Qadimgi Sug‘diyona
Ilk temir davri O‘rta Osiyo ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotida muhim o‘rin egallagan Sug‘diyona o‘lkasi turli qadimgi manbalarda So‘g‘da, So‘g‘uda, So‘g‘diyona nomlari ostida eslatib o‘tiladi. Bu nomlarning kelib chiqishi va ularning ma'nosi haqida hozirchi aniq fikr yo‘q. Ayrim tadqiqotchilar (V.Tomashek) bu nomni eroncha “SUS” – “yonmoq, yaltiramoq, nur taratmoq” so‘zidan olingan desa, ayrimlari (O.Smirnova) bu so‘z “hosildor vohalar o‘lkasi” degan ma'noni beradi deb hisoblaydilar. Avestoning Yasht kitobida tilga olingan “So‘g‘d makoni Gava” – So‘g‘diyonaning eng qadimgi viloyati bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra (A.Sagdullaev), Gava (Gau) – “buqa”, “poda”, Qashqadaryo vohasi bilan bog‘lanadi. Bu so‘z viloyatning juda ko‘p geografik nomlarida takrorlanib saqlangan (Gavdara, Gauxona, Gaumurda, tog‘lar Gau, cho‘qqi Gau va boshqalar).
Hozirgi Qashqadaryo va Zarafshon vohalarini (Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqardaryo viloyatlari, Tojikistonning Panjikent atroflari) o‘z ichiga oluvchi Qadimgi So‘g‘diyona va so‘g‘diylar haqida ilk yozma manbalarda ma'lumotlar deyarli kam. Avestoda viloyatlarning nomi ikki xilda ko‘rsatilgan – Gava So‘g‘da va alohida So‘g‘da. Gerodot esa so‘g‘diylarni ikki marotaba – Ahamoniylar davlatining XVI satrap o‘lkasidagi xalqlarni sanab o‘tganda va forslarning qo‘shinlari safida jangchi – so‘g‘diylarning o‘rnini ko‘rsatib berganda tilgan olgan. Ammo tarixchi So‘g‘d shaharlari, daryolari, tog‘lari, hududiy chegaralari haqida bizga hech qanday ma'lumotlar qoldirmagan. Ahamoniylar mIXxatlari So‘g‘diyona haqida asosan rasmiy darajada e'lon qiladilar va turli xil tarixiy muammolarni o‘rganishda ulardan foydalanish og‘ir kechadi. Gekatey, Ktesiy va Ksenofont asarlarida so‘g‘diylar haqida ma'lumotlar yo‘q.
Aleksandr Makedonskiy davri va so‘nggi yunon-rim tarixshunoslari asarlarida tarixiy- geografik ma'lumotlar ancha keng berilgan. So‘g‘diyonadagi alohida joylarda, viloyatlar, qal'alar – Nautaka, Ksenippa, Maroqanda, Bagi, Basileya – “podsho shahri”, Politemet-Zarafshon, “Oksiart, So‘g‘d qoyasi” va boshqa xabarlar shular jumlasidandir.
Bu ma'lumotlar asosida turli fikrlarga ega bo‘lish mumkin. Dastavval, mill. avv. IV asrga kelib, sug‘diylarning hududiy joylashuvi, ularning yashash uchun foydalangan asosiy yerlarining chegaralari, daryo vohalari va viloyatlari aniqroq ko‘rinadi. Ammo, bu jarayonning tarixiy an'analari – sug‘diylarning yoyilishi, o‘troq vohalarining paydo bo‘lishi va shu joylarda yirik shahar markazlariga asos solinishi yanada qadimgi davrlarga borib taqaladi.
Ilk temir davri Sug‘diyonada, alohida hududiy tartib guruhida bo‘lib markaz vazifasini bajargan bir necha manzilgohlar turlari mavjud edi. Bular maydoni 5 gektardan 15 gektargacha bo‘lib, tuman – voha markazi vazifasini bajaruvchi markazlar – Daratepa, Konimex, Chordara;
maydoni 20 gektardan 80 gektargacha bo‘lgan viloyat markazlari vazifasini bajarishi mumkin bo‘lgan shaharlar – Uzunqir, Yerqurg‘on, Xo‘ja Bo‘ston; bir necha viloyatlar markazi vazifasini bajaruvchi shaharlar – Afrosiyob (Maroqanda) va Buxoro kabilardir.
Arxeologik ma'lumotlarga qaraganda, hunarmandchilik muassasalari yirik manzilgohlar ichida markazlashib boradi. Bu manzarani Afrosiyob topilmalari tasdiqlaydi. Bunday manzilgohlar asta – sekinlik bilan hunarmandchilik, savdo va madaniy markazlarga aylanib boradi. Bu jarayonda qadimgi yo‘llar nihoyatda katta ahamiyatga ega bo‘lganligini ta'kidlab o‘tishimiz joizdir. Afrosiyob, Uzunqir, Yerqurg‘on kabi ko‘hna shaharlar O‘rta Osiyo shimoliy dasht hududlardan keluvchi yo‘llar ustida joylashgan.
Tadqiqotchi Sh.Odilovning Sug‘diyonada, xususan Buxoro va Zarafshon vohalarida topib tekshirilgan ilk temir davriga oid arxeologik ma'lumotlarni boshqa hududlar bilan solishtirib chuqur tahlili etadi. Buxoro hududlaridan topilgan “ahamoniylar davri” yodgorliklari uncha katta bo‘lmagan hududlarda joylashgan bo‘lib, bu yerlarning keng hududlarga yoyilgan etno-madaniy viloyat tarkibiga kiritish lozimki, ilk temir davrida bu hududlarda tashqi ko‘rinishi bir xil bo‘lgan dehqonchilik madaniyati shakllanadi. Bu etno-madaniy viloyat dastavval Amudaryo vohasi (Xorazm, Marg‘iyona, Baqtriya), Janubiy So‘g‘d, markaziy So‘g‘dning bir qismi, Buxoro So‘g‘dining shimoli – g‘arbiy va shimoliy – sharqiy hududlari, shuningdek, Ustrushona kabi tarixiy viloyatlarini o‘z ichiga olgan.
Qadimgi Baqtriya hududlaridan ko‘chib borish bevosita Amudaryo, Surxon, Qashqadaryo suv havzalari va ularning irmoqlari orqali bo‘lib o‘tgan. So‘nggi bronza davridayoq Qashqadaryo yuqori oqimlarida mavjud bo‘lgan madaniyat sohiblari tog‘lar orqali Markaziy So‘g‘d (Samarqand) hududlariga yetib keladilar. Zarafshon vohasiga kelsak, Sh.Odilovning fikricha, Markaziy So‘g‘dning kattagina, qismi (bir tomondan Afrosiyob qo‘hna shahri atroflari va Ko‘ktepa, ikkinchi tomondan, Sarmishsoy va Konimex yodgorliklarigacha) so‘nggi bronza va “ahamoniylar davri”da (mil. avv. IV asrning boshlarigacha) umuman o‘zlashtirilmagan edi. Ammo, bizning fikrimizcha, aynan mana shu davrda Janubiy So‘g‘dning kattagina qismi o‘troq dehqonchilik aholisi tomonidan egallanib, daryo vohalari va tekisliklar xaydama dehqonchilik aholisi tomonidan o‘zlashtirilib, bu hududlar haydama dehqonchilikka ixtisoslashgan edi. Qo‘shni Qadimgi Baqtriyaning kattagina hududlarida ham aynan mana shu jarayonni kuzatishimiz mumkin.
