Korxonalarda mehnatning sog‘lom va xavfsiz sharoitlarini ta’minlash 13- moddada keltirilgan. Korxonadagi har bir ish joyidagi mehnat sharoiti mehnatini muhofaza qilish standartlari, qoida va me’yorlari talabalariga muvofiq bo‘lishi lozim.
Korxonada mehnatning sog‘lom va xavfsiz sharoitlarini ta’minlash, ishlab chiqarishning xavfli va zararli omillari ustidan nazorat o‘rnatilishini tashkil etish va nazoratning natijalari to‘g‘risida mehnat jamoalarini o‘z vaqtida xabardor qilish ma’muriyat zimmasiga yuklanadi.
Mehnat sharoiti zararli va xavfli ishlab chiqarishlarda, shuningdek, o‘ta noxush haroratli yoki ifloslanishlar bilan bog‘liq sharoitlarda bajariladigan ishlarda mehnat qiluvchilarga davlat boshqaruvi idoralari belgilagan me’yorlarda maxsus kiyim, poyabzal va boshqa maxsus himoya vositalari, yuvish va dizenfeksiyalash vositalari, sut yoki unga tenglashadigan boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, parhez ovqat bepul beriladi.
Korxonada mehnatning sog‘lom va xavfsiz sharoitlarini ta’minlash yuzasidan ma’muriyat bilan xodimlarning o‘zaro majburiyatlari jamoa shartnomasi yoki bitimida ko‘zda tutiladi.
Mehnatni muhofaza qilish xizmatlari esa 14-moddada keltirilgan: Vazirliklar, idoralar, konsernlar, assotsiatsiyalar, boshqa xo‘jalik organlari kasaba uyushmalari Markaziy (Respublika) qo‘mitasi bilan kelishib o‘zlari tasdiqlaydigan nizomga muvofiq mehnat muhofazasi ishlarini muvofiqlashtirib boradilar.
Xodimlar soni 50 nafar va undan oshadigan korxonalarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ziyod transport vositalariga ega bo‘lgan korxonalarda esa bundan tashqari, yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq korxonalarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklanadi.
Mehnatni muhofaza qilish va yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan nizomlar asosida ishlaydi va o‘z maqomiga ko‘ra korxonaning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi hamda uning rahbariga bo‘ysunadi.
Mehnatni muhofaza qilish xizmatlarining mutaxassislari barcha xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalari va me’yorlariga rioya etishlarini nazorat qilish, tarmoq bo‘linmalari rahbarlariga aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish haqida bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatmalar berish, shuningdek, mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzayotgan shaxslarni javobgarlikka tortish haqidagi korxonalarning rahbarlariga taqdimnomalar kiritish huquqiga egadir.
Mehnatni muhofaza qilish va yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari korxona faoliyati to‘xtatilgan taqdirdagina tugatiladi.
Ba’zi bir rahbar shaxslarning, ishchilarning o‘z ishiga sovuqqonlik va loqaydlik bilan qarashi natijasida mehnatni muhofaza qilish tartib-qoidalari buzilib, baxtsiz hodisa ro‘y beradi. Baxtsiz hodisaning og‘ir, yengilligi va oqibatini hisobga olib to‘rt xil javobgarlik chora-tadbirlari belgilangan.
Intizom javobgarligi. Har bir sanoat korxonasi o‘z ichki tartib-qoidalarini ishlab chiqadi. Bu tartib-qoidalarning barchasi sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitini ta’minlash, jarayonlarni normada bajarishga qaratilgan.
Talablarni bajarmaslik baxtsiz hodisalarga olib kelishi mumkin. Shuningdek, ishchi-xizmatchilarning tartib-qoidalarga amal qilmasligi ish rejimining buzilishiga, kassalik, baxtsiz hodisa, zaharlanish va boshqa hodisalarning sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Ular uchun intizom javobgarligi ta’sis etilgan.
Bu javobgarlik ishchilar uchun - ogohlantirish, xayfsan e’lon qilish, jiddiy xayfsan e’lon qilish, uch oy muddat bilan oyligi kam bo‘lgan ishga o‘tkazish yoki shu muddatga past razryad ishga o‘tkazish, ishdan bo‘shatish kabi tartibda amalga oshiriladi.
