Moliyaviy faoliyat bo‘yicha xarajatlarga barcha turdagi kreditlar bo‘yicha, mol-mulkning ijara haqi to‘lovlari hamda qimmatli qog‘ozlarni chiqarish, sotish, tarqatish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar kiradi.
Favqulodda xarajat va zararlar esa korxonalarning odatdagi faoliyatidan chetga chiquvchi hodisalar yoki operatsiyalar natijasida vujudga keladigan va ro‘y berishi kutilmagan odatdan tashqari xarajatlar kiradi. Masalan, zilzila, sel kabi tabiiy ofatlar natijasida ko‘rilgan zararlar.
Korxonalarda amalga oshiriladigan xarajatlarni ayrim belgilariga ko’ra turkumlash mumkin. Jumladan, korxonalardagi xarajatlarni o‘zgaruvchan va doimiy xarajatlarga bo‘lish mumkin.
Doimiy xarajatlar ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmiga bog‘liq bo‘lmagan holda amalga oshiriladi. Masalan, ijaraga olingan asosiy vositalarga to‘lanadigan ijara haqi, asosiy vositalarning amortizatsiya summasi va boshqalar doimiy xarajatlar tarkibiga kiradi.
O‘zgaruvchan xarajatlar ishlab chiqariladigan mahsulot hajmining o‘zgarishi bilan bevosita bog‘liqdir. Ishlab chiqariladigan mahsulotlar miqdorining ko‘payishi o‘zgaruvchan xarajatlar ko‘proq sarflanishini taqozo etadi. Ularga xomashyo, mehnatga to‘lanadigan ish haqi, elektroenergiya xarajatlari va boshqa xarajatlar kiradi.
Korxonalarda xarajatlar mahsulot yetishtirish jarayonida bevosita hamda bilvosita sarflanadigan xarajatlarga ham turkumlanadi.
Bevosita xarajatlar mahsulotlarni yetishtirishda bevosita qatnashadi. Masalan, xomashyo, yoqilg‘i va boshqalar.
Bilvosita xarajatlar esa mahsulot yetishtirishda bevosita ishtirok etmasada, korxonada mahsulot yetishtirish uchun zarur hisoblanadi. Masalan, korxonani boshqarish xarajatlari, ombor xo‘jaligi xarajatlari va hokazo.