5-MAVZU: O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA SAYLOV HUQUQI VA TIZIMI Reja: 5.1. Saylov tizimi va saylov huquqi 5.2. Fuqarolarning saylov huquqi, saylov huquqi prinsiplari 5.3. Saylov jarayoni va unda ishtirok etuvchi subyektlar 5.4. Saylovlarni tashkil qilish va o’tkazish
5.1. Saylov tizimi va saylov huquqi
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi davlat hokimiyatining tashkil etilishi bo’limida avval qonunchilik hokimiyati, Prezident, hukumat faoliyati berilib, saylov tizimi keyingi boblarda berilsa-da, aksariyat davlat organlari saylov orqali tashkil qilinishi sababli darslikda saylov tizimini dastlab ochib berish maqsadga muvofiq bo’ladi, degan xulosaga keldik. Saylovlar demokratik davlatlar taraqqiyotida va fuqarolarning siyosiy huquqlari tizimida muhim konstitutsiyaviy-huquqiy institut sifatida markaziy o’rin egallab kelgan. Aynan mazkur institut orqali fuqarolar bevosita yoki o’zlari saylagan vakillari timsolida davlat va jamiyatni boshqarish imkoniga ega. Saylov demokratiyaning yorqin ifodasidir: «Demokratiya va saylov tushunchalaridoimo yonma-yon yuradi, ular o’zaro birlashib ketgan. Saylov -demokratiya degani. Demokratiya - bu saylov degani»1.O’zbekistonning Birinchi Prezidenti saylovlarga oid masalaga alohida to’xtalib: «Hayotda adolat o’rnatish, albatta, ijtimoiy taraqqiyotningko’pdan-ko’p omillariga bog’liq. Ammo eng muhim, hal qiluvchiomillardan biri - bu erkin, odil saylov tizimidir. Ya’ni har qaysipog’onada - jamoami, mahallami, korxonami, tumanmi, shaharmi,viloyatmi, davlatmi, uning rivoji va taqdiri ko’p jihatdan munosibyoki nomunosib shaxslarni, vakolatlarga ega bo’lgan rahbarlarni,shu jumladan, hayotimiz - kelajagimizni ishonib topshirgan noib-deputatlarni saylab olishimizga bog’liqdir»2, - deb ta’kidlagan edi. Odatda, davlat hokimiyati organlari ikki uslubda: saylash va tayinlash yo’li bilan shakllantiriladi. Umume’tirof etilgan tamoyillarga muvofiq, ijro etuvchi hokimiyat va sudlov hokimiyati organlarining shakllantirilishi saylanadigan organlar tomonidan amalga oshiriladi. Shu asosda, saylovlar davlat hokimiyati organlarining butun tuzilmasiga oliy boshlang’ich legitimlikni ta’minlaydi3. Davlatimizda bevosita saylov usuli bilan davlat boshlig’i - O’zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Oliy Majlisning quyi - Qonunchilik palatasi deputatlari saylanadilar. Shuningdek, saylash uslubi bilan Qoraqalpog’iston Jo’qorg’i Kengesi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari shakllantiriladi. Saylovlar referendum kabi xalq irodasi to’g’ridan-to’g’ri namoyon etilishining qonunlashtirilgan shaklini bildiradi. Boshqacha qilib aytganda, fuqarolar davlat hokimiyati organlarining shakllanishiga ta’sir ko’rsatadilar va shu tufayli ularning davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqlari amalga oshadi. Shuningdek, demokratik saylovlar - hokimiyat to’g’risidagi masalani kuch bilan hal etilishining aksidir. «Demokratiya sharoitlarida esa, davlat ijtimoiyqarama-qarshiliklarni zo’rlik va bostirish yo’li bilan emas, balkiijtimoiy kelishuv, xalq ta’biri bilan aytganda, murosai-madora bilanbartaraf etish vositasiga aylanadi»4, - degan so’zlar saylovlarni nazarda tutgan. Mamlakatimizning bosh maqsadi - demokratik huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish bo’lib, uning asosiy shartlaridan biri xalq hokimiyatchiligini ta’minlash masalasidir. Jumladan, «Demokratiya hammajoyda bir xil. Uning umumiy tamoyillari hamma uchun tushunarli:bu - demokratiyaning ajralmas qismi bo’lgan xalq hokimiyati,xalqning xohish-irodasi va ochiq, erkin saylovlardir. Bu oxir-oqibatdahar qanday demokratiyaning eng yuqori pog’onasi bo’lgan fuqarolikjamiyatidir»5. Aslida, o’zining tashkil etilishi, tuzilishi jihatidan va faoliyatida xalqning irodasiga tayangan, barcha umume’tirof etilgan inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga intilgan davlat deganda, tom ma’nodagi demokratik davlat tushuniladi. Bunda, demokratik davlat fuqarolarning erkinligi va hurfikrliligiga asoslangan fuqarolik jamiyatining muhim ajralmas