8-rasm. “Marjon buloq” fermer xo‘jaligida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish to‘g‘risida ma’lumot, foizda (ustunli taqqoslash diagrammasi)
Hodisalar vaqt bo‘yicha o‘zgarishini tasvirlash uchun dinamika diagrammalari tuziladi.
Dinamika qatorlaridagi hodisalarni tasvirlash uchun ustunli, lentali, kvadrat, doiraviy, chiziqli, radial va boshqa diagrammalardan foydalanilishi mumkin. Dinamika diagrammalari turini tanlash, asosan, boshlang‘ich ma’lumotlar xususiyatlariga, tadqiqot maqsadlariga bog‘liq. Masalan, teng bo‘lmagan oraliqlardagi davrlar darajalarini o‘rganish uchun ustunli, kvadratli yoki doirali diagrammalar ishlatiladi. O‘zgarish sur’ati qatorida darajalar soni ko‘p bo‘lganda chiziqli diagrammalarni qo‘llash maqsadga muvofiqdir. CHiziqli diagrammalarda hodisalar o‘zgarishi siniq chiziqlar orqali yaqqol ko‘rinadi. Bundan tashqari, chiziqli diagrammalarni ishlatish quyidagi hollarda qulaydir: hodisalarni o‘zgarish tendensiyasi va rivojlanish darajasini tasvirlash lozim bo‘lsa; bitta grafikda bir necha dinamik qatorlar ko‘rsatkichlarini solishtirish maqsadida tasvirlash zarur bo‘lganda; o‘sish darajalarini, sur’atlarini taqqoslash uchun tasvirlash muhim hisoblansa.
CHiziqli grafiklarni tuzish uchun to‘g‘ri chiziqli koordinatalar tizimi qo‘llaniladi. Odatda, absissalar o‘qi bo‘yicha vaqt (yillar, oylar va boshqalar), ordinatalar o‘qi bo‘yicha esa – tasvirlanayotgan hodisalar yoki jarayonlar miqdoriy ko‘rsatkichlari joylashtiriladi. Ordinatalar o‘qiga miqyoslar kiritiladi. Ularning tanlanishiga alohida e’tibor berish zarur, chunki bunga grafikning yaqqol ko‘rinishi bog‘liqdir. Agar absissalar qo‘idagi shkala uchun miqyosni ordinatalar o‘qidagi miqyosga nisbatan taqqoslash uchun uzaytirilsa, hodisalar o‘zgarish sur’atidagi tebranishlar kamroq ajralib ko‘rinadi va aksincha, ordinatalar o‘qidagi miqyosni absissalar o‘qidagi miqyosga nisbatan oshirish keskin o‘zgarishga sabab bo‘ladi. Vaqtning teng davrlari va darajalari miqyosni shkalaning teng kesimlariga muvofiq kelishi zarur.
9-rasm. Don mahsulotlari hosildorligini ifodalovchi chiziqli diagramma (s/ga)
Statistika amaliyotida ko‘pincha teng o‘lchovli shkalaga ega grafik tasvirlar qo‘llaniladi. Unda absissa o‘qi bo‘yicha mutanosib ravishda davrlar, ordinata o‘qi bo‘yicha esa hodisalarning miqdoriy darajalari shkalalardagi raqamlar bilan ifodalanadi.
Ba’zi grafikning o‘zida bir necha bir xususiyatli hodisalar tasvirlanishi mumkin. Bunda hodisa mohiyati, o‘lchovlari, davrlari bir-biriga mos bo‘lishi kerak. Bu hodisalarni alohida va yaqqolroq ko‘rish uchun har bir hodisani tasvirlovchi chiziqlar bitta grafik maydonda turlicha (rangli, shtrixli va h.k.)tasvirlanadi.
Ba’zan grafikda o‘lchov birligi turlicha bo‘lgan ikkita ko‘rsatkichlar o‘zgarish sur’atlarini tasvirlash zaruriyati tug‘iladi. Bunday holatlarda bitta emas, ikkita miqyosli shkala ishlatiladi. Ularning biri o‘ng, boshqasi esa chap tomondda joylashtiriladi.
