Demografik muammolar. XX asr o‘zining bir qator belgilari bilan oldingi barcha davrlardan keskin farq qiladi. Xususan, XX asrni "demografik portlash" davridir, degan qarashlar ham keng tarqalgan. Bunda qolgan barcha jahonshumul muammolarni keltirib chiqaruvchi bosh sabablardan biri ham aynan yer yuzida aholining tez sur’atlar bilan ko‘payishi bilan bevosita bog‘liq ekanligi nazarda tutiladi. "Demografik portlash" tushunchasi ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotning qisqa bir davrida, muayyan mintaqa yoki mamlakatda va shuningdek, butun yer yuzida tabiiy tug‘ilish hisobiga aholi miqdorining nihoyatda tez ko‘payishini anglatadi.
Insoniyatning oldida ana shunday xavf borligi to‘g‘risida dastlab ingliz iqtisodchisi Tomas Robert Maltus (1766—1834 y.) ogohlantirgan edi. U o‘zining "Aholishunoslikning qonuniyati to‘g‘risida tajribalar" nomli kitobida aholining geometrik progressiya bo‘yicha ko‘payishini, uning hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan moddiy ne’matlarning ko‘payishi arifmetik progressiya bo‘yicha ro‘y berishini aytgan edi. Maltus bu jarayonning oldi olinmasa, yaqin kelajakda, planetar masshtabda, tabiiy muhit berishi mumkin bo‘lgan moddiy ne’matlar miqdori bilan juda tez sur’atlarda ko‘payayotgan dunyo aholisi ehtiyoji o‘rtasida ziddiyat vujudga kelishini bashorat qilgan edi.
Darhaqiqat, bundan 6—8 ming yillar oldin yer yuzida 5 mln. atrofida odamlar istiqomat qilishgan, deb taxmin qilinadi. Bu ko‘rsatkich eramizning boshlarida 230 mln., 1 ming yillikning oxiri 2 ming yillik boshlarida, ya’ni Beruniy zamonida 305 mln., 1500 yilda 440 mln., 1800 yilda 952 mln., 1900 yilda 1656 millionni, 2012 yilda esa 7 mln.ni tashkil etgan. XVI asr boshidan XIX asr boshigacha, ya’ni uch asr mobaynida bu ko‘rsatkich 174 foizga oshganligini; 1900 yildan to 2016 yilgacha esa bu nisbat salkam 5 barobar oshganligini kuzatamiz.
XX asrning ikkinchi yarmida yer yuzi mintaqalarida aholining tabiiy ko‘payish sur’atlari turlicha bo‘lib, bu o‘z navbatida, yer yuzida mintaqalar, mamlakatlar, xalqlar salmog‘ining keskin o‘zgarishiga olib kelmoqda. Masalan, 1800 yilda (Napoleon zamonida) Fransiya aholisi 27 mln. kishi — yer yuzi aholisining 3 foizini tashkil etgan bo‘lsa, Filippin orollarida yashayotgan aholi 1,6 mln. kishi mikdorida bo‘lib, planeta aholisining umumiy salmog‘iga nisbatan 0,16 foizni tashkil etardi. 1999 yil 13 oktyabr kuni yer yuzi aholisi olti milliardlik dovonni bosib o‘tdi. Fransiya aholisi 56,2 mln. ni, yer yuzi aholisi salmog‘ining 0,94 foizini, Filippin aholisi ham 65 mln. kishini tashkil etib, jahon aholisidagi salmog‘i (1,05%) bo‘yicha Fransiyadan o‘zib ketdi. Bu borada milliarddan ko‘p aholi yashaydigan Xitoy va Hindiston alohida o‘rin tutadi. Xullas, bu masala bir mamlakat doirasidan chiqib, jahon muammosiga aylandi. U bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun ham butun jahonda mushtarak faoliyat olib borish zarur.
Umumbashariy muammolar O‘zbekistonni ham chetlab o‘tgan emas. Albatta, mamlakatimizda sobiq ittifoqdan meros qolgan eng global muammo Orol fojiasi ekanligini bilamiz. Bu borada respublikamiz mintaqadagi davlatlar orasida ko‘pdan-ko‘p tashabbuslarni o‘rtaga tashlab kelmoqda. Shu bilan birga, mamlakatimiz aholisi ham muttasil o‘sib bormoqda.
O‘zbekiston o‘z aholisi o‘sishi bilan bog‘liq masalalarni, aytish mumkinki, muvaffaqiyatli hal qilishga kirishdi. Keyingi paytlarda respublika hukumati inson sog‘lig‘ini muhofaza qilish, tug‘ilgan har bir chaqaloq oldida ota va onaning, qolaversa, jamiyatning javobgarlik hissini oshirish borasida, shuningdek, farzandning ota-ona va Vatan hamda xalqi oldidagi burchlarini chuqur anglashlari uchun juda katta ma’naviy rag‘batlantiruvchi tadbirlar ishlab chiqqanligi o‘ta muhim ahamiyat kasb etdi. Shu maqsadda "Sog‘lom avlod" jamg‘armasining tuzilishi, "Sog‘lom avlod uchun" ordenining ta’sis etilishi ham fikrimizning dalili bo‘ladi.
Bugungi kunda ajdodlarimizning o‘z Vatani, tabiiy muhitga mehr-muhabbatli bo‘lish kabi muqaddas tuyg‘ulari avloddan-avlodga meros bo‘lib o‘tayotganligi bejiz emas. Zero ona-Vatanimiz yer yuzining eng obod va ozod go‘shalardan biriga aylanishi shak-shabhasizdir.