qismidir. Mazkur davlatning legitimliligi asosini xalq suvereniteti tashkil etadi. O’z navbatida, xalq suverenitetining amalda namoyon bo’lishining asosini saylovlar orqali tashkil etilgan davlat hokimiyati ifoda etadi. Har qanday davlatni demokratik davlat deb e’lon qilishning o’zi kifoya emas, muhimi, uning tashkil etilishi va faoliyatini tegishli huquqiy institutlar, huquqiy kafolatlar bilan ta’minlashdan iborat. Bunda - konstitutsiyaviy-huquqiy institutlarning tizimida saylov huquqi instituti muhim rol o’ynaydi. Ana shu nuqtai nazardan qaraganda, yuqorida ko’rsatilgan maqsadlarga erishishda saylovlar bir vaqtning o’zida ikkita yirik vazifani yechishga xizmat qiladi: - birinchidan, saylovlar demokratiyani amalga oshirishning bevosita shakli bo’lib, fuqarolarni uyushgan holda o’zlari yashab turgan davlat va jamiyatni boshqarish jarayonlariga safarbar etadi. Saylov xalq hokimiyatining bevosita oliy ifodasini tashkil etadi. Bunda fuqarolar har qanday jarayonning ishtirokchisi bo’lganidek, saylov jarayonida ishtirok etib, siyosiy tajriba orttiradilar. Ular, avvalambor, o’zlarining siyosiy ongini charxlab, siyosiy-huquqiy madaniyatini oshiradi va bu jarayonda ishtirok etishning tashkiliy-huquqiy jihatlarini takomillashtirib boradilar. Shuningdek, fuqarolar uyushqoqlik, hamjihatlik bilan, o’z harakatlarini kelishuv asosida namoyon qilishlarida siyosiy tajriba va ko’nikmalarni orttirib boradilar; - ikkinchidan, demokratik davlatning muhim belgilaridan birini vakillik demokratiyasi tashkil etadi. Vakillik demokratiyasi fuqarolarning manfaatlarini birlashtirib, qonunlar va qarorlar qabul qilishga mutlaq huquq berilgan saylanadigan muassasalar orqali xalq hokimiyatini amalga oshirishidir. Bundan kelib chiqadiki, vakillik demokratiyasining haqiqatan amalga oshishi, asosan, saylov jarayonining demokratik tamoyillarga amal qilishiga to’g’ridan-to’g’ri bog’liq. Bundan xulosa qilish mumkinki, demokratiya va saylovlar bir-biri bilan uzviy bog’liq tushunchalardir. Saylov qonunchiligini takomillashtirish doimiy jarayon bo’lib, u saylovlarni yanada demokratlashtirishga olib keladi. Shuning uchun bu masalaga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida alohida to’xtalib, «Bu borada qabul qilingan 6 ta qonun va bir qator qonunosti hujjatlari, afsuski, haligacha yaxlit bir hujjat shakliga keltirilmagan. Shu sababli xalqaro norma va standartlarga javob beradigan yagona saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish lozim» - deb ta’kidladi. Jamiyat rivojlanib, demokratlashib borishi har bir o’tayotgan saylovlarni takomillashuviga olib kelganidek, saylovlarni demokratlashuvi ham jamiyat rivojiga bevosita ta’sir qilmoqda. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida saylov tizimi maxsus bobda (XXII bob) mustahkamlangan. Hamma mamlakatlarning Konstitutsiyalarida saylov tizimi uchun maxsus bob ajratilmagan, masalan, Rossiya Konstitutsiyasida. O’zbekiston Konstitutsiyasida saylov tizimining konstitutsiyaviy asosda belgilanishi bu huquqiy institutning ahamiyati yuqori ekanligini ko’rsatadi. Konstitutsiyaning saylov tizimi bobi ikkita, ya’ni 128-129-moddalardan iborat bo’lib, fuqarolarning saylov huquqini, saylov huquqi prinsiplari, qaysi organlar saylov yo’li bilan tashkil qilinishi, saylov o’tkazishning muddatlari, Oliy Majlis Senati a’zolarini saylash tartibini, kimlar saylovda qatnashmasligini va Markaziy saylov komissiyasini tashkil qilish hamda vakolatlarini belgilovchi qoidalardan iborat. Agar Konstitutsiyamiz nuqtai nazaridan qarasak, unda qayd qilingan shu masalalar yig’indisi saylov tizimi hisoblanadi. Haqiqatan ham shunday. Lekin, ilmiy nuqtai nazardan qaralsa, saylov tizimi Konstitutsiyada belgilangan qoidalar yig’indisidan ancha keng. Chunki saylov munosabatlari ancha keng bo’lib, ularning hammasini Konstitutsiya bilan tartibga solish imkoniyati yo’q. Saylov munosabati ko’plab qonun va boshqa normativ hujjatlar bilan ham tartibga solinadi. Saylov tizimi barcha saylov o’tkazilishi bilan bog’liq tartiblar va barcha tartiblarni mustahkamlovchi, o’rnatuvchi huquqiy normalar