Birin hur deyinmi, birin guloyim, Suymaganim suyganimdan muloyim. Bu qanday ko’rgilik ekan, Xudoyim, Ko’nglimda bir yoru qo’ynimda bir yor. U dunyodan ana shunday armon bilan o’tayotir. U umrining poyonida shu armonini, ko’ngil asrorini eng yaqin kishisi – o’z zurriyotiga ochadi, zurriyoti, qolaversa, avlodlar uchun bu chigal qismat bir saboq bo’lishini istaydi... Umr savdosi ostonasida ikkilanib turgan o’g`liga qarata: “Ko’nglingga qara, bolam! Lekin uylansang, shunday birovini topib xotin qilginki, sira-sira joningga tegmasin! Necha yil o’tsa ham! Bunisi endi har kimgayam nasib etavermaydi, albatta. Bo’lmasa, bu savdo – bir umrlik azob”, – deydi alam bilan. Ayni shu lavha asarning, qahramonning joziba kuchini yana ham ochib yuboradi. Bir umrlik azob o’lim bilan intihosiga etadi.
O’z bilganidan qolmaydigan, o’jar, tanti, shaddod qiz-ayol qismatidan bahs etuvchi “Zabarjad”, bugungi evrilishlar zamonida bir oila a’zolari orasida yuz bergan ziddiyat, bo’linishlar qalamga olingan “Jannat o’zi qaydadir” asarlari ham jiddiy o’y-mushohadalar, teran ilmiy tahlil, talqinlar uchun asos beradi.
Qisqasi, Erkin A’zamning bu kitobi bilan tanishar ekansiz, biz yashayotgan zamon jamiki ziddiyatlari, son-sanoqsiz muammolari, jumboqlariga qaramay, bar ibir buyuk umidlar pallasidir. Biyron soqiy tantanavor aytganiday: “Biz dunyoda eng baxtli insonlarmiz! Biz yangi asr odami bo’ldik! Ikki asr, ikki ming yillik belbog`ida yashamoq har kimga ham nasib etavermaydi...”
Darhaqiqat, tarixning mana shunday avj pallasini ko’rmoq va ikki asr, ikki ming yillik nasibasini tatimoq, bundan ham muhimi, buyuk ajdodlar orzusi – Istiqlol shohidi va ishtirokchisi bo’lmoq, avvalo, taqdiri azalning hukmi, yorug` peshonamizdagi qutlug` bitikdir. Bunday buyuk saodat sizu bizga nasib etganining o’zi ilohiy siylov emasmi, aziz zamondosh!
Kitobni yopar ekansiz, o’yga tolasiz, oxir-oqibat ana shunday iftixor tuyg`usi qalbingizda jo’sh uradi.
YaQIN KEChMIShNING HALOL VA TERAN BADIIY TAHLILI
(Murod Muhammad Do’st ijodiga bir nazar) O’tgan asr 70-yillarining boshlari. Toshkentdagi Talabalar shaharchasining shundoqqina biqinida domlalar uchun qurilgan binoda oilamiz bilan turamiz. O’sha kezlari xonadonimiz bamisoli universitet auditoriyasining filialiga aylangan edi. Turli muammolar bo’yicha biznikiga tashrif buyuradigan talabalarning keti uzilmasdi. Ayniqsa, ijodkor yoshlar bilan xonadonimizda kechgan maroqli gurunglarni bugun orziqib eslayman. Tog`ay Murodday yorqin iste’dodni shunday gurunglarning birida o’zim uchun “kashf” etganman. O’sha kezlari yana bir o’ziga xos iste’dod sohibi Murod Muhammad Do’st bilan ayni shu kulbamizda tanishganman.
Uzun bo’yli, ozg`in, o’ychan qop-qora ko’zlari chaqnab, yuzida allaqanday kinoya aralash nim tabassum ufurib turgan bu talaba yigitning gap-so’zlari ham chehrasiga mos allaqanday yoqimli kinoyaviy ohang bilan yo’g`rilgan edi. U filolog emas, universitetda falsafa ixtisosligi bo’yicha ta’lim olardi. Dastlabki suhbatdayoq uning bilim, qiziqish doirasining kengligi meni lol qoldirdi. G`arb falsafasi, ruhshunosligi, tasviriy san’at, musiqa, arxitektura, adabiyot va san’atdagi yangi jarayonlar haqida rus tilida chiqqan son-sanoqsiz kitoblar, mashhur kuylar yozilgan gramplastinkalar shaydosi ekan bu yigit. Yotoqxonasiga sig`dirolmagan kitobu gramplastinkalarini biznikida saqlaydigan bo’ldi. O’z navbatida, men ham ulardan bahramand bo’lib turardim. Ko’p o’tmay, bu yigit ijodiy mashqlar ham qilib turishini sezib qoldim. Iltimosimga ko’ra “Qaydasan, quvonch sadosi” deb nomlangan kattagina hikoyasini o’qishga berdi. O’qib, quvonib ketdim. Allaqachon havaskorlik bosqichidan o’tgan, tap-tayyor professional yozuvchining asari! Oradan ko’p o’tmay hikoya bosildi. Hattoki Yozuvchilar uyushmasida mazkur hikoya muhokamasiga bag`ishlangan adabiy anjuman o’tkazildi. Odil Yoqubov, Ozod Sharafiddinovdek taniqli yozuvchi, munaqqidlar u haqida iliq gaplar aytdi.
