INTERIORIZATSIYA TUSHUNCHASI. Ong va faoliyatning aloqasi g‘oyasining eng mukammal tavsifiga nemis klassik idealizmi namoyandalarining asarlarida duch kelish mumkin. Nafaqat, Fixte, balki Shelling va Gegel ham ma’naviy hodisalar sababini amaliyotda, odamlar faoliyatida izlagan. Xususan, Shelling amaliyotga, inson faoliyatiga odamzotning o‘zini o‘zi tabiatda gavdalantirishi, ya’ni ob’ektivlashtirishi sifatida yondashgan. U inson faoliyati natijasida ikki dunyo: tabiat dunyosi va inson dunyosi, ya’ni o‘zgartirilgan insoniylashtirilgan tabiat dunyosi mavjud ekanligini qayd etadi. Dunyoga nisbatan harakatda Shelling umuman ong negizini ko‘radi. Insonning insonga ta’sirini u ongning ikkinchi manbai deb hisoblaydi: aqlli mavjudotlarning tinimsiz o‘zaro ta’siri ongning zaruriy omili hisoblanadi. XX asrda psixologlar aynan faoliyat shaxsning ijtimoiy tajribasini o‘zlashtirish, uning qobiliyatlari, irodasi va ongini shakllantirish mexanizmi hisoblanishini tajriba o‘tkazish yo‘li bilan va ko‘p sonli etnografik va tarixiy materialga asoslangan holda ko‘rsatib berdilar. Individual va umuminsoniy rivojlanish jarayonida faoliyatning mustaqil sohasi sanalgan faollik ko‘rinishlari murakkabroq madaniy tuzilmalarga qo‘shilib, asta-sekin ong shakllariga aylangan. Sirtda birlamchi xususiyatga ega bo‘lgan faoliyat sof ichki (interiorizatsiyalashgan) xususiyat kasb etishi mumkin.
Interiorizatsiya tushunchasi faoliyatning tabiatan sirtqi jarayonlarini ichda, avvalo ongda yuz beradigan jarayonlarga o‘tishini ifodalash uchun xizmat qiladi. E.From bu tushunchaga shunday deb tavsif beradi: “Inson yomonlik qilar ekan, uning o‘zi ham yanada tubanlashadi”16. Ajdodlarimiz ruhiyatining shakllanishida muhim rol o‘ynagan qadimgi madaniy institutlar (rasm-rusumlar, cherkov, o‘yin) hozirgi inson ruhiyatida o‘z-o‘zidan amal qilishini nazarda tutadigan tarixiy interiorizatsiya g‘oyasi sirtdagi harakatning shaxs ichki mulkiga aylanish mexanizmini tushuntiradigan interiorizatsiya tushunchasini to‘ldiradi.
Interiorizatsiya mexanizmi. Yuqorida qayd etilganidek, faoliyat insonning dunyoga va o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatining universal, umumiy usulidir. Ammo inson qay tarzda ish ko‘rmasin, o‘z faoliyatida qaysi vazifalarni hal qilmasin, uning barcha elementlari: faoliyat predmeti, vositalari va jarayoni doim ramziy tabiatga ega bo‘ladi. Til, ya’ni so‘z eng universal ramz hisoblanadi. XIX asr oxirida tilga ijodning birinchi mahsuli deb tavsif berilgan. Verbal (og‘zaki) til va noverbal til (imo-ishoralar, kiyim-kechak va zeb-gardonlar, san’at va etiket tili) mavjud. Tilning bu ikkala turini ham biz bolalikdan o‘zlashtiramiz va inson o‘zgartirgan tabiat dunyosida, ijtimoiy munosabatlar dunyosida, madaniyat dunyosida til yordamida mo‘ljal olamiz.