5-Mavzu: Zamonaviy pedagogikada tarbiya metodlari va shakllari Reja:
1. Tarbiya metodlari haqida tushuncha.
2. Tarbiya metodlari klassifikatsiyasi.
3. Tarbiya vositalari.
4. Tarbiya metodlarini tanlash asoslari.
Tarbiya metodlari haqida tushuncha. Maqsad, mazmun, shakl, metod va vositalar kabi tushunchalar tarbiya jarayonining mohiyatini ochib beradi. Biroq, tarbiya mohiyatini yoritishda o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir tushuncha ham mavjud, bu tarbiya metodlari tushunchasidir.
Tarbiya metodi (yunoncha “metodos” – yo‘l) tarbiya maqsadiga erishishning yo‘li; tarbiyalanuvchilarning ongi, irodasi, tuyg‘ulari va xulqiga ta’sir etish usullari. Maktab amaliyotiga tatbiq etilganda, metodlar – bu tarbiyalanuvchilarning ongi, irodasi, tuyg‘ulari va xulqiga ta’sir etish usullaridir.
Tarbiyaning mutlaqo yangi metodlarini yaratishga bironta tarbiyachining kuchi etmaydi. Metodlarni takomillashtirish muammosi doimo mavjud, har bir tarbiyachi o‘zining imkoniyatiga ko‘ra uni hal qiladi, tarbiya jarayonining aniq shart-sharoitlariga mos ravishda o‘zining xususiy qarashlarini ifoda etish asosida umumiy metodikani boyitadi.
Metodning ijobiy va salbiysi bo‘lmaydi, tarbiya jarayonida ma’lum yo‘lni yuqori darajadagi samarali va samarasiz deya baholash mumkin emas. Metodning samaradorligini u qo‘llanilayotgan sharoit nuqati nazaridan baholash mumkin. Tarbiya metodlarini to‘g‘ri tanlash bir qator omillarga bog‘liq.
Tarbiyaning maqsad va vazifalari. Tarbiya maqsadi va mazmuni metodlarni to‘g‘ri tanlashga imkon beradi. Maqsad qanday bo‘lsa, unga erishish metodlari unga muvofiq bo‘lishi zarur.
Tarbiyaning mazmuni shaxsning shakllanishiga qo‘yiluvchi ijtimoiy talablar mohiyatidan iborat. Unutmaslik kerakki, aynan bitta vazifa turli xil fikrlar bilan to‘ldirilgan bo‘lishi mumkin. SHuning uchun metodlarni umuman mazmun bilan emas, balki aniq fikr bilan bog‘lash g‘oyat muhimdir.
Tarbiyalanuvchilarning yosh xususiyatlari. Tarbiya jarayonida tarbiyalanuvchilarning yosh xususiyatlarini inobatga olish maqsadga muvofiqdir. YOsh xususiyatlari muayyan bir yosh davriga xos bo‘lgan anatomik, fiziologik (jismoniy) va psixologik xususiyatlardir. Aytaylik, mas’uliyat tuyg‘usini boshlang‘ich ta’lim, o‘rta ta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarda ham shakllantirish mumkin. Biroq har bir bosqichda mazkur sifatni shakllantirish borasida turli metodlar qo‘llaniladi.