Eng so‘nggi arxeologik tadqiqotlar natijalarini tahlil etar ekanmiz, Qiziltepa (Surxondaryo), Yoztepa (Turkmaniston), Uzunqir, Yerqo‘rg‘on (Qashqadaryo), Afrosiyob, Ko‘ktepa (Samarqand) kabi ko‘hna shahar va manzilgohlar sopol buyumlari va qurilish usullari bir-biriga nihoyatda o‘hshash ekanligining guvohi bo‘lamiz. Ammo, Yerqo‘rg‘on, Kuchuktepa, Qiziltepa, Yoztepadan topilgan mil. avv. IX-VII asrlarga oid buyumlarga o‘xshash buyumlar Xorazm hududlaridan shu paytga qadar topilmagan.
Demak, qurilish usullari va moddiy madaniyatdagi o‘zaro o‘xshashlik, mil. avv. I ming yillikning boshlari Baqtriya, Marg‘iyona va Sug‘diyona hududlari o‘rtasida xech bo‘lmaganda etnik tarixiy – madaniy birlik mavjud bo‘lganligidan dalolat berib, bu o‘xshashlik savdo-sotiq munosabatlari, o‘zaro almashinuv va qadimgi savdo-tranzit yo‘llariga ham bog‘liq edi. Mil. avv. VI asrga kelib esa, Xorazm mustaqil davlat sifatida tashkil topadi. Bu o‘rinda shuni ta'kidlash joizki, o‘zaro almashinuvda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Xorazmdagi ilk temir davri savdo- tranzit yo‘llari voha ichidagi ichki yoki ikkinchi darajadagi yo‘llar vazifasini o‘tar edi. Asosiy savdo yo‘llari esa Baqtriyadan Janubiy So‘g‘d (Qashqadaryo), Markaziy Sug‘d (Samarqand) orqali Toshkent vohasi va Farg‘ona vodiysiga o‘tib ketardi.
Arxeologik tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, sug‘orma dehqonchilikning rivojlanishi va ixtisoslashgan hunarmandchilik natijasida bronza davridayoq O‘rta Osiyo hududlarida ijtimoiy tabaqalanish va mulkiy tengsizlik paydo bo‘ladi. Bu jarayon faqat ichki sabablarga bog‘liq bo‘lmay, Yaqin Sharqdagi yuqori darajada rivojlangan an'anaviy tarixiy-madaniy aloqalarga ham bog‘liq edi. Har bir jamoaning rivojlanishi uning ichki qonuniyatlaridan kelib chiqsa ham, dastlabki markazlardan bo‘ladigan tashqi ta'sir chetdagi viloyatlarning taqdirida katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin edi.
O‘zbekiston hududlaridan olingan yangi arxeologik ma'lumotlar ilk davlat uyushmalari paydo bo‘lishini yanadi kengroq izohlash imkonini yaratadi. Bu ma'lumotlarga qaraganda, ilk temir davri umumiy jamoalardagi asosiy ishlab chiqaruvchi kuchlarni bir necha kichik oiladan iborat uy jamoalari tashkil etgan. Manzilgohlar joylashuvining tashqi belgilariyoq katta oilali uy jamoalari ancha yirik uyushmalarga kirganligidan dalolat beradi. Boshqaruv tartibida katta oilalar jamoasi boshliqlari yoki uy hujayinlari, shuningdek, alohida qishloq qo‘rg‘onlarini boshqaruvchi eski jamoalar katta o‘rin tutgan. Har bir katta oila mumkin bo‘lgan qarindoshlik aloqalariga qaramasdan alohida uyga, ishlab chiqarish buyumlariga ega bo‘lishgan, o‘zining qishloq hujalik mahsulotlari zahiralari va chorvalari bo‘lgan yoki o‘zining iqtisodiy jihatdan ta'minlay oladigan xo‘jalikni aks ettirgan.
Olib borilgan tadqiqotlar natijalarini solishtirib va umumlashtirib shunday xulosaga kelish mumkinki, Sug‘diyona hududlariga odamlar eng qadimgi davrlardayoq kirib kelib, tog‘oldi hududlari, daryo vohalari, keyinchalik esa, dasht hududlariga tarqaladilar. Bu hududlarda mavjud bo‘lgan qulay tabiiy sharoit – ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotning rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratgan.
Mil.avv. VI asrning o‘rtalariga kelib shafqatsiz kurashlar natijasida Midiya podsholigi o‘rnida Ahamoniylar davlati tashkil topadi. Ko‘pchilik ilmiy – tarixiy adabiyotlarda Kir II Ahamoniylar davlatining asoschisi sifatida e'tirof etiladi. Ahamoniylarning Kir II, Kambiz, Doro I, Kserks kabi hukmdorlari qadimgi Sharqdagi juda ko‘plab mamlakatlar ustidan o‘z hokimiyatini o‘rnatishni rejalashtirilganlar va shunday siyosat olib borganlar. Qadimgi dunyo mualliflari Gerodot, Ksenofont, Ktesiy, Yustin kabilarning ma'lumotlaridan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, Kir II mil.avv. 545-539 yillarda Sharqiy Eron va O‘rta Osiyo viloyatlarini bosib oladi. Doro I davrida (mil.avv. 522-486 yy. ) Ahamoniylar sulolasi Hind vodiysidan O‘rta Yer dengiziga qadar bo‘lgan keng hududga o‘z hukmronligini o‘rnatgan. Juda ko‘p sonli davlatlar, viloyatlar, shaharlar va xalqlarni birlashtirgan Ahamoniylar saltanati tarixda birinchi yirik dunyo davlati hisoblanadi.
Mil. avv. VI asrning o‘rtalarida Kir II o‘zining sodiq lashkarboshlaridan biri bo‘lgan Garpagga Kichik Osiyodagi shahar-davlatlarni bosib olishni buyuradi. O‘zi esa O‘rta Osiyo hududidagi viloyatlarni (Baqtriya, Xorazm, So‘g‘diyona, Marg‘iyona va boshq.) bosib olishiga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Gerodot Kir II ning massagetlarga qarshi yurishi haqida so‘zlar ekan, bu yurishlarning ko‘pchiligi haqida to‘xtalmasdan, faqat forslarni tashvishga solgan yurishlar haqida eslatib o‘tadi. Tarixchining ma'lumot berishicha, Garpag Kichik Osiyo shaharlarini birin- ketin bosib olguncha Kir II butun Osiyo xalqlarini bo‘ysundiradi va shundan keyingina Bobilga yurish boshlaydi.
