Tarbiyalanganlik – milliy urf-odatlar, qadriyatlarga e’tiqod bilan rioya qiladigan, noqonuniy ishlardan oʻzini tiya oladigan, oʻz hatti-harakatlari bilan oʻzgalar nafratini qoʻzgʻamaydigan xulq-atvordir. Faoliyat jarayonida hosil boʻlgan malaka va odatlar axloq me’yorlariga rioya qilishni yengillashtiradi. Demak, tarbiyachi bola shaxsining tez rivojlanadigan davri oʻquvchilik yillarida uning ongiga turli-tuman faoliyat (oʻqish, mehnat, oʻyin sport, badiiy havaskorlik) yordami bilan maxsus ta’sir etishi mumkin. Tarbiya yaxlit jarayonda amalga oshiriladi, uning tarkibiy qismlari ham ayni bir vaqtda faoliyatning biror turi asosida amalga oshiriladi. Tarbiya pedagogikadagi asosiy tushunchalardan biri sanaladi. Jamiyat va pedagogikaning tarixiy rivoji davomida mazkur kategoriyani tushuntirishga turlicha yondashuvlar yuzaga keldi. Eng avvalo, yuqorida ta’kidlab oʻtganimizdek, keng va tor ma’nodagi tarbiya farqlanadi. Keng ma’noda tarbiya shaxsga jamiyatning ta’sir etishi, ijtimoiy hodisa sifatida qaraladi. Mazkur holatda tarbiya ijtimoiylashtirish bilan uygʻunlashadi. Tor ma’nodagi tarbiya deganda, pedagogik jarayon sharoitida ta’lim maqsadini amalga oshirish uchun pedagog va tarbiyalanuvchilarning maxsus tashkil etilgan faoliyati tushuniladi. Ushbu holatda pedagoglarning tarbiyaviy faoliyati tarbiyaviy ish deb ataladi. Tarbiya mazmuni deganda, qoʻyilgan maqsad va vazifalar bilan bogʻliqlikda ta’lim oluvchilarning egallashi lozim boʻlgan bilim, malaka, e’tiqod, shaxs sifati va xarakteri, xulqatvor tizimi tushuniladi. Tarbiyaning maqsadi – har tomonlama barkamol shaxsni shakllantirish. Tarbiyaning umumiy vazifalari: jamiyat a’zolarining maqsadga yoʻnaltirilgan rivojlanishi hamda ularning qator ehtiyojlarini qondirish uchun shart-sharoit yaratish; jamiyat rivoji uchun zarur boʻlgan ijtimoiy madaniyatga mos yetarlicha hajmdagi “inson kapitali”ni tayyorlash; madaniyatlarni uzatib turish orqali ijtimoiy hayotning barqarorligini ta’minlash; ma’lum jins yoshi va ijtimoiy-kasbiy guruhlarning qiziqishlarini hisobga olgan holda ijtimoiy munosabatlar doirasida jamiyat a’zolarining harakatini tartibga solish, tushuniladi.