5-MAVZU. Uyg\'onish davridan boshlab tabiat fanlari taraqqiyoti (1)
Transformizm g‘oyalarining paydo bo‘lishi Bir qancha biologiya fanlari: fiziologiya, solishtirma anatomiya, embriologiya va sistematika fanlarining rivojlanishi tufayli XVII-asrning oxirida tur o‘zgarmaydi, degan g‘oya noto‘g‘ri ekanligi tasdiqlandi. Ilmiy va diniy oqimlar paydo bo‘la boshladi, ular o‘rtasida kurash yoki munozaralar boshlandi. Buning natijasida XVII-asrda o‘simliklar va hayvonlar turi o‘zgarishi mumkin, deb ta’kidlaydigan transformizm-lotincha transformatsio o‘zgarish, qayta paydo bo‘lish, degan ma’noni bildiradi. Tranformizm-bu hayvon va o‘simlik turlarini tarixiy taraqqiyot davrida o‘zgarishi va qadimgi ajdodlaridan paydo bo‘lishi mumkin, deb tushuntiradi.
Kreatsionizm-bu biologiyadagi idealistik ta’limot bo‘lib, tirik organizmlar, yer, hayot, odam Xudo tomonidan yaratilgan va o‘zgarmasdir, deb evolyutsion ta’limotni inkor etadi. Kreatsionizm-lotincha kreatsio (kreatsionis) – yaratmoq degan ma’noni bildiradi.
Transformizm-bu haqiqiy evolyutsion ta’limot bo‘lmay, epigenez nazariyasidan keyingi bosqichidir. Chunki bu g‘oya tarafdorlari tur o‘zgarishlarini tan olsalarda, lekin bu protsessining barcha omil va sabablarini chuqur o‘rganmaganlar. Transformizm biologiyadagi evolyutsion ta’limot yaratilishi yo‘lidagi bir bosqich bo‘lib, kreatsionizmga qarshi kurashdagi dastlabki oqimdir. Transformizmni rivojlantirishda va kreatsionizmga qarshi kurashda rus olimlari M.V, Lomonosov, K.F.Volf, A.N. Radishchev va fransuz tabiatshunosi J.Byuffan, XVIII-asrdagi fransuz materialistlari-D. Didro (1713-1784), P.Goldax (1723-1789), J.Lametri (1709-1751) va boshqalar katta rol o‘ynadilar.
M.V.Lomonosov (1711-1765) yirik ensiklopedist olim hisoblanadi. U fizika, kimyo, geologiya, astronomiya, botanika va boshqa fanlar sohasida katta tadqiqotlar olib borgan. Rus olimlari orasida birinchi bo‘lib tabiatni qonunlar asosida tushuntirishga urungan va uni doimo harakatda, o‘zgarishda, deb tasavvur qilgan. U barcha borliqning asosida materiya yotadi., uning asosiy hissasi harakat, materiya bilan harakat o‘zaro bog‘liqdir, deb uqtirgan.
Lomonosov 1759 yilda yozilgan “Yer qatlamlari haqida” nomli asarida transformizm g‘oyalarini chuqur ifodalagan. Unda butun yer va jismlar tarixiy taraqqiyot natijasida paydo bo‘lgan, deb tushuntiradi. U boshqa geologlardan oldin organizmlar suv toshqini, yer qimirlashi tufayli halok bo‘lishini, ularning yoshini yer qatlamlarga qarab aniqlashni, o‘simlik qoldiqlaridan torf, toshko‘mir hosil bo‘lishini qayd qildi. Bu fikrlar Lomonosovni fanda birinchi marta transformistik g‘oyalar bilan chiqqanligini isbotlaydi. Lomonosovning bu fikrlari rus filosofi A.A.Radishchev (1749-1802) tomonidan rivojlantirildi. Yevropadagi boshqa filosoflardan farq qilib, rivojlanish jarayonida vaqt muhimligini aytadi. Radishchev materiya inert, u tashqi turtkiga muhtoj, degan fikrga qarshi chiqdi. U harakat materiyaga xos, tafakkur va aql-idrok organik materiya, deb ko‘rsatdi. U odamni mashina yo o‘simlikka o‘xshatishga qarshi chiqdi, odam barcha tiriklikka tuzilishi jihatdan yaqin turadi. Odamning yurishi, qo‘li, harakatlanishi, nutqi bilan barcha tirik organizmlardan farq qilishini tushungan, odamdagi barcha organlar hayvonlarda ham bor. Radishchev preformistik g‘oyaga qarshi chiqdi. U rivojlanish faqat miqdor o‘zgarish emas, balki sifat o‘zgarishni ham o‘z ichiga oladi, deydi. U “mavjudotlar narvoni” degan g‘oyani ilgari surdi. Unga muvofiq barcha tiriklik asta-sekinlik bilan jonssiz tabiatdan kelib chiqqan. Bonnening “mavjudotlar narvoni”dan farq qilib, uning oxirida odamni qo‘yadi va ularni paydo bo‘lishida diniy aqidalarni inkor etadi. Radishchev organizmlarni o‘zgarishi muhit faktorlariga bog‘liq deb dalillar keltiradi.
Rossiya akademiyasining akademigi P.S. Pallas “mavjudotlar narvoni”ni to‘g‘ri chiziq ko‘rinishda emas, shohobchali daraxt shaklida ifodalash kerak, deb ko‘rsatdi.
Rus tabiatshunosi A.Kaverznev 1778 yilda “Hayvonlarning qayta tug‘ilishi to‘g‘risida falsafiy mulohazalar” nomdi asarini yozdi. Bu asarda u odam tomonidan yaratilgan hayvon zotlariga asoslanib turlar o‘zgarmaydi, degan fikrga qarshi chiqdi. Uning fikricha, tabiiy sharoitda harakat va oziqa ta’sirida turlar o‘zgaradi.
Rus olimi K.F.Volf (1733-1794) o‘simliklarning bargi, guli, mevasi va urug‘ini mikroskopda tekshirib u yerda pufakchalar (changchi va urug‘i) borligini, bu organlar oldindan rivojlanmasligini aytdi. U jo‘ja rivojlanishini kuzatib tuxumda hech qanday tayyor organlar yo‘qligini isbotladi, ichak va miya (nerv) taraqqiyotini o‘rganib epigenez nazariyasini e’lon qildi. U o‘zgaruvchanlik sabablari namlik, ozuqa, yorug‘lik, ta’sirida sodir bo‘ladi, deb bildi. Shunday qilib tabiatni o‘rganish va tushunishda quruq tasavvur qilishdan ilmiy o‘rganishga e’tibor berila boshlandi.