Tarixiy manbalarning ma'lumot berishicha, O‘rta Osiyo xalqlari ahmoniylar bosqiniga qarshi qattiq kurash olib borganlar. Xususan, massaget kabilalari malika To‘maris (Tomiris) boshchiligida forslarning turli hiyla-nayranglar ishlatishiga qaramasdan ularning katta qo‘shinini tor-mor etadilar. Malika To‘maris va massagetlarning harbiy mahorati tufayli bu jangda ahmoniylar hukmdori Kir II ham halok bo‘ladi. Gerodot xabar berishicha, “Bu jang varvarlar (massagetlar) ishtirok etgan janglar orasida eng dahshatlisi edi... Kamon o‘qlari tugagach, qo‘l jangi boshlanib nayza va qilich bilan kurashdilar. Qo‘shinlar jangi uzoq vaqt davom etdi. Nihoyat massagetlar g‘alaba qozondilar.” Kir II qo‘shinlarining massagetlar tomonidan tor- mor etilishi mil. avv. 530 yilga to‘g‘ri keladi.
Tarixchi Polien forslarga qarshi kurashgan Shiroq qahramonligi haqidagi afsona to‘g‘risida xabar beradi. Uning xabariga ko‘ra, sak kabilalarining vakili bo‘lgan Shiroq ismli cho‘pon hiyla yo‘li bilan forslarning katta qo‘shinlarini suvsiz sahro ichkarisiga adashtirib qo‘yadi. Shiroq ham, fors qo‘shinlari ham ochlik va tashnalikdan halok bo‘ladilar.
Mil. avv. 522 yilda ahamoniylar taxtiga Doro I o‘tiradi. U taxtga o‘tirishi bilanoq Parfiya, Marg‘iyona va “saklar o‘lkasi”da forslarga qarshi qo‘zg‘olonlar ko‘tariladi. Behistun yozuvlariga qaraganda, 522 yilning oxirida Marg‘iyonada ko‘tarilgan qo‘zg‘olonga Frada ismli kishi boshchilik qiladi. Doro I Baqtriya satrapi Dadarshish boshchiligidagi qo‘shinlarni qo‘zg‘olonchilarga qarshi jo‘natadi. Qo‘zg‘olon shavqatsizlarcha bostirilib 55 ming marg‘iyonalik halok bo‘ladi. Frada ham qo‘lga olinib qatl ettiriladi.
“Saklar o‘lkasi”dagi forslarga qarshi kurashga Skunha boshchilik qiladi. 519-518 yillarda bo‘lib o‘tgan bu kurashda saklar forslar tomonidan mag‘lubiyatga uchraydi. Saklarning ko‘pchiligi o‘ldirilib, ko‘pchiligi asir olinadi. Ularning yo‘lboshchisi Skunha asir olinib, o‘rniga boshqa yo‘lboshchi tayinlanadi. Xullas, forslar O‘rta Osiyodagi mahalliy aholining qahramonona qarshiligini qiyinchilik bilan sindirganidan keyingina bu hududlarni batamom o‘zlariga bo‘ysundirdilar.
Markaziy boshqaruv organlari. Ahamoniylar davrida davlat boshqaruvi shohlar shohi- shahanshoh qo‘lida bo‘lgan. Hokimiyat ierarxiyasida shahanshohdan keyin boy fors oilalarining boshliqlari turgan. Shahanshoh saroyida Kengash mavjud bo‘lib uning tarkibiga boy oila boshliqlari, saroy ayonlari, yuqori lavozimdagi amaldorlar va noiblar kirgan. Davlat ahamiyatiga molik muhim bo‘lgan barcha masalalar ushbu kengashda ko‘rib chiqilsada, hal qiluvchi qarorni shahanshoh qabul qilgan.
Shohlar shohidan keyingi shaxs xazarpat (mingboshi) deb atalgan. Xazarpat shahanshoh gvardiyasining boshlig‘i va davlat boshqaruvida shahanshohning bosh yordamchisi hisoblangan.
Ahamoniylar davlatining bosh ma'muriy markazi Suza shahri edi. Bu yerda shahanshoh devonxonasi joylashgan bo‘lib, barcha hujjatlar shu yerda saqlangan. Shahanshoh devonxonasi boshlig‘i dapirpat (mirzaboshi) deb atalgan. Devonxonada bosh xazinachilar, hisobchilar, qozilar, mirzalar va boshqa amaldorlar ishlaganlar.
Hududiy bo‘linish. Mil.avv. VI asrlarning o‘rtalarida tashkil topgan ulkan ahamoniylar davlati tartibiga hozirgi Eron, Afg‘oniston, O‘rta Osiyoning katta qismi, Shimoliy Hindiston, Yaqin Sharq, Kichik Osiyo, Misr kabi hududlar kirgan edi. Bu ulkan davlat ma'muriy- qaram o‘lkalar – satrapiyalarga bo‘lingan edi. Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, bu an'ana Midiya davlatidan qabul qilingan, Doro I davrida ma'muriy boshqaruvda islohotlar o‘tkazidib, butun davlat 20 ta ma'muriy- qaram satrapiyalarga bo‘linadi. Ularni satraplar (shahanshoh noiblari) boshqargan. Satrapiyalar ancha yirik bo‘lib, ayrim hollada bir necha o‘lka va viloyatlarni birlashtirgan. Masalan, Parfiya, Girkaniya, Areya, Xorasmiya va So‘g‘diyona bitta satrap tarkibiga kirgan.
Satrapiyalarning chegaralari ayrim hollarda o‘zgarib turgan. E'tibor berish lozimki, ahamoniylar davlatida satrapiyalar etnik kelib chiqishiga qarab emas, balki iqtisodiy salohiyatiga qarab tashkil etilgan. Satrapiyalar shahanshohning noibi sifatida asosan forslardan tayinlangan. Satrapiyaning ma'muriyati va boshqaruvi shahanshoh ma'muriyati va markaziy boshqaruv apparatini qisqartirilgan holda takrorlagan. Ya'ni, satrapda ikkita yordamchi, devonxona va mirzalar bo‘lgan. Bir vaqtning o‘zida satrap o‘zi noiblik qilib turgan hududda bosh qozi vazifasini ham bajargan. Ayrim hollarni istisno qilganda satrap harbiy boshliqlik vazifasini bajarmagan. Misol uchun, Doro I barcha satraplarning harbiy vazifalarini bekor qilgan va ularga faqat o‘ziga bo‘ysinuvchi harbiy boshliqlarni jo‘natgan. Satraplarning faoliyati markazdan qattiq nazorat ostiga olingan. Hattoki, shahanshoh huzuridagi amaldorlar tez-tez kelib satraplar faoliyatini tekshirib turganlar.
