3. Gumanistik (fenomenologik-) paradigmaga ko'ra (A.Maslou, A.Kombs, K.Rodjers, L.S.Vigotskiy va boshqalar) ta'lim oluvchi erkin shaxs, ijtimoiy munosabatlar subyekti sifatida o'ziga xos rivojlanish imkoniyatlariga ega. Ular bolani rivojlantirish maqsadida uni shaxslararo munosabatlar jarayoniga yo'naltiradi. Ta'limning fenomenologik (fenomen yunoncha «phainomenon» — hisoblangan, ya'ni, mashhur, alohida nodir odam) modeli o'quvchilarning individual-psixologik xususiyatlarini hisobga olib, ularning talab va qiziqishlariga hurmat bilan munosabatda bo'lishni ko'zda tutadi. Uning vakillari o'quvchini nodir shaxs deb hisoblaydilar. Gumanistik paradigma doirasida faoliyat olib boruvchi har bir ta'lim tizimi ijodiy rivojlanadi va o'quvchi hamda o'qituvchining erkinligi va ijodkorligini yoqlaydi.
Gumanistik paradigma g'oyalari 1991-yildan keyin respublika uzluksiz ta'lim tizimiga joriy etila boshlandi. Paradigmaning diqqat markazida o'quvchining barkamol rivojlanishi, uning intellektual ehtiyojlari, «erkin fikrlaydigan shaxsni tarbiyalash» masalasining ijobiy hal etilishi yotadi. Ayni vaqtda, respublika ta'lim muassasalarida quyidagi g'oyalarga amal qilinmoqda: «Demokratik jamiyatda bolalar, umuman har bir inson erkin fikrlaydigan etib tarbiyalanadi. Agar bolalar erkin fikrlashga o'rganmasa, berilgan ta'lim samarasi past boiishi muqarrar. Mustaqil fikrlash ham katta boylikdir».
4. Ezoterik paradigma (yunoncha «esoterikos» ichki, sirli, yashirin, faqatgina biluvchilar uchun mo'ljallangan insonning dunyo bilan o'zaro aloqalari yuksak darajalarini aks ettiradi). Modelning mohiyati haqiqat abadiy va o'zgarmas, doimiy ekanligini ta'kidlashdan iborat. Paradigma tarafdorlari haqiqatni bilib bo'lmasligi, unga faqatgina fahmlash asosida erishish mumkinligini ta'kidlaydilar. Pedagogik faoliyatning oliy maqsadi koinot bilan muloqot, o'quvchining tabiiy kuchlarini ozod etish va rivojlantirishdan iborat. Shu bilan birga, o'qituvchining himoyalash vazifasi muhimdir, u o'quvchining mavjud imkoniyatlarini uni ma'naviy, jismoniy, psixik jihatdan rivojlantirishga yo'naltiradi.