Qorako‘l teri – qorako‘l qo‘ylarning asosiy mahsuloti hisoblanadi. Qorako‘l deb qo‘zilarni 1-3 kunligida so‘yib olinadigan, terisida jun tolalari turli uzunlik va shakldagi jingalaklari bor teriga aytiladi. Qorako‘l palto, telpak, yoqa va boshqa kiyim-boshlar tayyorlashda ishlatiladi.
Qorako‘lning sifati va qiymati uning rangi, tusi va rangbarangliklari, gullar jingalakligi, jingalaklikning mustahkamligi va zichligi, ipakligi, yaltiroqligi, junning qalinligi, terining qalinligi, zichligi va maydoni bilan aniqlanadi.
Mayda gullar 4,0 mm gacha, o‘rta gullar 4-8 mm va 8 mm dan yuqorisi katta gullar hisoblanadi. Gullarning quyidagi shakl va tiplari bo‘ladi: qalamgul, donagul, yo‘lgul, xalqagul, yalaqigul, no‘xatsimon, buramagul, parmasimon va shaklsiz. Bular ichida eng qimmatlisi qalamgul va donagul hisoblanadi.
Barra terining sifati qo‘yning zotiga, yoshiga, individual xususiyatiga, sovliqlarning oziqlantirish va saqlash sharoitlariga bog‘liq. Olinish manbaiga qarab qorako‘l, reshitilov, sokkol, chushka va malich qo‘y zotlari hisoblanadi. Yoshiga qarab esa kuni yetmagan homiladan olingan, o‘z vaqtida so‘yilgan qo‘zilardan olingan va muddati o‘tib so‘yilgan qo‘zilardan olingan terilarga bo‘linadi.
Qorako‘l rangiga qarab qora, ko‘k, sur, oq, guligaz, jigarrang va rangdor bo‘ladi.
Qora rang turli pigmentasiyalanishda bo‘lishi mumkin. Qora terilarga maydoni 12 sm ²dan ko‘p bo‘lmagan oq dog‘lari bor terilar ham kiritiladi. Ko‘k rang oq va qora jun tolalari aralashmasidan tashkil topadi. Ular sonining nisbatiga qarab uch tusga: och ko‘k, o‘rta va to‘q ko‘klarga bo‘linadi. Och ko‘k tusda po‘lati va sutsimon rang-baranglik bor. O‘rta ko‘kda havorang, kumushrang, qo‘rg‘oshisimon, gavharrang rang-barangliklar uchraydi. To‘q ko‘kda sadaf, oqtushganlik rangbarangliklari bo‘ladi.
Sur rang junning uzunligi bo‘yicha har xil ranga ega bo‘lish bilan belgilanadi. Sur rangida 3 zot tipi mavjud: Buxoro, Surxondaryo, Qoraqalpoq. Buxoro surida kumush, tilla, binafsha rang-barangliklar; Surxondaryo surida bronza, qahrabo va oq oltin rang-barangliklar; Qoraqalpoq surida shamchiroqgul, po‘lati, qamar va o‘rikgulli rangbarangliklari uchraydi. Buxoro surining xususiyati jun tolasining ostki qismi qora ustiga qarab esa och ranga kirib boradi, Surxandaryo suri esa jigarrang asosida yaratilgan. Ushbu surning asosiy xosiyati jun tolasining osti to‘q va ustki qismining keskin och tusda bo‘lishi hisoblanadi.
Qorako‘l qo‘zilari tug‘ilgandan keyin 1-3 kunligida so‘yiladi, aks holda terida junlar o‘sib teri sifati buziladi. Jun qoplami holatiga qarab qo‘zilarni kechroq so‘yish teri sathining kattalashishini ta’minlaydi. Shuning uchun so‘yishni har bir qo‘zi alohida ko‘rib hal etish kerak. Qo‘zilar hiqildoq tagidan uzunasiga so‘yiladi, qoni oqib bo‘lgandan keyin teri ostiga havo yuborilib teri shilib olinadi. Shilish uchun qo‘zi ko‘kragi, qorni, oldingi va keyingi oyoqlari ichki yuzasi archilib, qolgan qismidan teri shilib olinadi. Oldingi oyoq bilakuzuk, keyingi oyoq sakrash bo‘g‘indan kesib tashlanadi. Terilar 1-2 soat sovugandan keyin birlamchi ishlov beriladi. Terilarga №2 osh tuzidan har biriga 0,8-1,0 kg sepilib omborlarda saqlanadi. 7 kundan keyin ular obdon tozalanib, salqin joylarda (ayvon tagida) quritiladi. Shundan keyin ular qayta ishlash fabrikalariga yuboriladi.
Tayyorlov andozasiga ko‘ra qorako‘l sathi inobatga olinib, katta va o‘rta terilarga bo‘linadi. Katta va o‘rta terilar barra tipi, gul jingaliklarining shakliga, jun qoplamining sifati va gul o‘lchamiga qarab navlarga bo‘linadi.
Qorako‘lcha guruhiga kiruvchi terilar – bola tashlash yoki bo‘g‘ozlik kuni yetmagan sovliqlarni noilojlikdan so‘yish natijasida olinadi. Mamlakatimizda sovliqlarni maqsadli urug‘lantirish, bo‘rdoqilash natijasida tug‘ilishiga 10-15 kun qolganda so‘yish yo‘li bilan qorako‘lcha va semiz nimta olish texnologiyasi ishlab keladi.
Bu terilar quyidagi 3 xilga bo‘linadi:
1. Taqir (golyak) – gulsiz, kalta junli, ba’zan biroz muar chizgili terilarga aytiladi.
2. Qorako‘l – qorako‘lcha – jun qatlamining rivojlanishi bilan me’yorda tug‘ilgan qo‘zilarga yaqin turadi. Bunday terilar tug‘ilishiga bir hafta qolgan qo‘zilardan olinib, sathi va gullarning rivojlanishi bo‘yicha juni o‘sgan qorako‘lcha deyish mumkin.
3. Qorako‘lcha – homila jingalaklikka ega, maxsus muar chiziqli kalta junli teri hisoblanadi. Ko‘proq qorako‘lcha homilaning 128-132-kunlarida olinadi. Chiroyli va o‘ziga xos guli evaziga uni terisi uncha mustahkam va sathi katta bo‘lmasa ham yuqori baholanadi, I nav odatdagi qorako‘l terisidan qimmat turadi.
Muddatidan o‘tib, juni biroz o‘sgan qo‘zilardan yoqabop teri olinadi.