Qo‘shinlar. Ahmoniylar davlatida muntazam qo‘shin mavjud bo‘lib, uning asosini tarkibida o‘n ming jangchi bo‘lgan «abadiy o‘lmas» polk tashkil etgan. Qo‘shinlarning bosh qo‘mondoni shahanshoh edi. Harbiy tuzilmada keyingi o‘rinda «xazarpat»-mingboshi turgan. Ahamoniylar qo‘shinlari quyidagi qismlardan iborat bo‘lgan: 1. – «abadiy o‘lmas» polk; 2-piyoda qo‘shinlar; 3-otliq qo‘shinlar (suvoriylar); 4-satraplar qo‘shinlari; 5-yunon yollanmalari; 6- ko‘ngilli qo‘shin. Qo‘shinning qismlari 10,100,1000, 10000 kishilik harbiylardan iborat bo‘lib, har bir qismning tayinlab qo‘yilgan boshlig‘i bo‘lgan.
Butun davlat hududi 4 ta harbiy okruga bo‘lingan. Har bir okrugning harbiy boshlig‘i bo‘lib, u bevosita shahanshohga bo‘ysungan. Bo‘ysunlirilgan o‘lkalar va chegara tumanlarida harbiy garnizonlar joylashtirilgan. Harbiy boshliqlarning deyarli barchasi forslardan tayilangan.
Soliqlar va majburiyatlar. Gerodot ma'lumotlariga ko‘ra, ulkan Ahamoniylar saltanati alohida viloyatlar (o‘lkalar) – satrapiyalarga bo‘lingan bo‘lib, ularning soni 20 ta edi. Har bir satrapiya har yili ma'lum miqdorda soliq to‘lab turishi shart edi. Soliqlarning miqdori ko‘p hollarda kumush talant (talant- pul birligi, bir talant 30 kg kumushga teng bo‘lgan) bilan belgilangan. Soliqlar kelib tushishini tizimga solish uchun Doro I yagona pul tartibini joriy etadi. Bu tartibining asosini og‘irligi 8,4 g keladigan oltin darik tashkil etardi. Oltin darikni bir donasini og‘irligi 5,6 g bo‘lgan 20 ta kumush tangaga almashtirish mumkin bo‘lgan. Oltin darik faqat podsho tomonidan, kumush tangalar esa ayrim viloyatlar hukmdorlari tomonidan zarb etilgan.
Qaram o‘lkalar pul solig‘idan tashqari mahsulot bilan ham soliqlar to‘laganlar. Ushbu soliqlar hisobidan Persepolda, Suzada va Ekbatanda fors podsholarining hashamatli saroylari qad ko‘targan. Misol uchun, Suzadagi saroyni qurish haqida Doro I yozuvlarida shunday xabar beriladi: «Bu yerda ishlatilgan oltin Lidiya va Baqtriyadan keltirilgan. Ko‘k tosh «kapa-utaka» (lojuvard) va «sinkabrush» (yarim qimmatbaho tosh-serdolik) So‘g‘ddan keltirilgan. «Axshayna» toshi (feruza) Xorazmdan keltirilgan». Shuningdek, Gerodot Ahamoniylar davridagi yana bir soliq turi – sun'iy ko‘llardan dalalar uchun olinadigan suv puli haqida ham ma'lumot beradi. Tarixchining ta'kidlashicha, ko‘llarning to‘g‘onini ochgani uchun fors podshosi «odatdagi soliqdan tashqari katta pul oladi».
Ahamoniylar davlatida majburiy harbiy xizmat ham muhim ahamiyatga ega edi. Elefantin orolidagi (Misrning janubiy chegaralari yaqinida) garnizon arividan ma'lumki, bu yerda mil.avv. V asr oxirida xorazmlik jangchi Dargamon xizmat qilgan. Sak jangchilari haykalchalarining topilishi Misrdagi yirik harbiy bazalardan biri bo‘lgan forslarning Memfis garnizoni tarkibida sak otliqlari ham bo‘lganligidan guvohlik beradi. Yunonlarga qarshi chiqqan Kserks qo‘shinlari tarkibini sanab o‘tar ekan Gerodot, baqtriylar, sak-amorglar, parfiyonlar, xorazmiylar, so‘g‘diylar va saklarni ham tilga oladi.
Dehqonchilik. Sun'iy sug‘orish. Juda ko‘pchilik tadqiqotchilar O‘rta Osiyoning o‘troq vohalaridagi sug‘orish tartibida mil.avv. VI-IV asrlarda sezilarli o‘zgarishlar bo‘lib o‘tganligini
e'tirof etadilar. Bu davrda ko‘p joylardagi to‘planib qolgan suvlardan foydalaniladigan mavsumiy tabiiy sug‘orish o‘rnini keng hududlarni sug‘orish imkoniyatini beruvchi yirik magistral kanallar tartibi egallaydi. Bunday o‘zgarishlar natijasida nisbatan kengroq hududlarni o‘zlashtirish imkoniyatlari paydo bo‘ladi. O‘rta Osiyoning deyarli barcha tarixiy- madaniy viloyatlarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida o‘troq aholi tomonidan yangi yerlarning o‘zlashtirilganligi kuzatiladi.
Shimoliy Baqtriya hududlarida bu davrda Surxon va Kobadiyon vohalari keng miqyosda o‘zlashtirilib, o‘ng qirg‘oq Amudaryo irmoqlaridan magistral kanallar o‘tkaziladi. Vaxsh vohasida Bolday kanali qazilib, uning atroflarida mil.avv. V-IV asrlarga oid manzilgoh aniqlangan. Xorazm hududlarida, chap qirg‘oq Amudaryodagi Sariqamish havzasida joylashgan Ko‘zaliqir yaqinida Ahamoniylar davriga oid yirik dehqonchilik vohasi aniqlangan. Bu yerdan o‘sha davrga oid bir nechta kanallar aniqlangan.
Ta'kidlash joizki, Ahamoniy podsholari va satraplari qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga, avvalo, dehqonchilikka katta e'tibor berib turganlar. Ksenofontning xabar berishicha, «podsho o‘z mamlakatining ayrim qismlarini o‘zi aylanib chiqadi, ayrim qismlariga o‘z ishonchli odamini yuboradi. Agar hokimlar o‘zlashtirilib obod etilgan, bog‘-rog‘lar barpo etilib ekinlar ekilgan yerlarni ko‘rsatsalar ularga yana yangi yerlar qo‘shib berilib, turli mukofotlar in'om etiladi». O‘rta Osiyodagi dastlabki korizlar yer osti sug‘orish kanallari ham Ahamoniylar davrida paydo bo‘ladi. Polibiy salavkiylar hukmdori Antiox III ning Parfiya dashtlari orqali yurishini ta'riflar ekan, bu yerda sug‘orish ishlari quduqlari bo‘lgan bir nechta yer osti kanallari orqali amalga oshirilib ular «forslar davrida» bunyod etilgani haqida ma'lumot beradi.