Bu anjuman, menimcha, yosh yozuvchi ijodiy taqdirida chuqur iz qoldirdi, balki, burilish yasadi. Dongdor kompozitor hayoti va ijodini teran o’rganib, bilib, his etib qalam tebratgan yosh qalamkash asariga tasannolar aytish bilan barobar, jiddiy bir e’tiroz, aniqrog`i, istak ham bildirildi. Jumladan, ustoz Ozod aka “G`arbning mashhur kishilari haqida g`arblik ijodkorlar qoyilmaqom qilib yozishgan. Murodning hikoyasi o’sha asarlar bilan bo’ylasha oladigan darajada. Bu – yaxshi. Endi ukamiz o’z odamlarimiz haqida yozib, ularni G`arb, balki, jahonga tanitish yo’lidan borsa, yana ham savobroq ish qilgan bo’lardi...” dedi. Bu fikrni boshqalar, jumladan, Odil Yoqubov ham qo’llab-quvvatladi. Yosh yozuvchi anjumanda bu xususda hech narsa demadi. Ammo shundan keyin u ijodda milliy zaminga keskin yuz o’girdi. Birin-ketin “Dashtu dalalarda”, “Bir toychoqning xuni” kabi hikoyalari, “Mustafo”, “Iste’fo”, “Galatepaga qaytish” singari qissalari e’lon etildi. Bu asarlarning qahramonlari o’zi uchun qadrdon maskan – kindik qoni to’kilgan yurt – Samarqand viloyatiga qarashli Jom qishlog`i odamlari. Bu yurtni yozuvchi asarlarida “Galatepa” degan chiroyli adabiy nom bilan ataydi. Buning boisi shuki, muallif tug`ilib o’sgan qishlog`i haqida hujjatli asar – ocherklar turkumi yozmoqchi emas edi, balki o’sha qadrdon maskanda turib tanish manzaralar, chehralar vositasida o’sha kezlardagi millat hayoti, holati, ruhiyatida kechayotgan jarayon – evrilishlarni, shaxsan o’zini qiynayotgan o’y-kechinmalarni ifoda etishga chog`lanadi va bu ezgu niyatiga erishadi ham. Qissa va hikoyalar sahifalaridan qad rostlagan Mustafo, G`uchchi chol, Bolta qassob, Ibodullo Maxsum, Pirimqul Moliya, Elomonov, Binafshaxon, Polvon, Xadicha, Toshpo’lat G`aybarov, Raim oqsoqol kabi personajlar xuddi tirik odamlar kabi “adabiy aholi” safidan o’rin oldi. Muayyan sabablarga ko’ra, adabiyot real hayotdan uzoqlashib qolgan, sostrealizm talablari asosida yaratilgan “sovet kishisi” obrazlari ijobiy qahramon etaloniga aylantirilgan bir pallada bir qator yangi avlod yozuvchilarining kitobiylikdan yuz o’girib, mavzu va qahramonlar tanlashda real hayotning o’ziga qaytishi, bunda hattoki o’ziga tanish maskan quchog`iga kirib borishi milliy adabiyotimiz rivojida o’ziga xos hodisaga aylandi. Murod Muhammad Do’stdan oldinroq ijod bo’stonida ko’ringan Shukur Xolmirzaev o’zi tug`ilib o’sgan Boysun koloritini adabiyotga olib kirdi, Murodjonning tengdoshi Tog`ay Murod qissalarida qalamga olingan voqea-hodisalar yosh yozuvchi ona yurti Denov, aniqrog`i, Xo’jasoat qishlog`i va uning atrofida yuz beradi. Muroddan keyinroq ijodini boshlagan boysunlik Erkin A’zam, parkentlik Xayriddin Sultonovlarning ilk qadamlarida ham ayni shu holni kuzatish mumkin.