Rahbar shaxslar uchun javobgarlik ogohlantirish, xayfsan e’lon qilish, bir yilgacha lavozimini pasaytirish, ishdan bo‘shatish yo‘li bilan olib boriladi.
Ishchilar korxona rahbarlari, sex va bo‘lim boshliqlari tomonidan intizom javobgarligiga tortilishi mumkin. Rahbar xodimlar esa yuqori rahbarlik xodimlari tomonidan intizom javobgarligiga tortilishi mumkin.
Rahbar xodimlar jamoa bitimida ko‘rsatilgan talablarni, yuqori tashkilot buyruqlarini bajarmaganliklari va asossan xavfsizlik texnikasi, sanoat gigiyena- sanitariyasi talab-qoidalariga amal qilinmaganligi uchun javobgarlikka tortiladilar.
Ma’muriy javobgarlik qo‘yidagi uch turda belgilanishi mumkin:
Axloqiy harakterdagi javobgarlik (ogohlantirish, jamoat tartibidagi choralar).
Mablag‘ va pul undirish, bunda jarima va susodara qilish usuli qo‘llaniladi.
Tartib buzuvchining shaxsiga taaluqli bo‘lgan javobgarlik (ahloq tuzatish ishlari, ma’muriy - qamoq jazosi, vazifasidan chetlatish).
Mehnat xavfsizligi qoida va normalarini buzgan ishchi va xizmatchilarga ma’muriy javobgarlik tartibida ogohlantirish, jamoat tartibidagi choralar va ma’lum miqdorda jarima to‘lash belgilanadi. Jarima va ogohlantirish buysunish tartibida rahbar xodimlar tomonidan emas, balki mehnatni muhofaza qilishning davlat nazorat organlari yoki shahar va tuman deputatlari kengashi ijroiya qo‘mitalari tomonidan tashkil qilingan komissiyalarning qarori bilan belgilanadi.
Jinoiy javobgarlik. Mehnatni muhofaza - qilish qoidalarining qo‘pol buzilishi natijasida og‘ir jarohatlanish yoki bir necha kishining og‘ir jarohatlanish sodir bo‘lsa yoki baxtsiz hodisa o‘lim bilan tugasa, qoidani buzishda ayblangan rahbar hodim jinoiy javobgarlikka tortiladi. Jinoiy javobgarlik rahbar xodimni vazifasidan chetlatish yoki ma’lum muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan belgilanadi.
Moddiy javobgarlik. Bu ishchi va xizmatchilar ishlayotgan korxonada uning aybi bilan korxonaga keltirilgan moddiy zararni qoplashdir. Mehnatni muhofaza qilish qoida va normalarining ishchi va xizmatchi tomonidan buzilishi natijasida sanoat korxonasi moddiy zarar ko‘rsa, shu zararning bir qismini yoki hammasini aybdor shaxs tomonidan to‘lanishi moddiy javobgarlik chorasiga kiradi. Moddiy javobgarlik chegaralangan va to‘liq javobgarlik tartibida belgilanishi mumkin.
Chegaralangan moddiy javobgarlikda sanoat korxonasiga yetkazilgan zarar ma’muriyat buyrug‘iga asosan ishchi va xizmatchining oyligidan undirib olinadi. Bunda aybdor shaxsning roziligi bilan oyligidan (uchdan biridan oshmasligi sharti bilan) ushlab qolinadi.
To‘liq moddiy javobgarlik jinoyat sodir bo‘lgan taqdirda va aybdor jinoiy ish qilgan bo‘lsa, uni javobgarlikka tortish bilan bir qatorda sanoat korxonasiga keltirilgan moddiy zararni ham to‘liq qoplashga majbur qilinadi. Bunday javobgarlik qarorlarini tuman yoki shahar sudi organlari chiqaradi. Bu holda korxona ma’muriyati tomonidan aybdorning haqiqatdan ham aybdor ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar ko‘rsatilishi kerak.
Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va sanoat korxonalarida kasb kasalliklari va jarohatlanishga olib keladigan omillarni butunlay yo‘qotish sanoat korxonalari rahbarlari oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa hisoblanadi.
Hozirgi zamon fan va texnikasining o‘sishi yangidan-yangi texnologiya va mashina - mexanizmlarning joriy etilishi, ishlab chiqarishda ishlayotgan har bir xodimning yuqori malakali, texnika qonunlarini tushunadigan va unga amal qiladigan bo‘lishlarini talab qiladi.
Hozirgi vaqtda ishchilar xavfsizligini ta’minlash borasida qanchadan- qancha tavsiyanomalar, qoida va normalar ishlab chiqilgan bo‘lishiga qaramasdan sanoat korxonalarida baxtsiz hodisalarning butunlay yo‘qolib ketishini ta’minlovchi sharoit mavjud emas.
Bundan tashqari, sanoat korxonalarining xilma-xilligi, hattoki ma’lum bir korxonada ham ish sharoiti bir-biriga o‘xshash ikkita sexni topish amri mahol ekanligi, umumiy sanoat korxonalari xavfsizligini ta’minlovchi, tartibga solingan resept ishlab chiqarish mumkin emas. Shuning uchun ham har bir sanoat korxonasi o‘zi uchun mehnatni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan instruktajlar sistemasi tashkil qilingan va bu sistemalar ishchilarning xavfsizligini ta’minlovchi ish usullarini o‘rgatish ishchining mehnat xavfsizligini saqlash chora- tadbirlarini ham o‘z ichiga oladi.
Instruktajlarni asosan to‘rt guruxga bo‘lib qarash mumkin: 1) kirish instruktaji;
ish joyidagi instuktaj; 3) vaqti-vaqti bilan o‘tkaziladigan instruktaj va 4) rejadan tashqari instruktaj (GOST 12.004-74 (MXSS)).
Sanoat korxonalarining hammasida ish kategoriyasi va xavfli darajasi qanday bo‘lishiga qaramay barcha ishchi va xizmatchilar ish davri, mutaxassisligi va malakasidan qat’iy nazar instruktajdan o‘tishlari shart.
Kirish instruktaji.Ishga yangi kirayotganlar uchun o‘tkaziladi. Bu instruktajning asosiy maqsadi - ishga kirayotganlarning mehnatini muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi va sanoat sanitariyasi to‘g‘risida ma’lumot berish, uni sanoat korxonasi maydonlari va sexlaridagi tartib-qoidalardan xabardor qilishdir. Kirish instruktaji yaxshi jihozlangan va ko‘rgazmali qurollar o‘rnatilgan mehnatni muhofaza qilish kabinetida, xavfsizlik texnikasi injeneri tomonidan o‘tkaziladi.
Kirish instruktaji vaqtida ishga kirayotgan ishchi quyidagi holatlar bilan tanishtirilishi shirt: O‘zbekiston Respublikasida mehnatni muhofaza qilish qonuniyatlari asoslari, sanoat korxonasida yo‘lga qo‘yilgan ichki tartib qoidalari, sanoat korxonasi maydonida va sexlarida o‘zini tutish qoidalari, sanoat korxonasidagi xavfsizlik texnikasining umumiy talablari, ish joyini tashkil qilish, ishchiga topshirilgan mashina va mexanizmlarni saromjon va ozoda saqlash qoidalari, maxsus ish sharoiti tashkil qilingan ayrim sex va bo‘limlar bilan tanishtirish, baxtsiz hodisalarni oldini olish qoidalarini tushuntirish bunda asosiy diqqat e’tiborni har xil erituvchilar, kislotalar, yengil alangalanuvchi suyuqliklar, siqilgan havo, elektr toki xavfi mavjud bo‘lgan sexlarga qaratish kerak.
Mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi va sanoat sanitariyasi qoida, norma va instruksiyalarining buzilishi natijasida vujudga kelgan baxtsiz hodisalar haqida ma’lumotlar berilishi kerak. Baxtsiz hodisa ro‘y berganda o‘zini qanday tutish haqida tushuncha beriladi, alkogolli ichimliklar baxtsiz hodisaga olib kelishi haqida aytib o‘tilishi shart. Kiyim bosh, maxsus oyoq kiyimi va shaxsiy muhofaza vositalaridan foydalanish qoidalari, sanitar-gigiyena sharoitlariga e’tibor berish, sanitar maishiy xonalardan foydalanish tartibi, baxtsiz hodisa ro‘y berganda, baxtsiz hodisaga uchragan kishiga vrach kelgunga qadar yordam ko‘rsatish usullari haqida ma’lumot beriladi.
