsus bo‘lmalarda sovitiladi. Har kuni meva ombori bo‘lmasi sig‘imining 10–15 % olma bilan to‘lg‘aziladi. Bo‘lma 7–10 kun deganda butunlay to‘lg‘aziladi. Bo‘lmalarda havo asta-sekin sovitilib 4–6S ga yetkaziladi, keyin esa nav uchun kerakli bo‘lgan harorat darajasida qoldiriladi.
Oliy va birinchi navli olmalar uzoq muddatga, ikkinchi va uchinchi navli olmalar 2–3 oy saqlashga qo‘yiladi. Ular yashik, karton quti va konteynerlarda saqlanadi. Mevalarni konteynerlarda saqlash omborning 1 m3 hajmidan samarali foydalanishni ta’minlaydi. Bunda 1 m3 foydali hajmda mevalar yashiklarda saqlanganda uning zichligi 250–300 kilogramm, konteynerlarda 400 kilogrammni tashkil qiladi.
Olmani saqlashda ularni poliyetilen kleyonkalarga joylashtirish keng qo‘llanilmoqda. Bunda sig‘imi 1–3 kilogramm poliyetilen xaltachalardan foydalaniladi. Bunday xaltachalar ichida 1,5–2 oy ichida kislorodning miqdori 14–16% ga, karbonat angidrid esa 5–7% ga yetadi.
Poliyetilen xaltachalarni omborga joylashtirgach, ularning og‘zi ikki-uch kun ochib qo‘yiladi olma sovitilgandan so‘ng ularning og‘zi yopiladi. Poliyetilen xaltachalar konteynerlarga joylashtirilgan holda omborlarga joylashtiriladi.
Olmani saqlashda poliyetilendan yasalgan konteynerlardan foydalanish yaxshi samara beradi. Bunda 600–800 kg meva sig‘adigan konteynerlar qo‘llaniladi. Poliyetilendan yasalgan konteynerlarga gaz muhitini boshqarish uchun maxsus tuynuklar qo‘yiladi.
Olma navining xilma-xilligi uni saqlashni ancha mushkullashtiradi. CHunki har bir nav uchun ma’lum saqlash tartibi talab qilinadi. Saqlash davrida olmani ko‘zdan kechirib turish kerak. Olma joylashtirilgan yashiklar har oyda bir ikki marta qarab chiqiladi. Saqlanadigan olmada nuqson bo‘lsa, ular qaytadan sortlarga ajratiladi.