Mil.avv. VI-IV asrlar sug‘orish inshootlari takomillashuvi bilan birga O‘rta Osiyo qishloq xo‘jaligida dehqonchilik taraqqiyotiga sezilarli turtki bergan temir buyumlardan foydalanish ham keng tarqaladi. Shimoliy Baqtriyadagi Qizilcha 6, Xorazmdagi Ding‘ilja va Ko‘zaliqir, So‘g‘diyonadagi Afrosiyob va Daratepa hamda boshqalardan topilgan temir buyumlar shu jarayondan dalolat beradi.
Bu davrda O‘rta Osiyo o‘troq tarixiy-madaniy viloyatlari xo‘jaligi doirasida chorvachilik ham taraqqiy etadi. Xo‘jalikning bu turi katta va kichik daryolar havzalari hududlarida, tog‘ va tog‘ oldilarida, dasht chegara hududlarida ayniqsa jadallik bilan rivojlanadi. Qadimgi Xorazmdagi Ko‘zaliqirdan mil.avv. VI-IV asrlarga oid hayvonlar suyaklarining topib tadqiq etilishi bu yerda xo‘jalikning asosini chorvachilik, avvalo, yirik tuyoqli hayvonlar tashkil etganligidan dalolat beradi. Persepol tasvirlarida ham ko‘pgina O‘rta Osiyo halqlari fors podsholariga soliq sifatida turli hayvonlarni yetaklab kelayotganligining tasvirlanishi ham tasodifiy hol emas.
Hunarmandchilik. Mil.avv. VI-IV asrlar O‘rta Osiyo viloyatlarida hunarmandchilik ishlab chiqarish, xususan, sopol hunarmandchiligi yuqori darajada rivojlanadi. Kulolchilik charxida tayyorlanib maxsus xumdonlarda pishirilgan sopol idishlar ko‘pchilik O‘rta Osiyo viloyatlariga xos shakllarga ega edi. Bu o‘rinda silindrsimon va silindr konussimon idishlarning keng tarqalganligini ta'kidlash joizdir. Bunday ko‘rinishdagi idishlar Baqtriyadagi Balx, Kobadiyon, Boldaytepa, Talashkan, Qiziltepa, So‘g‘diyonadigi Afrosiyob, Xo‘ja Bo‘ston, Uzunqir, Sarmish, Xorazmdagi Ko‘zaliqir, Qal'aliqir, Ding‘ilja, Marg‘iyodagi Yozdepa va Govurqal'alardan topib o‘rganilgan. Metallarni badiiy jihatdan qayta ishlash uslublari yuqori darajada bo‘lganligi haqida Amudaryo xazinasi buyumlari hamda «yovvoyi skif uslubi» ga oid yodgorliklar qimmatli ma'lumotlar beradi. Kam sonli bo‘lsa-da, hunarmandchilikning boshqa turlari – to‘qimachilik, toshga ishlov berish, suyakni qayta ishlashga oid bo‘lgan topilmalar topib o‘rganilgan.
O‘troq dehqonchilik va ko‘chmanchi chorvador turmush tarzining yonma-yon yoki birgalikda kechishi bilan bog‘liq mil.avv. I ming yillik O‘rta Osiyo uchun xos bo‘lgan mehnat taqsimoti – savdo- sotiqning rivojlanishiga olib kelgan hamda mahsulot xususiyatiga ega bo‘lgan hunarmandchilik ishlab chiqarishning rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Ko‘pgina davlatlarning ulkan Ahamoniylar saltanati tarkibiga kirishi, avvalo, tashqi savdoning taraqqiyotiga ta'sir ko‘rsatdi. Ammo, Ahamoniylar davri O‘rta Osiyoga keltirilgan yoki bu hududlardan olib chiqilgan mahsulotlar haqida juda kam ma'lumotlar saqlangan. Shunga qaramasdan, Kichik Osiyodagi Efes shahridan Baqtriyaga, undan Hindistonga ketuvchi yo‘l haqidagi ma'lumotlar O‘rta Osiyoning Ahamoniylar davlatining g‘arbiy viloyatlari bilan savdo aloqalari olib borganligi tasdiqlaydi. So‘g‘diyonadan va ayniqsa Baqtriyadan topilgan tangalarga qarab xulosa chiqaradigan bo‘lsak, mil.avv. VI-IV asrlar O‘rta Osiyoga nafaqat markaziy ahamoniylar hokimiyati hukmdorlari zarb etgan tangalar balki, Kichik Osiyo va yunon tangalari ham muomalada bo‘lgan.
Manzilgohlar va me'morchilik. O‘tgan asrning 30-yillarida Ahamoniylar davri madaniy qatlamlari faqat Janubiy Tojikiston hududlaridagina ma'lum edi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng mil.avv. VI-IV asrlarga oid yodgorliklar ko‘pgina hududlarda aniqlanib, tadqiqotlar ko‘lami kengaydi. Hozirgi kunda bu davrga oid manzilgohlar nafaqat Janubiy Turkmaniston, balki Shimoliy va Janubiy Baqtriyadan, So‘g‘diyonadan, Parfiya va Marg‘iyonadan, Xorazmdan, Choch va Farg‘onadan topib o‘rganilgan bo‘lsa, Farg‘onadan, Oloydan, Sharqiy Pomirdan hamda Orolbo‘yidan ko‘mish marosimiga oid yodgorliklar topib tekshirilgan. Bu davrga oid manzilgoh va ko‘hna shaharlar me'morchiligi Janubiy Turkmanistonda nisbatan ko‘proq o‘rganilgan. Bu hududlardagi eng yirik ko‘hna shahar Marvdagi Govurqal'a hisoblanadi. Govurqala o‘lchamlarining yig‘indisi 7,5 km. ga teng. Ahamoniylar davri Marvning markazi Govurqala shimoliy tomonining markazida joylashgan Erkqal'a istehkomi bo‘lgan. Mil.avv. I ming yillik o‘rtalarida ushbu istehkom baland loy devor bilan o‘rab olinadi. Erkqal'aning markazida yirik me'moriy inshoatlar – hukmdor saroyi va diniy majmua qad ko‘taradi. Istehkom xom g‘ishtdan bunyod etilgan mustahkam poydevor ustiga qurilib, yagona darvozasi shahar tomonga qaratilgan.
Marv vohasining qadimgi markazida Ahamoniylar davriga oid Yozdepa manzilgohi ochib o‘rganilgan. Yozdepa birmuncha ilgariroq davrda paydo bo‘lgan bo‘lib, mil.avv. I ming yillik o‘rtalarida o‘zining avvalgi harbiy-ma'muriy ahamiyatini yo‘qota boshlaydi. Ammo, Yozdepa manzilgohi butunlay yo‘qolib ketmaydi va qazishmalar natijasida bu yerdan to‘g‘ri burchakli g‘ishtlardan qad ko‘targan devorlar, inshoatlar qoldiqlari aniqlangan.