yig’indisidir. Saylov huquqi normalari fuqarolarning saylov huquqlarini, saylovni tashkil qilish va o’tkazish, ovoz berish natijalarini aniqlash masalalarini tartibga soladi. Saylov tizimi - bu saylov o’tkazilishi tartibi va shu tartiblarni mustahkamlovchi huquqiy normalar yig’indisidir. Saylov o’tkazish tartiblari huquqiy normalar bilan belgilanadi va ular birgalikda saylov tizimini tashkil etadi. Ba’zida saylov tizimi tor ma’noda saylovning ba’zi jihatlari, xususiyatlariga ham tatbiq qilinadi, masalan, ovoz berish natijasini aniqlashga qo’llanilganda «proporsional» va «majoritar saylov tizimi» degan tushunchalar kelib chiqadi. Aslida, majoritar va proporsional saylov deputatlikka nomzodlar ko’rsatish va ularga ovoz berish hamda natijalarini aniqlashdagi alohida tartibdir. Proporsional tizimda ovozlar partiya ro’yxati bo’yicha berilib, deputatlik o’rni olingan ovozlarga nisbatan taqsimlanadi. Bu tizim Rossiyada parlament saylovlarida qo’llaniladi. Majoritar tizimda saylovchi aniq bir nomzodga ovoz beradi va saylovchilarning yarmidan ko’pchilik ovozini olgan nomzodlar saylangan hisoblanadi. O’zbekistonda majoritar saylov tizimi qo’llaniladi. Keng ma’noda saylov tizimi faqat ovoz berish, uning natijalarini aniqlash tartibi bilan cheklanmay, saylov tizimi saylov huquqi prinsiplari, qoidalari, saylov o’tkazish tartibi yig’indisi hisoblanadi. Unda fuqarolarning saylash va saylanish huquqlari; saylov huquqining asosiy prinsiplari; turli darajadagi hokimiyat organlariga saylov o’tkazish; saylov belgilash; saylov ishtirokchilari (subyektlari), kimlar saylovda ishtirok eta olmasligi kabi masalalar belgilanadi. «Saylov huquqi» atamasi bir necha ma’noda ishlatiladi. Saylov huquqi deganda, birinchidan, mamlakatda saylovlarni tashkil etuvchi huquq normalari tushunilsa; ikkinchidan, fuqarolarni saylash va saylanishga bo’lgan huquqlari tushuniladi (aktiv va passiv saylov huquqi). Saylov bilan bog’liq munosabatlar, masalalar faqat Konstitutsiya normalari bilan tartibga solish bilan chegaralanmaydi,boshqa maxsus qonunlar bilan ham tartibga solinadi. Masalan, 2019-yilgacha «Markaziy saylov komissiyasi to’g’risida», «Fuqarolar saylov huquqlarini kafolatlash to’g’risida»gi qonunlar bilan saylovlar o’tkazib kelingan. 2019-yil 25-iyunda O’zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini qabul qilish orqali barcha saylov haqidagi normalar yagona hujjatga jamlandi. Bu g’oyani O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida «...xalqaro norma va standartlarga javobberadigan yagona Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilishlozim»6deb bayon etgan edi. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, saylov tizimini demokratik mamlakatlar saylov tizimiga mos ravishda tashkil qilish imkoniyati tug’ildi. Natijada, saylovlar xalqaro andozalarga mos o’tkaziladigan bo’ldi. Saylovlarning ko’ppartiyaviylik asosida o’tishi, nomzodlar sonini saylanadigan deputatlar soniga nisbatan ko’p bo’lishi demokratiya tantanasi bo’ldi. Saylovlar siyosiy jarayon bo’lib, uni tashkil qilish va o’tkazishga qarab, jahon hamjamiyati, xalqaro tashkilotlar mamlakatda demokratiya qanday ekanligiga baho beradi. Shu davrgacha O’zbekistonda bo’lib o’tgan barcha saylovlar demokratiya tamoyillariga, xalqaro andozalarga mos ravishda o’tkazilganini saylovlarda ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlarning kuzatuvchilari tomonidan e’tirof etilgan. O’zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy hayotdagi islohotlar, jamiyat va davlat hayotidagi erkinlashtirishlar saylov tizimiga ham ta’sir qildi. Bu o’zgarishlar Konstitutsiya va qonunlarda o’z ifodasini topdi. Konstitutsiyaga kiritilgan o’zgartirishlar natijasida vakillik organlari va Prezident saylovi kuni aniq belgilab qo’yildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda - oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi (Konstitutsiyaning 128-moddasi ikkinchi xatboshisi). Saylovlarda (Senat a’zolarini saylashda) pog’onali saylov prinsipi qo’llaniladigan bo’ldi (Konstitutsiyaning 128-moddasi to’rtinchi xatboshisi).