Biroq, hatto bilimning shu turini falsafiy tushunishda ham muammolar bisyor. O’ttiz yilcha
muqaddam epistemologlar shunday misollarni o’ylab topdilarki, ularda ishonch, e’tiqod
bilimning yuqorida zikr etilgan uchala xususiyatiga ega, biroq, shunga qaramay, ular bilim
hisoblanmaydi. Mana, shunga o’xshash oddiy misollardan biri.
Masalan, o’qituvchi falsafadan yozilgan referatlarni tekshirayotib, talabalardan biri –
Valiyev o’z ishini komp’yuterda terganini ko’rdi. O’qituvchi darsda bu guruhda o’qiydigan
talabalarning qaysi birida uyida komp’yuter borligini so’rashga qaror qiladi. Valiyev o’zida
chindan ham yaxshi komp’yuter borligini va bu komp’yuterda u ishlashni o’rganganligini aytdi.
Qolgan talablarning birortasi ham o’zida bunday buyum borligini aytmadi. SHunga asoslanib
o’qituvchi guruhda bir talabada komp’yuter bor ekan, degan xulosaga keldi. O’qituvchining
bunga ishonchi komil va u o’zining bu e’tiqodiga yetarli darajada asoslangan va ishonchli bilim
sifatida yondashadi. Biroq, endi faraz qilaylikki, Valiyevda komp’yuter aslida yo’q va u yolg’on
gapirib, o’zi yoqtiradigan bir talaba qizning e’tiborini o’ziga qaratmoqchi bo’lgan. Ammo
boshqa talaba – Aliyevning uyida komp’yuter bor, biroq u ma’lum sabablarga ko’ra buni oshkor
etmaslikni lozim topgan. Natijada o’qituvchi o’zi dars beradigan guruhda kamida bir talabada
komp’yuter bor deb hisoblar ekan, u asoslangan va o’z nuqtai nazaridan haqiqatga mos
keladigan ishonch, e’tiqodga ega bo’ladi. Biroq bu e’tiqodni bilim deb hisoblash mumkin emas,
chunki uning haqiqiyligi zamirida faqat tasodifiy haqiqatga muvofiqlik yotadi.
Albatta, bunday misollarni bor-yo’g’i tafakkur o’yini deb hisoblash mumkin. Biroq,
haqqoniy tasavvurlar soxta fikrlardan kelib chiqqan yoki ularga asoslangan hollar hatto fanda
ham uchraydi.
Ammo bunday qarshi misollarga yo’l qo’ymaslik uchun bilimga yanada qattiqroq talablar
qo’yish, masalan, bilim roliga da’vogar e’tiqodlar faqat ishonchli
va xatosiz
deb qarash mumkin
bo’lgan fikrlar va ma’lumotlarga tayanishini talab qilish mumkin.
Bilim zamirida aniq, ishonchli va xatosiz asoslar yotishi lozim, degan tasavvur bilish
nazariyasidagi eng nufuzli yondashuv hisoblanadi. Unga antik faylasuflarning asarlaridayoq
duch kelish mumkin, eng aniq ko’rinishda va dasturilamal sifatida u YAngi davrda mashhur
faylasuflar F.Bekon, R.Dekart va J.Lokk tomonidan ta’riflab berilgan. Bu yondashuvni klassik
fundamentalizm deb nomlash, uning barcha muqobillarini esa, hozircha undan ma’lum darajada
chetga chiqish sifatida tavsiflash mumkin.
Dostları ilə paylaş: