Yetti yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalarda bu jarayonlar
boshqacharoq kechadi. Bola bu yoshida ancha og‘ir-vazmin bo‘lib,
jiddiylashadi. Endi yangi davr — maktab hayoti boshlanadi. Bu
davrda ota-onalar uydagi tarbiyaning maktab tarbiyasiga zid kelib
qolmasligiga alohida e’tibor berishlari kerak. Buning uchun ota-
onalar maktabga bot-bot borib, o‘qituvchilar bilan suhbatlashish-
lari, bolaning uydagi va maktabdagi xatti-harakatlarini taqqoslab
ko‘rishlari, ziddiyat paydo bo‘lsa, tezda oldini olishlari darkor. Bu
davrda bolani ruhan qo‘llab-quvvatlab, yordam berish, unga
madadkor bo‘lish, ko‘nglini ko‘tarib turish zarur, chunki yangi
hayotga — maktab hayotiga o‘rganish, yangi ko‘nikmalar hosil
qilish hamma bolalar uchun ham oson bo‘lavermaydi.
O‘n yoshdan o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarda yanada yangi
jarayonlar paydo bo‘ladi. Bolaning gap-so‘zlari, xatti-harakatlari
avvalgidan ham jiddiyroq ma’no kashf etadi. Bu davrda bola endi
maktab hayotiga to‘la moslashib olgan, bir qator mashaqqatli
soatlarni ortda qoldirgan, ancha mustaqillikka erishgan bo‘ladi. Ota-
onalar bu davrda bolada paydo bo‘layotgan yangi o‘zgarishlarga
e’tiborni qaratishlari, ya’ni jinsiy balog‘atga yetayotgani, bu esa
bolada allaqanday noxush kayfiyatlar tug‘dirayotganiga diqqatni
qaratib, unda yaxshi, go‘zal tuyg‘ularning kamol topishiga ko‘mak-
lashishlari kerak.
O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan davr bolaning
voyaga, kamolotga yetish davri hisoblanadi. Bu davrning asosiy,
alohida belgisi — bola o‘zini to‘la mustaqil tutishga harakat qilishidir.
Endi u odamlardan o‘ziga nisbatan kattalardek munosabatda
bo‘lishlarini, uning fikr-mulohaza va rejalari bilan hisoblashishlarini
istaydi. Bu davrda ota-onalar bilan bolalar o‘rtasida ba’zi masalalar
yuzasidan jiddiy ziddiyatlar chiqib turadi. Bunday vaqtda eng
muhimi, ota-onalar: „Bolamiz biz nima desak, hammasini so‘zsiz
bajaradi“, degan xayoldan voz kechib, uning yurak dardlarini
tinglashlari, bola haq bo‘lsa, unga yon bosishlari kerak.
Yana shuni unutmaslik lozimki, tarbiyada har bir bolaning
xulq-atvoriga qarab alohida muomala, munosabat, e’tibor zarur.
Bunda uning yoshi, aql-farosati, jinsi, ruhiy alomatlari, jismoniy
kuch-quvvati, hamma-hammasini hisobga olish kerak bo‘ladi. „U
hali bola-ku, bolaga bo‘laveradi“, „Hammasiga keyin o‘zi o‘rganib
ketadi“ kabi zararli fikrlarni yig‘ishtirib qo‘yib, bola boshdanoq
aqli rasolik bilan tarbiyalab borilishi kerak. Katta bo‘lgandan so‘ng
odamlarning hurmatiga loyiq bo‘lib, o‘zi tanlagan sohasida jamiyat
uchun foydali ish ko‘rsata olishi, oilasiga g‘amxo‘r ota-ona
bo‘lishi — bularning barchasi komil tarbiyaning shirin mevasidir.
Har bir ota-ona bolaning yoshini, shu davrdagi holatini
yaxshiroq tushunish uchun o‘zini bola o‘rniga qo‘yib ko‘rishi zarur.
