7-mavzu Tarixiy jarayonda jamiyatning madaniy va ma’naviy qadri
Madaniyat sub’ekti –individ (shaxs), ijtimoiy guruh yoki jamiyat. Madaniyat inson imkoniyatlarini, uning qobiliyatlari, bilim va ko’nikmalarini ro’yobga chiqarish sifatidagina shakllanadi va amal qiladi. U insonning ijtimoiy fazilatlari, aqli, irodasi, intilishlari, boshqa kishilarga va o’z-o’ziga, tabiat va jamiyatga bo’lgan munosabatining yaxlit tavsifini aks ettiradi. Madaniyat – insonning ruhlantirilgan faoliyati; u insonning bilish qobiliyati, bilimi, estetik didi, irodasi, barkamollik va go’zallik idealiga muvofiq bo’lgan ijod qilish qobiliyatining rivojlanish darajasini tavsiflaydi. Ammo madaniyatli odamning bosh negizi axloqiylik hisoblanadi.
Madaniyat sub’ekti ayrim individ yoki ijtimoiy guruh bo’lgani bois gruppaviy va individual madaniyatning turli-tuman shakllari farqlanadi. Gruppaviy madaniyat deganda milliy madaniyat, manzilgoh (kichik, katta shahar yoki megapolis, qishloq, shaharcha) madaniyati; sinf, kasbiy guruh va hokazolar madaniyati tushuniladi. Gruppaviy madaniyat muayyan omillar ta’sirida o’zgaradi, uning yangi shakllari vujudga keladi. Masalan, hozirgi zamon jamiyatida ommaviy madaniyat va elitar madaniyat alohida o’rin egallaydi.
Elitar madaniyat shaxsiy asosni izlash va qaror topdirish sifatida amal qiladi. U jiddiy, murakkab, o’ziga xos bo’lib, novatorlik xususiyatini kasb etadi. Uning mahsuloti jamiyatning novatorlarcha izlanishlarni tushunish va baholashga qodir bo’lgan intellektual elitasi uchun mo’ljallangan. Ommaviy madaniyat vujudga kelishiga ommaviy axborot vositalari – gazetalar, ommabop jurnallar, radio, ovoz yozish, kinematograf, televidenie, magnitli va videomagnitli yozish vositalarining rivojlanishi zamin hozirladi.
Individual madaniyat – insonning ijtimoiyligi mezoni. Inson qanday bo’lsa, uning madaniyati ham shunday bo’ladi.U madaniyat darajasi, uning mavjudligi yoki mavjud emasligi tushunchalari bilan tavsiflanadi. Individual madaniyat u yoki bu darajada tizimli xususiyat kasb etishi mumkin, shuningdek u ko’p sonli tasodifiy tarqoq omillar ta’sirida shakllanishi ham mumkin. Inson – nafaqat madaniyat mahsuli, balki uning bunyodkori hamdir. U jamiyatning oliy qadriyatlarini o’zlashtirgani va ro’yobga chiqargani, ularni o’zining ichki ma’naviy boyligiga aylantirgani uchungina madaniyatli hisoblanadi. Inson haqida uning madaniyat haqidagi fikrlariga qarab emas, balki u mazkur tasavvurlarni qanday amalga oshirishiga qarab xulosa chiqarish mumkin. Madaniyat inson faoliyatida amalga oshirilgan, gavdalantirilgan individual va ijtimoiy ong, ideallar va didlar, axloqiy va siyosiy mo’ljallardir. Shu sababli madaniyatning muhim elementi madaniy faoliyat hisoblanadi.