“Eng namunali vazirlik va va idora” hamda “Eng namunali tuman va shahar” tanlovlari o'tkazildi. Tanlovda Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar Ma'naviyat va ma'rifat kengashlari tavsiyasi asosida 14 ta tuman/shahar hamda 20 ta vazirlik va idoralar o'z arizalari asosida ishtirok etdi. Joriy yilning iyun`-avgust oylarida tanlov ishtirokchilarining ma'naviy-ma'rifiy yo'nalishdagi faoliyati o'rganilib, g'olib va sovrindorlar aniqlandi. Tanlov g'oliblarini taqdirlash uchun 3 dona “Damas” avtomobili hamda 101 million so'mlik kitoblar to'plami xarid qilindi. Tanlov g'oliblarini taqdirlash marosimi 2021 yil 15 dekabr` kuni Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi katta majlislar zalida o'tkazildi.Tanlovda Maxsus komissiyaning o'rganish natijalariga ko'ra Qoraqalpog'iston Respubliksi ellikqal'a va Farg'ona viloyati Buvayda tumanlari 1-o'rinni egalladi. Vazirlik va idoralar o'rtasida esa Mudofaa vazirligi 1-o'ringa munosib ko'rildi. Tanlov g'oliblarining taqdirlanishi barcha vazirlik va idoralar, tuman va shaharlarda ma'naviy-ma'rifiy ishlarni rivojlanishiga kuchli ta'sir ko'rsatdi. Maktabgacha ta'lim, xalq ta'limi, oliy va o'rta maxsus ta'lim sohasidagi ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, bu borada boshqa tashkilot va idoralar bilan hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha yagona tizim ishlab chiqildi. 2021 yil 1 apreldan boshlab barcha oliy ta'lim muassasalari va ularning filiallarida Yoshlar bilan ishlash bo'yicha prorektor lavozimi negizida Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha prorektor lavozimi joriy etildi. Respublikadagi barcha umumta'lim maktablarining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosarlari faoliyatini o'quv yili yakuniga ko'ra kengash muhokamasiga kiritish tartibi yo'lga qo'yildi. Xususan, 2020–2021 o'quv yili yakuni bo'yicha 7565 nafar direktor o'rinbosarining faoliyati ko'rib chiqilib, shundan 520 nafari yaxshi, 6911 nafari qoniqarli, 144 nafari esa qoniqarsiz deb topilib, ular faoliyatini kuchaytirish bo'yicha tegishli choralar ko'rildi. O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda O'zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasining “Umumiy o'rta ta'lim muassasalarida ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchi lavozimini joriy etish to'g'risida”gi Qo'shma qarori qabul qilindi. Hududiy tanlov komissiyalari xulosasiga ko'ra, 10 008 ta umumta'lim maktablariga ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchi tayinlandi. Ular uchun namunaviy dastur ishlab chiqildi. Shuningdek, Ta'lim muassasalaridagi tarbiyasi og'ir o'quvchilar hamda ularning ota-onalari bilan el-yurt hurmatiga sazovor faxriy avlod vakillari ishtirokida “Avlodlar uchrashuvi” loyihasi, “Bir mahallaga bir ziyoli ma'naviy homiy” hamda “Bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy” tamoyillari asosida professor-o'qituvchilar, ijodkor ziyolilar, ijtimoiy faol nuroniylarni jalb qilgan holda “mahallabay” ishlash tizimi yaratildi. Albatta, ertangi kunimiz vorislarini har tomonlama etuk shaxslar etib tarbiyalashda tarix eng katta maktabdir. Shonli tariximizni bilish, ajdodolarimiz bilan faxrlanish farzandlarimizda milliy g'urur va iftixor tuyg'ularini kuchaytiradi. Bu yo'nalishda ham ko'plab tadbirlar tashkil qilindi. Jumladan, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashida berilgan topshiriqlar asosida hamkor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligiga bag'ishlab “Amir Temur – dunyo olimlari va adiblari nigohida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyasi o'tkazildi. Unda Frantsiya, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Misr, Ummon sultonligi, eron, Pokiston, Ozarboyjon kabi dunyoning 14 ta mamlakatidan Amir Temur va Temuriylar davri ilm-fani, madaniyati, tarixi bo'yicha ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan 17 nafar mehmon hamda 60 dan ziyod mahalliy olimlar qatnashdi. Hozirda “Jaloliddin Manguberdi izidan” ilmiy ekspeditsiyasi tashkil etildi. “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalarini o'rganish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyani o'tkazish bo'yicha tashkiliy choralar ko'rilmoqda. Konferentsiyada ishtirok etish istagini bildirgan 15 dan ziyod xorijiy mamlakatlardan 20 ga yaqin olim va mutaxassislar bilan hamkorlik muloqoti olib borilmoqda. Milliy qadriyatlarimizni targ'ib qilish, ularni mazmunan boyitib, zamonaviy imdjini yuksaltirish sohasidagi ishlar yurtimizdagi ma'naviy muhitning jozibadorligiga ijobiy ta'sir etmoqda. Respublika ekspertlar guruhi tomonidan hududlarda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashida belgilangan vazifalar hamda 2021- yilda sohaga oid normativ huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etishga ko'maklashish maqsadida hududlarda seminar-treninglar hamda mahorat darslari tashkil qilindi. Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda jami 52 ta seminar-trening tashkil etildi. 15 ta tumanda hududdagi tegishli soha bo'yicha hokim o'rinbosarlari, rektorlar, maktab direktorlari, professor-o'qituvchilar va ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchilar ishtirokida ma'naviy-ma'rifiy targ'ibot ishlarini tashkil etish bo'yicha “Mahorat darsi” o'tkazildi. Markaz va uning hududiy bo'limlari tomonidan O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda nodavlat telekanallar bilan hamkorlikda 170 dan ziyod ko'rsatuv va interv`yular tayyorlanib, efirga uzatildi. Albatta, ko'rsatilayotgan e'tibor natijasida ma'naviy-ma'rifiy ishlar jonlanganligini ko'rib turibmiz. Ayniqsa, O'zbekiston Respublikasi Davlat tili, Davlat bayrog'i qabul qilinganining 30 yilligi va Davlat madhiyasi to'g'risidagi qonunlar qabul qilingan kunlarni ilk bor ommaviy bayram sifatida munosib nishonlash bo'yicha o'tkazilgan tadbirlar xalqimiz, xususan, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ma'naviy-ma'rifiy ishlar qanchalar katta ahamiyatga egaligini ko'rsatdi. Bu bayramni nafaqat mamlakatimizda, xorijiy davlatlardagi elchixonalarimiz, O'zbekistondan tashqarida ta'lim olayotgan, mehnat qilayotgan fuqarolarimiz, o'zga yurtlardagi vatandoshlarimiz tomonidan ham munosib va jo'shqin ruhda nishonlanganligi bunday tadbirlarni xalqimizni milliy yuksalish g'oyasi atrofida jipslashtirishdagi o'rnini yana bir karra namoyon etdi. To'g'risi, bu bayram jamiyatmizdagi muhitni ma'lum bir ma'noda o'zgartirdi. Odamlarimiz bayroq, madhiya va boshqa davlat ramzlari hayotimizda milliy g'urur va iftixor, tuyg'ularini jo'sh urdiruvchi qudratli vosita ekanligini qalban his qilishdi. Ochig'i men ham bundan g'ururlandim. Bu tadbirlar albatta yaxshi. SHu bilan birga bizga xalqimizning vatanparvarlik ruhini yanada ko'tarish va barqarorligini ta'minlash, ayniqsa, yoshlarni milliy yuksalish g'oyasi ruhida tarbiyalash maqsadiga qaratilgan uzluksizlik, muntazamlik asosiga qurilgan alohida, mustahkam tizim kerak. Bugungi hayotning o'zi bizdan yangicha fikrlashni, yangicha ishlashni talab qilmoqda. Afsuski, ko'pincha biz ma'naviyat ishi deganda odamlarni to'plab ma'ruza qilishni tushunamiz. Aslida-chi? Hayotimizning biror bir jabhasi, biror bir oni yo'qki, u ma'naviyatsiz amalga oshiriladigan bo'lsin. “Alohida ta'kidlab ko'rsatmoqchimanki, – deb yozadi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ”Yangi O'zbekiston strategiyasi“ kitobida, – agar kimki ma'naviyat masalasi, bu – faqat Ma'naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb o'ylasa, katta xato qiladi. Bularning hammasi davlatimiz va jamiyatimizning, barcha rahbarlarimiz, bizning ishongan tog'imiz bo'lgan ilg'or ziyolilarimiz, barcha-barchamizning eng asosiy va muhim vazifamizdir” (280-bet). Endi faqat hisobot uchun majlis o'tkazish, auditoriyaning yosh xususiyatlari, xabardorlik darajasini, ma'naviy ehtiyojlarini hisobga olmagan holda, hammaga bir xil yondashish, tayyorgarlik ko'rmasdan zerikarli ommaviy ma'ruzalar qilish davri o'tdi. Tadbir o'tkazaverib, odamlarni majlislardan bezdirib ham qo'ydik. Uning qanday samara berayotgani bilan qiziqmadik. Davr o'zgardi, xalqimiz, yoshlarimiz bugun yangicha fikrlayapti. endi ma'naviy tadbirlarda mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va davlat dasturlari mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamlariga etkazishga qaratilgan targ'ibot ishlarini izchil amalga oshirish bo'yicha yangi zamonaviy targ'ibot texnologiyalariga o'tishimiz kerak. Odamlarga dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va g'oyaviy-mafkuraviy jarayonlarning mazmun-mohiyati haqida ham har tomonlama chuqur ma'lumot va tushunchalar berib borish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, “ommaviy madaniyat”, narkobiznes kabi tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishning samarali mexanizmlarini, innovatsion usullarini ishlab chiqishimiz lozim. Jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga to'sqinlik qilayotgan el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug'-aymoqchilik, oilaviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga e'tiborsizlik kabi ichki illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz kerak. Bu ishlarni joylarda tashkil qilish va muvofiqlashtirib borishda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi raisi, barcha bo'g'indagi hokimlar – hududlardagi Ma'naviyat va ma'rifat kengashlarining raislaridan juda katta mas'uliyat talab etiladi. Shuning uchun, avvalo, hududiy kengashlar faoliyatini tanqidiy ko'rib chiqib, ishni to'g'ri yo'lga qo'yib olishimiz kerak. Afsuski, aksariyat hokimlar zimmasidagi bunday o'ta mas'uliyatli vazifani etarli darajada his qilishmayapti. Ularning ko'pchiligi o'zlari rahbarlik qilayotgan hududda yuzaga kelgan ma'naviy muhitdan etarli darajada xabardor emas. Bu boradagi muammolarni chuqur o'rganmagan va ularni o'z vaqtida bartaraf etish choralarini ko'rmagan. Qachonki, vaziyat izdan chiqib, qandaydir ko'ngilsiz voqea yuz bersagina, ular harakatga tushib qolishadi. Lekin bundan kimga foyda? Har bir rahbarma'naviy-ma'rifiy ishlarni ziyoli-olimlar, fidoyi vatandoshlarimiz, jamoatchilik bilan hamkorlikda yo'lga qo'ygan bo'lsa, o'sha joyda jinoyatchilik, turli ekstremistik va terroristik oqimlarga adashib qo'shilib qolish holatlari, milliy qadriyatlarga e'tiborsizlik, erta turmush qurish va oilaviy ajrim kabi salbiy holatlar kamaya boradi. Shuning uchun Respublika, viloyat va tuman Ma'naviyat va ma'rifat kengashlari majlisini har yarim yilda bir marta o'tkazishni qat'iy belgilab qo'ydik. Shu yo'l bilan hokimlarning hududdagi ma'naviy-ma'rifiy muhitni o'rganib, mavjud muammolarni o'z vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ko'rish borasidagi mas'uliyatini oshirish ko'zda tutilgan edi. Biroq, afsuski, bir qator viloyat, tumanlar hokimlari haligacha buni tushunib etgani yo'q. Yoshlarni milliy va umumbashariy qadriyatlarga sodiq, jismonan sog'lom, ma'nan etuk, dunyoqarashi keng, o'z mustaqil fikriga ega bo'lgan barkamol avlod etib tarbiyalashga qaratilgan uzoq muddatli, keng ko'lamli ma'naviy-ma'rifiy hamda tarbiya dasturlarini ishlab chiqishimiz zarur.