Xom ashyo resurslaridan foydalaiish va ekologik muvozanatni saqlash muammosi. Jahon statistik axborot markazlari bergan ma’lumotlarga qaraganda, XX asrning boshidan to hozirgi kungacha ishlab chiqarilgan ko‘mirning 45%, temir rudasining 57%, neftning 76%, tabiiy gazning 80% keyingi 25 yilga to‘g‘ri kelar ekan. Ana shunday holatni xom ashyoning boshqa turlari to‘g‘risida ham gapirish mumkin. Tahlillarga qaraganda, o‘tgan asrning 90-yillarida ishlab chiqarilgan xom ashyo miqdori 60—70-yillardagiga qaraganda 1,5—2 barobar ko‘paygan.
Yer yuzida vujudga kelgan bunday holat, bir tomondan, insoniyatni xom ashyo resurslari bilan ta’minlash imkoniyatlari, hosildor yerlar va ichimlik suvi manbalarining kamayib borishi, shuningdek boshqa xom ashyo zaxiralarining kamayib ketishi kabi boshqa bir qator muammolarni keltirib chiqaradi.
Vujudga kelgan ekologik vaziyat tabiiy muhitning inson organizmiga va uning ishlab chiqarish faoliyatiga ta’sir etmasdan qolmaydi. Boshqa tomondan esa fan-texnika taraqqiyotining ko‘lami asosida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasini xom ashyo resurslari, foydali qazilmalar bilan yetarli miqdorda ta’minlash muammosini ham nazardan soqit qilmaslik kerak. Mazkur muammoni ijobiy hal qilish uchun, iqtisodchilarning tahlillariga ko‘ra, jahon mamlakatlarining har biri o‘zi ishlab chiqargan yalpi milliy mahsulotning 3—5% miqdorida mablag‘ ajratishi zarur, deyilmoqda. Demak, har yili o‘rta hisob bilan 650—850 mlrd. dollar hajmida mablag‘ ajratilishi talab etiladi.
Juda ko‘p rivojlangan mamlakatlarda ichimlik suvining tanqisligidan qiyinchiliklar yuzaga chiqmoqtsa. Ayni shu mamlakatlardan 42—45% km3 hajmida sanoatdan chiqqan iflos oqova suvlar suv havzalari, ko‘l, dengiz, okean suvini o‘zining zaharli tarkibi bilan bulg‘amoqda. XXI asr boshlariga kelib, toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoj dunyo miqyosida o‘tgan asrimizning 90-yillariga nisbatan yana 2,3—2,5 barobar oshdi.
Har yili okeanlarga 12—15 mln. tonnaga yaqin neft va neft mahsulotlari to‘kilmoqda, shaharlarning kengayishi, sanoat korxonalarini qurish uchun ming-minglab gektar yer maydonlari ajratib berilmoqda, o‘rmonlar kesilib, yashil yerlar kamaymoqda. Bu tendensiya, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda xavfli tus olmoqda. Dunyoda har yili 0,8% tropik o‘rmonlar yo‘qolib bormoqda, 200 ming km2 territoriyadagi tropik o‘rmonlar kesilib, qayta tiklanmay qolmoqda. Hozirgi paytda yiliga 8,3 mln. gektar yoki minutiga 16 gektar o‘rmon yo‘qotilmoqda. Tabiiy muvozanatning dunyo miqyosida tez o‘zgarishining oqibati hozirning o‘zidayoq insonning yashashi va faoliyati uchun o‘ta zarur bo‘lgan mo‘tadil muhitning buzilishiga olib kelmoqda.
Davrimizning yana salbiy belgilaridan biri shundaki, inson faoliyati ko‘lamining miqyosi tobora biosferani to‘la egallab, endilikda koinotga ham ta’sir eta boshladi.