4 –savol bayoni: Praksiologiya (yunon. praktikos – faol) – falsafaning inson faoliyatini o‘rganishga bag‘ishlangan bo‘limlaridan biri. Faoliyat tushunchasi inson borlig‘ining tabiati va mohiyatini, uning shaxsiy imkoniyatlari, ijtimoiy aloqalari va munosabatlarini, inson ma’naviy dunyosi va moddiy amaliyot jabhasini teranroq tushunish imkonini beradi. Inson faoliyati o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, hayvonlar faolligidan butunlay farq qiladi. U individ va umuman jamiyat borlig‘ining alohida usuli hisoblanadi.
Moddiy va ma’naviy ne’matlar ishlab chiqarish, siyosat va boshqaruv, muloqot va bilish, badiiy ijod va falsafiy mulohaza yuritish, tarbiya va o‘zini o‘zi tarbiyalash – bularning barchasi faoliyatni insonning dunyoga va o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatining universal shakli, shaxs va jamiyatning rang-barang ehtiyojlarini qondirish usuli sifatida tavsiflaydi.
Faoliyat tushunchasining mazmuni. Falsafada faoliyat insonga xos bo‘lgan va tashqi dunyoni oqilona o‘zgartirishga qaratilgan faollikning alohida shakli sifatida tavsiflanadi. Ijtimoiy falsafada faoliyat ijtimoiy jarayonlarni amalga oshirish, insonning o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, o‘zini qurshagan dunyo bilan aloqaga kirishish usuli sifatida qaraladi (Falsafa qomusiy lug‘at.Nazarov Q. Tahriri ostida. – T.: Sharq, 2004, 186-bet. ). Faoliyat muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanish qobiliyati uning amaldagi moddiy ifodasiga o‘zaro o‘tishini nazarda tutadi. Bu faol inson tashqi dunyoni o‘zgartirishi va o‘zi ham o‘zgarishini anglatadi. Forobiy fikricha “inson faoliyatsiz turaolmaydi, ammo har qanday faoliyat va harakat insonni inson qilib ko‘rsata olmaydi. Chunki o‘z tabiatiga ko‘ra hayvonlar ham harakat qiladilar. Hayvon ovqatni ko‘radi va unga intiladi va bunda ongsiz harakatni amalga oshiradi. Odamni hayvondan ajratadigan narsa- alohida iroda bo‘lib, u ixtiyor deb nomlanadi” (Forobiy. Fozil odamlar shahri.- T.: A.Qodiriy nomidagi nashriyot, 1993, 55-bet.). Ixtiyor – komillikka intilish va unga erishish sari harakat demakdir. Inson maqsadni ham, unga erishish vositalari, yo‘lni ham bilib oladi. Natijada u o‘z maqsadiga yetish uchun ongli faoliyat olib boradi. Inson juda ko‘p narsani orzu qilib yashaydi, biroq ularning hammasiga ham ega bo‘lmaydi. Shu bois haqiqiy baxtga u dunyoda erishiladi, oxiratda mutloq baxtga erishishga qaratilgan har qanday harakat – fazilatdir deb hisoblaydi.
XX asrning atoqli mutafakkiri E.Kassirer insonning eng muhim xususiyati, uning o‘ziga xos belgisi metafizik yoki jismoniy tabiati emas, balki uning faoliyatidir, deb qayd etgan edi. Insoniyat sohasini aynan mehnat, faoliyat turlari tizimi belgilaydi. Kassirer til, mif, din, san’at, fan, tarixni inson faoliyati tizimining turli sektorlari sifatida qayd etadi. Insonni tushunish bu faoliyat turlaridan har birining teran qatlamlari haqida tasavvur hosil qilish va ayni vaqtda uni yaxlit bir butun organizm sifatida tushunish demakdir.