Kopetdog‘ning tog‘ oldi hududlaridan mil.avv. VI-IV asrlarga oid yirik ko‘hna shahar Yelkendepe xarobalari ochib o‘rganilgan. Tadqiqotchilarning fikricha, Yelkendepe Shimoliy Parfiyaning harbiy-ma'muriy markazi bo‘lib, bu yerga Ahamoniylar podsholari kelib turgan. Ko‘hna shahar noto‘g‘ri aylana shaklida bunyod etilgan bo‘lib, uzunligi 500 metr, eni 300 metrga yaqin. Shahar o‘rnidagi dastlabki manzilgoh to‘g‘ri burchakli yirik g‘ishtlardan qad ko‘targan mustahkam devor bilan o‘rab olingan. Markazda istehkom qad ko‘targan.
Xorazm ekspedisiyasining say'i-harakatlari tufayli qadimgi Xorazm hududlarida ham Ahamoniylar davri yodgorliklari aniqlangan. Ulardan biri – satrapning qurib bitkazilmagan saroyi Qal'aliqir I hisoblanadi. Yana bir bu davrga oid ko‘hna shahar Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan Ko‘zaliqir bo‘lib, u tabiiy tepalik ustida joylashgan. Uning maksimal uzunligi 1000 metr, eni esa 500 metrdan ziyodroqdir. Qazishmalar natijalariga ko‘ra, ko‘hna shahar ikki qator devor bilan o‘rab olinib, tashqi devor minoralar bilan mustahkamlangan. Ichki devor esa turli qurilishlarga tutashib turgan.
O‘ng qirg‘oq Xorazmdagi Ahamoniylar davriga oid yana bir yodgorlik Ding‘ilja yaqinidagi manzilgoh hisoblanadi. Qazishmalar natijasida bu yerdan 2600kv. m. maydonga ega bo‘lgan ko‘p xonali katta bino ochib o‘rganilgan. Binodan turar-joy, xo‘jalik ishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo‘lgan 17 ta xona aniqlangan. Devor to‘g‘ri burchakli va to‘rtburchak yirik g‘ishtlardan bunyod etilgan. Bino qurilishlari mil.avv. V asr oxiri - IV asrning birinchi yarmi bilan sanalangan.
So‘g‘diyonaning yirik madaniy markazi va poytaxti bo‘lgan Afrosiyob ko‘hna shahri bu davrd ayniqsa gullab-yashnadi. Bu davrga kelib umumiy maydoni 219 gektar bo‘lgan Afrosiyob markaziy va yirik shahar sifatida ancha rivojlanib, bu yerda shahar hayotining rivojlanishi So‘g‘diyona va butun O‘rta Osiyodagi siyosiy va iqtisodiy haytning yuksalishi hamda inqirozi bilan muvofiq tarzda kechgan. Ahamoniylar daridagi Samarqand So‘g‘di xo‘jalik hayoti va madaniy taraqqiyoti haqida Lolazor, Laylaqo‘ytepa, Ko‘ktepa, To‘rtko‘ltepa kabi yodgorliklardan topilgan topilmalar ham qimmatli ma'lumotlar beradi. Bu topilmalarga qarab (jangovar va mehnat qurollari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, taqinchoqlar, qurilish uslubi va hokazo) Samarqand va uning atroflaridagi hududlarda mil.avv. I ming yillikning o‘rtalarida yashagan aholi xo‘jalikning dehqonchilik, chorvachilik, uy hunarmandchiligi va ixtisoslashgan hunarmandchilik turlarini anchagina rivojlantirganlar degan xulosa chiqarish mumkin.
Buxoro vohasidagi Xo‘ja Bo‘ston, Konimex, Qumrabod, Arabon, Chordara, Quzmontepa kabi o‘nlab ko‘hna shahar va manzilgohlar Ahamoniylar davriga oiddir. Tadqiqotchilarning fikrlariga qaraganda, ular yirik etno-madaniy viloyatning uncha katta bo‘lmagan tumanlari bo‘lib, bu hududlarda mil.avv. VI-IV asrlarda umumiy ko‘rinishi bir xil bo‘lgan dehqonchilik madaniyati shakllanadi. Topilgan topilmalarning nihoyatda o‘xshashligi shundan dalolat beradi.
Keyingi yillarda Buxoro shahri va uning atroflarida ko‘pgina arxeologik tadqiqotlar olib borildi. Bu tadqiqotlar natijalariga qaraganda, mil.avv. I ming yillikning o‘rtalarida Zarafshonning yirik bir irmog‘i Buxoro shahari hududlaridan oqib o‘tib, uning o‘ng va chap qirg‘oqida shaharga asos solinadi. Yana shu narsa ham aniqlandiki, bu davrda ark hududi paxsa devor bilan o‘rab olinadi. Buxoro atroflaridan esa bu davrga oid qal'alar va qo‘rg‘onlar ham ochilganki, ular atrof qishloqlarni tashkil etgan. Tadqiqotlardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, Buxoro – vohadagi urbanistik jarayonlarning markazi bo‘libgina qolmasdan, geografik nuqtai nazardan ham vohaning markazida joylashib, viloyat markazi vazifasini bajargan. Bu davrga kelib aholi punktlarining turli shakllari: o‘troq dehqonchilik zodagonlarining mustahkamlangan qo‘rg‘onlari (Qizilcha), yirik manzilgohlar (Bandixon II), murakkab mudofaa- rejaviy tuzilishga ega qo‘rg‘onli shaharlar (Qiziltepa) paydo bo‘ladi.
Bandixon II qal'a va qal'aning shimoli-sharqiy tomonida joylashgan mustahkamlanmagan manzilgohdan iborat. Manzilgohning janubi-sharqiy burchagida joylashgan qal'a (110x100 m) hamma tomonidan xandaq va paxsa devor bilan o‘rab olingan bo‘lib, burchaklari yon tomondan himoya qilingan va yarim aylana shaklidagi minoralari hamda uchburchak shinaklari mavjud. Qal'a ichidagi madaniy qatlam turli suyaklar, go‘ng, sopol parchalari, qurilish izlari bo‘lmagan kul qatlamlaridan iboratki, tadqiqotchilarning fikricha, bu yer harbiy xavf tug‘ilgan paytda aholi va chorva uchun boshpana vazifasini bajargan. Bandixon II uchun rejaning ma'lum zichligi, himoya tartibining murakkabligi (minorali devorlar, xandaqlar), manzilgoh barcha qismlarining bir vaqtda shakllanishi va rivojlanishi xosdir. Qandaydir vazifani bajarishi nuqtai nazaridan bu manzilgoh uncha katta bo‘lmagan dehqonchilik vohasining ma'muriy markazi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bandixon II himoya inshootlari murakkablashgan tartibi va qal'asining ichki tuzilishi bilan farqlangan holda, bronza davri Sopollitepa an'analarini (ikki qismli tuzilish) takrorlaydi.
