Kadr pog’onasidagi xatoliklar. Agar portdan xatoliklar mavjud kadrlarni o’tish intensivligi belgilangan chegaradan oshib ketsa, u holda port uziladi, keyinchalik belgilangan vaqt davomida xatolik yo’qolishi bilan yana ulanadi. Bunday xatoliklar quyidagilar bo’lishi mumkin: noto’g’ri nazorat yig’indisi, noto’g’ri kadr o’lchami (1518 baytdan ko’p yoki 64 baytdan kam) va rasmiylashtirilmagan kadr sarlavhasi.
Ko’p miqdordagi kolliziyalar. Agar konsentrator biror bir portni ketma-ket 60 marta kolliziya manbai ekanligini aniqlasa bu port uziladi. Bir oz vaqtdan so’ng esa port yana ulanadi.
Uzatishning cho’zilishi. Tarmoq adapteri kabi konsentrator bitta kadrni portdan o’tish vaqtini nazorat qiladi. Agar bu vaqtda kadrni uzatish vaqti maksimaldan 3 baravar ortib ketsa, u holda port uziladi.
Zaxira aloqalarini qo’llab-quvvatlash. Zaxira aloqalaridan foydalanish faqat FDDI standartida aniqlangan bo’lib, qolgan standartlarda konsentrator ishlab chiqaruvchilar bu funksiyani o’zlarining xususiy yechimlari orqali qo’llab-quvvatlashgan. Masalan, Ethernet konsentratorlari sirtmoqsiz iyerarxik aloqalarni hosil qilishi mumkin, shuning uchun ham zaxiradagi aloqalar har doim tarmoqning ish mantiqini buzmasligi uchun uzilgan portlarni bog’lashi kerak. Odatda konsentratorlarni konfigurasiyalashda ma’murlar qaysi port asosiy va qaysilari zaxira ekanligini aniqlashi kerak (5.21-rasm). Agar biror sababga ko’ra port uzilsa (avtosegmentlash mexanizmi ishga tushadi), konsentrator uning zaxiradagi portini aktiv holatga o’tkazadi.
Ruxsatsiz kirishdan himoyalash. Ajratiluvchi muhit ruxsatsiz tarmoqni eshitish va uzatilayotgan ma’lumotga ega bo’lish uchun juda qulay imkoniyat yaratadi. Buning uchun ma’lumot oqimini tahlil qiluvchi dastur o’rnatilgan kompyuterni konsentratorning bo’sh raz’yomiga ulash, tarmoq bo’ylab oquvchi trafikni diskka yozish, bundan so’ng esa kerakli axborotni ajratib olish yetarli hisoblanadi. Shuning uchun konsentratorlarni ishlab chiqaruvchilar ajratiladigan muhitlarga ma’lum bir ma’lumotlarni himoyalash vositalarini taqdim etishadi.
Bir muncha oddiy vosita – bu konsentratorlar portlariga ruxsat etilgan MAS-manzillarni belgilash. Standart Ethernet konsentrator portlari MAS-manzillarga ega bo’lmaydi. Himoya shundan iborat bo’ladiki, bunda ma’mur qo’lda konsentratorning har bir portini biror-bir MAS-manzilga bog’laydi. Bu MAS-manzil ushbu portga bog’lanishga ruxsat etilgan stansiyaning manzili hisoblanadi. Masalan 5.22-rasmda konsentratorning birinchi portiga 123 (shartli yozuv) MAS-manzil belgilangan va 123 MAS-manzilli kompyuter ushbu port orqali tarmoqda ravon ishlamoqda. Agar yovuz niyatli shaxs bu kompyuterni uzib va uning o’rniga o’zining kompyuterini ulasa konsentrator buni sezadi, chunki yangi ulangan kompyuter tarmoqda o’zining ishini boshlashi bilan unga manba manzili 789 bo’lgan kadr yetib keladi. Bu manzil birinchi port uchun ruxsat etilmagan bo’lib, uning kadrlari filtrlanadi, port uziladi, kirish huquqi buzilganligi haqidagi fakt ro’yxatga olinishi mumkin.
Ma’lumotlarni himoyalashning ushbu usulini amalga oshirish uchun konsentratorni oldindan konfigurasiyalash kerak. Buning uchun konsentrator boshqaruv blokiga ega bo’lishi kerak. Bunday konsentratorlar odatda intellektual deb ataladi. Boshqaruv bloki o’zida ichki dasturiy ta’minoti bilan ixcham hisoblash blokini o’zida aks ettiradi. Ma’mur bilan boshqaruv blokining o’zaro aloqasi uchun konsentrator konsol portiga (ko’proq RS-232) ega bo’lib, unga terminal yoki terminalni emulyasiyalash dasturi bilan shaxsiy kompyuter ulanadi. Terminalni ulaganda boshqaruv bloki uning ekraniga muloqot ekranini tashkil qiladi. Bu muloqot ekrani orqali ma’mur MAS-manzillar qiymatini kiritadi. Boshqaruv bloki boshqa konfigurasiyalash operasiyalarini ham quvvatlashi mumkin, masalan portlarni qo’lda o’chirish va yoqish. Buning uchun terminalni ulaganda boshqaruv bloki ekranga bir qancha menyu chiqaradi va bu yordamida ma’mur kerakli harakatni tanlaydi.
Dostları ilə paylaş: |