Tengdoshi Tog`ay Murodning “Yulduzlar mangu yonadi, “Oydinda yurgan odamlar” qissalaridagi kabi Murodjonning qator qissa va hikoyalari, chunonchi, “Dashtu dalalarda” personajlari adabiyotimizda chindan-da yangilik bo’ldi. Ularda siz urfga aylangan qahramonlarga xos “tipik” xususiyatlarni ko’rmaysiz. Bir qarashda ular “hayot oqimidan ortda qolgan” omi, dag`al, ko’rimsiz kimsalar. Biroq tengdoshlari kabi Murodjon ana shu oddiy, jo’n, balki, qo’pol, dag`altabiat odamlar fe’l-atvori, qalbidagi nurli jihatlarni, yuksak ma’naviy bisotni, o’tda kuymaydigan, suvda cho’kmaydigan otashin sevgi tuyg`ularini ko’rsatishga, aniqrog`i, tarannum etishga erishadi. O’sha kezlari ayni shunday hodisa boshqa qardosh xalqlar, jumladan, rus adabiyotida ham sodir bo’layotgan edi, ayniqsa, rus adabiyotidagi “qishloq prozasi” deb nom olgan adabiy hodisa, jumladan, V.Shukshin qalamiga mansub “chudik”lar – g`aroyibtabiat odamlar obrazi tufayli “kommunistik axloq kodeksi” asosida yasalgan “qahramonlar”ning “dovrug`i”ga darz ketdi. Ayni shunday missiyani bizda yuqorida tilga olingan nosirlarimiz, jumladan, Murod Muhammad Do’st ado etish sharafiga muyassar bo’ldi.
Adabiy jarayon bir erda depsinib turolmaydi, uzluksiz harakatda, o’zgarishda. Ayniqsa, shiddat bilan o’zgarib, yangilanib borayotgan jahon adabiyoti bilan hamqadam bo’lolmagan adib milliy adabiyotda ham o’z o’rnini topolmaydi. Buni teran anglagan Murodjon adabiy bilim va malakasini yanada oshirish niyatida Moskvadagi Adabiyot institutida ta’lim oldi, bu erdagi adabiy muhit uning ijodiy kredosiga talay “tahrir”lar kiritdi. Shundan keyin yaratgan asarlarida, ayniqsa, “Galatepaga qaytish” qissasi va “Lolazor” romanida yozuvchining ijodiy tafakkur doirasi yangi ko’lam kasb etganligining shohidi bo’ldik.
Bu ikki asarda ham muallif avvalgi hikoya va qissalaridagi kabi milliy zaminda qat’iy turadi, ammo personajlar doirasi xiyla kengayadi, oddiy, kamsuqum qishloq odamlari bilan barobar, qishloqdan chiqib, shahar ko’rgan, binobarin, dunyo tanigan turfa kishilar – olim, rahbar xodim, shoir-yozuvchi, sportchi, alpinist va hokazolar orasidagi muloqotlar, bahsu munozaralar, ularning dardu dunyosi, ko’nglidagi armonu o’kinchlar bilan tanishamiz. Xilma-xil, turfa odamlar qismati, tabiati, ruhiyati ifodasi badiiy talqinida endi biz milliy an’analar bilan barobar, jahon yangi adabiyoti tajribalari, ekzistenstializm, absurd, ong oqimi kabi xarakterli adabiy-badiiy tamoyillarning ko’rinishlari guvohi bo’lamiz.
“Lolazor”da ko’lam yanada kengayadi. Makon Galatepa doirasidan chiqib keng miqyos kasb etadi. Mas’ul rahbar va unga yaqin turgan qalamkash asarning etakchi qahramonlari qilib olinadi. Bu ikki qadrdon oshna va ular qatoridagi o’nlab personajlar qismati, tabiati, ruhiyati ifodasi orqali butun bir jamiyat, tuzumning inqirozi badiiy tahlil va talqin etiladi.
“Lolazor” engil o’qiladigan, oson uqiladigan asarlar xilidan emas. Roman tafakkur tarzi, til, ifoda, uslub, usullar jihatidan zamonaviy jahon adabiyotidagi etakchi yo’nalishlarga mansub ekanligini, romandagi tasvirning polifonik serjilo xususiyatini eslatish bilan barobar, unda taqlidchilikdan asar ham yo’qligini alohida ta’kidlab o’tmoqchiman. Muallif G`arb tajribasini o’zbekona milliy ruh, betakror o’zbekona ohang bilan qoyilmaqom qilib uyg`unlashtira olgan.