Shunda bolaning injiqligi, talabi ravshan ko‘rinadi qoladi. Bolaning
ko‘ngli va holatiga tushunish oson emas, ammo u o‘z o‘rnida joiz.
Bolaning ruhiy olami — sirli bir dunyo. Bu olamga kirishimiz,
bolaning hayajonlari, iztiroblari, quvonchlari, o‘y-xayollari, his-
tuyg‘ularini o‘zimizda sinab ko‘rib munosabatda bo‘lishimiz
bolalarni tushunishda bosh mezon bo‘lib xizmat qiladi. Ota-ona
obro‘si tarbiyada hal qiluvchi omillardan biri hisoblanadi.
Farzandlarning ota-onaga so‘zsiz itoat qilishi ko‘p jihatdan ota
yoki onaning oiladagi obro‘siga ham bog‘liq. Ba’zi ota-onalar, bolam
menga hecham quloq solmaydi, tarbiyasi buzilgan, deb shikoyat
qilishadi. Ochiq aytish kerakki, bolalarni gapga quloq solmasligi
ota-onalarning obro‘yi yo‘qligini, yana ham to‘g‘rirog‘i obro‘larini
yo‘qotib qo‘yganliklarini ko‘rsatuvchi belgidir.
Xo‘sh, ota-onalarning obro‘yi nima va u oilada qanday saqla-
nishi lozim?Ota-onaning butun hayoti: odob-u xulqi, odamlar o‘rtasidagi
mavqeyi, ijtimoiy burchiga bo‘lgan munosabati, mehnatsevarligi. (o‘z ota-onasi oldidagi farzandlik burchini qay darajada o‘taganligi),
oilasi haqida qayg‘urish, bolajonligi, pok vijdonli bo‘lishi, odamlarga
mehribon va jonkuyarligi kabilar ular qozonadigan obro‘ning
asosiy omillari hisoblanadi.Ota-onalar bolalar uchun eng mo‘tabar, aziz-u mukarramkishilardirlar, shu bois bolalar ota-onalariga o‘xshash uchun doimo
havas bilan taqlid qilib yashaydilar. Shu tufayli ota-onalar hamma
vaqt, har jihatdan bolalarga ibrat bo‘lishlari shart. Oilada bolalar
bilan ota-onalarning o‘zaro munosabatlari, ularning bir-birlarini
hurmatlashlari va bir-birlariga ishonishlari asosiga quriladi. Odatda,
bolalar o‘zlarining hamma ishlarida ota-onalarini o‘zlariga eng yaqin
maslahatchilari deb biladilar. Qiyinchiliklarga duch kelganlarida
ham, eng og‘ir muammoni hal etishda ham eng birinchi yordamchi
ulardir. Bola uchun haqiqiy do‘st ham, shodliklari va tashvishlarini
baham ko‘ruvchi aziz insonlar ham ota-onadir.
Yosh bolaning kattalarga taqlidchan va itoatkor bo‘lishi tabiiy
bir hol. Kattalar nima bajarsa, u ham darrov shuni bajaradi. Nimani
buyursa, ijro qiladi. Ulg‘aygan sari bolaning aqli ko‘p narsalarga
yetadigan bo‘lib qoladi, endi u ba’zi masalalarda kattalar fikri bilan
kelisha olmaydi, o‘z aytganida oyoq tirab turib oladi. Ko‘pincha,
kattalar bunday holda boladagi bu o‘zgarishni odobsizlik, o‘jarlik,
o‘zboshimchalikka yo‘yib, uni nohaq jazolashga urinadilar, bu
haqsizlik bola qalbini jarohatlaydi, natijada ota-ona bu haqsizligi bilan
o‘z obro‘yiga putur yetkazadi. Yuqorida aytilgan fikrni yana bir bor
ta’kidlash o‘rinliki, bolani tushunmaslik, tarbiyada uning yoshi
va xulq-atvoridagi yuz berayotgan o‘zgarishlarni e’tiborga olmaslik,
oxir-oqibat ota-ona va bolalar o‘rtasidagi mehr-muhabbat,
ishonchni yo‘qotishga olib keladi.Shuni unutmaslik kerakki, tarbiyada mayda-chuyda degan narsabo‘lmaydi, u o‘z o‘rnida juda muhim bo‘lishi mumkin. „Bolanifaqat u bilan gaplashganda, nasihat qilganda yoki unga biror narsa
buyurgandagina tarbiyalayman, deb o‘ylamang“, degan edi
tarbiyashunos olimlardan biri. „Siz bolani turmushingizning har
bir lahzasida, hattoki o‘zingiz uyda yo‘qligingizda ham tarbiyalaysiz.
