7-mavzu: Tarixiy jarayonda jamiyatning madaniy va ma’naviy qadriyatlari. Jamiyat va tarix falsafasi


Endogenlik madaniyatning mohiyati, uning tizimli birligi ichki tamoyillarning mushtarakligi bilan belgilanganini anglatadi. O’ziga xoslik



Yüklə 93,48 Kb.
səhifə13/19
tarix29.04.2023
ölçüsü93,48 Kb.
#104671
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   19
7-mavzu Tarixiy jarayonda jamiyatning madaniy va ma’naviy qadri

Endogenlik madaniyatning mohiyati, uning tizimli birligi ichki tamoyillarning mushtarakligi bilan belgilanganini anglatadi.
O’ziga xoslik – madaniy rivojlanishning nisbatan mustaqilligi va erkinligi bilan belgilanadigan betakrorlik.
Madaniy meros – ajdodlar tomonidan yaratilgan va har bir jamiyatning ijtimoiy-madaniy jarayoniga kiritilgan qadriyatlar majmui. Madaniyat masalalari bo’yicha Mexikoda o’tkazilgan jahon konferensiyasida (1983 yil) an’ana tarixning harakatlantiruvchi tamoyillaridan biri sifatida e’tirof etilgan.
Madaniyat funksiyalari. Ijtimoiy hodisa sifatida madaniyat ko’p sonli funksiyalarni bajaradi. U insonning bilish faoliyatini o’z ichiga oladi, ijtimoiy tajribani avlodlarga qoldirish va boshqa xalqlar madaniyatini o’zlashtirish vositasi sifatida informativ funksiyani bajaradi. Madaniyatning rivojlanishi u boshqa madaniyatlar bilan aloqa qilishini taqozo etadi. Madaniyat normativ funksiyani ham bajaradi: u muayyan sivilizasiyada shakllangan me’yorlarni amalga joriy etadi, shuningdek o’z me’yorlari va qadriyatlarini yaratib, ularni inson hayoti va faoliyatining barcha jabhalariga tatbiq etadi. Ijtimoiy-madaniy jarayonda davlat hayoti qadriyatlari muhim ahamiyat kasb etadi: ideokratik, teokratik yoki siyosiy davlat boshqa-boshqa madaniy mo’ljallarga tayanadi. Davlat o’z negizini mustahkamlaydigan me’yorlarning ustunligini ta’minlaydi va o’ziga tahdid solishi mumkin bo’lgan me’yorlarni siqib chiqaradi. O’z navbatida, madaniyat ham ijtimoiy tajribani saralash, uni ramziy tizimlarda mustahkamlashni amalga oshiradi.
Madaniyatning yana bir muhim funksiyasi insonni kamol toptirish hisoblanadi: individ madaniyatni o’zlashtirish jarayonida shaxsga aylanadi. Madaniyat normativ tartibga solinadigan faoliyat sanalgani bois, u qadriyatlarni yaratish sohasi sifatida namoyon bo’ladi. Madaniyat hodisalari ijtimoiy o’zgarishlarni boshqaradi, ularni ijtimoiy muhim maqsadlarni amalga oshirishga yo’naltiradi. Madaniyat qadriyatlari mazkur hamjamiyatda ijtimoiy mo’ljal berish va tartibga solish funksiyasini bajaradi. Madaniyat ijtimoiy munosabatlar tizimiga xizmatlar ko’rsatadi, bu erda yuz beruvchi o’zgarishlar va siljishlarni belgilaydi va tayyorlaydi, inson xulq-atvorini tartibga solishni ta’minlovchi maxsus mexanizmlarni yaratadi. Bu to’g’ridan-to’g’ri, bevosita tartibga solish bo’lishi mumkin (huquq, axloq, taqiq). Bu jamiyatning u yoki bu qadriyatlari va talablarini aks ettiruvchi ba’zi bir harakatlarni bajarishni buyurish orqali amalga oshiriladigan bilvosita tartibga solish bo’lishi ham mumkin.
Madaniyat insonning jamiyatdagi o’rnidan, uning diniy mansubligi yoki siyosiy qarashlaridan dalolat beruvchi ramzlarning keng tizimini yaratadi. Ba’zan mazkur guruhlar yoki qadriyatlarga bevosita mansublik ramziy xususiyat kasb etadi: individ diniy rasm-rusumlarda ma’naviy taskin topish vositasini izlamaydi, lekin o’zining dindorligini namoyish etadi; u muayyan siyosiy maqsadlarga erishishga harakat qilmaydi, lekin o’z niyatlarini e’lon qiladi va h.k. Shunga qaramay rasm-rusumlarni ado etish amaliyoti ham, jamiyat talablarini to’g’ridan-to’g’ri bajarish ham etnosning, uning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotining yaxlitligini ta’minlaydi.
Madaniyatsizlik yoki madaniyat darajasining pastligi aholining bir qismi o’z madaniyatidan ajralib qolganini anglatadi. Savodsizlik, axloqsizlik, madaniy me’yorlarga muvofiq bo’lgan xulq-atvor, muloqot, mehnat ko’nikmalari mavjud emasligi, tabiatga nooqilona munosabat va madaniyatsizlikning boshqa shunga o’xshash ko’rinishlari oqilona bo’lmagan madaniy siyosat yoki uning umuman mavjud emasligi natijasidir. Ayni vaqtda madaniyatsizlik ongli siyosat natijasi bo’lishi ham mumkin.