Dinamika qatorlari darajalarining davrlar bo‘yicha o‘zgarishi juda katta bo‘lgan hollarda hodisalarni tasvirlash uchun logarifmik diagrammalardan foydalaniladi. Bunda grafik tasvir o‘lchovlari ordinata o‘qi bo‘yicha har xil masshtablar yoki teng bo‘lmagan shkalalarda logarifmga asoslanib teng o‘lchovli shkalalar belgilanadi. YA’ni 10 birlik o‘nli logarifm bo‘yicha 1 ga, 100 birlik esa 2 ga, 1000 birlik 3 ga va h.k. ko‘rinishida o‘lchovlar belgilanadi. Bunda logarifmik o‘lchov va haqiqiy o‘lchov bir vaqtda bir-biriga parallel (grafik maydonning ikki tomonida) shkalalarda yoki bitta logarifmik shkalada belgilanadi.
Dinamika qatorlarini tasvirlashda qutbli koordinatalar tizimida tasvirlanadigan radial diagrammalar ham qo‘llaniladi. Radial diagrammalar davriy o‘zgaruvchi (siklik), ma’lum bir ritmik harakatdagi hodisalarni tasvirlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ular, ayniqsa, mavsumiy hodisalar darajalarining tebranishini tasvirlashda keng qo‘llaniladi.
10-rasm. 2013 yil uchun Jondor-Plyus savdo do‘konidagi bir kunlik tovaroborot hajmi, ming.so‘m (radial diagramma)
Radial diagrammalar yopiq va spiral ko‘rinishda bo‘ladi.
Bir davr (yil) mobaynida o‘zgaruvchi hodisalar yopiq diagrammalar yordamida tasvirlansa, spiral diagrammalar orqali necha davr (yil) ga tegishli hodisalarning harakati tasvirlanadi va ular har bir davrga (yilga) tegishli mos vaqtdagi (oy, kvartal) darajalarni solishtirish asosini yaratadi.
Radial diagrammalarni hosil qilishda 2 ta o‘lchov birligi qo‘llaniladi. Birinchi o‘lchov doira bo‘yicha davrlar, ya’ni bir yilning 12 oyi uchun doirani 12 ta teng sektorlarga bo‘luvchi doira markazidan koordinata chiziqlari chiziladi. Bunda har bir sektor orasidagi burchak yil uchun tegishli mos davrni ifodalaydi. Ikkinchi o‘lchov doira radiusi uzunligi. Bunda har bir davrga tegishli hodisa darajasi ma’lum bir masshtabda shkalalar orqali tasvirlanadi.
Grafiklar orqali variatsion qatorlar darajalari ham tasvirlanishi mumkin. Ular asosan chiziqli diagrammalar orqali tasvirlanadi. Variatsion qatorlarni tasvirlovchi grafiklarning gistogramma, poligon, kumulyata va ogiva deb ataluvchi turlari mavjud. Ular to‘g‘ri chiziqli koordinatalar tizimida ifodalanadi.
Gistogramma – bu intervalli variatsion qatorlarni tasvirlash uchun xizmat qiladi. Bunda intervalli belgi o‘lchovlari koordinata tizimi abssissasida, intervalli belgining mos chastotalari (soni, vazni, salmog‘i va h.k.) esa ordinata o‘qida ma’lum masshtabda shkalalarda belgilanadi.
Poligon – diskret variatsion qatorlarni tasvirlash uchun qo‘llaniladi. Bunda diskret qator o‘lchovlari abssissa o‘qida, chastotalar esa ordinata o‘qida tasvirlanadi va bu nuqtalar tutashtirilib siniq chiziq hosil bo‘ladi. Intervalli qatorni ham poligon orqali tasvirlash mumkin. Bunda intervalli qatorni diskret qatorga (qatorning yuqori va quyi chegarasi o‘lchovlari o‘rtachasi) shartli keltirish lozim.