Sizning qanday kiyinishingiz, boshqalar bilan va boshqalar haqida
qanday gaplashishingiz, xursand bo‘lishingiz yoki tashvishla-
nishingiz, do‘st va dushmaningiz bilan qanday muomala qilishingiz,
gazeta o‘qishingiz — bular hammasi bola uchun katta ahamiyatga
ega“ deganda u haqli edi.
Ma’lumki, katta-kichik oilada bola ota-onadan tashqari, uyidagi
boshqa oila a’zolarining ta’sirida ham tarbiyalanadi. Kattalar o‘z
tashvishlari bilan bo‘lib ketib, ba’zi noo‘rin xatti-harakatlari bilan
salbiy yoki ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganlarini sezmay qolishadi. Chu-
nonchi, bola doimo kattalarning baqir-chaqirlarini eshitaversa,
darg‘azab yuzlarni ko‘raversa, bu hol asablariga ta’sir etib, u
ham yomon fe’l-atvorli, jahldor bo‘lib o‘sadi. Agar oila a’zolari
o‘zaro xushmuomalada bo‘lsalar, chehralaridan doim bir-birlariga
mehribonlik va ahillik balqib tursa, bola ulardan zavq olib
xushchaqchaq, odamoxun bo‘lib o‘sadi.
Ota-ona o‘z bolalari oldida hech bir obro‘ga ega bo‘lmagan
hollar ham uchrab turadi. Bunday ota-onalar bolaning har qanday
injiqligini darrov bajaruvchi, o‘z talablariga mantiqsiz yonda-
shuvchi, bolaga bugun bir narsa qilishga ruxsat berib, ertasi xuddi
shu narsa uchun jazolovchi ota-onalardir, desak yanglishmagan
bo‘lamiz. Haqiqiy ota-onalik obro‘yini bolani qo‘rqituvchi qattiq-
qo‘llik bilan ham, uning hamma narsani qilishga yo‘l qo‘yadigan,
har qanday sho‘xligini kechiradigan muloyimlik va marhamatlilik
bilan ham qo‘lga kiritib bo‘lmaydi. „Chinakam obro‘yingiz fuqarolik
faoliyatingizga, fuqarolik tuyg‘ularingizga, bola hayotini bilishin-
gizga, sizning unga beradigan yordamingiz va uning tarbiyasi uchun
o‘zingizni javobgar deb bilishingizga asoslanadi“, deb uqtiradi
allomalardan biri.Ota-onaning obro‘yi baland bo‘lgan oilalarda bolalar hamma
yumush-talablarni so‘zsiz bajaradilar, ko‘rsatmalarga bajon-u dil
bo‘ysunadilar. Agar bolalar o‘z ota-onalarini chindan hurmat qilsa-
lar, doimo ularning gapidan chiqmaydigan bo‘lishadi. Istak va
talablariga quloq solishadi. Har bir narsada ular bilan maslahat-
lashib ish tutishadi. Bu, o‘z navbatida bolalarni xato qilishdan
asraydi.