Mil.avv. VI-IV asrlar Farg‘ona va Chirchiq-Angren vohalarining Ahamoniylar davlati tarkibiga kirganligi haqida ma'lumotlar saqlanmagan. Ushbu hududlardagi bu davrga oid yodgorliklarning madaniy an'analari boshqa hududlarga nisbatan boshqacharoq kechgan. Bu davrga kelib Chirchiq-Angren vohasidagi Burgulik madaniyati inqirozga uchraydi. Bu madaniyat manzilgohlari yarim yerto‘la va xom g‘isht qurilishlar bilan izohlanadi. Ayrim tadqiqotchilar Jo‘nariq bo‘yidagi Shoshtepani mil.avv. VI-IV asrlarga oid deb hisoblab, Burgulik madaniyatining so‘nggi bosqichiga xos degan fikrni bildiradilar. Agar bu fikr to‘g‘ri bo‘lsa, Shoshtepa ushbu hududlardagi dastlabki qadimgi dehqonchilik manzilgohidir.
Mil.avv. VI-IV asrlarga oid yodgorliklar Farg‘ona vodiysidan nisbatan ko‘proq aniqlagan bo‘lib, ular manzilgohlar va mozor-qo‘rg‘onlardan iborat. Ular orasida nisbatan yaxshi o‘rganilganlari Eylaton ko‘hna shahri, Oqtom, Kungay va Niyozbotir hisoblanadi.
Eylaton ko‘hna shahri xarobalari Andijon viloyati, Izboskan tumanidagi Iloton qishlog‘i yonida joylashgan. Mahalliy aholi orasida bu ko‘hna shahar Shahri Xayber nomi bilan mashhurdir. Mil.avv. VI-IV asrlarga oid1 bu ko‘hna shahar nisbatan yaxshiroq o‘rganilgan bo‘lib, Eylaton madaniyati yodgorliklri vodiyning deyarli barcha hududlaridan aniqlangan. Eylaton ko‘hna shahri ikki qismdan iborat. Ichki qism devorlar bilan o‘ralgan, 20 gektardan iborat, lekin istehkomi yo‘q. Tashqi qism, 200 gektardan iborat bo‘lib bu hududda qurilishlar qurilmagan. Bu qism ham uyum-devorlar bilan o‘rab olingan. Qazishmalar natijasida doimiy turar-joylar, xo‘jalik xonalari, sopol idishlar, mehnat va jangovar qurollar, taqinchoqlar topib o‘rganilgan. Ushbu topilmalarga qarab xulosa chiqaradigan bo‘lsak, faqat Farg‘onaning o‘zida Eylatondan topilgan ashyoviy dalillarga davr jihatdan yaqin yodgorliklar Sho‘rabashot, Simtepa va Ozgor II lardir. Sho‘rabashotdan olingan arxeologik ashyolarning asosiy xususiyati bu yerda och rangli sopol idishlarning qizil rangli sopol idishlar bilan bir majmuada uchrashi hisoblanadi. Shuningdek, Sho‘rabashotda ko‘za va qadahlar ham uchraydi. Undan tashqari Sho‘rabashot ko‘hna shahri tuzilishi ham Eylaton ko‘hna shahari tuzilishiga o‘xshaydi. Shundan xulosa chiqargan S. Qudratov Sho‘raboshot ko‘xna shahrining bir qismini mil.avv. III-II asrlar bilan belgilash lozim degan taklifni ilgari suradi.
Bu davr vodiydagi dehqonchilik madaniyati mozor-qo‘rg‘onlar topilmalari bilan bevosita bog‘liqlikdir. Shunday qo‘rg‘onlardan biri Oqtom Farg‘onadan 9 km janubda joylashgan. Bu yerdan 31 ta qabr ochib o‘rganilgan. Topilgan topishmalarga qarab Oqtom kabilalarining katta ko‘pchiligi dehqonchilik bilan shug‘ullangan degan fikrlar ham bildirilgan. Oqtom kabilalarining dehqonchilik bilan shug‘ullanishga o‘tishi quyidagi jarayonlarga asos bo‘lgan bo‘lishi mumkin: Farg‘ona sharoitida doimiy manzilgohlar qurilishi va bu manzilgohlarda sobiq chorvadorlarning. Ayrim tadqiqotchilar Eylaton madaniyatini mil.avv. VII-VI asrlarga oid deb hisoblaydilar. xom g‘isht me'morchiligi; o‘troq dehqonchilik aholisi ustidan sak-chorvador aholisining siyosiy ustunlik qilishi; Farg‘onada dastlabki davlat uyushmalarining paydo bo‘lishi va ma'muriy markazlarning shakllanishi hamda bularda ham siyosiy ustunlik. Shuningdek, harbiy harakatlar paytida asir olingan qullarning mavjudligi ko‘p sonli odamlarni, jumladan, tajribali mutaxassislarni yirik qurilish ishlariga jalb etish imkonini bergan. Tasviriy san'at. Mil.avv. VI-IV asrlar O‘rta Osiyo san'ati haqida hozirgi kunda
«Amudaryo xazinasi» (yoki «Oks xazinasi») dagi ayrim buyumlar, Taxtisangin ko‘hna shahri (Oks ibodatxonasi) ba'zi topilmalari, Pomir va Orolbo‘yi saklari mozor-qo‘rg‘onlaridagi bronza buyumlar hamda Farg‘ona sopollaridagi o‘ziga xos naqshlarga qarab fikr yuritishimiz mumkin.
1877 yilda Tojikistonning Kobadiyon bekligidagi aholi kanal qazish paytida tilla va kumush buyumlardan iborat xazina topib oladi. Ushbu xazina dastlab buxorolik savdogarlarga, keyin Hindistonga, so‘ngra esa Londondagi Britan muzeyiga borib tushadi. Tadqiqotchilarning fikricha, Angliyadagi ushbu xazinaning asosiy qismini haqiqatan ham Shimoliy Baqtriyadan topilgan topilmalar tashkil etadi. Undan tashqari, I. R. Pichikyan tadqiqotlariga ko‘ra, «Amudaryo xazinasi» Panj daryosining Vaxsh daryosiga qo‘yilish joyida joylashgan Taxtisangin ko‘hna shahridagi Oks ibodatxonasi (mil.avv. IV asr) xazinasining bir qismidir.
«Amudaryo xazinasi» buyumlari orasida Ahamoniylargacha bo‘lgan davr G‘arbiy Eron ustalari mahsuloti bo‘lgan buyumlar, Ahamoniylar podsholari va satraplariga tegishli buyumlar va tangalar, Aleksandr Makedonskiy yurishlariga qadar Kichik Osiyoda tayyorlangan buyumlar bor. Shu bilan birga tadqiqotchilar aynan mahalliy Baqtriya va skif-sibir kabilalari ustalarining asarlari ham borligini e'tirof etadilar.