Kumulyata egri chizig‘i - har bir qatorning chastotalari qo‘shib borilishi orqali chastotalar yig‘indisini ifodalovchi yangi qator tuziladi va har bir qator (ham intervalli, ham diskret bo‘lishi mumkin) darajalari abssissa o‘qida, yangi tuzilgan chastotalar yig‘indisi ko‘rinishidagi darajalar ordinata o‘qida belgilanadi.
Ogiva ham kumulyata egri chizig‘i ko‘rinishida bo‘ladi, lekin koordinata o‘qlari turlicha bo‘ladi. YA’ni abssissa o‘qida chastotalar yig‘indisi, ordinata o‘qida esa variatsion qator darajalari ifodalanadi.
Iqtisodiy hodisa va jarayonlarni tavsiflovchi statistik ma’lumotlarni diagrammalardan farqli statistika xaritalarida ham tasvirlash mumkin.
Statistika xaritalari – grafik tasvirlash shakllaridan biri bo‘lib, statistik ma’lumotlarni hududlar bo‘yicha joylanishini chizmali geografik xaritalarda ifodalanishidir. Hududlar bo‘yicha tasvirlash vositasi bo‘lib shtrixli chiziqlar, fonli bo‘yash yoki geometrik shakllar hisoblanadi.
Statistika xaritalarining ikki shakli mavjud: xaritagramma, xaritadiagramma.
Xaritagramma – bu sxematik geografik xarita bo‘lib, xaritada tasvirlangan hududlarni ularga tegishli hodisa va jarayonlar xususiyati, sifat yoki miqdor ko‘rsatkichi bo‘yicha shtrixli nuqta yoki chiziqlar, turli xil ranglar orqali tasvirlashdir.
Xaritagramma fonli va nuqtali xaritagrammalarga bo‘linadi. Fonli xaritagrammada hududlar ularni baholovchi darajalarga ko‘ra turli ranglar orqali tasvirlanadi. Siyosiy dunyo kartasini bunga misol qilishimiz mumkin. Nuqtali xaritagrammada darajalar nuqtalarning ma’lum bir zichligi, kattaligi orqali ifodalanadi. Fonli xaritogrammalar asosan nisbiy va o‘rtacha miqdorlarni ifodalashda, nuqtali xaritogrammalar esa asosan hajmli, miqdoriy ko‘rsatgichlarni ifodalashda foydalaniladi.
Xaritalarning yana bir turi xaritadiagrammalardir. U geografik xaritalardagi hududlar hodisalarini diagrammalarda tasvirlash orqali hosil qilinadi. Bunda tasvirlovchi belgi(diagramma)lar bo‘lib nuqta, chiziq, ustun, lenta, kvadrat, doira, har xil figuralar xizmat qiladi. Bu belgilar hududlarga tegishli hodisalarning darajasiga yoki xususiyatiga ko‘ra turli o‘lchovda geografik xaritalarga joylashtiriladi.
Siyosiy dunyo xaritasidagi shaharlarni ifodalovchi belgi – nuqtalar (doira) xaritadiagrammaga misol bo‘ladi. Bunda nuqtaning kattaligi u shaharda aholi sonini ifodalaydi.
Xaritadiagramma xaritagrammalarga nisbatan geografik holatlarni o‘rganishda qulayroq hisoblanadi. Unda murakkab statistik-geografik ma’lumotlarni ko‘rinarli va tushunarliroq holda tasvirlash mumkin.
SHunday qilib, xulosa qilib aytganda, statistik grafiklar ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hodisalarni o‘rganishda muhim statistik qurollardan biri bo‘lib, ularda o‘rganilayotgan hodisa va jarayonlarning tashqi tasviri yorqin namoyon bo‘ladi. Ularni insoniyat hayotida uchraydigan hodisa va jarayonlarning oynasi deb atasak xato bo‘lmasa kerak.