Ijtimoiy falsafashaxsning ijtimoiylashuvi, ya’ni jamiyat to‘plagan tajriba, qadriyatlar va me’yorlarni o‘zlashtirish usuli sifatidagi faoliyat mazmunini yoritadi.
Sotsiologiyada faoliyat (ijtimoiy harakat) ijtimoiy organizmning sub’ektiv motivatsiya va boshqalarga qarab mo‘ljal olish bilan tavsiflanadigan hamda shaxs va jamiyatning aloqasini ta’minlaydigan hujayrasi sifatida qaraladi.
Ontologiyada faoliyat inson borlig‘i usuli bo‘lib, unda odamzotning mohiyatini belgilovchi kuchlar ayniqsa to‘la aks etadi.
Bilish nazariyasida asosiy e’tibor bilishning negizi va bilimlarimiz haqiqiyligining muhim mezoni bo‘lgan amaliyot sifatida tushuniladigan faoliyatga qaratiladi.
Axloq va huquq falsafasida xohish-iroda erkinligi muammolari va inson faoliyatini tartibga solish usullari o‘rganiladi. Inson faoliyatining madaniyat bilan aloqasi mazkur faoliyatning o‘ziga xos xususiyatini aks ettiruvchi muhim falsafiy muammolardan biridir. To‘g‘ri, inson yaratgan barcha narsalar ham madaniyatga mansub bo‘lavermaydi, lekin ijodiy faoliyatsiz madaniyat mavjud bo‘lishi mumkin emas. Yondashuvlarning bunday rang-barangligi tasodifiy bir hol emas, chunki inson faoliyati uning yashash omili hisoblanadi va odamzotning tabiatga, jamiyatga, o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatlari doirasini to‘la qamrab oladi. Moddiy va ma’naviy ne’matlar ishlab chiqarish, siyosat va boshqaruv, muloqot va bilish, badiiy ijod va falsafiy mulohaza yuritish, tarbiya va o‘zini o‘zi tarbiyalash – bularning barchasi faoliyatni insonning dunyoga va o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatining universal shakli, shaxs va jamiyatning rang-barang ehtiyojlarini qondirish usuli sifatida tavsiflaydi.
Faoliyat tushunchasining mazmuni. Falsafada faoliyat insonga xos bo‘lgan va tashqi dunyoni oqilona o‘zgartirishga qaratilgan faollikning alohida shakli sifatida tavsiflanadi.
Ijtimoiy falsafada faoliyat ijtimoiy jarayonlarni amalga oshirish, insonning o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, o‘zini qurshagan dunyo bilan aloqaga kirishish usuli sifatida qaraladi10. Faoliyat muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanish qobiliyati uning amaldagi moddiy ifodasiga o‘zaro o‘tishini nazarda tutadi. Bu faol inson tashqi dunyoni o‘zgartirishi va o‘zi ham o‘zgarishini anglatadi.