Ish joyidagi instruktaj.Ishga yangi kirgan, bir ishdan ikkinchi ishga o‘tkazilgan, bir mashinadan ikkinchi mashinaga, bir uchastkadan ikkinchi uchastkaga o‘tkazilgan, agar bu o‘tkazishlar vaqtincha bo‘lishidan qat’iy nazar ish joyidagi instruktajdan o‘tkazilishi shart.
Ish joyidagi instruktajda qo‘yidagilar tushuntirilishi kerak: ishchining doimiy ishlash joyi, sexdagi texnologik jarayon va xavfli uchastkalar, ishchining doimiy ishlashi zarur bo‘lgan mashinaning yoki stanokning tuzilishi, mashinaning xavfli joylari, muhofaza qurilmalari va boshqa saqlovchi vositalar, ularning vazifasi va ulardan foydalanish qoidalari. Ishga tayyorlanish qoidalari, stanokning sozlanganligini tekshirish, yurgizish o‘chirish asboblarining ishlashi, stanokning yerga ulanganligi, yordamchi va asosiy qurollarning mavjudligi. Shaxsiy muhofaza aslahalarining vazifalari va ulardan foydalanish qoidalari, ish kiyimlari, maxsus kiyimlar, oyoq kiyoimlari va bosh kiyimlarga qo‘yiladigan talablar.
Ish joyini tashkil qilish bunda material va tayyor mahsulotlarni joylashtirish, ish joylarini iflos va keraksiz narsalar bilan to‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, yo‘llar, o‘tish joylari va ish joylarini to‘sib qo‘ymaslik.
Transport vositalari, ko‘tarish kranlari va mexanizmlari ishlatish qoidalari va boshqa yordamchi vositalardan foydalanish tartiblari.
Baxtsiz hodisalar kelib chiqish mumkin bo‘lgan ish usullarini qo‘llashni taqiqlash va kasb kasalliklariga olib kelishi mumkin bo‘lgan sanoat zararli moddalari haqida tushuncha berish va ulardan saqlanish usullarini ko‘rsatish.
Instruktaj o‘tkazayotganda avvalo odatdagi ish sharoitida ishchi o‘zini qanday tutishi kerakligi haqida ma’lumot beriladi. Lekin sanoat korxonalarida ba’zi bir haddan tashqari holatlar ham yuz berib qolishi mumkin. Masalan avariya, yong‘in va boshqa hollarda ishchi o‘zini qanday tutishi, tez harakat qilishi muhim ahamiyatga ega.
Shuning uchun mana shunday holatlarda qanday harakat qilish kerakligi haqida ham ma’lumot berilishi kerak.
Ish joyidagi instruktajni master yoki brigadir o‘tkazadi.
Vaqti-vaqtibilan o‘tkaziladigan instruktaj. Bu instruktajni o‘tkazish vaqtini fabrika, zavod kasaba uyushmasi komitetlari bilan kelishgan holda, sanoat korxonasining rahbari belgilaydi. Bu instruktajning mazmuni ish joyidagi instruktaj mazmuni bilan bir xil. Instruktaj kirish instruktaji singari hamma ishchilar ish staji, malakasi, razrayadidan qat’iy nazar o‘tkazilishi shart.
Rejadan tashqari instruktaj.Bu instruktaj texnologik jarayonning o‘zgarishi, yangi mashina va stanoklar kiritilishi va yangi materiallardan foydalanish natijasida ish sharoitining o‘zgarishi sababli ishchilarning xavfsizligi saqlash uchun bilimlari yetishmasligi sezilganda o‘tkazilishi mumkin.
Shu sanoat korxonasiga o‘xshash korxonada avariya sababli baxtsiz hodisa ro‘y berganligi haqida xabar eshitilgandan keyin ham, rejadan tashqari instruktaj o‘tkaziladi.
Kundalik instruktaj. Naryad-dopusk bilan bajariladigan xavfli ishlar uchun ish boshlashdan oldin o‘tkaziladi. Bu instruktaj o‘tkazilganligi haqidagi ma’lumot naryad-dopuskka yozib qo‘yiladi
Nazoratsavollari: 1. Ma’muriyatning xavfsiz va sog‘lom ish sharoiti qanday tashkil qilinadi. 2. Ish joyidagi instruktajni sanab bering.
3. Instruktajlarni asosan nechchi guruxga bo‘linishini ayting.
4. Mehnat sharoiti noqulay ishlarda band bo‘lgan xodimlar belgilangan qanday me’yorlari mavjud?
5. Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunning moddalarini ayting.