Shunisi qiziqki, bir qarashda asar anchain sodda tilda yozilgandek, xarakter va hodisalar xiyla odmi – jo’n bir yo’sinda loqaydroq tarzda ifoda etilayotganday tuyuladi. Ammo mana shu jo’nlik zamirida o’ta jiddiylik, go’llik qobig`ida esa quvlik, teran ma’nodorlik bor; hushyor kitobxon loqayd bo’lib tuyulgan nigoh, hikoya tarzi zamiridagi yozuvchining pozistiyasini, hodisalarga aniq-ravshan munosabati, bahosini sezib, his etib turadi. Muallif qissada Sharq adabiyotida keng tarqalgan “tajohilul- orifon” deb atalgan bilib-bilmaslikka olish, sodda quvlik, donishmandlik usulini ijodiy rivojlantirib, romanning etakchi uslubi darajasiga ko’taradi. Ayni shu uslub, usul taqozo etadigan istehzo, kinoya, kesatiq, piching, nozik qochiriqlar asarga xalqchil milliy ruh, o’ziga xos joziba baxsh etadi. Eng muhimi, bunday usul-uslub orqali yozuvchi romanga asos qilib olingan hayotiy hodisalar, muammolar, odamlar tabiati, qismati mohiyatini betakror tarzda chuqur, haqqoniy ochishga, ularni butun murakkabligi, ziddiyatlari, musbat va manfiy tomonlari bilan ko’rsatishga erishadi. Yozuvchi uslubining yana bir jihati shundaki, asar boshdan-oyoq bahs-munozara tarzida bitilgan. Yozuvchi goh oshkora, goh pinhona personajlar bilan bahsga kirishadi; asardagi personajlararo tortishuvlar faqat ular orasidagi konflikt-ziddiyat ifodasigina bo’lib qolmay, ularni muallifning hodisalarga xilma-xil tomondan yondashuvi, bahs-munozaralari izhori deb ham aytaverish mumkin.
Roman markazida, yuqorida aytib o’tilganidek, ikki qadrdon do’st – respublikaning mas’ul rahbari Oshno, shu oshno panohida, madadida “dongdor” yozuvchi darajasiga ko’tarilgan, aslida o’rtamiyona qalamkash Nazar Yaxshiboev taqdiri yotadi. Muallif zamonaviy romanchilikda keng qo’llanayotgan retrospektiv usulga tayanib, personajlardan biri – yozuvchi Nazar Yaxshiboev umrining so’nggi, kasalxonada kechgan bir necha kunlarini go’yo sarhisob pallasi tarzida olib, shu nuqtada turib uzoq yillik bosib o’tgan hayot yo’liga nazar tashlaydi. Bu odam umr yo’lida juda ko’p kishilarga duch kelgan, ular bilan har xil muammolar bo’yicha muloqotda bo’lgan; ammo uning taqdirida chuqur iz qoldirgan, butun ongli hayotiga esh bo’lib yurgan zot bu – Oshno. Yozuvchi hayotidagi barcha xush va noxush hodisalar, zafarlar, yo’qotishlar, xato va adashishlar, ko’rgilik va achchiq saboqlar – barchasi shu odam bilan aloqador. Roman muallifi bu ikki shaxs umr yo’lini, avvalo, Nazar Yaxshiboev nigohi orqali ifoda etadi. Ammo muallif bu bilan cheklanmaydi. Agar shu bilan cheklanganda, ehtimol, yozuvchi bu ikki murakkab shaxs, ular taqdiriga aloqador hodisalar haqidagi to’la haqiqatga erisholmagan bo’lardi. Buni sezgan muallif romanga yana bir muhim figurani olib kiradi – asarda taqdir taqozosi tufayli bu odamga yaqinlashib, uning ta’siriga tushib qolgan, aslida zo’r iste’dod egasi, sohibdil, haqiqatgo’y adib Saidqul Mardonov otliq shaxs paydo bo’ladi. Saidqul Nazar Yaxshiboev haqida qissa yozmoqchi. U Yaxshiboevning hayot yo’li, do’sti Oshno haqidagi ko’rgan-bilganlarini so’zlaydi, yo’l-yo’lakay o’z hayotini ham hikoya qiladi... Shu tariqa asarda markaziy figuralar – Oshno va Yaxshiboevlarga nisbatan boshqa bir nigoh – qarash, ularni yangi tomondan baholash, ochish imkoniyati vujudga keladi. Muallif voqealarni goh bemor – Yaxshiboev, goh qissanavis – Mardonov nigohi orqali beradi; hodisalarning shu tarzda ikki xil tabiatli, ikki xil maslakli yozuvchi orqali ifoda etilishi asarga o’ziga xos bahs, tasvirga esa polifonik xususiyat, serjilo ma’no baxsh etadi. Roman etuk realizmga xos xususiyatlari – muallif hodisalarni, odamlar taqdiri, xarakterini, hattoki yaqin o’tmishda eng jiddiy xatolar, jinoyatlar qilish darajasiga borib etgan kimsalarni ham tarixiy muhit farzandi, tirik inson sifatida tushunib, qalam tebratgani bilan g`oyat qimmatlidir. Zotan, haqiqiy realist yozuvchining vazifasi, A. Chexov aytganidek, gunohkor odamni nuqul ayblash, ta’qib qilish emas, aksincha, hattoki gunohkor kimsa yonini olib, u yo’l qo’ygan xatolar, tabiatidagi qusurlar, qabohatlar asosi, ildizi, sabablarini tahlil etib berish, inson jumbog`ini echishga urinishdan iboratdir.
