9. Fuqarosizlikni kamaytirish xalqaro hamjamiyatning vazifalaridan biri sifatida. Fuqarolikni yo‘qotish, uning to‘xtatilishi bilan bog‘liq masalalar davlatning ichki huquqi asosida hal etiladi.
Shaxs fuqarolikni quyidagi hollarda yo‘qotishi mumkin:
birinchidan, o‘z xohish-istagiga ko‘ra;
ikkinchidan, davlat tashabbusi bilan.
Ikkinchi holatda fuqarolikdan mahrum etish haqida so‘z boradi. U g‘ayriixtiyoriy ravishda, masalan, shaxs boshqa fuqarolikka ega bo‘lganida, chet elda uzoq muddat yashab qolganida, chet el qurolli kuchlariga xizmatga kirganida amalga oshirilishi mumkin. Fuqarolikdan mahrum etishning boshqa bir turi — bu haqda davlatning maxsus hujjati, oliy organ qarori yoki sud hukmi chiqishidan iborat.
Siyosiy faoliyati tufayli ommaviy tartibda fuqarolikdan mahrum etish tajribasi ham mavjud. 1917 yil Oktabr to‘ntarishidan keyin Rossiyada xuddi shu asos bo‘yicha qariyb ikki million kishi fuqaroligidan mahrum etilgandi. Aynan shunday vaziyat 1941 yilda Germaniya tomonidan Fuqarolik bo‘yicha imperiya huquqi to‘g‘risidagi 11-dekret chiqarilganda yuz bergan va chet ellarda yashayotgan germaniyalik yahudiylar fuqarolikdan mahrum etilgan edi.
So‘ngi o‘n yilliklarda davlatlarning fuqarolikdan mahrum etish huquqini cheklash tendensiyasi kuzatilmoqda. 1961 yildagi (1975 yil 13 dekabrdan kuchga kirgan) Fuqarosizlikni kamaytirish to‘g‘risidagi konvensiyada fuqarolikni yo‘qotishga taalluqli bir qator normalar mavjud. Konvensiyada qayd etilgan umumiy qoidaga ko‘ra, agar oqibatda fuqaro fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga aylanib qoladigan bo‘lsa, davlat uni fuqaroligidan mahrum etmasligi kerak.
Aksariyat davlatlar qonunchiligida (masalan, AQShning 1952 yildagi Immigratsiya va fuqarolik to‘g‘risidagi qonunida) mavjud yana bir normaga ko‘ra, boshqa bir fuqarolik qabul qilinishi munosabati bilan tegishli fuqarolik g’ayriixtiyoriy ravishda barham topadi. Bunday norma 1963 yildagi Ko‘p fuqarolikni cheklash va ko‘p fuqarolik hollarida harbiy majburiyat to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasida ham bor.