Qovurilgan tuxumning oqini sarig‘iga aralashtirmasdan tayyorlash texnologiyasi Buning uchun tuxumning sarig‘ini buzmasdan, ehtiyotlik bilan chaqiladi. Tayyorlangan tuxumlar qizdirilgan tovaga solinadi, tuz sepiladi va past olovda tuxumning oqi pishgunga qadar qovuriladi.
Sarig‘i chala pishirilishi, shakli saqlanishi kerak. Qovurilgan tuxum ehtiyotlik bilan idishga solinadi.
Ko‘katlar va boshqa mahsulotlar bilan dasturxonga tortiladi.
2 - amaliy mashg‘ulot Quymoq tayyorlash texnologiyasi Kerakli jihozlar: gaz yoki elektr plitasi, sirli tovoq, ko‘pirtirgich yoki mikser, sanchqi, cho‘mich.
Masalliqlar: 1 litr sutga 400 g un, 4 dona tuxum, 20 g o‘simlik yog‘i, ta’bga ko‘ra tuz va shakar kerak bo‘ladi.
Sirli tovoqqa sut, ta’bga ko‘ra tuz, shakar, un solib yaxshilab iylab, qumoqlari ketguncha aralashtiriladi. Bir tekis hosil bo‘lgan massaga ko‘pchitilgan tuxum, yog‘ solib aralashtiriladi.
Tovaga ozgina yog‘ solib qizdiriladi. Hosil bo‘lgan aralashma qizib turgan tovani qoplaguncha yoyib chiqiladi va o‘rta olovda pishiriladi.
Aralashmaning bir tarafi pishgach, kurakcha bilan chetlari ko‘chirilib, ikkinchi tarafiga ag‘dariladi. Pishgan quymoqlar likopchaga ustma-ust taxlanadi.
Tayyor quymoqni dasturxonga tortishdan oldin ichiga go‘shtli, kartoshkali qiyma yoki tvorog, murabbo solib o‘raladi. Tayyor o‘ralgan quymoqlarning ustiga ta’bga ko‘ra smetana yoki sariyog‘ solib dasturxonga tortiladi.
Tuxumdan tayyorlangan taomlar yuqori kaloriyali hisoblanadi. Ularda oqsillar, yog‘lar, vitaminlar, inson uchun kerakli bo‘lgan mineral moddalar – temir, fosfor, kalsiy mavjud.
Tuxumdagi oziq moddalar oqiga qaraganda sarig‘ida ancha ko‘proq.
Qiziqarli ma’lumot Yaponiyada qaynatilgan tuxum uzun rulet shaklida qayta ishlanadi. U maxsus mashinada tuxumning oqi sarig‘idan ajratilib tayyorlanadi.
Tuxum sarig‘i ustidan oqi o‘ralib, rulet shakliga keltiriladi. Bu usulda qaynatib tayyorlangan tuxum dasturxonga estetik zavq va did bag‘ishlaydi.