“Lolazor” muallifi yaqin kechmishga katta mas’uliyat bilan halol yondashadi, ayni shu masalada kon’yuktura maqsadlarini ko’zlab, har maqomga yo’rg`alayveradigan, kaltabin, munofiq kimsalar bilan oshkora munozaralar olib boradi. Uzoq yillar Nazar Yaxshiboev bilan muloqotda bo’lgan, uni yaqindan bilgan, undan goh yaxshiliklar ko’rgan, goh ranjigan haqgo’y adib Saidqul Mardonov pirovardida o’z vijdonini so’roqqa tutadi:
“AGARDA YaXShIBOEVNING O’RNIDA MEN O’ZIM BO’LGANIMDA-ChI?
AGARDA MEN O’ZIM OShNOGA OShNO BO’LGANIMDA-ChI? O’ShANDA NE BO’LARDI?
Bu savollarga nima deb javob berishni bilmayman. Ishonolmayman o’zimga. Shubham mo’l mening. Zamonlar o’zgacha edi. Qutqu deganlari ham g`oyat ulug` ediki, Oshnoga oshno bo’lsam, oliymaqom rag`batlar olsam, men o’zimning ham Yaxshiboevga aylanishim muqarrar bo’lib tuyuladi. Har xil oshnolaru yaxshiboevlarga qarshi o’z vaqtida bilak shimarib keskin kurashganmiz, deb tomoq yirtayotgan va nedir yangi sadaqalardan umidvor bo’layotgan tengdoshlarimdan farqli o’laroq, men o’zimning o’sha kezlarda ham, bugun ham juda ojiz ekanimni sezaman”. Bu halol va mard odamning, chin realist adibning e’tirofi! Romanning “Oxirigi bob”ida kichik, ammo xarakterli bir lavha bor. Qissanavis Saidqulning oradan yillar o’tib, bir vaqtlar katta dovrug` taratgan, bugungi kunda esa siri fosh bo’lib, qamoqda yotgan dongdor rais To’pori yurtiga yo’li tushadi, To’porining tus jiyani kabobpaz Ne’matjonga duch keladi; jiyan hech tap tortmay To’pori qismati haqida quvonch bilan gapiradi, “Ilonning boshi yanchildi, domlajon!” deya suyunchi olmoqchi bo’ladi. “Bilmay yuravergan ekanmiz, qilgan qilg`ilig`ini men aytmay, siz eshitmang!..” deb diydiyosini boshlaydi. Saidqul lol bo’lib qoladi, chunki ilk bor bu erga kelganida Ne’matjonning To’pori to’g`risidagi gapi, talqini o’zgacha edi: “ikki gapning birida zikr etardiki, “kattamizning qamrovi keng, g`ayrati ulug`, bu kishiga bitta kolxoz torlik qiladi, bu kishiga butun bir respublikani ham ishonib topshirsa bo’ladi!..”
Muallif yozganidek, vaqtida jo’r bo’lib, keyin chetga chiqib turish oson. Vaqtida jo’r bo’lib, vaziyat o’zgargandan keyin butunlay boshqa tomonga o’tib olish esa hammasidan yomon. Yozuvchi o’zini, o’z bisotini taftish qilishga o’tadi: “To’porining yonida bunaqa ne’matjonlar juda ko’p bo’lgan. Undan irganishga irgandim-u, lekin aslida o’zimning ham undan behroq emasligimni angladim. To’porini yaratgan kim o’zi?! Nahotki ne’matjonlarning bu ishga qurbi etsa! Yo’q, To’porini biz so’zamollar yaratdik, Yaxshiboev, men... Boshqalar ham qarab turgani yo’q. Maqtadik, maqtayverdik, yuksaklarga opchiqib, o’zimiz pastda qolib, pirovard uning soyasiga sig`inadigan bo’ldik...