Baqtriya san'atini izohlash uchun oltin plastinkalarga o‘yib naqsh solingan tasvirlar ayniqsa qiziqarlidir. Xuddi shunday plastinkalar «Amudaryo xazinasi» dan 50 dan ziyod, Taxtisangindan esa 3 ta topilgan. Ularda kohinlar, harbiylar, savat ko‘taragn sovg‘achilar, gullar va qurollar shuningdek, ot va tuyalar tasviri tushirilgan. Plastinkalardagi tasvirlar turlicha. Tajribali ustalar tomonidan yuqori sifatda tayyorlangan plastinkalar bilan bir qatorda tasvirlar yomon tushirilgan va past sifatli asarlar ham uchraydi.
Yetarli ma'lumotalar bo‘lmaganligi tufayli O‘rta Osiyoning boshqa hududlaridagi amaliy san'at haqida fikr yuritish qiyinroq. Mil.avv. VI-IV arlar So‘g‘dda badiiy san'at asarlari namunalari hozircha topilmagan. Qadimgi Choch hududlaridan faqat bitta amaliy san'at namunasi – dastasi qush boshining naqshli tasviri bilan bezatilgan quyma bronza pichoq topilgan. Tadqiqotchilarning fikricha bu tasvir «skif-sibir uslubi» yodgorliklari doirasiga kiradi. Ushbu uslubdagi asarlar chorvador kabilalar yashagan O‘rta Osiyoning sharqiy va shimoliy viloyatlarida va ularga tutash bo‘lgan dehqonchilik tumanlarida tarqalgan edi. Bular Pomir va Orolbo‘yi mozor-qo‘rg‘onlari qazishmalari paytida topilgan ot-ulov anjomlari, quyma bronza qozonlardagi tasvirlar, xanjar dastasidagi turli tasvirlar kabilardan iborat. Ushbu topilmalar O‘rta Osiyo halqlarining ilgarigi davrlardagi madaniy an'analarini rivojlantirib, mil.avv. VI-IV asrlarda amaliy san'at borasida katta yutuqlarni qo‘lga kiritganliklaridan dalolat beradi. Bu jarayonda o‘zbek halqi ajdodlarining ham munosib hissasi bor.
Xullas, mil.avv. VI-IV asrlar O‘rta Osiyo viloyatlarida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot rivojlanadi. Bu davrda Baqtriya yirik davlat bo‘lib, fors podsholarining Sharqdagi yirik markazlaridan biri edi. So‘nggi yillarda O‘rta Osiyoning janubida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida Qadimgi Baqtriya hududidan o‘ttizdan ziyod Ahamoniylar davriga oid yodgorliklar ochilgan. Ularning har birida o‘zlashtirilgan maydonlar va sug‘orish tartibidan tashqari turar joylar va xo‘jalik, mehnat va harbiy qurollar, kulolchilik buyumlarining qoldiqlari mavjuddir. Bu davr Baqtriya aholisining asosiy mashg‘uloti dehqonchilik edi. Qalaimir, Kuchuktepa, Qizilcha, Bandixon kabi o‘nlab yodgorliklardan dehqonchilik bilan bog‘liq mehnat qurollari – o‘roqlar, ketmonlar, yorg‘uchoq va dehqonchilik mahsulotlari qoldiqlarining topilishi dehqonchilikdan dalolat berib, dehqonchilik sun'iy sug‘orishga asoslanganligini ko‘rsatsa, me'morchilik madaniyati shaharsozlikning yuqori darajasini ifoda etadi.
Aleksandr Makedonskiyning harbiy yurishlari. Davlat boshqaruvi.
O‘tgan asrning 40-50 yillaridan boshlab mil.avv. IV – milodiy IV asrlar davri O‘rta Osiyo tarixini o‘rganish jarayonida «antik», «antik davr» jumlalari muomalaga kirgan edi. Ayrim tadqiqotchilar bu jumlalarni faqat Gresiya va Rim tarixiga nisbatan ishlatish lozim degan g‘oyani ilgari surgan bo‘lishlariga qaramay, O‘rta Osiyo qadimgi davri bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchi olimlar-arxeologlar, tarixchilar, antropologlar, san'atshunoslar kabilarning ko‘pchiligi bu atamani O‘rta Osiyo tarixiga nisbatan ham ishlatish mumkin degan nuqtai nazar tarafdori bo‘ldilar.
Mil. avv. IV asrdan boshlab O‘rta Osiyoning asosiy dehqonchilik vohalari ijtimoiy- iqtisodiy rivojlanishning batamom yangi, faol yo‘liga o‘tdiki, bu rivojlanish milodiy III-IV asrlarda inqirozga uchray boshlaydi. Shaharsozlik madaniyati va sug‘orish tartibi, yozuv va pul muomalasi, moddiy va badiiy madaniyatga oid ko‘p sonli va turli-tuman yodgorliklar aynan mana shu rivojlanish jarayonidan dalolat beradi. Ta'kidlash joizki, bu davr - qadimgi dunyo ko‘pgina davlatlari jamiyati taraqqiyotining ijtimoiy-iqtisodiy va umummadaniy jabhalarida namoyon bo‘lgan yangi bosqichi bilan izohlanadi. Bu yangi bosqich turli davlatlarda o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Undan tashqari, bu davr butun Qadimgi dunyo davlatlarini qamrab olgan jahon tarixidagi hodisalarning ba'zi belgi va xususiyatlari jihatdan bir-biriga o‘xshashligi jarayonlaridan biri edi. «Antik» jumlasi yevropa tillarida “antiguite”, “antigutiy, antigue” kabilida ishlatilib, «uzoq o‘tmish», «o‘tmish qadimiyat», «qadimgi» deb tarjima qilinishi mumkin. Biz ushbu darslikda ko‘pchilik olimlar tomonidan e'tirof etilgan «antik» jumlasini qo‘llashni lozim topdik.
Ulkan Ahamoniylar saltanati o‘zining g‘arbga qilgan ekspansiyasi natijasida yunon davlatlari bilan to‘qnashadi va buning natijasida mil.avv. V asrning birinchi choragida yunon- fors urushlari boshlanadi. Mil.avv. V asr davomida betinim urushlar, saroydagi fitnalar, bosib olingan xalqlarning ozodlik uchun kurashlari Ahamoniylar davlatini ancha zaiflashtirib qo‘ygan edi. Mil.avv. IV asrining o‘rtalaridan boshlab esa, Bolqon yarim orolidagi shahar-davlatlar kuchaya boshlaydi. Bu davrda Makedoniya podshosi Filipp II Bolqon yarim orolida o‘z mavqeini mustahkamlab olib Ahamoniylarga qarshi kurashga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi
Dostları ilə paylaş: |