Madaniyat sivilizasiyada chuqur ildiz otgan bo’lib, u bilan bir jon va bir tan hisoblanadi. Madaniyat va sivilizasiyaning o’zaro aloqasi shu darajada kuchliki, aksariyat faylasuflar va olimlar bu tushunchalarni ayniy deb hisoblaydilar. Bu bejiz emas: jamiyatning normal holatida ularni deyarli farqlab bo’lmaydi. Sivilizasiya va madaniyat birdir: o’z madaniyatisiz sivilizasiya bo’lmaganidek, sivilizasiyasiz madaniyat ham bo’lmaydi. Madaniyat ham, sivilizasiya ham normativ tabiatga ega. Ularning o’rtasidagi farq shundaki, sivilizasiya madaniy jarayonga shart-sharoit yaratadi, uni tartibga soladi. O’z navbatida, madaniyat yangilik ijodkori sifatida sivilizasiyaning rivojlanishiga zamin hozirlaydi. Ammo madaniyat sivilizasiya bilan ayniy emas. U sivilizasiya belgilagan ijtimoiy me’yorlarni amalda mujassamlashtirishni nazarda tutuvchi erkin faoliyatdir. Madaniyat jamiyat qadriyatlari, moddiy va ma’naviy boyliklari majmuidir.
Sivilizasiya elementlaridan biri sifatida madaniyat unga muvofiq bo’ladi, lekin mustaqil rivojlanishga qodir element sifatida u sivilizasiya bilan ziddiyatga kirishishi mumkin. Mazkur ziddiyatning mavjudligi madaniyatning ham, sivilizasiyaning ham rivojlanish manbaidir. Ularning o’rtasida ayniylik nazariy jihatdan faqat sivilizasiya madaniyatga o’z mulohazaini to’la o’tkazishi sifatida mavjud bo’lishi mumkin. Bu hayot faoliyatining texnik-mexanik, ma’naviyatsiz shakllari mulohaza surishini, shaxsning ijodiy tashabbusi bo’g’ilishini anglatgan bo’lur edi. Inson hayotining barcha jabhalarida uning xulq-atvorini qattiq tartibga solish jamiyatni turg’unlik saltanatiga aylantiradi. U o’zgarayotgan sharoitlarga moslashish qobiliyatini yo’qotadi. Shu sababli madaniyatning o’limi muqarrar tarzda butun sosiumni halokatga eltadi. Bu o’z halokatidan keyin bir vaqtlar gullab-yashnagan madaniyat xarobalarini qoldirgan sivilizasiyalar tarixida ko’p karra kuzatilgan.
Ammo madaniyat va sivilizasiya o’rtasida tub tafovut mavjudligi ham sivilizasiyaning halokatiga sabab bo’ladi. Shu sababli sivilizasiya madaniyatni ijtimoiy nazorat qilish mexanizmlariga ega bo’ladi. Sivilizasiya madaniyatning rivojlanishini belgilash va rag’batlantirish yo’li bilan uni cheklaydi, o’z manfaatlariga bo’ysundiradi. Sivilizasiyaning yashovchanligi va faolligi sivilizasiya mexanizmlarining madaniy shakllar rang-barangligini o’z ideallari va andozalariga bo’ysundirish qobiliyati bilan belgilanadi. Zero madaniyat vositalari bilan sivilizasiyaning rivojlanishi, uning yangi sharoitlarga moslashishi muammolari hal qilinadi. Ayni vaqtda sivilizasiyaning mavjudligi madaniyat vujudga kelgan andozalar, me’yorlar va qoidalarga rioya qilishga o’zini majburlovchi cheklashlar konservatizmiga chek qo’yishga qay darajada qodirligi bilan belgilanadi. Madaniyat o’z tabiatiga ko’ra qolip va andozalarga toqatsiz bo’lgan ijod sohasidir. Agar u qat’iy normativ cheklashlarga barham bera olmasa, sivilizasiya, aytaylik, ekologik halokatdan yoki aholi sonining o’sishi va uni ommaviy halokat, ochlik va kasalliklardan himoya qilish qobiliyati o’rtasida ziddiyatlarning kuchayishi natijasida halok bo’lishi mumkin. Shu sababli madaniyat va sivilizasiya o’rtasidagi ziddiyatlar ularning rivojlanish manbai hisoblanadi, ularning ayniyligi esa turg’unlik va halokatni anglatadi.
Sivilizasiya madaniy jarayonga umumiy shart-sharoit yaratadi, u ulkan mintaqalar va qit’alarni qamrab oladigan olamshumul hodisadir. Madaniyat sivilizasiya yaratgan zaminda vujudga keladi, individual, betakror, etnik xususiyat kasb etadi. Har bir sosium individual asosining ifodasi sifatida madaniyat bir sivilizasiyaga mansub xalqlar o’rtasidagi farqlarni belgilaydi. U mazkur xalqqa xos bo’lgan, uning etnik-ijtimoiy individualligini tashkil etadigan omillar: til, tarixiy taqdir, din, boshqa xalqlar bilan aloqalar va hokazolarni xulq-atvor qoidalari, odatlar, ma’naviy hayotda aks ettiradi. Ayni bir sivilizasiya ko’p sonli madaniyatlarni yaratadi. Masalan, Evropa sivilizasiyasi fransuz, nemis, ingliz va hokazo madaniyatlarni o’z ichiga oladi.



Yüklə 93,48 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   19




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin