Investitsiya faoliyati, uning obyekti va subyektlari.
Bugungi iqtisodiy globallashuv jarayonida investitsion faoliyat har bir davlat iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega element hisoblanadi. Boisi mazkur faoliyat mamlakatda sanoat ishlab chiqarish darajasini kengaytirishga
va rivojlantirishga, iqtisodiyotning barqaror hamda progressiv o’sishiga xizmat qiladi. Shu bois investitsion faoliyatni qo’llab-quvvatlovchi har bir davlat o’zining bu boradagi aniq maqsadlarini ifodalovchi yo’l xaritasini ishlab chiqadi. Xususan, mamlakatimizda ham investitsiyalarni
turli sohalarga jalb etish,
ularning oqimini kengaytirish, investitsion faoliyatni rag’batlantirish bo’yicha turli reja va dasturlar ishlab chiqildi. Bu o’rinda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 – 2026-yillarga mo’ljallangan yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to’g’risida” gi PF-60-son Farmonini ta’kidlab o’tish joiz. Mazkur farmonda mamalakatimizda investitsiya
jozibadorligini oshirishni, biznes muhitini yaxshilashni nazarda tutuvchi aniq rejalar o’z ifodasini topgan. Bular qatorida mahaliy va xorijiy investorlarga O’zbekistonning investitsiyaviy salohiyatini namoyon etishga hamda mahalliy va xorijiy investorlar bilan o’zaro muloqotni yo’lga qo’yishga qaratilgan “Toshkent xalqaro investitsiya forumi”ni har yili o’tkazishni yo’lga qo’yish alohida e’tirofga ega. Investitsion faoliyatning rivojlanishini ko’zlovchi mazkur harakatlar uning mazmun-mohiyati va ahamiyatini to’liq tushunish hamda yoritib berishni taqozo etadi. Investitsion faoliyat tushunchasi investitsiya hamda investor kabi tushunchalarga asoslangan bo’lib, bu bo’yicha to’liq tasavvurga ega bo’lish uchun dastlab mazkur tushunchalar haqida so’z yuritish maqsadga muvofiq hisoblanadi. “Investitsiya” atamasi lotincha so’zdan olingan bo’lib, “invest”, ya’ni “qo’yilma” degan ma’noni anglatadi.
Umuman olganda, investitsiya deganda foyda olish yoki boshqa foydali maqsadga erishish uchun tadbirkorlik yoki boshqa faoliyatga jalb qilinadigan pul mablag’lari, qimmatli qog’ozlar,
moddiy va nomoddiy boyliklar,
shu jumladan, mol-mulkka bo’lgan huquqlar nazarda tutiladi.