Oila tarbiyasidagi muvaffaqiyatlarning hal qiluvchi omillaridan
yana biri, ota-onalarning Vatan oldidagi o‘z fuqarolik burchlarini
faol, izchil va to‘la, ongli ravishda bajarishlaridadir.
Oilada ota-onaning obro‘yi saqlanishida so‘z bilan ish birligi
ham muhim o‘rin tutadi. Bolalarning o‘qishi, dam olishi, oilaviy
yumushlarga yordamlashishi va hokazolarni muayyan tartibga solib,
unga amal qilishini talab etishda, avvalo, ota-onaning o‘zi ham
bu tartibga amal qilib, namuna ko‘rsatishi kerak. Chunki, oqilona
tuzilgan kun tartibi to‘g‘ri tarbiya vositasidir. Kun tartibi bolanitartib-intizomga o‘rgatadi, kuchi va vaqtini tejaydi, topshiriqlarni
o‘z vaqtida puxta, aniq bajarishga, jamoat orasida o‘zini tutishga
o‘rgatadi, odatlantiradi. Bola hayotining muayyan tarzda tashkil
etilishi, mehnat bilan dam olishining to‘g‘ri almashinib turishini
ta’minlaydi. Kun tartibi bolaning sog‘lom-tetik o‘sishiga hamda
aqliy jihatdan to‘g‘ri rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Rejimga
o‘rgangan bola har bir ishni o‘z vaqtida qilishga intiladi. Vaqtida
mehnat qilib, vaqtida dam oladi. Sevgan mashg‘uloti bilan
shug‘ullanishga ham payt topadi. Uy yumushlarida dastyor bo‘lishga
odatlanadi. Oqibatda bola batartiblikka, saranjom-sarishtalikka,
xush odobga o‘rganadi. Bunday bola hamisha ruhan tetik, maqsadga
intiluvchan, serzavq bo‘ladi. Shuning uchun ota-ona bolani yoshlik
chog‘idanoq vaqtdan to‘g‘ri foydalana olish, har bir ishni o‘z
muddatida, ma’lum tartibda bajarishga odatlantirishi kerak.
Ota-onalar bolaning o‘qishi bilan, odob-axloqi bilan qiziqish-
lari, maktab va o‘qituvchining o‘quvchiga talablarini, maslahat va
topshiriqlarini jiddiy kuzatib borsalar, ayni muddao bo‘ladi. Bu
esa bolaning yaxshi o‘qishi va intizomli bo‘lishida muhim ahamiyat
kasbetadi.
Aks holda, ya’ni bolaning dars tayyorlashi va yurish-turishi
o‘z ixtiyoriga tashlab qo‘yilsa, u vaqtda bola dars tayyorlamay,
kunni bekor o‘tkazib, kech qiladi. Shuning uchun bolaning o‘z
vaqtida dars tayyorlashini nazorat qilish ota-ona, qolaversa har
bir oila a’zosining burchidir.
Zotan, tarbiya ishi maktab bilan oila hamda jamoatchilik
hamkorligida amalga oshiriladigan murakkab, mas’uliyatli va sharafli
vazifadir. Bu vazifaning to‘g‘ri bajarilishi ota-onalarni ham,
maktabni ham, jamoatchilikni ham xushnud etadi, bundan kela-
digan tarbiya samarasi har tomonlama manfaatli bo‘ladi, shuni
nazarda tutib, ota-ona farzandining o‘qituvchisini ustoz bilib, u
bilan tarbiyada bamaslahat ish tutishi, o‘z navbatida, o‘qituvchi
ham o‘quvchisining ota-onasini g‘oyat samimiy va hurmat bilan
qalbiga yaqin tutishi kerak, shunda aloqa mustahkam bo‘ladi.
Odatda, o‘qituvchilar ko‘pincha ota-onalar bilan faqat maxsus
yig‘ilishlardagina, ya’ni yilda uch-to‘rt marta o‘tkaziladigan „ota-
onalar majlisi“da ko‘rishib, „rasmiy“ gaplar bilan chegaralanadilar.
Iqror bo‘lish lozimki, bunday „sovuq“ tadbir ko‘zlangan
maqsadni bermaydi, ota-ona va o‘qituvchi o‘rtasida iliqlik uyg‘ot-
maydi. Shunday holatlar ro‘y bermasligi uchun o‘qituvchi imkon
topib har bir ota-ona bilan yaqindan munosabatda bo‘lishi, o‘zaro
maqsadlari birligini yaxshilab tushuntirishi zarur.
O‘qituvchi o‘quvchisining uyiga qarindoshidek kirib borishi
ayni muddao. Ba’zida o‘quvchining uyiga o‘qituvchi birinchi marta
borganida ota-onalar yaxshi kutib olmasliklari mumkin. Ko‘pincha,
bu holat xulqi yomon, o‘zlashtirishi past bo‘lgan o‘quvchilarning
oilasida yuz berishi mumkin. Shunga qaramay, o‘qituvchi bunday
vaziyatga tayyor turishi va uchrashuvga alohida tayyorgarlik ko‘rishi
lozim. Bunda o‘qituvchi o‘quvchining dars tayyorlaydigan xonasi,
uyidagi xo‘jalik ishlariga ishtiroki, kattalarga hurmat munosabati,
ukalariga mehribonligi, nimalarga ko‘proq qiziqishi, kun tartibi
singarilar bilan qiziqishi kerak. Agar ota-ona o‘qituvchining bunday
savollariga qoniqarli javob qaytarishni istamasa, bu holatga
qaramay, o‘qituvchi bolaning yaxshi o‘qishi, tartib-intizomli
bo‘lishi uchun ular nimalarga e’tibor qaratishlari haqida do‘stona
maslahatlar berishga urinib ko‘rsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.
O‘qituvchi keyingi uchrashuvda ota-onaga o‘quvchi haqida (unda
jiddiy ijobiy o‘zgarish yuz bermagan bo‘lsa-da), bolada ijobiy
tomonlar, yaxshi xislatlar paydo bo‘layotganini gapirishi kerak.
Bunday gapdan ota-ona xursand bo‘lishi va ular orasida munosabat
iliqlashishi va qadrdonlik paydo bo‘lishi mumkin.
O‘qituvchi bilan ota-onalar o‘rtasidagi munosabat kutilgandek
bo‘lishi qanchalik qiyin kechmasin, bunga erishish yo‘llarini
topish lozim.
Oilada bola tarbiyasiga salbiy ta’sir qiladigan omillar, ko‘pincha
ota-onalarning bolani, uning ruhiyatini tushunmay muomala
qilishlaridan, pedagogik bilimlari yetarli emasligidan, shaxs
rivojlanishi qonunlariga e’tiborsizliklaridan kelib chiqadi. Hamkorlik
ishida maktab bo‘yicha o‘tkaziladigan umumiy yig‘ilishlar bilan
bir qatorda, ayrim sinf majlislarining ham alohida o‘rni bor.
Bolalarining qanaqa tarbiya olishlari u tarbiyalanayotgan
muhitga bog‘liq. Shunday ekan, yoshlik — beboshlik bo‘lishi ham,
yoshlik — nodonlikning boshlanishi bo‘lishi ham bolalarga
berilayotgan tarbiyaga va bolalarning tarbiya topishiga bog‘liq. Ona
O‘zbekistonimiz mustaqillikka erishgach, maorifimiz oldida birinchi
navbatda yangi insonni tarbiyalashdek g‘oyat muhim vazifa
ko‘ndalang bo‘ldi.Yangi inson — ona O‘zbekistonning chinakam sohibi, china-
kam ishbilarmoni, chinakam yetuk fuqarosi, bir so‘z bilan aytganda,
komil inson bo‘lishi kerak. Ustoz-murabbiylar shunday komil
insonni tarbiyalashni oliy burch deb biladilar.